Afsuski, hozirgi kunda hamma o'zini din olimidek tutib, har qanday bilgan-bilmagan masalalarida xohlagan javobini beryapti, o'zini mujtahid olim deb o'ylamoqda. Aslida ham shundaymi?!
Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: “Albatta, shayton sizga dushmandir. Bas, uni dushman tuting…”.(Fotir surasi, 6-oyat).
Shuday ekan, shaytonga bizni to'g'ri yo'ldan ozdirishi uchun imkon bermasligimiz kerak. Chunki shayton din ilmidan chuqur xabardor bo'lmagan kimsalarni, Alloh taoloning sifatlari va boshqa turli aqli etmaydigan masalalarni gapirishga undaydi. Natijada inson asl din qanday ekani borasida shubhalar og'ushida qoladi. Bu ham etmaganday, ushbu qilayotgan ishini ma'rifat yo'li deb o'ylaydi va shu e'tiqodi tufayli bid'atchi yoki imondan chiqib qolishi ham mumkin! Alloh saqlasin.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Albatta, shayton sizlarning biringizga kelib, seni kim yaratgan? - deydi. Siz esa: Alloh taolo,-deysiz. Shayton: unda Allohni kim yaratdi? - deydi. Agar birortangizda shunday bo'lsa, “Alloh va rasuliga imon keltirdim” desin, shunda manashu narsa undan ketadi”.
Ushbu hadis sharifda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ulamolarni emas, avom xalqni nazarda tutib, kim shu vasvasaga duch kelsa, uni to'g'rilashga urinib, bahs yuritishiga buyurmadilar. Balki, “Aamantu billahi va rasulihi” ya'ni: Alloh va unung rasuliga imon keltirdim deb, tezda ushbu vasvasadan xalos bo'lishga buyurdilar.
Avom xalqning zimmasiga, imon keltirish, o'zini Allohga taslim etish, ibodat va yashashlari uchun zarur ishlari bilan shug'ullanishi hamda ilmiy ishlarni ulamolarga qo'yib berishi vojibdir. Bir ilmsiz odamning, zino va o'g'irlik qilishidagi gunohi, ilmni puxta o'zlashtirmasdan din borasida gapirishidagi gunohidan engilroqdir. O'zi bilmagan holda kufrga ketishi ham mumkin. Shayton esa, shuning uchun mana shu yo'lni o'ziga kirish eshigi qilib olgan.
Ilmning eng afzali “ilmi hol” deyiladi. Ya'ni har kimsa, o'zi turgan o'rnidagi ilmni puxta bilishi lozim. Masalan: kim savdogar bo'lsa, savdo ilmini, duradgor bo'lsa, duradgorlik masalalarini bilishi vojibdir. Hamma shunga amal qilib, barcha ishni o'z mutaxassisiga topshirsa, ana shunda ulkan natijalarga erishish mumkin. Dono xalqimizda bir hikmat bor: “Chumchuq so'ysa ham, qassob so'ysin” degan. Bu hikmatlar bejiz aytilmaganini yuqorida bilib oldik.
Alloh taolo barchamizni dinida sobitqadam qilsin.
Muhammad Yunus Muhammad Muso o'g'li,
Mir Arab Oliy madrasasi talabasi
Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi bosh ilmiy xodimi, dots.nt Azalshoh Hamroyev hammuallifligida «Buxoro: sharafli o‘tmishdan buyuk istiqbol sari» nomli salmoqli kitob-albom chop etildi.
Turkiyaning Istanbul shahridagi nufuzli «Mega basim» nashriyotida yuqori poligrafik sifatda chop etilgan ushbu 384 betlik asar o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan.
Kitob-albomda Islom sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lgan ko‘hna Buxoroi Sharifning uch ming yillik shonli tarixi, boy ma’naviy-madaniy merosi, shuningdek, buyuk allomalar yurtidagi muqaddas qadamjolarning o‘rni alohida e’tirof etilgan.
Shu bilan birga, nashrda Yangi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ijobiy o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari va ijtimoiy taraqqiyot yuqori sifatli suratlar, aniq ma’lumotlar hamda ilmiy asoslangan matnlar orqali ochib berilgan.
Mazkur nashr nafaqat tarixiy va ma’rifiy merosni o‘rganishda qimmatli manba, balki yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va ma’naviy yuksalishning yorqin ko‘zgusi bo‘lib xizmat qiladi.
Yangi kitob-albom ma’rifatparvar xalqimiz va kitobxonlarga muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati