Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Sentabr, 2026   |   17 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:58
Quyosh
06:16
Peshin
12:14
Asr
16:24
Shom
18:15
Xufton
19:29
Bismillah
28 Sentabr, 2026, 17 Rabi`us soni, 1448

Allohning yordami albatta keladi, agar...

06.11.2023   9576   7 min.
Allohning yordami albatta keladi, agar...

Allohning yordami kelishi uchun qilinadigan 5 shartni e'tiboringizga taqdim qilamiz. Albatta, uning sabab va shartlari faqatgina shu 5 ta bilan cheklanib qolmaydi. Biz 5 tasinigina eslatib o'tishni lozim deb topdik.

Birinchi shart, iymon keltirish, ya'ni mo'min bo'lish. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

“Mo'minlarga nusrat berish Bizning zimmamizdagi haq bo'lgan” (Rum surasi, 47-oyat).

Demak, Allohning yordamiga erishish uchun iymon keltirganlardan bo'lish kerak ekan.

Iymon nima? Bu haqda Jabroil alayhissalom “Menga iymon haqida xabar ber”, deb so'raganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg'ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirishing va qadarning yaxshisiga ham, yomoniga ham iymon keltirishing”, deb javob berganlar.

Bular iymonning ustunlaridir. Siz uning har biriga shunday iymon keltiringki, ular amallaringizda aks etsin. Mana shu eng muhimidir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Allohga bo'lgan ishonchlari nihoyatda kuchli edi. Kunlarning birida g'azotdan qaytib qilichlarini daraxtga ildilar va uning ostida uxlab qoldilar. U erdan o'tayotgan bir mushrik Payg'ambarimizning daraxtga osig'lik turgan qilichlarini olib, muborak bo'yinlariga hujum qilmoqchi edi, Nabiy alayhissalom uyg'onib qoldilar. Shunda haligi mushrik:

— Endi seni kim qutqara oladi?! − dedi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam esa:

— Alloh qutqaradi! − deb javob bergandilar mushrikning qo'llari qaltirab qoldi, qo'lidagi qilich esa erga tushib ketdi.

Agar iymon sizning amallaringizda o'z aksini topsa qanday mo''jizalar sodir bo'lishini ko'rdingizmi?

Agar Alloh siz bilan birga bo'lsa kimdan yoki nimadan qo'rqasiz?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Savr g'origa berkingan edilar. Ikkovlari g'orning eng yuqori qismiga chiqib olishdi. Mushriklar ham bo'sh kelmasdilar. Tish-tirnoqlari bilan ularni izlab topishga harakat qilardilar. Har bir qarich erni ilma teshik qildilar.

Savr g'orining oldiga ham keldilar. Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga biror zarar etib qolishidan nihoyatda xavfsirab, xavotirga tushardilar. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Abu Bakr nimadan qo'rqyapsan, mahzun bo'lma, Alloh biz bilan”, dedilar.

Agar Alloh siz bilan ekaniga qat'iy iymon keltirsangiz sizni hech kim va hech narsa qo'rqita olmaydi. Odamlarning aksariyati duchor bo'lgan qo'rquv kishanlaridan ozod bo'lasiz. Yusuf alayhissalom kabi zindon siz uchun ozodlikdan sevimliroq bo'ladi. Och bo'lsangiz ham g'am chekmaysiz Alloh rizqingizni berishiga ishonasiz, bemor bo'lsangiz faqat O'zi shifo berishiga amin bo'lasiz. Shuning uchun iymon Allohning yordami kelishining birinchi asoslaridan sanaladi.

Ikkinchi shart, iymonda mustaqim turish, sobitqadam bo'lish. Siz to iymonda mustaqim turarkansiz, Allohning yordami sizdan to'xtamaydi. Allohning har bir ishga qodir ekaniga ishonar ekansiz O'zi sizga yordamchi bo'ladi. “Albatta, Alloh O'ziga yordam berganlarga yordam berur” (Haj surasi, 40-oyat).

Uchinchi shart, birlashish. Kunlarning birida Fors hukmdori Umar roziyallohu anhu bilan uchrashmoqchi bo'ldi. Uzoq yo'l yurib, Madina shahriga etib keldi. Shaharga kirishda o'zining shoxona kiyimlarini kiyib oldi. Dastlab masjidga olib borishdi, lekin u erda Umar roziyallohu anhuni topmadilar. Yaqin atrofda o'ynab, yugurib yurgan yosh bolalar: “Sizlar mo'minlar amirini qidiryapsizmi?” deb so'rashdi. Ular: “Ha” deyishgandi, bolalar: “Masjidning orqa tomonida uxlayaptilar”, dedilar.

Masjidning orqa tomoniga o'tib qarashsa Halifa Umar roziyallohu anhu kiyimlarini buklab, erda uxlab yotardilar. Sahobalar xalifani uyg'otib yubormaslik uchun jim turdilar. Fors hukmdori: “Umar qani? Uning qo'riqchilarichi? Axir sizlar Forsni zabt etgan bo'lsangiz, qasrlaringiz qayerda?” deb xayratlanib savollarni berayotganida Umar roziyallohu anhu uyg'onib ketdi. “Sen Fors hukmdorimisan?” deb so'radilar. U: “Ha”, deb javob berdi. “Seni bu erga nima olib keldi?” dedilar Umar roziyallohu anhu. U: “Islom dini kelmasidan oldin ham sizlar bilan o'rtamizda juda ko'p urushlar o'tdi. Har gal sizlarni mag'lub qilardik. Ammo musulmon bo'lganingizdan keyin sizlarni enga olmadik. Qo'shinlaringiz kuchli bo'lgani uchun emas, balki Alloh sizlarga yordam bergani uchun g'olib bo'ldingiz deb bilaman”, dedi.

Umar roziyallohu anhu bunday dedilar: “Ha, to'g'ri. Yana bir sabab – biz birlashdik. Birlashish Alloh taoloning yordami kelishiga sabab bo'ladi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Allohga va Uning Rasuliga itoat qiling. O'zaro nizo qilmang, u holda tushkunlikka uchraysiz va kuch-quvvatingiz ketadir””.

To'rtinchi shart, ilm olishga harakat qilish.Tarixdagi janglarda g'alabalar o'z-o'zidan qo'lga kiritilmagan. Balki unga puxta tayyorgalik, ilm orqali erishilgan. O'tgan asr musulmonlarining barchalari qori bo'lishgan. Mag'ribning humkdorlaridan biri o'g'lini uylantirmoqchi bo'ldi. Shunda kimning uyida qoriya qizi bo'lsa, uyning derazasi oldida shamni yoqiq qoldirishga e'lon qildi. Shu kecha, shahar juda yorishib ketdi, chunki har bir uyning derazasi oldida ko'plab shamlar yoqilgandi. Ha, har bir uyda Qur'onni yoddan biladigan bir nechta qizlar bor edi. Bu uslub qo'l kelmaganidan podshoh endi bu kecha hadis to'plamlarini ham yoddan biladiganlar sham yoqsinlar degan buyruqni berdi. Shamlar soni ancha kamaygan bo'lsada, ammo har bir uyda bittadan bo'lsada yoqilgani bor edi.

Sahobalar roziyallohu anhum Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tavsiyalariga binoan ibroniy tilni o'rganishdi. Hatto “biz ularning o'zidan ham yaxshiroq yoza va so'zlasha olamiz” dedilar.

Ilm engilmas kuchdir. Buni ayniqsa yoshlar yaxshilab bilib olishlari lozim.

Beshinchi shart, sabr-toqat qilish.Bir yosh yigit ilm o'rganishga niyat qildi. Lekin ilm yo'lidagi qiyinchiliklarga bardosh qila olmadi. Uyiga qaytib ketishga qaror qildi. Yuklarini yig'ib, yo'lga otlandi. Yo'lda ketar ekan, yo'l bo'yidagi suv oqimiga ko'zi tushdi. Va o'z-o'ziga: “suv yumshoq, tosh qattiq bo'lsa, lekin shunda ham suv toshni yorib o'tishga muvaffaq bo'lyapti. Mening qalbim shu toshdan ham qattiq emasku. Qat'iy bo'lsam ilm qalbimni yorib kiradi”, dedi. Vaqt o'tib shu yigit o'z sohasining eng yirik olimlaridan biriga aylandi.

Sabr bu kutish degani emas. Balki maqsad sari harakat qilishga, bardavom bo'lishga ham sabr kerak. Sabr nafsning yolg'onlari bilan doimiy kurashdir.

Allohga itoat etish barcha yaxshiliklar eshigining kalitidir. Bu yo'lda sobitqadam bo'lishga intiling. Ozgindan bo'lsa ham, har kuni muntazam tarzda solih amal qiling.

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qur’on ilmlari ustozi shayx Ayman Suvayd O‘zbekistonga keldi

28.09.2026   19132   1 min.
Qur’on ilmlari ustozi shayx Ayman Suvayd O‘zbekistonga keldi

Taraqqiyotimizning yangi davrida diniy-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot sohalarida, xususan, Qur’on ilmlarini chuqur o‘rganish yo‘nalishida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, yurtimizda asrab-avaylanayotgan Kalomullohning eng noyob nusxasi – Hazrati Usmon Mus'hafining poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazining bosh zaliga o‘z maqomiga munosib tarzda joylashtirilishi, mamlakatimiz bo‘ylab Qur’oni karim va tajvid kurslarining faoliyat yuritayotgani hamda mus'haflarning yuqori sifatda nashr etilayotgani bu boradagi ezgu sa’y-harakatlarning yorqin misolidir. Shuningdek, har bir savobli ishni oyati karimalar tilovati bilan boshlash an’anasi Allohning kalomiga bo‘lgan yuksak ehtirom ramzidir.

Mana shunday xayrli ishlarning uzviy davomi sifatida xalqaro miqyosdagi Qur’on va tajvid ustozi, o‘n qiroat ilmi bo‘yicha dunyodagi eng taniqli ulamolardan biri — doktor Shayx Ayman Suvayd hazratlarining yurtimizga ilmiy safari tashkil etilmoqda.

Ushbu tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimizdagi Qur’oni karim va tajvid kurslari ustozlarining malaka va mahoratini oshirish, nazariy hamda amaliy bilimlarini boyitish, shuningdek, o‘zaro tajriba almashishdir.

Ma’lumot uchun:

Shayx Ayman ibn Rushdiy Suvayd Qur’oni karim bo‘yicha Butunjahon tashkiloti Ilmiy kengashi raisi hisoblanadi. Olim Misrdagi mashhur «Al-Azhar» va Saudiya Arabistonidagi «Ummul-quro» universitetlarida tahsil olib, doktorlik ilmiy darajasini olgan. Uning 40 yillik ilmiy-tadqiqotlari mahsuli bo‘lgan «at-Tajvid al-Musovvar» asari va «Iqro» telekanalidagi turkum ko‘rsatuvlari keng ommaga yaxshi tanishdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari