Bugungi kunda, internet, yanada aniqrog'i ijtimoiy tarmoqlar ko'plab insonlarning hayot maydoniga aylanib qoldi. Afsuski, ular bu hayotning noreal ekanligini anglab etishmayapti. Achinarlisi, mana shu sohta hayotlarida, o'zlari mutlaqo ilmga ega bo'lmasdan, nodonlarcha u er, bu erdan eshitgan gaplariga asosan axmoqlikka qo'l urib, musumlmonlarni, bo'lganda ham Islom ulamolarini kufrda ayblashib, qattiq gunohga botishmoqda. Ho'sh, dinimiz shariatiga ko'ra bir insonni kufrda ayblab, uni kofir deyishning hukmi qanday?
Islom dini ta'limotiga ko'ra, Allohning yagonaligi, Payg'ambar alayhissalom Uning elchisi ekaniga iymon keltirgan, islom diniga e'tiqod qiladigan har qanday kishi mo'min hisoblanadi. Hech kimga insonning iymonini o'lchash, uning musulmon yoki kofirligini aniqlash huquqi berilmagan. Chunki iymon qalbda bo'ladi. Qalb esa faqat Allohning hukmidadir. Alloh taolo bu haqda O'z Kalomi Qur'oni karimida shunday marhamat qiladi:
“Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur'onini) mahkam tuting va firqalarga bo'linmang hamda o'zaro adovatda bo'lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo'ygan Allohning ne'matini yodda tuting. Uning ne'mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do'zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo'lni topgaysizlar, deb, Alloh O'z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi” (Oli Imron surasi, 103oyat).
Bu oyati karima amalan musulmonlarni turli buzg'unchi oqimlar va fitnachi ixtiloflar ta'siridan ehtiyot bo'lgan holda ularni ogoh bo'lishga chorlaydi. Zero, o'zaro ixtiloflar, islom dini va muslumonlarni yomonotliq qilib ko'rsatish ortida faqat va faqat yovuz kuchlarning manfaatlari yotganini barchalarimiz, zinhor unutmasligimiz kerak. Islomdan ozgina xabari bor har qanday inson “kofir” so'zini aytishdan o'zini tiyadi. Chunki bir insonni yohud bir diyorda yashaydigan kishilarni yoppasiga kofirga chiqarish hamda butun boshli mamlakatlarni kufr diyori deyish o'ta nodonlik bo'lib, bunday so'zlarni faqat gumroh, ilmsiz, johil kishigina aytishi mumkin. Hadisi shariflardan birida, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim hammani yomon desa, o'zi yomon” deganlar.
Islom dini ko'rsatmalarida bir insonni kofir deyishga shoshilmaslik, unga qilayotgan ishi noto'g'ri ekanini yotig'i bilan tushuntirish lozimligi ta'kidlanadi.
Ulamolar musulmonni kofirga chiqarish xususidagi savolga quyidagicha ittifoq qilishib javob berganlar: “Kim Allohdan o'zga iloh yo'q va Muhammad alayhissalom Uning Rasuli ekaniga qalbi bilan tasdiqlagan holda guvohlik bersa, u musulmondir. Unga hamma musulmonlarga qilinadigan muomala qilinishi kerak”.
Dinimiz ta'limotiga ko'ra, shirkdan tashqari har qanday gunoh qilgan inson toki o'sha gunohini halol deb hisoblamas ekan, kofir bo'lmaydi.
Musulmon kishini kofirga chiqarish mumkin emasligi borasida Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Uch narsa iymonning aslidir:
Laa ilaha illalloh (Allohdan boshqa iloh yo'q!)” degan kimsaga tegmaslik;
Gunohi bois uni kufrda ayblamaslik;
Amali uchun uni Islomdan chiqarmaslik lozim.
Boshqa bir rivoyatda esa: “Kimda-kim o'z birodarini “kofir” desa, agar o'sha insonda shu narsa topilmasa, uning o'zi shunday bo'libdi”, deb ta'kidlangan. Shuningdek, kalimai shahodatni aytib, o'zining musulmonligini bildirib turgan kishining joniga, moliga zarar etkazmaslik zarur. Zohirida musulmon bo'lib ko'rinib, Islom amallarini qilayotganlar bilan yaxshi muomala qilinaveradi. Kishilarning ichki sirlari Allohning O'ziga havola. “Laa ilaha illalloh”ni aytib, musulmon bo'lgan odamni qilgan gunohi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U kofir emas, osiydir.
Yana bir hadisi sharifda keltirilishicha, Usoma ibn Zayd “roziyallohu anhu” “Laa ilaha illalloh” degan bir odamni o'ldirib qo'yadi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam undan: “Laa ilaha illalloh”, desa ham o'ldirdingmi?” deb so'raydilar. Usoma: “U qo'rqqanidan, xavfsirab aytdi”, deydi. Shunda U zot alayhissalom: “Sen uning qalbini yorib ko'rdingmi?” deb, qattiq tanbeh beradilar.
Demak, turli hil internet tarmoqlari va guruhlarda ertalabdan kechgacha vaqtini bekor o'tkazib, odamlarni kofirlikda ayblab fitna, tuxmat va bo'hton qilayotgan kimsalar avvalo, Alloh taologa chin dildan tavba qilishlari lozim. Qolaversa, bunday ishlarni bas qilishi o'zi va atrofidagilar uchun ulkan foydadir. Yo'qsa, yuqoridagi hadisda ta'kidlanganidek o'zlari kufrga ketib qolishlari hech kab emas.
Zero, ulug'larimiz aytganlaridek: “Dunyoda hech bir amal hisobsiz qolmaydi. Alloh har bir amalingizni zarrasigacha hisobini qilguvchi Zotdir. Yaxshi bo'lsa mukoffotini, yomon bo'lsa JAZOSINI olasiz”!
Sayyidabror Umarov tayyorladi
Sayyor yig‘ilish
Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati