Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

MUBAYYaN VA NASRIY BAYoNI: Ishorat nomayi a'molg'a (O'ttiz beshinchi mavzu)

24.01.2021   2079   5 min.
MUBAYYaN VA NASRIY BAYoNI: Ishorat nomayi a'molg'a (O'ttiz beshinchi mavzu)

OZ-OZ O'RGANIB DONO BO'LUR...

*   *   *

ZahiruddinMuhammad Bobur xazinalari

*   *   *

MUBAYYaN VA NASRIY BAYoNI

*   *   *

IYMON-E_''TIQOD  KITOBI

*   *   *

NAZM

 

 

Ushbulardin keyin budur ahvol,

Kelgusi elga nomayi a'mol.

Su'adoning o'ng ilgidin kelgay,

Anda ul el sa'odatin bilgay.

Ashqiyo  nomasinki tergaylar,

Orqadin, so'l ilikka bergaylar.

 

NASRIY BAYoN

 

Nomai a'mol bayoni

 

Bu voqelardan keyin ahvol shunday bo'ladi: insonlarning qo'llariga nomai a'mollari – amallar kitobi tarqatiladi.

(Nomai a'mol) sa'odatli kishilarning o'ng qo'liga beriladi, shunda u insonlar sa'odatga erishganlarini biladilar. Shaqovat ahli bo'mish badbaxt kimsalarning nomasini esa terib-tanlab, orqadan yoki chapdan – chap qo'lga beradilar.

 

IZOH. Qur'oni karimda o'z kitobi – nomai a'moli o'ng qo'lidan berilgan kishining xursandchiligi (Al-Haqqa surasi, 19-oyat); kitobi chap qo'lidan berilgan kimsaning nadomati (Al-haqqa, 25-oyat); nomai a'moli orqa  tarafidan  beriladigan  kimsaning  halokati  (Inshiqoq  surasi, 10-11-oyatlar) bayon qilinadi. Dalillar:

 

Al-Haqqa surasi, 19–24-oyatlari ma'nosi: “Bas, ul kun kitobi o'ng qo'lidan berilgan kishi aytur: «Olinglar, mening kitobimni o'qinglar! Albatta, men hisobimga ro'baro' bo'lishimni aniq bilar edim». (Qr: 84:9.) Bas, u o'zi rozi bo'ladigan bir hayot ichradir. Oliy bir bog'dadirki, mevalari (oluvchiga) egilib turgandir. «O'tgan kunlarda taqdim etgan (yaxshi) amallaringiz sababli, emin-erkin englar va ichinglar!» (deyilur)”.

 

Al-haqqa surasi, 25–35-oyatlari ma'nosi: “Ammo kitobi chap tomonidan berilgan kishi esa derki: «Eh, koshki menga kitobim berilmasa edi! - Hisobim ne ekanin hech bilmasam edim! Koshki  (dunyodagi) o'sha (o'lim) hamma ishni tugatgan bo'lsa edi!  Mol-mulkim menga hech bir foyda bermadi. (Butun) saltanatim ham yo'q bo'lib mendan ketdi». (Alloh vazifador zaboniya farishtalariga amr qilur:) «Tutinglar uni, (qo'llarini bo'yniga) bog'langlar; So'ng uni (dahshatli) olovga solinglar! So'ng uzunligi etmish gaz bo'lgan zanjirga bog'lab qo'yinglar (do'zaxga tashlanglar)! Chunki u ulug' Allohga iymon keltirmas edi. Miskinga taom berishga intilmas – targ'ib ham qilmas edi». Bas, bu kun bu erda u (kofir – inkorchi kimsa)ning hech bir yaqin (qarindosh va) do'sti yo'q”.

 

Inshiqoq  surasi, 10-15-oyatlar ma'nosi: “Ammo kimning kitobi orqasidan berilsa: («Ey o'lim, qaydasan!» deb) o'limni chaqirib qolur va alangali do'zaxga kirur. Chunki u (hayoti dunyoda iymon keltirmay) ahli-oilasi (va qavmi) ichida masrur (molu mulki sababli sarxush) edi. Darhaqiqat, u hech qachon (tirilib, hisob uchun Rabbiga) qaytmasman deb o'ylagan edi. Yo'q! (U Rabbiga qaytur! Chunki) Albatta, Rabbi uni o'ta ko'rib turguvchidir”.

 

Nasriy bayon va sharh muallifi:

Mirzo KYeNJABYeK

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

19.08.2026   8672   1 min.
Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.

Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari