Bugungi kunda ekstremistik kayfiyatdagi mutaassib shaxslar tomonidan “jihod” va “hijrat” kabi tushunchalarni atayin asliyatidan buzib talqin etish holatlari kuzatilmoqda. Bunday qarashlarga hali Islomni yaxshi tushunmaydigan kishilar, ayniqsa, yoshlar ko'p chalg'imoqda, oqibatda ularning shirin hayoti butkul izdan chiqmoqda.
Bu kabi tushunchalar aslida qanday izohlanishi va ularni g'arazli talqin etishning og'ir gunoh ekani haqida quyida bayon etiladi.
Islom dinini niqob qilib olgan buzg'unchilar o'ta nozik va hassoslik bilan yondashish talab etiladigan “jihod” va “hijrat” kabi tushunchalarni turli shaxslarning fikrlariga tayangan holda internet saytlarida talqin etmoqdalar. Bunday talqin yoshlar ongida Islom go'yo, yovuzlikka, jangu jadal, qon to'kish, boshqa dindagilarga qarshi murosasiz kurash olib borishga asoslangan botil tasavvurlarning shakllanishiga sabab bo'lmoqda.
Hozirda ijtimoiy tarmoqlardagi ekstremistik ruhdagi ko'plab materiallar insonlarni “jihod” qilishga, sababsiz o'z yurtidan “hijrat” qilib, chiqib ketishga chaqirib, Islom dini niqobi ostida o'zlarining manfur niyatlarini amalga oshirish payida bo'lmoqda. Ularning maqsadi din yo'lida xizmat qilish emas, balki dunyoviy manfaat, mol-dunyoga erishishdir. Hali tafakkuri shakllanmagan, ilmi va tajribasi etarli bo'lmagan yoshlar bunday saytlarga kirib qolsa, oqibati qanday ayanchli yakunlanishi kunday ravshan.
Mana shunday tushunchalarni g'arazli talqin etadiganlardan biri “Abdulloh Zufar” ismli shaxsga mahalliy zabardast ulamolar hamda Saudiya Arabistonida, Misrda, Turkiyada faoliyat ko'rsatayotgan ahli ilmlar yoppasiga unga ochiq e'tiroz bildirishgan.
Jumladan, Abdulloh Zufar ijtimoiy tarmoq orqali e'lon qilgan ma'ruzasida jihod hamma uchun farz ekani haqida so'z yuritgan. Aslida, jihod ikki qismdan iborat:
“Talab jihodi” hozir yo'qligiga ulamolar ijmo (ittifoq) qilishgan. Chunki, hozirda hamma davlatlar urushmaslikka kelishgan.
“Mudofaa jihodi” dushmanlar musulmonlar yashaydigan yurtga urush qilib, bostirib kirsa, himoya uchun farz bo'ladi.
Abdulloh Zufar fiqhiy manbalardagi “Mudofaa jihodi”ga taalluqli masalalarni muayyan davlat fuqarolarini o'zi yashab turgan yurt hukumatiga qarshi qayrashda ayyorlik bilan foydalanishi uning asl maqsadini fosh qiladi.
Aslida “Mudofaa jihodi” har bir fuqaroning dini, qadriyatlari hamda Vatani oldidagi burchidir. Ushbularga qaratilgan har qanday tahdidga qarshi turib, ularni himoya qilishi nafaqat kishining diniy, balki insoniy burchidir.
“Mudofaa jihodi” ham hammaga farzi ayn bo'lmaydi. Imom Abu Hanifa va qolgan uch mazhabboshi imomlarimiz, shuningdek, jumhur ulamolarning barchasi jihodning farzi kifoya ekaniga ittifoq qilganlar. Chunki, Madinai munavvaraga Makka mushriklari hujum qilganida ba'zi sahobalar ma'lum sabablarga ko'ra mudofaa janggiga chiqa olmaganlar.
Shunda Alloh taolo ular haqida shunday oyat nozil qilgan:
وَكُلًّا وَعَدَ اللَّهُ الْحُسْنَىٰ ۚ وَفَضَّلَ اللَّهُ الْمُجَاهِدِينَ عَلَى الْقَاعِدِينَ أَجْرًا عَظِيمًا
ya'ni: «Alloh hammalariga yaxshilikni va'da qilgan. Alloh mujohidlarni o'tirib oluvchilardan buyuk ajr ila afzal qilgan» degan (Niso surasi, 95-oyat).
Alloma alouddin Kosoniy rahimahulloh aytadilar: “Ushbu oyatda mujohidlar va jihodda ishtirok qilolmaganlarga ham jannatni va'da qildi. Agar jihod hamma holatda farzi ayn bo'lganda edi Alloh unda ishtirok etolmaganga jannatni va'da qilmas edi. Chunki unda ishtirok etmaslik harom bo'lar edi” (Badoi' as-sanoi'. 7-juz. 380-bet).
Ma'lumki, jihodning o'ziga yarasha qoidalari bor. Birinchidan, jihodga safarbar qilish uchun “Halifa” bo'lishi lozim. Vaholanki, xalifalik masalasi tarixda qolgani barchaga ma'lum. Qolaversa, jihod joriy bo'lishi uchun ummatning ijmosi ham talab etiladi. Bular chaqirayotgan “jihod”ga islom ummatining deyarli barchasi qarshi ekani kundek ravshan.
Bugungi kunda jihodga targ'ib qilayotgan guruhlar qaysi siyosiy kuchlarga xizmat qilayotganlarini o'zlari ham bilmaydi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim noma'lum bayroq ostida jang qilsa va bu yo'lda o'ldirilsa bas u johiliyat o'limini topibdi” deb aytganlar. Ya'ni, kimki noma'lum bayroq ostida, uni kimning qo'lida ekanini, uning maqsadi qandayligini bilmagan holda jang qilsa va bu yo'lda o'lsa u johiliyatda o'lgandek bo'ladi.
Shuni ham ta'kidlab o'tishimiz lozimki muqaddas dinimiz hatto urush ostida bo'lgan va dushman zaminlarida yashagan, lekin jangovorlik sifatiga ega bo'lmagan insonlarning o'ldirilishiga ham ruxsat bermaydi. A.Zufar kabilarning aksariyat xalqi musulmon bo'lgan o'lkalarda begunoh insonlar o'ldirilayotgan, nishonga olinayotgan hujumlarga shar'an ruxsat ko'zi bilan qarashi mumkin emas.
«Niso» surasining 93-oyatida bir mo'min kishini qasddan o'ldirganlar jahannam azobiga duchor bo'lishi xabar berilgan.
Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam bu haqda «Dunyoning yo'q bo'lib ketishi Alloh nazdida bir mo'minning nohaq o'ldirilishidan ko'ra engilroqdir» deb bu jinoyatning oqibati qancha yomon ekaniga ishora qilmoqdalar (Ibn Moja rivoyati).
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, “jihod” so'zi ayrim kimsalar iddao qilayotganidek “urush” ma'nosini anglatmaydi. Arab tilida urush boshqa so'zlar bilan ifoda etiladi. Urush ma'nosini anglatish uchun, asosan, “qitol” so'zi ishlatiladi. "Jihod" so'zining lug'aviy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, ma'lum davrlarda xalqlarning bosqinchilarga qarshi jon-jahdi bilan jang qilishi ham jihod deyilgan. Keyinchalik ushbu oxirgi ma'no boshqalaridan ustun kelib, “jihod” ko'proq qo'llaniladigan bo'ldi.
Hozir esa buzg'unchi toifalar o'zlari ilgari surayotgan yovuz maqsadga erishish uchun yangi “jihod” turlarini o'ylab topishyapti. Ular “jihod – muqaddas urush” degan tushunchani targ'ib qilib, aybsiz odamlarning qoni nohaq to'kilishiga sababchi bo'lmoqda. Bunga dunyoning turli nuqtalarida “jihod” yoki “shahidlik” niqobi ostida amalga oshirilayotgan qo'poruvchiliklar misol bo'ladi. Ayniqsa, Afg'oniston, Pokiston, Suriya va Iroq davlatlarida bo'layotgan xudkushliklar oqibatida begunoh qariyalar, ayollar va yosh bolalarning o'limi ko'paygani juda achinarli holdir.
Islom dushmanlari musulmonlar o'rtasida fitna chiqarish uchun internet – “o'rgimchak to'ri”dan juda ustalik bilan foydalanishmoqda. Birgina "Facebook" ijtimoiy tarmog'ida turli tillarda bir qancha guruhlar ochib, soxta g'oyalarini muntazam ravishda tarqatib, ko'paytirib borishyapti.
Terrorchilar o'zlariga tegishli veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda “shahidlik”, “jihod”, “hijrat”, “takfir”, “xalifalik” kabi tushunchalarni buzib talqin qilish natijasida ayrim yoshlarni o'zlarining tuzoqlariga ilintirishga muvaffaq bo'lishayotgani achinarli hol, albatta.
Shu o'rinda mashhur olim, marhum Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahullohning terrorchilar xususida aytgan quyidagi so'zlarini keltirish lozim: “Ular bir vaqtning o'zida biror aybi yo'q musulmonlarni kechasi bo'g'izlab ketishni “shariat ruxsat bergan ish” deydilar. Ular oddiy yo'lovchilar to'la samolyotni ichidagi aybsiz insonlar bilan qo'shib portlatib yuborishni ham “shariatda bor ish” deydilar. Har kim ko'zlarini yumib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bugun oramizda yuribdilar, deb xayol qilsin. Ul zot shunday razil ishlarga rozi bo'larmidilar?”
Muqaddas Islom dinida begunoh inson qonini to'kish buzg'unchilikning eng ulkan ko'rinishi hisoblanadi. Islom dini hatto chumoliga ham ozor berishdan qaytaradi. Bunday vahshiylikni qilayotganlar dinga e'tiqod qo'ygani haqida qancha lof urmasin, qilgan yovuzliklari bu da'volari soxta ekanini fosh etmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay'ati
Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.
Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.
Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.
Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.
Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.
Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.
Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati