Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2026   |   3 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
04:59
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2026, 3 Safar, 1448

Kofir deyishdan qattiq ehtiyot bo'ling!

25.01.2021   2732   5 min.
Kofir deyishdan qattiq ehtiyot bo'ling!

Bugungi kunda, internet, yanada aniqrog'i ijtimoiy tarmoqlar ko'plab insonlarning hayot maydoniga aylanib qoldi. Afsuski, ular bu hayotning noreal ekanligini anglab etishmayapti. Achinarlisi, mana shu sohta hayotlarida, o'zlari mutlaqo ilmga ega bo'lmasdan, nodonlarcha u er, bu erdan eshitgan gaplariga asosan axmoqlikka qo'l urib, musumlmonlarni, bo'lganda ham Islom ulamolarini kufrda ayblashib, qattiq gunohga botishmoqda. Ho'sh, dinimiz shariatiga ko'ra bir insonni kufrda ayblab, uni kofir deyishning hukmi qanday?

Islom dini ta'limotiga ko'ra, Allohning yagonaligi, Payg'ambar alayhissalom Uning elchisi ekaniga iymon keltirgan, islom diniga e'tiqod qiladigan har qanday kishi mo'min hisoblanadi. Hech kimga insonning iymonini o'lchash, uning musulmon yoki kofirligini aniqlash huquqi berilmagan. Chunki iymon qalbda bo'ladi. Qalb esa faqat Allohning hukmidadir. Alloh taolo bu haqda O'z Kalomi Qur'oni karimida shunday marhamat qiladi:

“Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur'onini) mahkam tuting va firqalarga bo'linmang hamda o'zaro adovatda bo'lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo'ygan Allohning ne'matini yodda tuting. Uning ne'mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do'zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo'lni topgaysizlar, deb, Alloh O'z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi” (Oli Imron surasi, 103oyat).

Bu oyati karima amalan musulmonlarni turli buzg'unchi oqimlar va fitnachi ixtiloflar ta'siridan ehtiyot bo'lgan holda ularni ogoh bo'lishga chorlaydi. Zero, o'zaro ixtiloflar, islom dini va muslumonlarni yomonotliq qilib ko'rsatish ortida faqat va faqat yovuz kuchlarning manfaatlari yotganini barchalarimiz, zinhor unutmasligimiz kerak. Islomdan ozgina xabari bor har qanday inson “kofir” so'zini aytishdan o'zini tiyadi. Chunki bir insonni yohud bir diyorda yashaydigan kishilarni yoppasiga kofirga chiqarish hamda butun boshli mamlakatlarni kufr diyori deyish o'ta nodonlik bo'lib, bunday so'zlarni faqat gumroh, ilmsiz, johil kishigina aytishi mumkin. Hadisi shariflardan birida, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim hammani yomon desa, o'zi yomon” deganlar.

Islom dini ko'rsatmalarida bir insonni kofir deyishga shoshilmaslik, unga qilayotgan ishi noto'g'ri ekanini yotig'i bilan tushuntirish lozimligi ta'kidlanadi.

Ulamolar  musulmonni kofirga chiqarish xususidagi savolga quyidagicha ittifoq qilishib javob berganlar: “Kim Allohdan o'zga iloh yo'q va Muhammad alayhissalom Uning Rasuli ekaniga qalbi bilan tasdiqlagan holda guvohlik bersa, u musulmondir. Unga hamma musulmonlarga qilinadigan muomala qilinishi kerak”.

Dinimiz ta'limotiga ko'ra, shirkdan tashqari har qanday gunoh qilgan inson toki o'sha gunohini halol deb hisoblamas ekan, kofir bo'lmaydi.

Musulmon kishini kofirga chiqarish mumkin emasligi borasida Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Uch narsa iymonning aslidir:

Laa ilaha illalloh (Allohdan boshqa iloh yo'q!)” degan kimsaga tegmaslik;
Gunohi bois uni kufrda ayblamaslik;
Amali uchun uni Islomdan chiqarmaslik lozim.
Boshqa bir rivoyatda esa: “Kimda-kim o'z birodarini “kofir” desa, agar o'sha insonda shu narsa topilmasa, uning o'zi shunday bo'libdi”, deb ta'kidlangan. Shuningdek, kalimai shahodatni aytib, o'zining musulmonligini bildirib turgan kishining joniga, moliga zarar etkazmaslik zarur. Zohirida musulmon bo'lib ko'rinib, Islom amallarini qilayotganlar bilan yaxshi muomala qilinaveradi. Kishilarning ichki sirlari Allohning O'ziga havola. “Laa ilaha illalloh”ni aytib, musulmon bo'lgan odamni qilgan gunohi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U kofir emas, osiydir.

Yana bir hadisi sharifda keltirilishicha, Usoma ibn Zayd “roziyallohu anhu” “Laa ilaha illalloh” degan bir odamni o'ldirib qo'yadi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam undan: “Laa ilaha illalloh”, desa ham o'ldirdingmi?” deb so'raydilar. Usoma: “U qo'rqqanidan, xavfsirab aytdi”, deydi. Shunda U zot alayhissalom: “Sen uning qalbini yorib ko'rdingmi?” deb, qattiq tanbeh beradilar.

Demak, turli hil internet tarmoqlari va guruhlarda ertalabdan kechgacha vaqtini bekor o'tkazib, odamlarni kofirlikda ayblab fitna, tuxmat va bo'hton qilayotgan kimsalar avvalo, Alloh taologa chin dildan tavba qilishlari lozim. Qolaversa, bunday ishlarni bas qilishi o'zi va atrofidagilar uchun ulkan foydadir. Yo'qsa, yuqoridagi hadisda ta'kidlanganidek o'zlari kufrga ketib qolishlari hech kab emas.

Zero, ulug'larimiz aytganlaridek: “Dunyoda hech bir amal hisobsiz qolmaydi. Alloh har bir amalingizni zarrasigacha hisobini qilguvchi Zotdir. Yaxshi bo'lsa mukoffotini, yomon bo'lsa JAZOSINI olasiz”!

 

Sayyidabror Umarov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

XUSHXABAR: MUFTIY HAZRAT XALQARO ISLOM FIQHI AKADЕMIYASIGA A’ZO BO‘LDILAR

16.07.2026   4649   2 min.
XUSHXABAR: MUFTIY HAZRAT XALQARO ISLOM FIQHI AKADЕMIYASIGA A’ZO BO‘LDILAR

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari musulmon olamidagi eng nufuzli va davlatlararo maqomga ega bo‘lgan eng yirik ilmiy-fiqhiy tashkilot – Xalqaro islom fiqhi akademiyasiga a’zo bo‘ldilar.

Bu haqda mazkur akademiya bosh kotibi professor Qutb Mustafo Sanodan tabrik maktubi olindi.

Bu quvonchli voqea Yangi O‘zbekistonda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning xalqaro darajadagi yuksak e’tirofi bo‘lib, Muftiy hazratlarining din rivoji, ummat saodati va xalqlar hamjihatligi yo‘lidagi xizmatlariga berilgan yuqori bahodir.

Ushbu xalqaro akademiya Muftiy hazratlari a’zo bo‘lgan sakkizinchi xalqaro tashkilot bo‘lib, bundan avval Turkiy davlatlar muftiylari kengashi (2021 y.), Abu Dabi tinchlik forumi (BAA, 2023 y.), Xalqaro musulmon ulamolari kengashi (Qatar, 2023 y.), Musulmon donishmandlar kengashi (BAA, 2024 y.), Islomiy fiqh akademiyasi (Saudiya Arabistoni, 2024 y.), Islom olami uyushmasi (Saudiya Arabistoni, 2024 y.) va Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud nomidagi Hadisi sharif akademiyasi (Saudiya Arabistoni, 2026 y.) a’zoligiga qabul qilingan edilar.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Xalqaro islom fiqhi akademiyasi (arabcha: مجمع الفقه الإسلامي الدولي, inglizcha: International Islamic Fiqh Academy - IIFA) — islom olamidagi eng nufuzli va davlatlararo maqomga ega bo‘lgan xalqaro ilmiy-fiqhiy tashkilot hisoblanadi.

Akademiya Islom hamkorlik tashkiloti (IHT - OIC) huzuridagi oliy ilmiy organ hisoblanadi. U 1981 yilda Makka shahrida tashkil etilgan bo‘lib, qarorgohi Jidda shahrida joylashgan. Mazkur akademiyaga professor Qutb Mustafo Sano rahbarlik qiladi. Uning asosiy maqsadlari zamonaviy masalalarga fatvo berish, bayonotlar e’lon qilish, ma’naviy merosni asrash, tadqiq etish, Islom ummati birligini ta’minlash va mo‘tadillikni targ‘ib etish kabilardir.

Tashkilotga a’zo bo‘lgan 57 ta davlatning eng ko‘zga ko‘ringan olimlari, faqihlari va muftiylari akademiya a’zosi bo‘ladi. Akademiya muntazam ravishda xalqaro anjumanlar va yig‘ilishlar o‘tkazadi. Har bir dolzarb masala yuzasidan dunyo ulamolarining ma’ruzalari, ilmiy tadqiqotlari va xulosalari tinglanadi. Qabul qilingan qarorlar to‘plami musulmon dunyosidagi ishonchli manbalardan biri sanaladi.

Alloh taolodan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga Xalqaro islom fiqhi akademiyasidagi faoliyatlarida kuch-quvvat va muvaffaqiyatlar tilaymiz.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

XUSHXABAR: MUFTIY HAZRAT XALQARO ISLOM FIQHI AKADЕMIYASIGA A’ZO BO‘LDILAR
O'zbekiston yangiliklari