Alloh taoloning rahmati keng, Uning mag'firat eshiklari biz uchun hamisha ochiq. Mo'min-musulmonlar besh mahal namozning har bir rakatida “Fotiha” surasining: «(U) Mehribon, Rahmli» oyatini tilovat qilganda, bir kunda 64 marotaba Allohning Mehribon va Rahmli ekanligini zikr qiladilar.
Qur'oni karimda “rahmat” va unga bog'liq bo'lgan 315 dan ortiq so'zlar uchraydi. Rostgo'ylik – 145 marta, sabr – 90 marta, afv – 43 marta, sahiylik – 42 marta, to'g'rilik – 40 marta, sodiqlik – 29 marta, odillik – 24 marta, beozorlik – 15 marta zikr etilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Allohning yuzta rahmati bordir. Ulardan bittasini jin, ins, hayvonot va hasharotlar orasiga nozil qilgandir. Bas, o'sha ila ular bir-birlariga mehr va rahm ko'rsatadilar. O'sha ila vahshiy hayvon o'z bolasiga mehr ko'rsatadi. Alloh to'qson to'qqizta rahmatini keyinga qo'ygan. Ular ila qiyomat kuni bandalariga rahmat ko'rsatadi", dedilar(Imom Muslim rivoyati).
Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh xaloyiqni xalq qilganda O'z Kitobiga "Albatta rahmatim azobimdan g'olib keladir", deb yozib qo'ydi», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Shunday ekan, agar duoingiz qabul bo'lmasa mahzun bo'lmang.Abu Sa'id Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Bir musulmon gunoh qilmay, silai rahmni uzmay turib duo qilsa, albatta, unga uch narsadan birini beradi. Yo so'ragan narsasini tezda beradi. Yoki uning mukofotini oxiratga olib qo'yadi. Yoxud unga teng yomonlikni undan daf qiladi", dedilar. Sahobalar roziyallohu anhum: "Undoq bo'lsa, ko'paytirilar ekan-da?" deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam:"Alloh ko'paytiruvchiroq", dedilar.
Agar kasal bo'lsangiz yoki biror ko'ngilsizlikka duchor bo'lsangiz, bu Allohning sizga g'azab qilgani yoki jazolaganini bildirmaydi, balki bu ham rahmatdir. Zero, musibat orqali Alloh taolo bandalarini sinab, O'ziga yaqin qiladi va gunohlarini mag'firat etadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Musulmonga qay bir musibat: charchashmi, bemorlikmi, tashvishmi, xafachilikmi, ozormi, g'am-g'ussami, hattoki tikan kirishmi etadigan bo'lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kafforat qiladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Agar boshingizga biror musibat tushsa, bu Allohning sizga yomonlikni istashi emas, bu ham rahmat. Bu bilan Alloh sizga o'zining yaxshi ko'rgan bandalaridan biri bo'lish imkonini bergan bo'ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Yaxshiliklar katta sinovlar bilan keladi. Qachonki Alloh bir bandasini yaxshi ko'rsa, Alloh o'sha bandaga bir sinovni yuboradi. Agar banda sinovga sabr qilsa, Allohning rahmatiga erishadi, ammo sabrsizlik qilsa Uning g'azabiga duchor bo'ladi".
Agar biror savobli amal qilsangiz ham buni Allohning fazli va rahmati ila ado etganingizni unutmang. Lekin gunoh ish sodir etsangiz darhol tavba qilib, Allohga istig'for ayting. Zero, "Albatta, Alloh odamlarga nisbatan mehribon va rahmlidir" (Baqara surasi, 143-oyat.)
Davron NURMUHAMMAD
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:
« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.
Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.
“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.
Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.
“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.
“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.
“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.
Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?
Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.
Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Manbalar asosida
T.NIZOM tayyorladi.