Ulug' tobein Abu Abdulloh Said ibn Jubayr ibn Hishom Asadiy Volibiy hijriy 46 yil (milodiy 665 yil)da Kufada tug'ilgan. Odamlar Ibn Jubayrni “ko'rinishlari qora bo'lsa ham, xislatlari oppoq edi”, deb ta'riflashgan. Abdulloh, Muhammad va Abdulmalik ismli uch nafar farzandi bo'lgan.
Dastlab bir muddat Kufada Abdulloh ibn Utbaning kotibi bo'lgan. So'ngra butun umrini ilmga bag'ishlagan. Ibn Abbos, Ibn Umar, Abdulloh ibn Mug'affal, Abu Said Hudriy roziyallohu anhum kabi yirik sahobalardan ta'lim olgan. Makka tafsir maktabining ustozi, “Qur'on tarjimoni” Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan tafsir va boshqa ilmlardan saboq oldi. Ibn Jubayr xuddi insonga soya ergashib yurgandek, doimo Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu bilan birga yurardi. Shu sabab, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu shogirdining ilmiga qattiq ishonar, masala so'rab kelganlarni unga yo'llab: “Axir orangizda Said ibn Jubayr borku!” deb tanbeh berardilar.
Ibn Jubayr rohmatullohi alayhi Makka madrasasining old talabalaridan, tafsir, hadis va fiqh ilmlari imomlaridan bo'lib etishdi. Hammod ibn Abu Sulaymon, Amr ibn Diynor, Muhammad ibn Vose', Hishom ibn Hasson, Hilol ibn Hibbon, Sulaymon A'mash rohmatullohi anhum kabi zarabdast olimlarga ustozlik qildi, har kuni bomdod va asr namozlaridan so'ng dars berdi. Said ibn Jubayr rohmatullohi alayhi talabalarga: “Haqiqiy tavbaning uchta sharti bo'lmasa, qabul bo'lmaydi: tavbaning qabul bo'lmaslik qo'rquvi, qabul bo'lishidan umid va toatlarda bardavomlik”, deb aytardi.
Qatoda rohmatullohi alayhi: “Bilimdonlar to'rttadir: Haj amallari borasida Ato ibn Abu Ravoh, tafsir ilmida Said ibn Jubayr, siyrat ilmida Ikrima, halol va haromda esa Hasan Basriydir”, degan.
Ramazon oylarida Ibn Jubayr rohmatullohi alayhi imomlikka o'tardi. Agar yolg'iz o'zi ibodatni ado etsa Qur'onni to'liq xatm qilardi. Qur'oni karimning «Kitob (Qur'on)ni va Biz payg'ambarlarimiz bilan yuborgan narsalarni (Kitoblarni) yolg'on degan kimsalar yaqinda (qiyomat Kunida) bilajaklar. O'shanda ular bo'yinlarida kishan va zanjirlar bilan sudralurlar» (G'ofir surasi, 70-72-oyat) oyatini tilovat qilganda rangi oqarib, butun vujudini titroq tutardi.
Har yili rajab oyida umra, zulqa'da oyida esa haj ibodatini ado etardi. Ibn Jubayr rohmatullohi alayhi Qur'oni karim ma'nolarini va qiroat ilmini chuqur va puxta bilsa-da, o'z fikri bilan tafsir qilishdan nihoyatda ehtiyot bo'lardi va “Men uchun tuproqqa qorishib ketishim, Qur'onni o'zimcha tafsir qilishimdan ko'ra yaxshiroqdir”, derdi.
Said ibn Jubayr rohmatullohi alayhi hadislarni yozib sahifalarga to'plagan. Abdulloh ibn Zubayr, Anas ibn Molik, Said ibn Hudriy roziyallohu anhum kabi sahobalar bilan uchrashib, ulardan hadislar rivoyat qilgan.
Said ibn Jubayr rohmatullohi alayhidan «Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman…» (Baqara surasi, 152-oyat) oyatining tafsirini so'rashganda “Ibodat, itoat bilan «Meni yod etingiz...» shunda «(Men ham) sizlarni yod eturman…» ya'ni, gunohlaringizni mag'firat etaman, deb tafsir qilgan.
Said ibn Jubayr rohmatullohi alayhidan zikr nima deb so'rashganda: “Kishi biror amalni bajarishda Allohga itoat, Uning roziligini topish niyatida bo'lar ekan, ushbu amali zikr hisoblanadi. Agar Allh taologa itoat etmasa, garchi tunlarini Qur'on tilovati va zikr bilan o'tkazsada zikr qiluvchilardan bo'lmaydi”, deb javob bergan.
Said ibn Jubayr rohmatullohi alayhi zolim Hajjoj tomonidan hijriy 95 yili (milodiy 714) qatl etilgan. Bir qancha sahobalarning qonini to'kkan bu zolim: “Said ibn Jubayrning o'limichalik hech kimning o'limi menga og'ir kelmadi”, degan. Ibn Jubayrning vafotini eshitgan Imom Ahmad rohmatullohi alayhi: “Yer yuzi Said ibn Jubayrning ilmiga muhtoj”, deb chuqur qayg'uga botgan.
Said ibn Jubayr rohmatullohi alayhi hikmatlaridan
"Jannatga birinchi bo'lib kiradiganlar qiyinchilik va xursandchilika ham Allohga hamd aytadigan kishilardir".
"Alloh taologa tavakkul qilish iymonning husnidir".
Davron NURMUHAMMAD
Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.
IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.
Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.
Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."
Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.
Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:
Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati