Joriy yil 2 fevral kuni “Hidoya” o'rta maxsus islom bilim yurti 2-kurs, 42-guruh talabalari guruh rahbari Abdunosir Bobamirzayev boshchiligida Namangan shahridagi Prezident maktabiga ekskursiya uyushtirildi.
Ekskursiya davomida Prezident maktabi direktori Pirnazarov Abdurasul hamda maktabning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari Zokirov Oybeklar maktabning tashkil etilish tarixi, talabalar hayoti hamda o'quv jarayoni haqida batafsil ma'lumotlar berishdi. Talabalar matabning barcha binolari, o'quv xonalari, sport zal, o'quvchilarga mo'ljallangan suzish havzasi, oshxona, kutubxona hamda talabalar turar joylarida yaratilgan sharoitlarni ko'zdan kechirishdi.
Tanishish jarayonida talabalar, Prezident maktabiga chet el davlatlaridan jalb etilgan malakali o'qituvchilar bilan ingliz tilida suhbatlashib, bilim yurtimiz va unda yaratilgan shart-sharoitlar, o'qitiladigan fanlar haqida so'zlab berishdi.
Maktabning ayrim o'quvchilari bilan uchrashish chog'ida bilim yurti o'qiuvchisi Abdulnosir Bobamirzayev maktabda yaratilgan sharoitlar shukrornasi o'laroq o'quvchilar bilim olish yo'lida yanada tirishqoq bo'lishlari, ilm-fan rivoji va xalqimiz farovonligi uchun xizmat qiladigan, yurtimizni dunyoga tanitadigan yuksak kadrlar bo'lib etishib chiqishga harakat qilishlari yuzasidan ko'rsatmalar berib, o'qitilayotgan fanlarni yanada yaxshiroq o'rganish, kelajakda etuk allomalarimiz kabi olimlar bo'lib etishishga bor g'ayratlari bilan harakat qilish kerakligi haqida gapirib o'tdi.
Ekskursiya so'ngida o'qituvchi va talabalarga yaratib berilgan qulayliklarni qadriga etish, yurtboshimiz boshchiliklarida olib borilayotgan islohotlardan to'g'ri, unumli foydalanib, yaratilgan sharoitlarning barchasi tinchligimiz, mustaqilligimizning sharofatidan ekanligini ta'kidlab shukronalik ruhida yashashlikka chaqirdilar va esdalik uchun suratga tushdilar.
Abdulnosir BOBAMIRZAYeV,
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV