Bunday kasallikka chalingan odam garchi ehtiyojiga zarur barcha narsalar bilan ta'minlangan bo'lsada, boshqalarning oldida o'zini tilanchi qilib ko'rsatadi.
Muolaja uslubi
Bu illatdan xalos bo'lish uchun – inson o'z muammolari haqida odamlarga shikoyat qilmasligi va ularga muhtojligini ko'rsatmasligi kerak, hatto kambag'al bo'lsa ham. Zero, insonlarning aksariyati ko'p gapirishingizni yoqtirmaydilar. Agar ularga biror shikoyat yoki muammoingizni arz qilsangiz “Gapni ko'paytirmang” deyishadi. Lekin Robbimiz Alloh taolo siz Unga qancha ko'p gapirsangiz shuncha sizni ko'p yaxshi ko'radi.
Sevikli Payg'ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jiyanlari Ibn Abbos roziyallohu anhuga: “So'rasang, faqat Allohdan so'ra!” deganlar. Shunday ekan, hamisha yolg'iz Allohga yuzlanib: “Men g'am va tashvishlarimdan yolg'iz Allohgagina shikoyat qilaman...”(Yusuf surasi, 86-oyat), deb ayting.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Maxfiy sadaqa berish, boshiga tushgan qiyinchiliklardan odamlarga shikoyat qilmaslik va musibatlarini hech kim kimga bildirmaslik jannat xazinalaridandir”, dedilar.
Kim g'am-tashvishini odamlarga shikoyat qilsa, g'ami ziyoda bo'ladi. Kim g'am-tashvishini Allohga shikoyat qilsa, g'amdan forig' bo'ladi.
Bobom Ismoil ibn Nujayd: “O'tmishda tasavvuf olimlari muhtoj bo'lishsada, ammo boy bo'lib ko'rinardilar. Hozir aksincha, odamlarga kambag'allardek ko'rinishga harakat qilishadi”.
Bobni Abu Hamza al-Bag'dodiy rahimahullohning hikmatli so'zlari bilan yakunlaylik: “Kambag'allikdan qanoatlanish katta sinovdir, unga faqat siddiq (rostgo'y)lar bardosh bera oladilar”.
Abu Abdurahmon as-Sulamiyning
“Nafs illatlari va ularning muolajasi” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV