بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَم، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الأَكْرَم وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ
TIL OFATLARI
(g'iybat, bo'hton va yolg'on haqida)
Muhtaram azizlar! Ma'lumki, til insonning eng mukarram, shu bilan birga, eng xatarli a'zosi hamdir. Agar inson uni yaxshilikka ishlatsa, ulkan ajr-mukofotlarga ega bo'ladi, bordiyu yomonlikka ishlatsa, uni ortidan malomatga qolishi tayin. Insonni abadiy saodatga erishib, jannatga kirishi yoki baxtsiz bo'lib, do'zaxga kirishining ham asosiy sababchisi – tilidir. So'zning ahamiyati shunchalik muhimki, inson birgina so'zi bilan musulmon bo'lishi yoki dindan chiqishi, insonlar o'rtasini isloh qilishi yoki buzishi mumkin. Alloh taolo tilni yomonliklardan saqlab, to'g'ri so'z bo'lishga targ'ib qilib, Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَقُولُوا قَوْلًا سَدِيدًا يُصْلِحْ لَكُمْ أَعْمَالَكُمْ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ
وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَقَدْ فَازَ فَوْزًا عَظِيمًا
ya'ni: “Ey, mo'minlar! Allohdan qo'rqingiz va to'g'ri so'zlangiz! (Shunda Alloh) ishlaringizni o'nglar va gunohlaringizni mag'firat etar. Kimki Allohga va Uning payg'ambariga itoat etsa, bas, u ulug' yutuqqa erishibdi” (Ahzob surasi 70-71 oyatlar).
Aqlli odam gapirishdan oldin aytadigan so'zini yaxshilab o'ylab, tekshirib, keyin so'zlaydi. Agar insonning tili to'g'riso'z va tarbiyalangan bo'lsa, boshqa a'zolar ham sog'-omon va xotirjam bo'ladi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
﴿إِذَا أَصْبح ابْنُ آدَمَ، فَإنَّ الأعْضَاءَ كُلَّهَا تُكَفِّرُ اللِّسانَ، تَقُولُ: اتِّقِ اللَّه فينَا، فَإنَّما نحنُ بِكَ: فَإنِ اسْتَقَمْتَ اسَتقَمْنا وإنِ اعْوججت اعْوَججْنَا﴾ (رَوَاهُ الْاِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه)
ya'ni: “Odam bolasi tong ottirganda, tana a'zolarining hammasi tilga tanbeh berib: “Bizning to'g'rimizda Allohdan qo'rq! Biz (nima ahvolga tushsak ham), sen sababli (tushamiz). Agar to'g'ri bo'lsang, biz ham to'g'ri bo'lamiz. Agar egri bo'lsang, biz ham egri bo'lamiz” deyishadi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Darhaqiqat, tilni saqlash – naqadar go'zal amal! Inson tilini saqlasa, halok bo'lmaydi. Solihlardan biri shunday degan: “Gap ham doriga o'xshaydi. Agar uni me'yorida ichsang, foyda beradi. Agar uni ko'paytirsang, o'ldiradi”.
Azizlar! Agar kishi tiliga erk berib, o'ylamasdan gapiradigan bo'lsa, tili orqali eng katta gunoh bo'lgan g'iybat, bo'hton, yolg'on gapirish, chaqimchilik va boshqa ishlarga mubtalo bo'lishi aniq.
G'iybat va bo'hton. G'iybat ham til ofatlarining kattasi bo'lib, hozirgi kunda bu katta gunoh bilan ko'pchilik mubtalo bo'lgandir. G'iybat – bir kishini yo'qligida unga yoqmaydigan gap (sifat) bilan yodga olishdir. G'iybat – islom shariatida qat'iy harom qilingan amaldir. Islom ummati g'iybat va chaqimchilikni harom deb ijmo' qilgan. G'iybat haqida Alloh taolo Qur'oni karimda bunday degan:
وَلَا يَغْتَبْ بَعْضُكُمْ بَعْضًا أَيُحِبُّ أَحَدُكُمْ أَنْ يَأْكُلَ لَحْمَ أَخِيهِ مَيْتًا فَكَرِهْتُمُوهُ وَاتَّقُوا اللَّهَ
ya'ni: “Biringiz biringizni g'iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o'lgan birodarining go'shtini eyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko'rasiz-ku, axir! Allohdan qo'rqingiz!” (Hujurot surasi 12-oyat).
Ushbu oyati karimada Alloh taolo g'iybatdan qaytarib, uni o'laksa go'shtini eyishga o'xshatmoqda. Tabiiyki, inson o'laksadan jirkanadi. Shunday ekan, boshqalarni g'iybat qilib, obro'sini to'kishdan ham musulmon kishi xuddi o'laksa go'shtidan jirkangandek jirkanishi lozim.
G'iybatning ta'rifi haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam:
﴿"أَتَدْرُونَ مَا الْغِيبَةُ؟" قَالُوا: اللَّهُ وَرَسُولُهُ أَعْلَمُ، قَالَ: "ذِكْرُكَ أَخَاكَ بِمَا يَكْرَهُ" قِيلَ أَفَرَأَيْتَ إِنْ كَانَ فِي أَخِي مَا أَقُولُ؟ قَالَ: "إِنْ كَانَ فِيهِ مَا تَقُولُ، فَقَدِ اغْتَبْتَهُ، وَإِنْ لَمْ يَكُنْ فِيهِ فَقَدْ بَهَتَّهُ"﴾ (رواه الْاِمَامُ مسلم عن ابى هريرة رضي الله عنه).
ya'ni: “G'iybat nima ekanligini bilasizlarmi?” – dedilar. Sahobalar: “Alloh va Rasuli bilguvchiroqdir”, – deb javob berdilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “G'iybat – bir birodaringizni orqasidan o'zi eshitsa yomon ko'radigan sifat bilan gapirishingizdir”, – dedilar. Shunda ulardan biri: “Agar birodarimda men aytgan o'sha sifat bor bo'lsa ham g'iybat bo'ladimi?” – deb so'radi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam esa: “Unda bor aybni aytgan bo'lsangiz, g'iybat qilgan bo'lasiz. Agar siz aytgan sifat unda bo'lmasa, bo'hton qilgan bo'lasiz”, – deb javob berdilar (Imom Muslim rivoyatlari).
Demak, birovning aybini oshkor qiluvchi so'zni to'g'ri bo'lsa ham, aytish joiz emas ekan. Chunki g'iybat bo'ladi. Agar yolg'on bo'lsa, tuhmat va bo'xton bo'lgani uchun, gunohi ham ikki hissa bo'ladi.
Qiyomat kuni g'iybatchini ahvoli og'ir bo'ladi. Bu haqda Abu Umoma al-Bohiliy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kishiga savoblari yozilgan kitobi ochiq holda beriladi. U: “Ey Rabbim, falon-falon savobli ishlarim qani, sahifamda yo'q-ku?” – deydi. Shunda unga: “Odamlarni g'iybat qilganing tufayli ularni o'chirib, g'iybat qilinganlarning amal daftarlariga yozib qo'ydim” – deydi” (Ibn Hibbon rivoyatlari).
Demak, g'iybatchi Qiyomat kuni savobli amallaridan mahrum bo'lib, g'iybat qilingan kishilarning gunohlari g'iybatchining ustiga yuklanar ekan.
Shuni unutmaslik kerakki, insonlarni, ayniqsa ulamolarni yomonotliq qilib, g'iybat qilish, ular haqida bo'hton so'zlarni aytish, har xil haqoratli rasmlarni ishlash bu katta gunoh va dinimizning ildiziga bolta urish hisoblanadi. Chunki xalq olimu ulamodan dinu diyonat, sabr-toqat va qanoat, qolaversa, odob-axloqni o'rganadi. Ularni xalqqa yomon ko'rsatish – Allohning diniga dushmanlikdan boshqa narsa emas!
Shariatimiz ko'rsatmalariga ko'ra, ko'pchilikka zarari etadigan firibgar, tovlamachi va gunoh ishlarni oshkora qilib yuradigan kimsalar haqida odamlarni ogohlantirish uchun gapirishga ruxsat berilgan. Sababi, odamlar ularning zararlaridan ogoh bo'lsin va ularga ergashmasinlar. Bu haqda Anas ibn Molik raziyallohu anhudan quyidagi hadisi sharif rivoyat qilingan. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar:
﴿مَنْ أَلْقَى جِلْبَابَ الْحَيَاءِ فَلا غِيبَةَ لَهُ﴾ (رَوَاهُ الْاِمَامُ ابن ماجه عن أبي سلمة بن عبدالرحمن رضي الله عنه).
ya'ni: “Kim hayo yopinchig'ini uloqtirgan bo'lsa, uni gapirish g'iybat hisoblanmaydi” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Hasan al-Basriy rahmatullohi alayh aytadilar: “Bid'at ahlini gapirish – g'iybat emas” (“Sharhu usuli ahli sunna val-jamoa” kitobi).
Demak, ko'pchilikni to'g'ri yo'ldan ozdirayotgan kimsalarni hammaga oshkor qilib, odamlarni undan saqlanishga da'vat qilish g'iybat hisoblanmaydi.
Qolaversa, hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali bemazhablik va ahli sunna val jamoa e'tiqodidan boshqa noto'g'ri e'tiqodlarga ko'pchilikni jalb qilayotgan kimsalarning zikr qilib, ulardan boshqalarni ogohlantirish va ularning botil fatvolariga aldanmaslikka chaqirish aslo g'iybat bo'lmaydi.
Yolg'on. Ma'lumki, yolg'on gapirish dinimizda og'ir gunohlardan hisoblanadi. Afsuski, hozirgi kunda yolg'on so'zlash oddiy bir holga aylanib qolganligiga ko'p hollarda guvoh bo'lmoqdamiz. Alloh taolo yolg'on gapni kimlar gapirishini bayon qilib shunday marhamat qilgan:
إِنَّمَا يَفْتَرِي الْكَذِبَ الَّذِينَ لاَ يُؤْمِنُونَ بِآيَاتِ اللّهِ وَأُوْلـئِكَ هُمُ الْكَاذِبُونَ
ya'ni: “Yolg'onni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to'qirlar. Ana o'shalar o'zlari yolg'onchilardir” (Nahl surasi 105-oyat).
Yolg'on so'zlash haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
﴿إذَا كَذَبَ الْعَبْدُ، تَبَاعَدَ الْمَلَكُ عَنْهُ مِيْلاً مِنْ نَتْنِ مَا جَاءَ بِهِ﴾ (رَوَاهُ الْاِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عن ابن عمر رضي الله عنهما)
ya'ni:“Qachonki kishi yolg'on gapirsa, farishta u gapning sassiqligi sabab bandadan bir mil masofaga uzoqlashadi”,– dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Tasavvur qiling, kishini muhofaza qilib turadigan, undan hech ajralmaydigan farishtalar yolg'onchidan uzoqlashar ekanlar. Boshqacha qilib aytganda, yolg'onchining farishtasi bo'lmaydi.
Rostgo'y inson jannatga kirishi va u Alloh taolo huzurida “siddiq” degan maqom bilan sifatlanishini eshitgan har bir musulmon, shubhasiz, rostgo'y bo'lishga intiladi. Hamma rostgo'y bo'lsa, jamiyat hayoti ijobiy tomonga o'zgaradi. Ulamolarimiz: “Rostgo'ylik – dilingdagi haqiqatni tilingga chiqarishingdir”, deyishgan. Demak, ibodatda, insonlar bilan muomalada, oldi-sotdi, nikoh va boshqa masalalarda kishining dili bilan tili bir bo'lishi lozim.
Muhtaram jamoat! Bugungi kunimizda eng asosiy muammoga aylangan illatlardan biri – yolg'on axborotdir. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda turli asossiz ma'lumotlarni tarqatish, turli bo'htonlar va uydirmalarni asossiz ravishda urchitish holatlari ko'plab uchramoqda. Ayrim soddadil musulmonlar mana shunday uydirmalarga ishonib, yolg'on va bo'htonga sherik bo'lib qolmoqdalar. Masalan, kuni-kecha ijtimoiy tarmoqlarda: “2021 yilda Ramazon oyi 12 apreldan boshlanadi. Buni iloji boricha hammaga tarqating! Payg'ambarimiz aytganlar: “Kim bir insonga Ramazon oyi kirib kelish sanasini birinchi bo'lib eslatsa, do'zax olovi o'sha inson uchun harom qilinadi” degan mazmundagi gapni hadis deb tarqatildi. Vaholanki, bunday mazmunda hadis yo'q! Bu Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga to'qilgan uydirmalardan biridir.
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Albatta, menga yolg'on to'qish boshqa birovga yolg'on to'qishdek emas. Kim menga yolg'onni bilib turib to'qisa, do'zaxdan o'z o'rnini tayyorlayversin” – deyilgan. Ulamolarimiz to'qima hadislarni aytish va tarqatishdan qattiq qaytarganlar.
Shunday ekan, bunday yolg'on xabarlar, to'qima rivoyatlarni tarqatib yurganlar tavba qilishsin va oddiy-asossiz gaplarni “hadis” deb tarqatishni to'xtatishsin!
Yana bir yolg'on xabar: o'tgan hafta Sirdaryo viloyatining bir qator tumanlarida Tojikiston va O'zbekiston chegarasida joylashgan “Bahri tojik” (Qayroqqum) suv omborida to'g'on buzilgani va suv toshqini kelayotgani haqida vahima ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Bu yolg'on ma'lumotdan tashvishlangan ba'zi kishilar uylaridan uzoqroqqa ketish uchun harakatga tushgan bo'lsa, yana bir qismi yarim tungacha ko'chada o'tirgan.
Azizlar! Shuni ta'kidlash kerakki, har bir sohaning o'z mas'ul va mutasaddilari bor. Ular o'z sohasiga tegishli ishlar bilan doimiy mashg'ul. Shunday ekan, qayerdan bir xabar kelib qolsa, unga ishonib ketavermasdan, xabarni aniqlashtirish uchun soha mutaxassislariga murojaat qilish lozim.
Shuni unutmaslik kerakki, odamlardan eshitgan narsasini surishtirmay gapiraverish gunoh ekaniga quyidagi hadisi sharif ham yaqqol dalil hisoblanadi:
﴿كَفَى بِالْمَرْءِ كَذِبًا أَنْ يُحَدِّثَ بِكُلِّ مَا سَمِعَ﴾ )رَوَاهُ الْاِمَامُ مَسْلِمٌ عن ابى هريرة رضي الله عنه)
ya'ni: “Har bir eshitgan narsasini gapirish kishining yolg'onchi ekaniga etarli bo'ladi” (Imom Muslim rivoyatlari).
Qays ibn Abu Hozimdan rivoyat qilinadi: Abu Bakr raziyallohu anhuning “Yolg'ondan ehtiyot bo'linglar, yolg'on albatta imondan chetlatuvchidir” deganini eshitdim.
Katta gunohlarga sabab bo'ladigan g'iybat va yolg'onni ba'zi g'arazli kishilar jamiyatda fuqarolar va davlat orasiga ixtilof solish uchun ham ishlatmoqdalar. Buning oqibatida ishonchsizlik, adovat, nizo va fitna kelib chiqadi. Shunday ekan, oila, mahalla va yurtda fitnaga sabab bo'ladigan so'zlardan va ig'vo xabarlarni tarqatishdan ehtiyot bo'laylik!
Hulosa qilib aytganda, bizga ne'mat qilib berilgan tilimizni ehtiyot qilib, so'zlashdan oldin avval o'ylab, keyin so'ylashimiz ayni muddaodir. Uni faqat ikki dunyomizni obod qiladigan xayrli ishlarga sarflashimiz lozimdir.
Alloh taolo barchamizga tilimiz orqali ko'plab xayrli amallarni qilish va O'zi rozi bo'lmaydigan ishlardan tilimizni tiyish baxtini nasib etsin! Omin!
Hurmatli imom-domla! “Hidoyat”, “Mo'minalar” jurnallari va “Islom nuri” gazetasiga obuna bo'lishni jamoatga eslatib qo'yishingizni so'raymiz.
Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi “Ota-onani rozi qilish – farzandlik burch” mavzusida bo'ladi, inshaalloh.
#Vakilliklar faoliyatidan
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining 14 ta hududiy vakilligi faoliyat yuritadi. Ular tasarrufida jami 2161 ta masjid bo‘lib, 3000 dan ziyod imom-xatib va imom noibi xizmat qiladi. Ushbu ruknimizda hududiy vakillar bilan turkum suhbatlarni reja qilganmiz. Shu maqsadda Qashqadaryo viloyatida bo‘ldik.
Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi, “Imom Buxoriy” ordeni sohibi, Ulamolar kengashi a’zosi Rahmatullo domla USMONOV bilan suhbat
– Assalomu alaykum, domla. Suhbatimizni Siz viloyat bosh imom-xatibi sifatida ish boshlagan davrlardan boshlasak. Dastlab vakillik faoliyatini tahlil qilib, qanday og‘riqli nuqtalar, tezkorlik bilan hal etilishi kerak bo‘lgan muammolarni ko‘rgan edingiz va bugungi kunda ular qanchalik hal etilgan?..
– Va alaykum assalom va rohmatulloh. Bundan rosa 14 yil oldin – 2012 yilning iyul oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakili hamda viloyat bosh imom-xatibi sifatida faoliyat boshlaganman. O‘shanda vakillikning faoliyatini atroflicha tahlil qilib, tizimli yondashuvni talab etadigan qator vazifalarni belgilab olganmiz.
Xususan, masjidlar faoliyatini yagona tartib va talablar asosida tashkil etish, imom-xatiblar va diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirish, ijro intizomi va hisobdorlikni kuchaytirish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘lom diniy-ma’rifiy muhitni mustahkamlash, joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada samarali yo‘lga qo‘yish kabilarga alohida e’tibor qaratdik.
Bugunga kelib vakillikda 22 nafar salohiyatli, o‘z ishining mutaxassisi bo‘lgan xodim ishlamoqda. Zamonaviy moddiy-texnik ba’zamiz bor. Viloyatdagi 187 ta masjid faol ishlab turibdi.
Masjidlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, hujjatlar yuritilishini takomillashtirish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash sifatini oshirish, shuningdek, vakillik tizimida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish, vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish va nazorat qilish maqsadida tegishli bo‘limlarni tashkil etish zarurati ham bor edi.
O‘tgan yillar davomida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha aniq rejalar asosida tizimli ishlar amalga oshirildi. Natijada viloyat vakilligi hamda masjidlar faoliyati yanada takomillashtirildi. Vakillik tuzilmasida tegishli shtat birliklari joriy etilib, sohaning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar ishga qabul qilindi. Bu esa faoliyatni samarali tashkil etish, vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish hamda joylardagi ishlarni sifatli yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.
Imom-xatiblar uchun muntazam malaka oshirish va o‘quv-seminarlar yo‘lga qo‘yildi, aholi bilan ochiq muloqotlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘lami sezilarli darajada kengaydi. Yiliga «Jaholatga qarshi ma’rifat» g‘oyasini keng targ‘ib etish, ekstremizm, terrorizm, missionerlik va yot g‘oyalarga qarshi kurashish, huquqbuzarlik, jinoyatchilik, giyohvandlik, o‘z joniga qasd qilish, erta turmush va ajrimlarning oldini olish, yoshlar, mehnat migrantlari va harbiy xizmatchilar bilan manzilli ishlash, sog‘lom turmush tarzi, oila mustahkamligi, ma’naviy qadriyatlar, ijtimoiy tarmoqlardagi virtual tahdidlardan himoya, atrof-muhitni asrash hamda mahallada tinchlik va hamjihatlikni ta’minlashga qaratilgan 35 mingdan ortiq keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshiriladi.
O‘sha davrda imom-xatib va diniy soha xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish zarurati bor edi. Amalga oshirilgan islohotlar natijasida hamda muftiy hazratlarining tashabbuslari va bevosita boshchiliklari bilan masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va imom-noiblari oylik ish haqi bilan ta’minlandi. Bu esa ularning ijtimoiy barqarorligini mustahkamlash, o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan va mas’uliyat bilan ado etishi uchun muhim omil bo‘lmoqda.
Ta’kidlash joizki, muhtaram Yurtboshimiz tomonidan berilayotgan imkoniyatlar natijasida viloyatimizda haj ziyorati uchun ajratiladigan kvotalar yildan-yilga oshib, fuqarolarning muqaddas ziyorat amalini ado etish imkoniyatlari kengayib bormoqda. Xususan, 2012 yilda viloyatdan bor-yo‘g‘i 150 nafar fuqaro haj ziyoratini amalga oshirgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich yiliga 800 nafardan oshdi. Bu esa sohada amalga oshirilgan tashkiliy ishlar va ziyoratchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati anchayin oshganini ko‘rsatadi.
– Viloyatdagi 180 dan ortiq jome masjidlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ayniqsa, tarixiy va me’moriy ahamiyatga ega bo‘lgan qadimiy masjidlarni asl qiyofasini saqlagan holda ta’mirlash ishlarida vakillik mahalliy aholi va homiylar bilan aloqalarni qanday muvofiqlashtirmoqda?
– Viloyatdagi jome masjidlar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning obodligi va faoliyati uchun munosib sharoit yaratish masalasi doimo e’tibor markazimizda bo‘lib kelmoqda. Bu borada ishlar tizimli, shaffof va jamoatchilik bilan hamkorlik asosida tashkil etilgan. Ayniqsa, tarixiy va me’moriy ahamiyatga ega bo‘lgan qadimiy masjidlarni ta’mirlashda ularning asl qiyofasi, milliy me’moriy uslubi va tarixiy qimmatini saqlashga alohida ahamiyat qaratiladi. Bunday obyektlarda har qanday ish tegishli mutaxassislar tavsiyalari va belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi.
Masjidlarni obodonlashtirish va ta’mirlash ishlarida mahalliy aholi, saxovatpesha homiylar va jamoatchilikning ishtiroki muhim o‘rin tutadi. Vakillik tomonidan ushbu jarayonlar muvofiqlashtirilib, homiylik tashabbuslarining maqsadli va samarali yo‘naltirilishi ta’minlanmoqda.
Faoliyatimni boshlagan paytimda viloyatimizda 182 ta jome masjid faoliyat yuritar edi. Aytib o‘tilganidek, bugungi kunda ularning soni 187 taga yetdi. O‘tgan 14 yil davomida 58 ta masjid zamon talablariga mos ravishda qayta bunyod etildi, 100 dan ortiq masjidda esa keng ko‘lamli ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Misol uchun, 2026 yilning birinchi yarim yilligida 2 ta – Chiroqchi tumanidagi "Abu Bakr Siddiq" hamda Kitob tumanidagi "Shayx Sobir" masjidlari qayta qurilib, muborak Ramazon oyida masjidning yangi binosi namozxonlarga topshirildi.
Shuningdek, namozxonlar uchun munosib va qulay sharoitlar yaratish maqsadida 70 dan ortiq tahoratxonalar to‘liq qayta qurilib, zamonaviy talablar asosida foydalanishga topshirildi.
– Keyingi yillarda vakillik tomonidan imom-xatiblar va ularning noiblari malakasini oshirish, ularning nafaqat diniy, balki dunyoviy, siyosiy-ijtimoiy bilimlarini zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha qanday tizimli dasturlar va o‘quv seminarlari tashkil etildi?
– Imom-xatiblar va ularning noiblari malakasini oshirish, ularning zamon talablariga mos bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish Qashqadaryo vakilligi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan tashkil etilayotgan malaka oshirish kurslari, o‘quv-seminarlar va qayta tayyorlash mashg‘ulotlarida imom-xatiblar va ularning noiblari muntazam ishtirok etib kelmoqda. Hozirgi kunga qadar viloyatdagi 187 nafar imom-xatib hamda 91 nafar imom noiblar O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida hamda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida malaka va ko‘nikmalarini oshirishdi.
Ayniqsa, imom-xatiblarning oliy diniy ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2012 yilda viloyatdagi imom-xatiblarning atigi 16 nafari oliy ma’lumotga ega bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi 14 yil davomida bu ko‘rsatkich keskin oshib, bugungi kunda imom-xatiblarning oliy ma’lumotlilari 90 nafardan oshdi. Hozir ham oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 20 nafar imom-xatib Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida modul tizimi asosida tahsil olib, o‘z bilim va salohiyatini oshirmoqda. Bu ishlar izchil davom ettirilib, yaqin istiqbolda 100 foiz oliy diniy ma’lumotli mutaxassislar sifatida shakllantirish maqsad qilingan. Zero, bugungi kunda imom-xatiblar nafaqat diniy ilm sohibi, balki keng dunyoqarashga ega, jamiyat bilan samarali muloqot qila oladigan, zamonaviy jarayonlarni to‘g‘ri anglaydigan ma’naviy-ma’rifiy yetakchi bo‘lishi zamon talabidir.
– Viloyatdagi Qur’oni karim va tajvid kurslari faoliyati haqida ham aytib o‘tsangiz...
– Qur’oni karim va tajvid kurslari faoliyati aholi orasida diniy bilimlarni faqat belgilangan tartib va malakali mutaxassislar orqali olish madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bu esa o‘z navbatida norasmiy diniy ta’lim maskanlari faoliyatining oldini olish, diniy savodxonlikni oshirish va sog‘lom ma’rifiy muhitni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Viloyat vakilligi hamda Kitob tumanidagi "Xoja Buxoriy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi qoshida faoliyat yuritayotgan Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari orqali har yili jami 1560 nafar tinglovchi Qur’on tilovati va tajvid qoidalari bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. Bu esa aholi diniy savodxonligini oshirish, yosh avlodni ilmiy-ma’rifiy ruhda tarbiyalash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Ayol-qizlar orasida diniy-ma’rifiy ishlarni yuritadigan otinoyilar faoliyatini tartibga solish, ularning diniy tushunchalarini o‘stirish, xotin-qizlar orasida yot g‘oyalar tarqalishining oldini olish borasida vakillik qanday natijalarni ko‘rsata oldi?
– Ayol-qizlar o‘rtasida diniy-ma’rifiy faoliyat olib borayotgan otinoyilarning ishini yagona tizim asosida tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan. Ilgari bu yo‘nalishda muayyan tajriba mavjud bo‘lgan bo‘lsa-da, faoliyatni muvofiqlashtirish, ilmiy salohiyatni muntazam oshirish va nazorat qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish zarurati bor edi.
Shu maqsadda har bir otinoyining bilim darajasi, faoliyat yo‘nalishi va mas’uliyat doirasi qayta ko‘rib chiqildi. Hozirgi kunda vohada faoliyat yuritayotgan jami 284 nafar otinoyining malakasini oshirish maqsadida tizimli o‘quv-seminarlar, suhbatlar va davra yig‘inlari yo‘lga qo‘yildi. Taҗribali ulamolar va mutaxassislar ishtirokida aqida, fiqh, tafsir, hadis, milliy qadriyatlar, oila mustahkamligi hamda zamonaviy axborot makonida uchrayotgan mafkuraviy tahdidlarga qarshi ma’rifiy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ular faoliyati monitoring qilinib, aholi bilan ishlash samaradorligi doimiy tahlil qilib borilmoqda.
Bugungi kunda bu ishlar o‘zining amaliy natijasini bermoqda. Otinoyilar mahallalarda xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, ularning murojaatlarini o‘rganish, diniy savodxonlikni oshirish va sog‘lom ma’naviy-ma’rifiy muhitni shakllantirishda faol ishtirok etmoqda. Ayniqsa, erta nikoh va ajrimlarning hamda yot g‘oyalar va turli buzg‘unchi qarashlar ular munosib hissa qo‘shmoqda.
– Darvoqe, oilaviy ajrimlar, o‘z joniga qasd qilish yoki jinoyatchilik kabi og‘ir ijtimoiy muammolar eng ko‘p kuzatiladigan mahallalar bilan ishlashda imomlarning mas’uliyati va hisobdorligi qanday bo‘lmoqda?
– Vakillik tomonidan imom-xatiblarning mahalla faollari, xotin-qizlar va yoshlar bilan manzilli ishlash mas’uliyati yanada kuchaytirilgan. Ayniqsa, oilaviy ajrimlarning oldini olish, notinch oilalar bilan ishlash, yoshlarni turli salbiy ta’sirlardan asrash va jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Har oy tumanlarda sayyor yig‘ilishlar o‘tkazilib, joylardagi mavjud holatlar, dolzarb muammolar va ularning yechimlari muhokama qilib borilmoqda. Mazkur yig‘ilishlarda imom-xatiblarning mas’uliyati, mahallalar bilan hamkorligi va amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi tahlil qilinadi. Xususan, o‘tgan yil yakuni bo‘yicha viloyat miqyosida imom-xatiblar tomonidan mahallalarda mingdan ortiq oila bilan manzilli ishlar olib borildi. Ular bilan o‘tkazilgan suhbatlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va tushuntirish ishlari natijasida bir qator oilaviy nizolarning oldi olinib, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirishga erishildi.
Muhimi, imom-xatiblar ishi faqat o‘tkazilgan tadbirlar soni bilan emas, balki insonlar taqdiriga ijobiy ta’sir ko‘rsata olgan amaliy natijalari bilan baholanmoqda. Shuning uchun imomlarimiz mahallada xalq bilan yaqin muloqot qiladigan, oila, jamiyat barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shadigan ma’naviy-ma’rifiy rahnamo sifatida o‘z mas’uliyatini chuqur anglab, faoliyat olib bormoqda.
– Ijtimoiy tarmoqlarda da’vat ishlarini olib borish, nasafziyo.uz sayti va ijtimoiy sahifalarni yuritishda vakillik qoshida maxsus media guruh yoki zamonaviy kadrlar jamoasi shakllantirilganmi?
– Bugungi axborot asrida internet makonidagi diniy-ma’rifiy faoliyat muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu bois, vakillik tomonidan zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, ijtimoiy tarmoqlarda aholi, ayniqsa, yoshlar bilan muloqotni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada vakillikda zamonaviy talablarga javob beradigan media xonasi tashkil etilib, zarur zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy kontentlarni tayyorlash, tahrir qilish va keng jamoatchilikka yetkazish yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi malakali kadrlar jalb qilingan.
Mazkur tizim orqali o‘n bir yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan nasafziyo.uz veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar muntazam yuritilmoqda. Shuningdek, 2017 yilda tashkil etilgan Telegram kanali bugungi kunda keng auditoriyaga ega bo‘lib, aholiga tezkor va ishonchli diniy-ma’rifiy axborotlarni yetkazishda muhim axborot maydoniga aylangan.
Shuningdek, bugungi kunda viloyatimizdagi har bir masjidning Telegram, YouTube, Facebook va Instagram sahifalari hamda guruhlari faoliyat yuritib, ularning umumiy a’zolari soni 310 ming nafardan ziyodni tashkil etadi. Jumladan, birgina nasafziyo telegram kanalining 120 mingdan ortiq a’zosi bor. Shuningdek, Ular orqali aholiga dolzarb ma’naviy-ma’rifiy materiallar, diniy-ma’rifiy tavsiyalar, masjid faoliyatiga oid yangiliklar hamda e’lonlar muntazam yetkazib borilmoqda.
Albatta, raqamli makon doimiy ravishda yangilanib borayotgani sababli bu yo‘nalishdagi ishlar ham uzluksiz takomillashtirilmoqda. Asosiy maqsad — zamonaviy media imkoniyatlaridan foydalangan holda xalqimizga, ayniqsa, yosh avlodga sifatli, ishonchli va ta’sirchan diniy-ma’rifiy axborotlarni yetkazib berishda davomli izlanishdamiz.
– Vakillikning «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat filiali bilan birgalikda kam ta’minlangan oilalar, yetimlar va nogironligi bor shaxslarga yordam berish borasidagi faoliyati so‘nggi yillarda qanchalik shaffoflashdi va xayriya tadbirlari ko‘lami voha miqyosida qanchalik kengaydi?
– «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat filiali bilan hamkorlikda aholiga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va xayrli tashabbuslarni amalga oshirish faoliyatimizning ajralmas qismi hisoblanadi.
Yordamga muhtoj oilalar, yetimlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning holati o‘rganilib, ularga zarur ko‘maklar o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda. Jumladan, Ramazon oyi va Qurbon hayiti arafasida davlatimiz rahbari tomonidan ajratilgan mablag‘lar belgilangan tartib asosida ehtiyojmand oilalar, yetimlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga yetkazib berildi. Bu xayrli ishlar xalqimizga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Amalga oshirilayotgan har bir xayrli tashabbus manzillilik, ochiqlik va adolat tamoyillari asosida tashkil etilib, vohamizda xayriya ishlarining ko‘lami va samaradorligi yildan-yilga ortib bormoqda. Yaqinda ko‘makka muhtoj bir oilaga uy qurib berigani ham so‘zimizning bir dalilidir.
– Bu zamindan yetishib chiqqan ulug‘ zotlarning boy ilmiy merosi, qadamjolari tarixini xalqaro va respublika miqyosida targ‘ib qilish borasidagi ishlarga ham to‘xtalib o‘tsangiz...
– Bu vohadan yetishib chiqqan Abu Muin an-Nasafiy, Abu Bakr al-Kosoniy, Abu Hafs Nasafiy, Abu Hafs Keshiy, Abu Shakur as-Solimiy, Pazdaviy kabi ko‘plab allomalarning ilmiy merosi nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami ma’naviy xazinasining ajralmas qismidir.
Vakillik faoliyati davomida ushbu boy ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish, targ‘ib qilish va keng jamoatchilikka yetkazishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, allomalarimiz hayoti va ilmiy faoliyati, ular bilan bog‘liq tarixiy maskanlar va qadamjolarni o‘rganish, ularning ma’naviy ahamiyatini yoritish borasida ilmiy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va targ‘ibot ishlari amalga oshirib kelinmoqda.
Alloh taolo din ravnaqi, yurt tinchligi yo‘lida xizmat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizni ikki dunyoda mukofotlasin!
O‘MI Matbuot va media bo‘limi mutaxassisi
Abdulatif ABDULLAYEV suhbatlashdi.