Islom Karimov O'rta Osiyo Politexnika va Toshkent Halq xo'jaligi institutlarini tugatgan. Mehnat faoliyatini 1960 yil Toshkent qishloq xo'jalik mashinasozligi zavodida boshlagan. Keyinchalik, V.P.Chkalov nomidagi Toshkent Aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida muhandis, etakchi muhandis-konstruktor bo'lib ishladi. 1966 yil O'zbekiston SSR Davlat plan komitetiga ishga o'tib, bosh mutaxassislikdan respublika Davlat plan komiteti raisining birinchi o'rinbosarigacha bo'lgan yo'lni bosib o'tdi.
Islom Karimov 1983 yil O'zbekiston SSR Moliya vaziri, 1986 yil O'zbekiston SSR Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari, respublika Davlat plan komitetining raisi etib tayinlandi. 1986-1989 yillar mobaynida Qashqadaryo viloyat partiya qo'mitasining birinchi kotibi, 1989 yilning iyunidan boshlab O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo'mitasining birinchi kotibi lavozimlarida ishladi.
U 1990 yil 24 mart kuni O'zbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida O'zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi. 1991 yil 31 avgustda I.Karimov tarixiy voqea – O'zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e'lon qildi. 1991 yil 29 dekabrda muqobillik asosida o'tkazilgan umumxalq saylovida I.Karimov O'zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
Islom Karimov suveren va mustaqil O'zbekistonni barpo etish, xalqparvar demokratik huquqiy davlat yaratish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvlikni ta'minlash ishiga qo'shgan ulkan hissasi hamda bu borada matonat va jasorat ko'rsatganligi uchun "O'zbekiston Qahramoni" unvoni, "Mustaqillik" va "Amir Temur" ordenlari bilan taqdirlangan.
O'zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov 2016 yil 2 sentyabr' kuni, 78 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi. U 2016 yil 3 sentyabrda Samarqand shahrida dafn etildi.
Halqimiz istiqlol yillarida erishilgan salmoqli yutuqlarni haqli ravishda I.Karimov nomi va faoliyati bilan bog'laydi.
Manba: https://uza.uz/
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi "Erali eshon bobo" jome masjidi zamonaviy asosda qayta qurilib, mo‘min-musulmonlar ixtiyoriga topshirildi.
Masjidning ochilish tantanasida Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev, Bog‘ot tumani hokimi Jahongir Nazarov, viloyat va tuman bosh imom-xatiblari, soha mutaxassislari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Marosim Qur’oni karim tilovati bilan boshlanib, yangi masjidning el-yurtimiz ma’naviyatini yanada yuksaltirish, aholi o‘rtasida ezgulik va ma’rifatni mustahkamlashga xizmat qilishini so‘rab duolar qilindi. Shuningdek, ushbu bunyodkorlik ishlariga hissa qo‘shgan saxovatpesha insonlar haqqiga ezgu tilaklar bildirildi.
Ma’lumot o‘rnida, barcha zamonaviy talablarga javob beradigan va zarur sharoitlar yaratilgan mazkur jome masjid bir vaqtning o‘zida 1000 nafar namozxonni qabul qilish sig‘imiga ega.
Alloh taolo ushbu muborak masjidni qiyomatga qadar Qur’on tilovati, ibodat va ma’rifat ziyosi taraladigan qutlug‘ dargohlardan qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati