“Rajab” so'zi qanday ma'noni anglatadi?
– Arab tilidagi “rajab” so'zi o'zbekchada “ulug'lash”, “hurmatlash” ma'nolarini ifoda etadi.
Rajab oyi qanday oy?
– Rajab oyi – Alloh taolo urush qilishni harom qilgan (zulqa'da, zulhijja, muharram, rajab) oylardan biridir.
Rajab oyida qanday tarixiy voqealar yuz bergan?
– Yer yuzini suv bosgan to'fonda Nuh alayhissalom kemaga rajab oyining birinchi kuni minganlar;
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy rajab oyida nozil bo'lgan;
– Mashhur qavlga ko'ra, Isro va Me'roj voqeasi rajab oyida sodir bo'lgan.
Rajab oyining qanday fazilatlari bor?
– Rajab oyi barakali va ulug' oy bo'lib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga ko'plab ajru savoblar beriladi. Ibodatlar va duolar ijobat bo'ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Besh kecha borki, unda duolar rad etilmaydi: rajab oyining avvalgi kechasi; sha'bon oyining yarmidagi kecha; juma kechasi; fitr kuni kechasi va qurbonlik kechasi” (Ibn Asokir rivoyati).
Rajab oyini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o'tkazganlar?
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rajab oyida ro'za tutganlar. Usmon ibn Hakimdan rivoyat qilinadi: “Sa'id ibn Jubayrdan rajab oyida turganimizda rajab ro'zasi haqida so'radim. U: “Ibn Abbosning: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro'za tutar edilar, hatto og'izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og'izlari ochiq bo'lardi, hatto ro'za tutmasalar kerak, der edik”, deyayotganini eshitganman”, dedi”.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rajab oyida ko'p istig'for aytishga targ'ib qilganlar. Sayyidul istig'for: “Allohumma anta robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana abduka va ana ala ahdika va va'dika mastatotu a'uzu bika min sharri ma sona'tu, abuu laka bini'matika alayya va abuu bizambiy fag'firliy fainnahu la yag'firuz zunuba illa anta”.
– Rajab oyi kirganda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma barik lana fi rajabin va sha'bana, va ballig'na ramazona” (“Yo Alloh, rajab va sha'bon oylarida bizlarga baraka ato qilgin va bizlarni ramazon oyiga etkazgin!”) deb duo qilganlar (Imom Bayhaqiy va Imom Tobaroniy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).
Ulamolarimizdan biri: “Rajab shamolga, sha'bon bulutga, ramazon yomg'irga o'xshaydi. Kimki rajab oyida ekin ekmasa, sha'bon oyida uni sug'ormasa, ramazon oyida qanday hosil oladi?” degan edi.
Shunday ekan, ramazonda olajak hosilimiz mo'l bo'lmog'i uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o'rnak olgan holda rajab oyida ko'proq solih amallar bilan birga astoydil duolar qilishni ham unutmaylik!
G'aflatda qolmaylik, azizlar, vaqt yugurik, umr bevafo!
Davron NURMUHAMMAD tayyorladi.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi vakillari Tailandning Shahzoda Songkxla universitetida bo‘lib o‘tayotgan 15-Butunjahon halol mahsulotlar ko‘rgazmasi va “World HAPEX 2026” xalqaro anjumanida ishtirok etmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
Tadbirda Tailand, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Malayziya, Pokiston, Bangladesh va Xitoyning davlat idoralari, biznes, ilmiy doiralar hamda sanoat vakillari qatnashmoqda.
Panel muhokamasida so‘zga chiqqan O‘zbekiston bosh konsuli Faxriddin Sultonov mamlakatimiz 2019 yildan buyon Islom mamlakatlari standartlar va metrologiya instituti (SMIIC) a’zosi ekanini qayd etib, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida islom dunyosi davlatlari bilan ochiq, pragmatik va o‘zaro manfaatli hamkorlik izchil rivojlantirilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, ko‘rgazma doirasida Bosh konsulxona tomonidan mamlakatimizning turistik salohiyati, boy milliy madaniyati va an’analariga bag‘ishlangan milliy pavilon tashkil etildi. Unda Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy va Imom Buxoriy kabi buyuk allomalar merosi, shuningdek, Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi kitoblar va videomateriallar namoyish etilmoqda.
Mazkur ko‘rgazma 30 iyuldan 2 avgustga qadar davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati