Mir Arab o'rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
Tojiddinov Abdusamad
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Darhaqiqat, Alloh taolo tavakkul qilish uchun iymonni shart qildi. Bu haqda:
﴿وَعَلَى اللَّهِ فَتَوَكَّلُوا إِنْ كُنْتُمْ مُؤْمِنِينَ﴾
“Agar mo‘min bo‘lsangiz, Allohga tavakkul qilingiz”[1] deb marhamat etdi.
Alloh taolo tavakkul qilish ahamiyati haqida bunday marhamat qiladi: “Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, unga U zotning O‘zi kifoyadir”[2]. Alloh taolo tavakkul qiluvchi uchun O‘zi mukofot berishini hamda unga O‘zi kifoya qilishining bashoratini ma’lum qildi. Bu eng go‘zal kifoya qilishdir.
Shuningdek, kim Allohga taqvo qilsa, U zot uning ishida osonlik qilib berishini ham zikr qilgan. Qanday ham yaxshiki, tavakkul qiluvchilarga Allohning O‘zi kifoya qilsa... Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿فَتَوَكَّلْ عَلَى اللَّهِ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُتَوَكِّلِينَ﴾
“Albatta, Alloh tavakkul qiluvchilarni sevadir”[3].
Qaysi daraja Alloh taoloning sevgan kishisining darajasidan buyukroqdir? Imom G‘azzoliy bunday dedilar: “Allohning muhabbati bilan tamg‘alangan maqom sohibiga va uning ahvolini O‘z kifoyasi bilan kafolatlangan kishiga hurmat ko‘rsataman. Kimniki Alloh kifoya qilsa, sevsa va saqlasa, u buyuk muvaffaqiyatga erishadi. Albatta, sevilgan kishi azoblanmaydi, uzoqlashtirilmaydi va to‘silmaydi.”
Kim Allohdan o‘zgani kifoya qilishda qidirsa va tavakkul qilishni tashlasa, u: “Alloh O‘z bandasiga yetarli emasmi”?![4] oyatini yolg‘onga chiqaruvchidir. Imom G‘azzoliy aytadilar: “Allohdan o‘zgani kifoya qilishni qidiruvchi va tavakkul qilishni tashlaguvchi kishi, ko‘rgazmada haqni rad qilishni so‘raguvchi kishiga o‘xshaydi”.
Alloh azza va jalla bunday marhamat qiladi:
﴿وَمَنْ يَتَوَكَّلْ عَلَى اللَّهِ فَإِنَّ اللَّهَ عَزِيزٌ حَكِيمٌ﴾
“Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, albatta, Alloh g‘olib va hikmatli zotdir”[5].
Oyatdagi “g‘olib”dan murod, kim Undan yordam, himoya so‘rasa xor etmaydi hamda Uni himoya qilishini so‘rasa zoye qilmaydi. “Hikmatli”dan murod esa, kimda-kim Allohning tadbiriga tavakkul qilsa, Alloh uning tadbiridan adashtirmaydi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿إِنَّ الَّذِينَ تَدْعُونَ مِنْ دُونِ اللَّهِ عِبَادٌ أَمْثَالُكُمْ﴾
“Albatta, siz Allohdan o‘zga ibodat qilayotganlar o‘zingizga o‘xshash bandalardir”[6]. Bu oyatda Allohdan boshqa har bir bandaning hojati sizning hojatingizga o‘xshaydi, shunday ekan, qanday qilib ularga tavakkul qilinadi? deya bayon qilinyapti.
Imom G‘azzoliy bunday dedilar: “Qur’onda zikr qilingan har bir tavhid o‘zgalarga mulohaza qilishni to‘xtatish va yolg‘iz Allohga tavakkul qilishga ishoradir”.[7]