Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Oktabr, 2025   |   30 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:24
Quyosh
06:43
Peshin
12:12
Asr
15:49
Shom
17:36
Xufton
18:48
Bismillah
22 Oktabr, 2025, 30 Rabi`us soni, 1447

“Hijrat” tushunchasini soxtalashtirayotganlardan ehtiyot bo'laylik!

21.01.2021   2444   13 min.
“Hijrat” tushunchasini soxtalashtirayotganlardan ehtiyot bo'laylik!

Bugungi kunda musulmon ummati orasiga fitna tarqatmoqchi bo'lgan siyosiy kuchlar ayrim qo'g'irchoq kimsalar orqali Qur'oni karim oyatlari va hadislarning ma'nolarini soxtalashtirib, yoshlarni o'z oilasi, kindik qoni to'kilgan yurtini tark etishni targ'ib qilishga qaratilgan faoliyatlarini avj oldirmoqdalar.

Hatto, ijtimoiy tarmoqlarda “Abdulloh Zufar” nomi bilan tanilgan shaxs o'z ma'ruzasida musulmon faqat yurtini tashlab chiqib ketsa imonli, “hijrat” qilmagan kishi esa kofir bo'ladi deyish darajasiga bordi.

Afsuski, islom ta'limotiga muhabbati ortib borayotgan, biroq dunyoda kechayotgan murakkab siyosiy jarayonlardan bexabar, hayotiy tajribaga ega bo'lmagan ayrim yoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda yuqoridagi kabi vatanfurushlar tarqayotgan videolavha va ma'ruzalarni ta'sirida oilasi, yaqinlari va Vatanidan voz kechib, qonli to'qnashuvlar ketayotgan Suriya, Afg'oniston kabi mamlakatlarga chiqib ketishga qaratilgan harakatlarni sodir etmoqdalar.

Ta'kidlash joizki, dunyoning etuk islom ulamolari “hijrat” tushunchasiga o'ta xassoslik va ehtiyotkorlik bilan yondashishlik zarur ekani, musulmonlarning ongini va hayotini buzadigan, ertangi kuniga fojia olib keladigan buzg'unchi da'vatlardan ehtiyot bo'lish zarur ekanini ta'kidlab kelmoqdalar.

Islom ta'limotida hijrat (arab. – ajrash) tushunchasi ostida musulmonlarning Habashistonga, keyinchalik Muhammad sallallohu alayhi vasallam boshchiligida Makka shahrini tark etib, Madina shahriga borganliklari nazarda tutiladi.

O'sha davrda musulmonlarning yashab turgan erlaridan boshqa yurtlarga ko'chib ketishlari majburan bo'lib, ularning joni, e'tiqodlari va mol-mulklariga nisbatan jismoniy va boshqa shakldagi tajovuz o'ta kuchayganligi sabab bo'lgan. Qur'oni karimning “Niso” (97 va 100-oyatlar), “Anfol” (74-oyat), “Nahl” (41 va 110-oyatlar) suralarida islomga nisbatan qarshi turgan makkaliklar tomonidan musulmonlarni e'tiqodlaridan voz kechtirish maqsadida zo'rliklar ishlatilgani bayon qilinib, dinlari va hayotlarini saqlash maqsadida tinch va osoyishta joyga ko'chish buyurilgani ta'kidlanadi.

Islom ulamolari hijratni ikki turga: makoniy ko'chish va gunohlarni tark etish kabilarga ajratadilar.

Abu Usmon Mujoshi' ibn Mas'ud rivoyat qilgan hadisda aytiladi: “....Rasulullohsallallohu alayhi vasallam: “Makkafathidan keyin hijrat yo'q...”, dedilar” (Imom Buxoriy, 3078-3079-hadislar). Imom San'oiy o'zining mashhur “Subulus-Salom” kitobida ushbu hadisni keltirib, “bu hadis umumiy va o'zidan oldin kelgan hijratga dalolat qiluvchilarni nasx qiluvchidir”, deb ta'kidlagan.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan boshqa hadisda: “Rasulullohsallallohu alayhi vasallamaytganlar: «Qo'liva tili bilan o'zgalarga ozor bermagan kishi musulmondir. Alloh taolo man etgan narsalardan qaytgan kishi Hudo yo'lida hijrat qilgan kishidir”, deyiladi. Ulamolarni hadisni sharhlab, undagi “hijrat”dan murod “tark qilishdir”, deganlar. Boshqa bir hadisda esa, “Ummu Anas raziyallohu anho Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan nasihat qilishni so'raydilar. Shunda, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Gunohlardan tiyilgin, o'sha hijratning eng kattasidir. Farzlarga rioya qilgin, o'sha jihodning eng afzalidir. Zikrni ko'paytirgin, Qiyomat kuni Alloh taoloning huzuriga borganingda unga eng mahbub amal shu bo'ladi”, deyilgan (Tabaroniy, 6735-hadis).

Hazrati Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom va u zotdan keyin islom davlatini boshqargan xulafoi roshidinlar o'zga yurtlarda yashayotgan musulmonlarni hech qachon musulmon davlati hududiga ko'chib kelishlariga da'vat qilmagan va ularning o'z yurtlarida yashashlariga e'tiroz bildirmaganlar.

Shu bilan birga, o'rta asrlarda xorijiylar, azraqiylar kabi o'zlarini islom islohchilari deb e'tirof qiluvchi mutaassib guruhlar tarafdorlarining ular turgan qarorgohga ko'chib kelishlarini hijrat deb da'vo qilganlar.

Bugungi kunda din niqobidagi terorchilik tashkilotlarning yollovchilari tinch davlatda yashab kelayotgan yoshlarni xorijdagi jangari tayyorlovchi markazlarga jo'natish maqsadida dunyoviy davlat va jamiyatni dinsizlikda ayblab, go'yoki hijratga chiqish farz amal ekani, buning uchun hech kimdan, hatto, ota-onaning ruxsatini olish kerak emas, degan soxta tushunchalarni dindor yoshlarga singdirishga harakat qilib kelmoqdalar.

Aqidaparastlar hijrat masalasida Qur'oni karimning “Niso” surasi 97-oyatini dalil qiladi: “O'ziga zulm qiluvchi holida joniolinayotganlarga farishtalar: “Nima qilayotgan edinglar?” – derlar. Ular: “Yer yuzida bechora edik”, derlar. “Allohning eri keng edi-ku, hijrat qilsangiz bo'lmasmidi?” – derlar. Ana o'shalarning joyi jahannamdir. U qanday ham yomon joy!”.

Vaholanki, ulamolar mazkur oyat avval islomni qabul qilib, Makkada yashab kelgan bo'lsada, Badr jangida (624 y.)  makkaliklar safida turib, musulmonlarga qarshi jangda ishtirok etganlar haqida nozil bo'lganini ta'kidlaydilar. 

Jumladan, Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Musulmonlardan bo'lgan ba'zi kishilar mushriklar bilan birga yashar edilar. Ular Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga qarshi turgan mushriklarning sonini ko'payishiga sababchi bo'lardilar. (Badr urishi kuni) o'q tegishi yoki qilich bilan zarba urilishi sababidan o'ldirildilar. Shunda Alloh “Albatta, o'zlariga (hijratdan bosh tortib) zulm qiluvchilarning jonini olgan farishtalar (ularga): “Qaysi holda bo'ldingiz?” – desalar, ular: «Yer yuzida bechorahol edik», – deb aytadilar. (Farishtalar): “Allohning eri unda hijrat qilishlaring uchun (etarlicha) keng emasmidi?” – deydilar. Ana o'shalarning joyi jahannamdir. Naqadar noxush joy u!” oyatini nozil qildi” (Imom Buxoriy, 4596-hadis).

Alloma Ibn Tabariy “Jomiul bayon fi ta'vilil Qur'on” asarida quyidagilarni yozgan: “Ushbu ikki oyat va undan keyingi oyat (“Niso” surasi, 98-100) oyatlar Makka ahlidan bo'lgan kishilar haqida nozil bo'lgan. Ular musulmon bo'lib, Alloh va Uning Rasuliga imon keltirgandilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hijrat qilganlarida U Zot bilan birga hijrat qilmagandilar. Ulardan ba'zilari fitnaga uchrab, fitnalandilar. Ular urushda mushriklar bilan birga va musulmonlarga qarshi bo'ldilar. Ularning uzrini Alloh taolo qabul qilmadi”.  

Shuningdek, ulamolarning fikriga ko'ra, yuqoridagi oyat zajr, ya'ni qo'rqitish ma'nosidagi matn bo'lib, bunday matnlardan xulosa qilish uchun asl hukmlarga qaytiladi. Ya'ni asl hukm bo'yicha musulmonlar hech qachon do'zaxda abadiy qoladigan kofir bo'lmaydi.

Vatanni sotish, o'z yurti va vatandoshlariga zarar etkazish, ota-onani norozi qilib “oq” bo'lish esa islom ta'limotida og'ir gunoh hisoblanadi.

Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda aytiladi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam huzurlariga bir kishi kelib: “Ey Allohning Rasuli, men ota-onamni yig'lagan holda tashlab, hijrat qilish uchun sizning huzuringizga keldim”, dedi. U zot sallallohu alayhi vasallam esa: “Ota-onang oldiga qaytib, ularni qanday yig'latgan bo'lsang, shunday kuldirgin”, deb javob berdilar.

Imom Buxoriyning “Adab al-mufrad” asarida keltirilgan hadisda “Ota-onalarini tirik vaqtida rozi qilmagan farzand xor bo'lsin, xor bo'lsin va yana xor bo'lsin”, deyilgan.

Shuningdek, aqidaparastlarning go'yoki “hijrat” qilmaganlar mo'min-musulmonlikdan chiqishi haqidagi da'volariga raddiya sifatida marhum Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tomonidan Qur'oni karimning “Anfol” surasi, 72-oyatiga berilgan sharhini keltirish mumkin. Oyatda: “Albatta, imon keltirgan, hijrat qilgan, mollari va jonlari bilan jihod qilganlar va joy berib yordam ko'rsatganlar, aynan o'shalar bir-birlariga valiydirlar. Imon keltirgan, ammo hijrat qilmaganlarga esa, to hijrat qilmagunlaricha, siz hech valiy bo'la olmassiz. Agar ular sizdan dinda yordam so'rasalar, yordam bermog'ingiz vojib. Faqat siz bilan o'rtalarida ahdnoma bor, qavm ziddiga emas. Alloh nimalar qilayotganingizni ko'ruvchi zotdir” deyilgan. Ushbu oyatda Alloh mo'minlarning bir necha sinflarini zikr qilmoqda: hijrat qilganlar, yordam berganlar, iymon keltirgan, lekin hijrat qilmaganlar. Bularning barchasi mo'minlar deb atalmoqda.

Masalaning muhim jihatlaridan biri shuki, go'yoki “hijrat” uchun Suriya kabi mamlakatlarga borayotganlar yaxshilik bilan shug'ullanayotgani yo'q. Aksincha, o'sha erda ularga qo'shilmaganlarni “kofir” deb e'lon qilib, uylarini tortib olib, o'zlarini o'ldirib yubormoqdalar, ayollar va bolalarga zulm qilmoqdalar. Bunday fitnalar, gunohi kabira ishlarga qo'l urgandan ko'ra o'z yurtida tinchlikda, emin-erkinlikda farz amallarni, ibodatlarni bajarib, halol mehnat bilan oilasini boqib yurganlari afzal emasmi? Shu sababli islomda fitna davrida unga aralashmay ibodatda bo'lganlarga katta in'omlar va'da qilingan. Jumladan hadisi sharifda shunday deyilgan: “Haraj – fitna paytida qilingan ibodat, menga hijrat qilish kabidir” (Imom Muslim, 2948-hadis).

Yuqoridagi dalillardan musulmonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan, islomning beshta arkoni emin-erkin bajarib kelinayotgan O'zbekiston kabi mamlakatdan hijrat qilinmasligi haqidagi qat'iy xulosa chiqadi.

Shu bilan birga, noqonuniy yo'llar orqali xorijiy davlatlarga chiqib ketish va ekstremistik guruhlar va terrorchilik tashkilotlari tarkibida faoliyat yuritish O'zbekistondagi amal qilinayotgan qonunlarga ko'ra jinoyat hisoblanib, bunday harakatlarni sodir etgan shaxsga nisbatan huquqiy choralar ko'rilishini qayd etish lozim.

Hulosa shuki, g'araz maqsadlar yashiringan axborot manbalaridan turli ma'lumotlar, da'vatlar tarqatilayotgan bugungi tahlikali zamonda musulmon yoshlarimiz kimning avlodlari ekanligini yodda saqlab, tafakkur qilishlari, muqaddas dinimizda “hijrat” kabi nozik masalalarda o'z yurtiga xoinlik qilgan kimsalardan yoki nasl-nasabi, diniy bilimi noma'lum bo'lgan “Internet mullalari”dan emas, balki xalqimizning og'ir va engil kunlarida birgalikda hamnafas bo'lib yashab, yurtimizdagi masjid-madrasalarda xizmat qilib kelayotgan imom-domlalarimizdan, ahli ilmlarimizdan nasihat olishlari, ularning kitoblaridan o'qib-o'rganishlari lozim. Shu tariqa, do'st kimu, dushman kimligini ajratib, g'animlar fitnasiga uchmasdan, yurtimizning tinchligini hamda farzandlarimizning kelajagini asrab-avaylaymiz.

O'tkir Hasanbayev,

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Manbalar:

  1. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahihi Buxoriy: Al-jomi' as-sahih (Ishonarli to'plam). 2 kitob. 1-kitob. 10, 3078-3079-hadislar. – T.: “O'zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2008. – 12, 537 b.
  2. Imom Buxoriy. Adab al-mufrad. – Bayrut: Dorul bashair al-Islamiyya, 1989. Uchinchi nashr. –21 b.
  3. Sahihul Buxoriy. Doru tavqin najot nashriyoti,. 1-nashr. Hijriy 1422 y. 6-juz, 4596-hadis. – 48 b.
  4. Ibn Jarir Tabariy. “Jomiul bayon fi ta'vilil Qur'on” – Bayrut: Muassasatur risala, 2000. 9-juz. - 102 b.
  5. Tabaroniy. Al-Mu'jam al-avsat. – Qohira: Dorul haramayn nashriyoti. Hijriy 1415 yil (mil.1994 y). 7-juz, 6735-hadis. - 21 b.
  6. Imom Muslim. Sahihi Muslim. – Bayrut: Doru ihyo at-turosul arabiy. 4-juz. 2948-hadis. – 2268 b.
  7. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Vasatiya – hayot yo'li. – T.: “Hilol-Nashr”, 2019. – 262 b.
  8. Islom ma'rifati: asliyat va talqin./O'quv qo'llanma/. – T.: Toshkent islom universiteti nashriyoti, 2011. – 63-67 b.
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Prezident Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi

21.10.2025   1356   3 min.
Prezident Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 oktyabr kuni Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, bu yerdagi ekspozitsiyalar orqali xalqimizning boy tarixiy va ma’naviy merosini keng namoyish etishga qaratilgan ishlar bilan tanishdi.

Mazkur ulkan va noyob loyiha davlat rahbarining 2017 yil 23 iyundagi qaroriga asosan boshlangan. Ko‘p o‘tmay, 2018 yilgi Ramazon hayiti kuni uning poydevoriga tamal toshi qo‘yilgan edi. O‘tgan davrda bu yerda katta hajmdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Markaz qadimiy me’moriy an’analarimiz va milliy bezaklar uyg‘unligida barpo etildi. Inshootning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada esa 65 metrli milliy uslubdagi gumbaz qad rostlagan.

Inshootning markaziy qismida Qur’oni karim zali joylashgan. Bu yerda musulmon olamining noyob ma’naviy durdonasi sanalgan qadimiy Usmon Mus'hafi namoyish etiladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, temuriylar va boshqa sulolalar davriga oid muqaddas kitob nusxalari, ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari, shu bilan birga, jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qur’onlardan namunalar ham joy oladi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan chet ellarda saqlanayotgan tariximiz va ulug‘ allomalarimiz merosi bilan bog‘liq qimmatli manbalar va ashyolar Vatanimizga qaytarildi. 

Markaz tarkibida 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazilgan bo‘lib, xalqaro miqyosdagi uchrashuv va ilmiy anjumanlarni o‘tkazish uchun barcha zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan.

Majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans”, “O‘zbekiston XX asrda” hamda “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” bo‘limlari tashkil etilgan. Bu yerda buyuk allomalarimiz faoliyati haqida ma’lumotlar, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband va boshqa ulamolar merosi ham keng yoritilgan.

Shuningdek, tariximizda ilmu ma’rifat va ma’naviyat homiysi bo‘lgan Bibixonim, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin kabi mo‘tabar zotlar faoliyati ham alohida ekspozitsiya sifatida namoyish etilgan.

Davlatimiz rahbari doimo markazning ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishini samarali tashkil etish, uning mazmun-mohiyatini boyitib borish zarurligini alohida ta’kidlaydi. Bu borada O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy nomidagi ilmiy markazlar bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.

Tashrif chog‘ida Prezidentimiz zallarda amalga oshirilayotgan pardozlash va jihozlash ishlarini ko‘zdan kechirdi, bo‘limlar va ko‘rgazmalarning mazmun-mohiyati, qo‘llanilayotgan interfaol texnologiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Davlatimiz rahbari eksponatlarni mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilarga har tomonlama qiziqarli hamda tushunarli qilib taqdim etish muhimligini ta’kidladi. Shu maqsadda markazda faoliyat yuritadigan mutaxassis va gidlarning sonini ko‘paytirish, ularni maxsus dasturlar asosida tayyorlash zarurligiga e’tibor qaratildi.

Markaz faoliyatini mazmunan yanada boyitish, ekspozitsiyalar orqali xalqimiz ma’naviy va ilmiy merosini to‘liq namoyon etish bo‘yicha qator tavsiyalar berildi.

Prezident Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi Prezident Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi Prezident Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi Prezident Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi Prezident Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi Prezident Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi Prezident Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi Prezident Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi Prezident Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi
O'zbekiston yangiliklari