Imom G'azzoliy ahli sunna val-jamoa aqiydaviy mazhabining tarixi haqida so'z yuritib quyidagilarni yozadi: “Kalom bir ilm bo'lib, uning maqsadi ahli sunnaning aqiydasini ahli bid'atning tashvishidan muhofaza qilish va qo'riqlashdir. Alloh taolo O'z bandalariga O'z payg'ambari tilida haq aqiydani ilqo qildi. Unda ularning dini va dunyosining salohi bordir. Shuningdek, uning haqida Qur'on va xabarlar nutq qildi. So'ngra shaytonlar o'z vasvasasi ila bid'atchilarga sunnatga xilof ishlarni ilqo qildi. Ular o'sha ishlarni gapirdilar va ahli haqning aqiydasini buzmoqchi bo'ldilar.
Bas, Alloh bir toifa mutakallimlarni paydo qildi va ularning himmatini tartibga solingan kalom ila sunnatning nusrati yo'lida harakatga soldi. Shu orqali ahli bid'atning sunnatga xilof ravishda chiqargan aldamchiliklari fosh qilinadi. Ana shundan ilmi kalom paydo bo'ldi”.
Ahli sunna val-jamoa deganda sunnatga yurganlarning yo'li va hadisga amal qiladiganlar degan ma'nolarni ko'zda tutiladi. Bu borada imom Ash'ariy va Moturidiylar ahli Sunna va jamoaning aqiyda bo'yicha imomlari deb tan olinganlar.
Bu ikki imom Islom olamining ikki tarafida – Ash'ariy basralik, Moturidiy samarqandlik bo'lsa ham va bir – birlari bilan ko'rishmagan bo'lsalar ham bir xil ishni bir xil vaqtda, bir xil tarzda ado etganlari hamda ikkovlarini birdaniga ahli sunna val-jamoa mazhabining imomi deb e'tirof qilinishi bu mazhabning aqiydasi doimo barcha yurtlarda ma'lum va mashhur ekaniga yorqin dalildir.
Abu Mansur Moturidiy rahimahulloh o'zlarining kalom maktabini Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahullohning kalom yo'nalishi asosida ishlab chiqqanlar. U kishining o'ndan ortiq asarlari sof islomiy ta'limotga da'vat qilganligi bilan juda ahamiyatlidir, xususan, ulardan ikkitasi muhim. Ulardan birinchisi Qur'on tafsiriga oid bo'lib, “Ta'vilot al-Qur'on” deb ataladi. Yana u “Ta'vilotu ahli as-sunna” (“Sunnat ahlining izohlari”) nomi bilan 12 (o'n ikki) jildlik qilib nashr qilingan. Uning ahli sunnat va jamoat aqoidining asosini tashkil qiluvchi asari “Kitob at-tavhid” (“Allohning yagonaligini isbotlash kitobi”) deb nomlangan. Mazkur “Kitob at-tavhid” asari yirik hajmli, o'zida ahli sunnat va jamoat aqoidining murakkab masalalarini mufassal ravishda qamrab olgani bois, uni qisqartirilib, “Risolat at-Tavhid” (“Tavhid risolasi”) asari yaratilgan.
“Kitob at-tavhid” kalom ilmiga oid asarlarining eng ahamiyatga moliki hisoblanadi. Asar ayni dolzarb va to'g'ri yo'lda ekanligi bois hozirgi kunga qadar barhayot va amalda bo'lib kelmoqda. Biz imom Moturidiy rahimahullohning chin vorislari sifatida bu asarning mazmun-mohiyati, unda ko'tarilgan g'oya va asoslar bilan tanishish va o'z navbatida siz o'quvchilarni ham undan baqadari hol xabardor etishni maqsad qildik.
Kitobda yoritilgan aqidaviy masalalar haqida gapirishdan oldin uning kirish qismidagi hamdu sano haqida to'xtalib o'tishni lozim topdik. Katta hajmli asarning hamd qismida bir olam ma'no mujassam bo'lgan desak mubolag'a bo'lmaydi. Chunki imom Moturidiy ushbu asarning ta'lifiga kirishar ekan, naqadar adashib ketishdan cho'chiganlari, o'zlarini o'ta kamtarlik ila hokisor tutib, Alloh taolodan madad so'raganining guvohi bo'lamiz. Shu darjadagi ilm va taqvo sohibini adashganlikda ayblagan mutkabbir Abdullo Zufar kabilar u zotning eng bo'lmaganda mana shu kamtarlik xususiyatlaridan ozgina bo'lsa ham xulqlanganlarida edi bu darajada gumrohlikka yo'l qo'ymas edilar.
Bismillahir rohmanir rohiym
Matn: “Alloh taologa hamd bo'lsin. U shunday Zotki, Undan o'zga har bir kishilarga aytilgan barcha hamdlar ham aslida Uning O'ziga qaytadi”.
Sharh: Hamdni o'zida oyat va hadis ma'nolari mujassam. Hamd ikkita ma'noni o'z ichiga oladi. Bittasi maqtov bo'lsa, ikkinchisi shukrdir. Ya'ni, maqtov – Alloh taoloni ulug'lik, chiroyli sifatlari bilan maqtash. Shukr esa, taom va boshqa ne'matlar, umuman har qanday holatda ham mo'min bandadan Alloh taologa izhor etiladigan tashakkurdir. Ya'ni, banda tarafidan “Alhamdulillah” – “Allohga hamd, shukrlar bo'lsin”, deyish orqali shukrni bayon qilishdir. Allohdan o'zga boshqalarni qancha maqtamaylik bari bir bu maqtovlar Alloh taologa qaytadi. Shunda Alloh taoloni madh etgan, Unga shukr qilgan bo'lamiz. Chunki, hadisi sharifda “Kim Allohga shukr qilmasa, odamlarga ham tashakkur qilmaydi” (AbuHurayra roziyallohu anhudan Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan) deyilgan. Alloh taoloning yaxshiligini bilmagan shaxs bandaning yaxshiligini bilarmidi?! Bunday nusxalar doimo va har kimga nisbatan noshukr bo'ladilar. Demak, kimki, biror bandaga shukr qilsa, uni maqtasa u Alloh taologa shukr qilgan bo'ladi. Biror bandani yaxshilik sifatlarini madh etsa Alloh taoloni madh qilgan bo'ladi. Chunki, bandaga shuncha ilm, salohiyat, iste'dod, qobiliyat, xislat va fazilatlarni Alloh taolo bergandir.
Matn: “Hamma ne'matlaring adadicha Senga hamd bo'lsin!”
Sharh: Alloh taolo Qur'oni karimda: “Agar Allohning ne'matlarini sanasangiz, sanog'iga eta olmassiz. Albatta, Alloh o'ta mag'firatlidir, o'ta rahmlidir” (Nahl surasi, 18-oyat)”, dedi. Imom Moturidiy rahimahulloh ham shuni e'tirof etgan holda duo qilmoqdalarki, Ey Parvardigor, O'zing hamdimizga shunday baraka ato etginki, u ne'matlaringni o'z ichiga olsin. Aslida Sening ne'matlaringni sanab adog'iga eta olmaymiz, shuningdek, shukrini ham biz ojiz bandalar ado eta qila olmaymiz. Faqat, O'zing bizni shunga muvaffaq ayla, deya.
Matn: “Va ne'matlarning ziyodasiga ham barobar bo'ladigan hamd bo'lsin!”
Sharh: U zot ushbu so'zlari bilan Alloh taolodan iltijo va duo qilib, Senga hamd aytsam menga ne'matlaringni ziyoda qilasan, ana shu ziyoda qilib bergan ne'matlaringga munosib hamd bo'lishini nasib qilgin, demoqdalar.
Matn: “Bu hamdimiz bizning Uning roziligiga etkazsin, Alloh bizdan rozi bo'lsin”
Sharh: Bir ulug' zot Allohga shukr qilar ekan, har bir ne'matlarini eslab, ular uchun shukrini izhor etardi. Oxiri, ey Parvadigor, ne'matlaring shunchalik ko'p ekanki, mening shukrim ularga etmas ekan, shukrini ado qilolmas ekanman, deganida Alloh taolodan, endi shukr qilding, mazmunidagi ishora zohir bo'lgan ekan. Shukr bu, kishi o'zini ojiz va kamtarligini tavoze bilan e'tirof etishdir.
Matn: “Risolat (Alloh taolo yuborgan diniy ta'limotlar) u bilan xotimalangan zot (ya'ni, Muhammad sollallohu alayhi vasallam)ga salovat yo'llamog'ini, salomlar nozil qilishini Allohdan so'raymiz. Shu kabi u zotning birodarlari bo'lmish jamiki Rasullar, Allohning do'stlari bo'lmish avliyo zotlarga ham salovat salomlar yo'llashni Allohdan so'raymiz. Va Alloh taolodan adashish, zalolatdan panoh berishini hamda so'z va amalda bizni ikrom qiladiganini ato etishini Uning O'ziga rag'bat qilamiz, yuzlanamiz, duo qilib so'raymiz”.
Mana azizalar, asarning kirish qismida bitilgan hamdu sano bilan qisqacha tanishdik. Agar e'tibor bersak, Imom Moturidiy rahmatullohi alayh Alloh taologa hamdu sanolar, Payg'ambarimiz va barcha rasullarga salovat va salomlar yo'llash bilan birga Alloh subhanahu va taolodan ushbu risola orqali o'zlarini adashish, zalolatga duch kelish, xatoga yo'l qo'yishidan asrashini o'tinib so'rayotganlariga guvoh bo'lamiz. Inshalloh, bu kitobning hali siz aziz o'quvchilar bilan bo'lishadigan o'rinlari ko'p, Alloh nasib qilganicha ularni sizga etkazishda davom etamiz.
Obidjon Hursandov - Samarqand Aqida maktabi ustozi
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati