Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyun, 2025   |   16 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:00
Xufton
21:38
Bismillah
12 Iyun, 2025, 16 Zulhijja, 1446

Isro va me'roj kechasi

07.02.2024   4171   6 min.
Isro va me'roj kechasi

Isro nima degani?

“Isro” (الإسراء) Alloh taolo Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni kechaning bir bo'lagida Makkadagi Masjidul Haromdan Quddusdagi Masjidul Aqsoga sayr qildirishidir.

Me'roj nima degani?

“Me'roj” (المعراج) esa, Alloh taolo Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Quddusi sharifdan yuqoriga, ya'ni, O'zining Huzuriga ko'tarishidir.

Isro va me'roj kechasi qachon bo'lgan?

Isro va Me'roj hodisasi yuz bergani haqida Islom ummatida mutlaqo ixtilof yo'q. Bu haqda Qur'oni karimda: «(O'z) bandasi (Muhammad)ni, unga mo''jizalarimizdan ko'rsatish uchun (Makkadagi) Masjidul Haromdan (Qudsdagi) Biz atrofini barakotli qilgan Masjidul Aqsoga tunda sayr qildirgan Zotga tasbeh aytilur. Darhaqiqat, U eshituvchi va ko'ruvchidir» (Isro, 1), deyilgan.

Ammo qachon sodir bo'lgani haqida turlicha qarashlar bor. Muborakfuriy “Ar-rahiyqul maxtum” kitobida “Isro va Me'roj” voqeasi qachon sodir bo'lgani to'g'risida aytilgan quyidagi olti xil qarashni keltirgan:

  1. Isro Alloh taolo u zotni nubuvvatga musharraf etgan yili bo'lgan.
  2. Payg'ambar bo'lganlaridan besh yil keyin bo'lgan.
  3. Nubuvvatning o'ninchi yili rajab oyining 27-kechasida bo'lgan.
  4. Hijratdan o'n olti oy oldin nubuvvatning 12-yili ramazon oyida bo'lgan.
  5. Hijratdan bir yilu ikki oy oldin nubuvvatning 13-yilida muharram oyida bo'lgan.
  6. Hijratdan bir yil oldin nubuvvatning 13-yilida robi'ul avval oyida bo'lgan.

Bu kechaning hikmatlari ko'p. Ulardan biri –

Isro hodisasi Islom da'vatining eng og'ir va mashaqqatli davrida sodir bo'ldi. Bu vaqtda mushriklar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kuchli tazyiq o'tkazishardi. Ularning zulmidan himoya qiluvchi Abu Tolib, Hadiyja binti Huvaylid onamiz ham vafot etgandi.

Shunday qiyin va mahzunli bir damda Isro va Me'roj kechasi sodir bo'ldi. Bu narsa u zotdagi g'am-tashvishni ketkazish, da'vat yo'lida sobitqadam bo'lish, qalbga surur bag'ishlash uchun tasalli berish edi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam osmonga qanday qilib ko'tarildilar?

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisni Qozi Iyoz “Ash-shifo” kitobida naql qilgan. Unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Menga Buroq keltirildi. U eshakdan balandroq, xachirdan esa pastroq hayvon bo'lib, yugurganda tuyog'ini ko'zi etgan joyga tashlab sakrar edi. Unga minib bir lahzada Baytul Muqaddasga etdim. Masjidga kirib, ikki rakat namoz o'qib chiqdim. Menga Jabroil bir idishda sharob, ikkinchi idishda sut keltirib tutdi. Men sutni olgan edim, Jabroil: (Sof) fitratni tanladingiz”, dedi. Keyin biz osmonga ko'tarildik...”.

Nabiy alayhissalom samoda qaysi payg'ambarlar bilan uchrashdilar?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “...Birinchi osmonda Odam alayhissalom bilan ko'rishdim.

Ikkinchi osmonda Iso va Yahyo alayhimassalom bilan uchrashdim.

Uchinchi osmonda Yusuf alayhissalomni ko'rdim.

To'rtinchi osmonda Idris alayhissalomni,

beshinchisida Horun alayhissalomni,

oltinchisida esa Muso alayhissalomni ziyorat qilib, duolarini oldim.

Yettinchi osmonda Ibrohim alayhissalomni Baytul Ma'murga suyanib turganlarini ko'rdim”.

“Baytul Ma'mur”dan “Sidratul muntaho”ga

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Baytul Ma'murga har kuni etmish ming farishta kirib, ziyorat qiladib ketar ekan. So'ng “Sidratul muntaho” daraxti yoniga keldim. Allohning amri bilan bu daraxt shunday go'zal holga kelgan edi, uni ta'riflashdan inson tili ojiz edi”.

5 mahal namozda 50 mahal namozning savobi bor...

Nabiy alayhissalom: “Alloh shu erda mening ummatimga ellik vaqt namozni farz qildi. Men Muso alayhissalomning yoniga tushdim va ummatimga buyurilgan farz amalni aytdim.

Muso alayhissalom: “Ummatingiz bu amalni bajarolmaydi, Allohdan engillatishini so'rang”, deb qaytardi. Men Muso alayhissalom bilan Alloh o'rtasida bir necha marta qatnadim, nihoyat Alloh: “Ey Muhammad, sizning ummatingiz uchun har kecha-kunduzda besh vaqt namozni farz qildim va uni ellik vaqt o'rnida qabul qilaman”, deb marhamat qildi.

Muso alayhissalom yana meni qaytardi. Men endi Allohdan hayo qilaman, deb besh vaqt namozning farzligiga rozi bo'ldim”.

Bu kecha yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nimalar berildi?

Bu kecha – besh vaqt namoz farz bo'ldi, Allohga sherik qilmay, gunohlariga tavba qilganlarning kechirilishi haqidagi xushxabar berildi va “Baqara” surasining so'nggi uch oyati nozil bo'ldi...

O'MI Matbuot xizmati

Boshqa maqolalar

Olimga nimani nasihat qilaman?

09.06.2025   4427   2 min.
Olimga nimani nasihat qilaman?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhning ilm va fazllari mashhur bo‘layotgan va shuhrat qozonayotgan edi. U kishi o‘zlarining voqealarini quyidagicha so‘zlab beradilar: «Men «Siyratun-Nabiy sollallohu alayhi vasallam» kitobini olti jild qilib tamomladim. «Muhtaram Zotning siyratlaridagi biror jilva yoki ko‘rinish mening hayotimda ham bo‘lganmi yoki yo‘q? Agar bo‘lmagan bo‘lsa, u holda qanday bo‘ladi?» degan o‘y qayta-qayta qalbimda tinchlik bermas edi. Shu maqsad uchun Allohning biror valiysini qidirdim.

Thana Bhavandagi xonaqohda yashaydigan va Alloh taolo fayzlarini taratib qo‘ygan Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy hazratlari haqida eshitgan edim. Shunday qilib, bir kuni Thana Bhavanga borishni niyat qildim va safarga chiqdim. Borib, hazrat bilan ko‘rishdim va bir necha kun u yerda turdim. Ortga qaytayotganimda hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhga: «Hazrat! Biror nasihat qiling», dedim. U zotning xayollariga o‘sha payt: «Shunday katta allomaga nima nasihat qilaman? Ilm va fazli butun dunyoga mashhur bo‘lsa», degan o‘y kelibdi. Keyin: «Ey Alloh! Qalbimga uning uchun ham foydali bo‘lgan va mening uchun ham foydali bo‘lgan narsani sol», deb duo qilibdi. Shundan keyin hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhga xitob qilib: «Ey birodar! Bizning yo‘limizda boshidan oxirigacha o‘zingizni xokisor tutishingiz kerak», debdilar.

Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh aytadilar: «Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh bu so‘zlarni aytayotganlarida qo‘llarini ko‘ksilariga olib borib, past tarafiga bir zarba berdilar, zarba xuddi mening qalbimga tushgandek bo‘ldi».

Hazratimiz Doktor Abdulhay rahmatullohi alayh aytadilar: «Bu voqeadan keyin Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh o‘zlarini shunday xokisor tutdilarki, uning misli topilishi qiyin edi. Bir kuni qarasam, xonaqohning tashqarisida hazrat Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh majlisga kelganlarning oyoq kiyimlarini tartiblayotgan ekanlar. Shunday tavoze’ va muhabbatni Alloh taolo u kishining qalbida paydo qildi va keyin yuksak darajalarga ko‘tarib qo‘ydi».

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan