Sharja xalqaro kitob ko'rgazmasida Qur'oni karimning nafis nusxasi taqdimoti tashrif buyuruvchilar e'tiborini tortdi.
IQNA saytining “Khaleej Times” nashriga tayanib xabar berishicha, bu nafis Qur'on kitobining 11-12-asrlarga oid qo'lyozma nusxasi bo'lib, mashhur eronlik xattot Ibn Bavobning durdona asari sanaladi.
Asl qo'lyozma Myunxendagi Bavariya davlat kutubxonasida saqlanadi. Bu davrda Qur'onning bu turi atigi o'n nusxada chop etilgan.
Mazkur nusxa tadbirda namoyish etilgan bu qimmatbaho asarning aniq o'lchami, uslubi va vizual jozibasi bo'yicha chop etilgan atigi 300 nusxadan biridir.
“Adeva Rare Collectibles” kompaniyasi vakili Florian Strolls bunday deydi: “Bu Qur'on haqiqiy san'at asari bo'lib, zarhal qog'ozga kursiv nasx yozuvida yozilgan oyatlardir”.
U qo'shimcha qildi: “Mazkur qo'lyozma aql bovar qilmaydigan darajada bezatilgan va qo'lyozma san'ati olamida o'ziga xos o'rin tutadi. Har bir suraning sarlavhalari ko'k, oq va qizg'ish jigarrang yozuvda chiroyli tarzda yozilgan. Oyatlar esa ko'k, kumush va nafis atirgul naqshlari bilan ajratilgan. Harflarning o'lchami matematik tamoyillarga asoslangan bo'lib, masshtab birligida arab alifbosining birinchi harfi bo'lgan “Alif” harfining o'lchami qo'llaniladi.
Bir oz chapga qiyshaygan vertikal harflar o'ylangan holda joylashtirilgan va Ibn Bavob maktabidan farq qiladigan uslubni ko'rsatadi”, – dedi Strolls. Uning qo'shimcha qilishicha: “Birinchi sahifaning diqqatga sazovor xususiyati bu ikki sura nomlarining o'ziga xos tartibda joylashuvidir, bu esa Qur'oni karimni noyob san'at asari qiladi”.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati