Isro nima degani?
“Isro” (الإسراء) Alloh taolo Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni kechaning bir bo'lagida Makkadagi Masjidul Haromdan Quddusdagi Masjidul Aqsoga sayr qildirishidir.
Me'roj nima degani?
“Me'roj” (المعراج) esa, Alloh taolo Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Quddusi sharifdan yuqoriga, ya'ni, O'zining Huzuriga ko'tarishidir.
Isro va me'roj kechasi qachon bo'lgan?
Isro va Me'roj hodisasi yuz bergani haqida Islom ummatida mutlaqo ixtilof yo'q. Bu haqda Qur'oni karimda: «(O'z) bandasi (Muhammad)ni, unga mo''jizalarimizdan ko'rsatish uchun (Makkadagi) Masjidul Haromdan (Qudsdagi) Biz atrofini barakotli qilgan Masjidul Aqsoga tunda sayr qildirgan Zotga tasbeh aytilur. Darhaqiqat, U eshituvchi va ko'ruvchidir» (Isro, 1), deyilgan.
Ammo qachon sodir bo'lgani haqida turlicha qarashlar bor. Muborakfuriy “Ar-rahiyqul maxtum” kitobida “Isro va Me'roj” voqeasi qachon sodir bo'lgani to'g'risida aytilgan quyidagi olti xil qarashni keltirgan:
Bu kechaning hikmatlari ko'p. Ulardan biri –
Isro hodisasi Islom da'vatining eng og'ir va mashaqqatli davrida sodir bo'ldi. Bu vaqtda mushriklar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kuchli tazyiq o'tkazishardi. Ularning zulmidan himoya qiluvchi Abu Tolib, Hadiyja binti Huvaylid onamiz ham vafot etgandi.
Shunday qiyin va mahzunli bir damda Isro va Me'roj kechasi sodir bo'ldi. Bu narsa u zotdagi g'am-tashvishni ketkazish, da'vat yo'lida sobitqadam bo'lish, qalbga surur bag'ishlash uchun tasalli berish edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam osmonga qanday qilib ko'tarildilar?
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisni Qozi Iyoz “Ash-shifo” kitobida naql qilgan. Unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Menga Buroq keltirildi. U eshakdan balandroq, xachirdan esa pastroq hayvon bo'lib, yugurganda tuyog'ini ko'zi etgan joyga tashlab sakrar edi. Unga minib bir lahzada Baytul Muqaddasga etdim. Masjidga kirib, ikki rakat namoz o'qib chiqdim. Menga Jabroil bir idishda sharob, ikkinchi idishda sut keltirib tutdi. Men sutni olgan edim, Jabroil: “(Sof) fitratni tanladingiz”, dedi. Keyin biz osmonga ko'tarildik...”.
Nabiy alayhissalom samoda qaysi payg'ambarlar bilan uchrashdilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “...Birinchi osmonda Odam alayhissalom bilan ko'rishdim.
Ikkinchi osmonda Iso va Yahyo alayhimassalom bilan uchrashdim.
Uchinchi osmonda Yusuf alayhissalomni ko'rdim.
To'rtinchi osmonda Idris alayhissalomni,
beshinchisida Horun alayhissalomni,
oltinchisida esa Muso alayhissalomni ziyorat qilib, duolarini oldim.
Yettinchi osmonda Ibrohim alayhissalomni Baytul Ma'murga suyanib turganlarini ko'rdim”.
“Baytul Ma'mur”dan “Sidratul muntaho”ga
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Baytul Ma'murga har kuni etmish ming farishta kirib, ziyorat qiladib ketar ekan. So'ng “Sidratul muntaho” daraxti yoniga keldim. Allohning amri bilan bu daraxt shunday go'zal holga kelgan edi, uni ta'riflashdan inson tili ojiz edi”.
5 mahal namozda 50 mahal namozning savobi bor...
Nabiy alayhissalom: “Alloh shu erda mening ummatimga ellik vaqt namozni farz qildi. Men Muso alayhissalomning yoniga tushdim va ummatimga buyurilgan farz amalni aytdim.
Muso alayhissalom: “Ummatingiz bu amalni bajarolmaydi, Allohdan engillatishini so'rang”, deb qaytardi. Men Muso alayhissalom bilan Alloh o'rtasida bir necha marta qatnadim, nihoyat Alloh: “Ey Muhammad, sizning ummatingiz uchun har kecha-kunduzda besh vaqt namozni farz qildim va uni ellik vaqt o'rnida qabul qilaman”, deb marhamat qildi.
Muso alayhissalom yana meni qaytardi. Men endi Allohdan hayo qilaman, deb besh vaqt namozning farzligiga rozi bo'ldim”.
Bu kecha yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nimalar berildi?
Bu kecha – besh vaqt namoz farz bo'ldi, Allohga sherik qilmay, gunohlariga tavba qilganlarning kechirilishi haqidagi xushxabar berildi va “Baqara” surasining so'nggi uch oyati nozil bo'ldi...
O'MI Matbuot xizmati
O‘tgan solih zotlar jamoat bilan namoz o‘qiyolmay qolsalar, bir-birlariga ta’ziya izhor qilishar ekan. Shunday zotlardan biri Hotamul Asom aytadi: “Men jamoatga ulgurmay qoldim, shunda menga Abu Is'hoq Buxoriyning bir o‘zi ta’ziya bildirdi. Agarda o‘g‘lim o‘lib qolsa minglab odamlar ta’ziya izhor qilishadi. Buning sababi odamlar nazdida din musibati dunyo musibatlaridan ko‘ra arzimas sanalganidandir”.
Bugungi kunda oramizda qanchalab odamlar jamoat namozlarini o‘tkazib yuboradilar, jiddiy e’tibor qaratmaydilar. Ba’zida ish, g‘am-tashvishlarning ko‘pligini bahona qilamiz, to‘g‘rimi?! Yana ko‘plar tuni bilan uxlamasdan, bomdod namoziga yaqin uxlab qolishlari ham bor gap.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Zimistonda masjidlar sari odim tashlovchilarga qiyomat kunidagi tamomiy nurning xushxabarini beringlar”[1] deganlarini nahot eshitmagansiz?!
Shayton sizning ustingizdan g‘alabaga erishib, namozda xotirjamligingizni ketkazishiga imkon bermang!
Omir ibn Abdulloh o‘lim to‘shagida yotganlarida azon ovozini eshitib: “Meni qo‘limdan tutinglar”, dedilar. Omir ibn Abdullohga “Axir siz betobsiz-ku”, deyishganida: “Allohning chaqirig‘ini eshitib turib, unga rioya qilmaymanmi”, dedilar. Keyin u kishini qo‘lidan ushlab turg‘izishdi. Masjidda imom bilan shom namozining bir rakatini o‘qidilar va jon taslim qildilar.
Yana bir misol: Sufyon ibn Uyayna azon aytilishidan ilgari namozga borishga ishtiyoqmand bo‘lganlar va doim: “Namozga azon aytilmagunicha masjidga kelib turmaydigan yomon qul bo‘lma. Chunki yomon qul chaqirmaguningcha kelmaydi”, der edilar.
Oisha roziyallohu anho onamiz aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan suhbatlashib o‘tirardik, u zot ham biz bilan gaplashib o‘tirardilar. Bordi-yu, namoz vaqti kirib qolsa, bir-birimizni tanimaganday bo‘lib olardik”[2].
Shukrki, oramizda masjidda birinchi safga joylashish uchun g‘ayrat qiluvchilar ko‘payib bormoqda. Nabiy alayhissalom: “Agarda odamlar azonda va birinchi safda nimalar borligini bilishsa edi, unga erishish uchun qur’a tashlashdan boshqa chora bo‘lmasa, albatta, qur’a tashlagan bo‘lardilar”, deganlar.
Said ibn Musayyab aytadi: “Men ellik yildan beri biror marta birinchi takbirni o‘tkazib yubormaganman. Ellik yildan buyon namozda birorta kishining boshining orqasiga qaragan emasman”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyati.
[2] Mursal hadis. Iroqiyning “Ihyo”ga yozgan taxrijiga qarang (1, 205).