Qadimiy Dehlidagi mashhur “Jome” masjidi Shohjahon tashabbusi bilan 1656 yilda qurib bitkazilgan. Inshoot qurilishida besh ming nafar ishchilar olti yil mobaynida xizmat qilishgan. Uning asl nomi “dunyo vakili bo'lgan masjid”dir. Hovlisiga yigirma besh ming namozxon sig'adi. Kiyik terisiga yozilgan Qur'oni karim nusxasi majsidning asosiy yodgorligi sanaladi.
Shohjahon tomonidan “Jome” masjidga Bosh imom etib Sayid Abdulg'ofur Shoh Buxoriy tayinlanadi. U buyuk bobokalonimiz, muhaddis ilmining sultoni Imom al-Buxoriy avlodlaridandir. Buni qarangki, “Jome” masjidi tashkil topgandan hozirgi vaqtga qadar 13 nafar imom aynan Buxoriy nisbasiga ega bo'lgan.
Bundan tashqari, Shohjahon Agra, Ajmer va Lahorda ham bir qancha masjidlar bunyod ettirgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov (qarorgohi Ar-Riyoz shahrida joylashgan) Bahrayn adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Vazir muloqot avvalida O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlarning Islom tamadduniga hissa qo‘shgan hissasini, mamlakat tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tibor, yosh kelajak avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tahsinga sazovor ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, al-Xorazmiy, Farobiy, Zamaxshariy kabi Islom olamida yuksak obro‘-e’tibor topgan olimlarning merosi dunyo musulmonlarining umumiy boyligidir.
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun Islom ummatiga xizmat qilmoqda. Bahrayn Islom merosini o‘rganish bo‘yicha o‘zbek tomoni bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ilmiy izlanishlarni birgalikda amalga oshirishga tayyor", – dedi adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida.
Muloqot chog‘ida Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida Bahrayn delegatsiyani ishtirokini ta’minlash, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ikki mamlakat ilmiy markazlar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasida adliya, Islom ishlari va vaqf sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda ilmiy-amaliy ishlarni tashkil etish maqsadida mas’ul xodim tayinlash taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati