Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

Diniy soha xodimlari “Yashil makon” loyihasida faol qatnashmoqda

04.11.2023   1499   3 min.
Diniy soha xodimlari “Yashil makon” loyihasida faol qatnashmoqda

Shu kunlarda o'lkamizning turli hududlarida diniy soha xodimlari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi ko'chat ekish ishlarida faollik bilan ishtirok etmoqdalar. O'tgan Ulamolar Kengashida ta'kidlanganidek, ushbu loyiha imom-domlalar o'rtasida "Tabiat – Alloh taoloning omonatidir" shiori ostida keng jabhada amalga oshirilmoqda.

Shu munosabat bilan bugun O'zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakilligi tashabbusi bilan Chortoq tumanidagi “O'rikzor” MFY hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko'chat ekish tadbiri tashkil etildi. Tadbir davomida 5 gektar joyga 1500 tupdan ortiq mevali ko'chatlar ekildi.

Darhaqiqat, Alloh taolo insonni erdan yaratar ekan, uning zimmasiga yana shu qaytadigan joyi – erni obod qilish vazifasini yukladi. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “U sizlarni erdan paydo qildi va unga sizni obodligi uchun qo'ydi” (“Hud” surasi 61-oyat). Boshqa oyati karimada: “Yerni yaroqli qilib qo'ygandan keyin unda buzg'unchilik qilmangiz!” (“A'rof” surasi 56-oyat), deb keltirilgan. Alloh taolo ushbu ikki oyati karimada er va uni o'rab turgan tabiatni asrab-avaylashga, undan oqilona foydalanishga buyuradi. Shuning barobarida unga zarar etkazishning har qanday turidan qaytaradi.

Yer va undagi barcha ne'matlarni kelajak avlodga sof holatda etkazish har bir inson oldidagi muhim vazifalaridandir. Ayniqsa, bu imon-e'tiqodli kishilar qalbida ulkan mas'uliyat hissini oshiradi.

So'nggi yillarda jahonda kuzatilayotgan iqlim o'zgarishi bilan bog'liq global muammolar, afsuski, yurtimizni ham chetlab o'tayotgani yo'q. Ro'y berayotgan chang-to'zonlar, shuningdek, yog'ingarchilikning kamayib yoki ko'payib ketayotgani so'zimiz tasdig'idir. Bu holat har bir aqli raso kishini befarq qoldirmasligi turgan gap.

Ushbu tadbirda Din ishlari bo'yicha qo'mitaning viloyat boshqarmasi mutaxassislari, O'zbekiston musulmonlari idorasining viloyat vakilligi mas'ullari, shahar-tuman bosh imom-xatiblari, viloyat masjidlarining imom-xatib, imom-noib va mutavallilari ishtirok etdilar.

Jarayonda viloyat hokimining o'rinbosari J.Aloydinov, viloyat bosh imom-xatibi M.Abbasitdinov so'zga chiqib, o'z tilaklarini bildirdilar.

Yurtimiz bo'ylab keng miqyosda o'tkazilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli tadbirlar hududlar qiyofasini obod etish barobarida, tabiatni asrab-avaylash, ekologik musaffolikni ta'minlashga ko'mak berishi bilan ahamiyatlidir. Mana shunday tadbirlar yurtimiz bo'ylab davom etmoqda.

Alloh taolo barchamizni poklikka intiluvchi, bilganlariga amal qiluvchi, jismu imoni, uy-joyi – Vatanini toza tutuvchi, bog'u rog'lar o'stiruvchi va Yer yuzini obod qiluvchilardan qilsin!

O'zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakilligi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Quvaytlik ekspert: O‘zbekiston va Quvaytni boy tarixiy meros va umumiy manfaatlar birlashtiradi

18.09.2026   3342   2 min.
Quvaytlik ekspert: O‘zbekiston va Quvaytni boy tarixiy meros va umumiy manfaatlar birlashtiradi

Quvaytning nufuzli “Al-Seyassah”, “Alwakt News” va “The Times Kuwait” nashrlarida quvaytlik ekspert va jamoat arbobi, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Tijorat arbitraj markazining sobiq bosh kotibi Tariq Yusuf ash-Shumaymiriyning “Samarqanddan Faylakagacha: zamin sivilizatsiya tilida so‘zlaganda nomli maqolasi chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muallif joriy yilning avgust oyida yurtimizga amalga oshirgan tashrifi davomida Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lgani, boy tarixiy-madaniy meros, me’moriy obidalar, qadimiy bozorlar hamda xalqimizning mehmondo‘stlik an’analari unda katta taassurot qoldirgani haqida yozadi.

Maqolada ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyoning qadimiy shahri Samarqand hamda Fors ko‘rfazidagi tarixiy Faylaka oroli xalqlar va madaniyatlarni birlashtiruvchi o‘ziga xos sivilizatsion ko‘prik vazifasini bajargan. Samarqand Sharq va G‘arbni bog‘lagan quruqlikdagi karvon yo‘llari chorrahasi bo‘lgan bo‘lsa, Faylaka dengiz savdo yo‘llarida muhim strategik makon hisoblangan. Yurtimizdagi ilm-ma’rifatga bo‘lgan yuksak ehtirom va jamoatchilik an’analari Quvayt jamiyatidagi qadriyatlar bilan muayyan mushtaraklikka ega ekani alohida e’tirof etiladi.

Nashrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 17–18 fevral kunlari Quvayt Davlatiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘targani ta’kidlanadi. Tashrif yakunlari bo‘yicha sanoat, aviatsiya, “aqlli shaharlar”, sog‘liqni saqlash, turizm, madaniyat va san’at kabi sohalarda umumiy qiymati qariyb 4,9 milliard dollarlik kelishuvlar va investitsiya loyihalari paketi shakllantirildi.

Shuningdek, Quvayt Arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasining yurtimizdagi infratuzilma va sog‘liqni saqlash loyihalaridagi ishtiroki amaliy hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida ko‘rsatib o‘tiladi.

Maqola yakunida ta’kidlanganidek, Samarqand va Faylaka o‘rtasidagi tarixiy mushtaraklik hamda bugungi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar, faol investitsiyalar va madaniy almashinuvlar ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari