Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448

Imom Moturidiyga tosh otmang!

14.02.2021   2682   9 min.
Imom Moturidiyga tosh otmang!

Imom G'azzoliy ahli sunna val-jamoa aqiydaviy mazhabining tarixi haqida so'z yuritib quyidagilarni yozadi: “Kalom bir ilm bo'lib, uning maqsadi ahli sunnaning aqiydasini ahli bid'atning tashvishidan muhofaza qilish va qo'riqlashdir. Alloh taolo O'z bandalariga O'z payg'ambari tilida haq aqiydani ilqo qildi. Unda ularning dini va dunyosining salohi bordir. Shuningdek, uning haqida Qur'on va xabarlar nutq qildi. So'ngra shaytonlar o'z vasvasasi ila bid'atchilarga sunnatga xilof ishlarni ilqo qildi. Ular o'sha ishlarni gapirdilar va ahli haqning aqiydasini buzmoqchi bo'ldilar. 

Bas, Alloh bir toifa mutakallimlarni paydo qildi va ularning himmatini tartibga solingan kalom ila sunnatning nusrati yo'lida harakatga soldi. Shu orqali ahli bid'atning sunnatga xilof ravishda chiqargan aldamchiliklari fosh qilinadi. Ana shundan ilmi kalom paydo bo'ldi”.

Ahli sunna val-jamoa deganda sunnatga yurganlarning yo'li va hadisga amal qiladiganlar degan ma'nolarni ko'zda tutiladi. Bu borada imom Ash'ariy va Moturidiylar ahli Sunna va jamoaning aqiyda bo'yicha imomlari deb tan olinganlar. 

Bu ikki imom Islom olamining ikki tarafida – Ash'ariy basralik, Moturidiy samarqandlik bo'lsa ham va bir – birlari bilan ko'rishmagan bo'lsalar ham bir xil ishni bir xil vaqtda, bir xil tarzda ado etganlari hamda ikkovlarini birdaniga ahli sunna val-jamoa mazhabining imomi deb e'tirof qilinishi bu mazhabning aqiydasi doimo barcha yurtlarda ma'lum va mashhur ekaniga yorqin dalildir.

Abu Mansur Moturidiy rahimahulloh o'zlarining kalom maktabini Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahullohning kalom yo'nalishi asosida ishlab chiqqanlar. U kishining o'ndan ortiq asarlari sof islomiy ta'limotga da'vat qilganligi bilan juda ahamiyatlidir, xususan, ulardan ikkitasi muhim. Ulardan birinchisi Qur'on tafsiriga oid bo'lib, “Ta'vilot al-Qur'on”  deb ataladi. Yana u “Ta'vilotu ahli as-sunna” (“Sunnat ahlining izohlari”) nomi bilan 12 (o'n ikki) jildlik qilib nashr qilingan. Uning ahli sunnat va jamoat aqoidining asosini tashkil qiluvchi asari “Kitob at-tavhid” (“Allohning yagonaligini isbotlash kitobi”) deb nomlangan. Mazkur “Kitob at-tavhid” asari yirik hajmli, o'zida ahli sunnat va jamoat aqoidining murakkab masalalarini mufassal ravishda qamrab olgani bois, uni qisqartirilib, “Risolat at-Tavhid” (“Tavhid risolasi”) asari yaratilgan.

“Kitob at-tavhid” kalom ilmiga oid asarlarining eng ahamiyatga moliki hisoblanadi. Asar ayni dolzarb va to'g'ri yo'lda ekanligi bois hozirgi kunga qadar barhayot va amalda bo'lib kelmoqda. Biz imom Moturidiy rahimahullohning chin vorislari sifatida bu asarning mazmun-mohiyati, unda ko'tarilgan g'oya va asoslar bilan tanishish va o'z navbatida siz o'quvchilarni ham undan baqadari hol xabardor etishni maqsad qildik.

Kitobda yoritilgan aqidaviy masalalar haqida gapirishdan oldin uning kirish qismidagi hamdu sano haqida to'xtalib o'tishni lozim topdik. Katta hajmli asarning hamd qismida bir olam ma'no mujassam bo'lgan desak mubolag'a bo'lmaydi. Chunki imom Moturidiy ushbu asarning ta'lifiga kirishar ekan, naqadar adashib ketishdan cho'chiganlari, o'zlarini o'ta kamtarlik ila hokisor tutib, Alloh taolodan madad so'raganining guvohi bo'lamiz. Shu darjadagi ilm va taqvo sohibini adashganlikda ayblagan mutkabbir Abdullo Zufar kabilar u zotning eng bo'lmaganda mana shu kamtarlik xususiyatlaridan ozgina bo'lsa ham xulqlanganlarida edi bu darajada gumrohlikka yo'l qo'ymas edilar.

Bismillahir rohmanir rohiym

Matn: “Alloh taologa hamd bo'lsin. U shunday Zotki, Undan o'zga har bir kishilarga aytilgan barcha hamdlar ham aslida Uning O'ziga qaytadi”.

Sharh: Hamdni o'zida oyat va hadis ma'nolari mujassam. Hamd ikkita ma'noni o'z ichiga oladi. Bittasi maqtov bo'lsa, ikkinchisi shukrdir. Ya'ni, maqtov – Alloh taoloni ulug'lik, chiroyli sifatlari bilan maqtash. Shukr esa, taom va boshqa ne'matlar, umuman har qanday holatda ham mo'min bandadan Alloh taologa izhor etiladigan tashakkurdir. Ya'ni, banda tarafidan “Alhamdulillah” – “Allohga hamd, shukrlar bo'lsin”, deyish orqali shukrni bayon qilishdir. Allohdan o'zga boshqalarni qancha maqtamaylik bari bir bu maqtovlar Alloh taologa qaytadi. Shunda Alloh taoloni madh etgan, Unga shukr qilgan bo'lamiz. Chunki, hadisi sharifda “Kim Allohga shukr qilmasa, odamlarga ham tashakkur qilmaydi” (AbuHurayra roziyallohu anhudan Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan) deyilgan. Alloh taoloning yaxshiligini bilmagan shaxs bandaning yaxshiligini bilarmidi?! Bunday nusxalar doimo va har kimga nisbatan noshukr bo'ladilar. Demak, kimki, biror bandaga shukr qilsa, uni maqtasa u Alloh taologa shukr qilgan bo'ladi. Biror bandani yaxshilik sifatlarini madh etsa Alloh taoloni madh qilgan bo'ladi.  Chunki, bandaga shuncha ilm, salohiyat, iste'dod, qobiliyat, xislat va fazilatlarni Alloh taolo bergandir.

Matn: “Hamma ne'matlaring adadicha Senga hamd bo'lsin!”

Sharh: Alloh taolo Qur'oni karimda: “Agar Allohning ne'matlarini sanasangiz, sanog'iga eta olmassiz. Albatta, Alloh o'ta mag'firatlidir, o'ta rahmlidir” (Nahl surasi, 18-oyat)”, dedi. Imom Moturidiy rahimahulloh ham shuni e'tirof etgan holda duo qilmoqdalarki, Ey Parvardigor, O'zing hamdimizga shunday baraka ato etginki, u ne'matlaringni o'z ichiga olsin. Aslida Sening ne'matlaringni sanab adog'iga eta olmaymiz, shuningdek, shukrini ham biz ojiz bandalar ado eta qila olmaymiz. Faqat, O'zing bizni shunga muvaffaq ayla, deya.

Matn: “Va ne'matlarning ziyodasiga ham barobar bo'ladigan hamd bo'lsin!”

Sharh: U zot ushbu so'zlari bilan Alloh taolodan iltijo va duo qilib, Senga hamd aytsam menga ne'matlaringni ziyoda qilasan, ana shu ziyoda qilib bergan ne'matlaringga munosib hamd bo'lishini nasib qilgin, demoqdalar.

Matn: “Bu hamdimiz bizning Uning roziligiga etkazsin, Alloh bizdan rozi bo'lsin

Sharh: Bir ulug' zot Allohga shukr qilar ekan, har bir ne'matlarini eslab, ular uchun shukrini izhor etardi. Oxiri, ey Parvadigor, ne'matlaring shunchalik ko'p ekanki, mening shukrim ularga etmas ekan, shukrini ado qilolmas ekanman, deganida Alloh taolodan, endi shukr qilding, mazmunidagi ishora zohir bo'lgan ekan. Shukr bu, kishi o'zini ojiz va kamtarligini tavoze bilan e'tirof etishdir.

Matn: “Risolat (Alloh taolo yuborgan diniy ta'limotlar) u bilan xotimalangan zot (ya'ni, Muhammad sollallohu alayhi vasallam)ga salovat yo'llamog'ini, salomlar nozil qilishini Allohdan so'raymiz. Shu kabi u zotning birodarlari bo'lmish jamiki Rasullar, Allohning do'stlari bo'lmish avliyo zotlarga ham salovat salomlar yo'llashni Allohdan so'raymiz. Va Alloh taolodan adashish, zalolatdan panoh berishini hamda so'z va amalda bizni ikrom qiladiganini ato etishini Uning O'ziga rag'bat qilamiz, yuzlanamiz, duo qilib so'raymiz”.

Mana azizalar, asarning kirish qismida bitilgan hamdu sano bilan qisqacha tanishdik. Agar e'tibor bersak, Imom Moturidiy rahmatullohi alayh Alloh taologa hamdu sanolar, Payg'ambarimiz va barcha rasullarga salovat va salomlar yo'llash bilan birga Alloh subhanahu va taolodan ushbu risola orqali o'zlarini adashish, zalolatga duch kelish, xatoga yo'l qo'yishidan asrashini o'tinib so'rayotganlariga guvoh bo'lamiz. Inshalloh, bu kitobning hali siz aziz o'quvchilar bilan bo'lishadigan o'rinlari ko'p, Alloh nasib qilganicha ularni sizga etkazishda davom etamiz.

Obidjon Hursandov - Samarqand Aqida maktabi ustozi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Botil da’vo: YURTIMIZ RAHBARLARI TOG‘UTMI?

22.08.2026   10872   4 min.
Botil da’vo: YURTIMIZ RAHBARLARI TOG‘UTMI?

Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?

“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.

“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.

“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?(Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.

Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.

Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.

Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.

Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.

Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.

Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.

Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.

Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA