Dunyo qiymatsiz, oxirat ahamiyatli bo'lgani uchun obid va zohidlar ibodatlarini har doim sidqu sadoqat, vafoyu ixlos bilan ado etganlar. Tungi ibodatlarning fazilati ko'p bo'lgani uchun turadi, ishq va shavq bilan ularni bajaradi.
Zohid – oshiqdir; kunda ham, tunda ham xolisona qilgan ibodatlari qalbini nurlantiradi, ishqullohni, muhabbatullohni hosil qiladi. Yunus Emro kabi kecha-kunduz yonib-o'rtanadigan bir oshiqi sodiq, obidi zohid bo'ladi. Qilgan amalining natijasi shunday bo'ladi...
Dunyoni sevgach, inson bu hayotni sevadi. Agar hayotdagi imonsizlar kabi elib-yugurishni, harom mol to'plashni, to's-to'polon, talon-taroj qilishni istasa, xush ko'rsa nima bo'ladi?... Unda ko'zni hirs pardasi qoplaydi, hirsga berilib, harom ishlar qiladi, harom molga qo'l uzatadi, birovni shiladi, o'g'rilik qiladi va hokazo.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qat'iy tarzda:
الراشی و لمرتشی في النار
“Pora bergan ham, pora olgan ham do'zaxiydir”, – dedilar. “Roshi” va “murtashi” “rishvat” so'zidan yasalgan ikki kalimadir. Biz “rushvat” deymiz. Arablar yanada ortiqroq “rishvat” deb ataydilar. Roshi-rishvat – pora beruvchi. Murtashi-rishva – pora oladigan kishi. Poraning turi ko'p. Masalan: pora – haqi bo'lmagan ishni bajarish uchun, ishning boshida turgan rahbarlarni harom yo'lga, g'ayri qonuniy yo'lga boshlash, to'g'ri yo'ldan ko'z yumishi, nohaqlik qilishi uchun beriladigan pul yoki boshqa biror narsa. Natijada har ikki tomon harom ishga qo'l urgan bo'ladilar.
Hoh sud, xoh soliq, xoh hokimiyat ma'muriyati bo'lsin, u erda davlat tomonidan har bir fuqaroning haqini hisob-kitob qiladigan, ishchilariga maosh beradigan rahbar xodimi bo'ladi. Bu xodim, albatta, adolatli qonunga ko'ra ishlashi, har bir fuqaro haqini ko'z qorachig'idek asrashi kerak. Lekin pora berib o'z ishini bajaradigan kishi: – “Sen xalq Haqi bilan ishing bo'lmasin, lavozimingni ham o'ylama. Men senga shuncha pora beraman. Meni ishimni bajar. Nohaq bo'lsam ham, ishim bitsin. Men seni ko'rmadim, sen meni ko'rmading, tamom, vassalom”, – deb ishini bajarib ketsa nima qilgan bo'ladi?
Qonunni, nizomni buzgan, adolatli qonun majmuasini o'z foydasiga ishlatgan, haqsizlik qilib ishini bajarib ketgan bo'ladi.
Pora olgan rahbar vijdonini egan, nohaqlikka, adolatsizlikka rozi bo'lgan, o'z manfaatini o'ylagan, xalq haqiga xiyonat qilgan bo'ladi.
Mana shunday yo'llar bilan jamiyatdagi qonunlar oyoq osti bo'ladi, rivojlanish oqsaydi, haqlar toptaladi, mazlum va begunoh xalqning haqi himoyalanmaydi. Zolimlar xalq pulini, molini, davlat xazinasini, byudjetdagi boylikni talon-taroj qiladilar, xalq manfaatlarini aslo o'ylamaydilar. Qal'a devoridan biror joyga darz ketsa, bir teshik ochilsa, qal'a qulagani, hovuzning ostki qismi teshilib, hovuz suvlari oqib ketgani kabi, natijada olamning ta'sis etgan nizom – qonunlari buziladi, dahshatli zararlar yuzaga keladi...
Ya'ni bunday zararlar pul-molga o'chlik, xizmatchining o'z vazifasini to'g'ri bajarmaganidan yuzaga keladi, albatta. Alloh bunday adolatsizlikni sevmaydi. Shuning uchun “pora bergan ham, olgan ham jahannamga mahkumdir deyilgan...”
Demak, ikkisi ham do'zaxda kuyadi. Unday bo'lgandan keyin mo''min bu ishni qilmaydi. Chunki mo''minning maqsadi Allohning roziligini topish, jannatga kirish, do'zaxga kirmaslikdir.
Albatta, do'zaxga kirmoq, do'zaxda yonmoq insonlarning jahannamni yaxshi tasavvur va tafakkur qilmaganliklari, teran idrok aylamaganliklarining jazosidir... Do'zaxga kirishni go'yo bir poyezd bekatidan o'tmoq, bir erga borib kelmoq kabi engil deb o'ylaydilar. Holbuki, inson bir gugurt donasini qo'lida uzoqroq ushlab tursayu barmog'ining uchginasi kuysa, bir necha kunlar og'riydi, chimmillaydi, suv to'playdi, po'sti shilinib ketadi.
Bir gugurt donasining oloviga chidamagan insonni, kuyik dardidan azob tortib yig'lagan bolani ko'z oldimizga keltiraylik! Ana shundan insonning jahannam olovida qanday yonishini bir tasavvur qilib ko'ring...
Albatta, ba'zilar ishonmagandan keyin befarq bo'ladilar yoki dunyo hirsiga berilib, ko'zini g'aflat pardasi qoplasa, diniy tuyg'ulari zaiflashib do'zaxni nazar-pisand qilmaydilar... Bundaylarni “azizun zuntiqom” – intiqom oladigan, azizu jalil bo'lgan Alloh jazosini berishi shubhasiz.
Mana, dunyoga muhabbat qo'yish – o'g'rilik, zulm, haqsizlik, adolatsizliklarning qilinishiga, jamiyatning qonun va nizomlari buzilishi sabab bo'ladi. Qonun himoyachilari o'zini ko'rmaganga oladi... Haqli, mazlum bir chekkada ko'z yoshi to'kib qolsa, nohaq – zolim, adabsiz, vijdonsiz ishini bajarib yuraveradi. Jamiyat uchun bunday ahvol yaxshi emas. Jamiyatning poydevori adolatdir, zolimning zulm qilishiga imkon bermaslikdir. Qonunlarni to'g'ri qo'llashdir. Bo'lmasa, jamiyatga zarar etadi. Shuning uchun insonning ko'zi to'q, dunyoga hirs qo'ymasligi lozim...
Mana shu tuyg'u insonni haromlardan, haqsizliklardan, o'g'irliklardan, zulmlardan saqlaydi va uni Allohga yo'naltiradi, ko'z yoshlarini to'kdirib ibodat qildiradi. Oshiqi sodiq, faol bir insonga aylantiradi.
"Islom va axloq" kitobidan olindi
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi