Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

Asliyatni atayin buzib talqin etish xiyonatdir!

19.01.2021   2917   8 min.
Asliyatni atayin buzib talqin etish xiyonatdir!

Bugungi kunda ekstremistik kayfiyatdagi mutaassib shaxslar tomonidan “jihod” va “hijrat” kabi tushunchalarni atayin asliyatidan buzib talqin etish holatlari kuzatilmoqda. Bunday qarashlarga hali Islomni yaxshi tushunmaydigan kishilar, ayniqsa, yoshlar ko'p chalg'imoqda, oqibatda ularning shirin hayoti butkul izdan chiqmoqda.

Bu kabi tushunchalar aslida qanday izohlanishi va ularni g'arazli talqin etishning og'ir gunoh ekani haqida quyida bayon etiladi.

Islom dinini niqob qilib olgan buzg'unchilar o'ta nozik va hassoslik bilan yondashish talab etiladigan “jihod” va “hijrat”  kabi tushunchalarni turli shaxslarning fikrlariga tayangan holda internet saytlarida talqin etmoqdalar. Bunday talqin yoshlar ongida Islom go'yo, yovuzlikka, jangu jadal, qon to'kish, boshqa dindagilarga qarshi murosasiz kurash olib borishga asoslangan botil tasavvurlarning shakllanishiga sabab bo'lmoqda.

Hozirda ijtimoiy tarmoqlardagi ekstremistik ruhdagi ko'plab materiallar insonlarni “jihod” qilishga, sababsiz o'z yurtidan “hijrat” qilib, chiqib ketishga chaqirib, Islom dini niqobi ostida o'zlarining manfur niyatlarini amalga oshirish payida bo'lmoqda. Ularning maqsadi din yo'lida xizmat qilish emas, balki dunyoviy manfaat, mol-dunyoga erishishdir. Hali tafakkuri shakllanmagan, ilmi va tajribasi etarli bo'lmagan yoshlar bunday saytlarga kirib qolsa, oqibati qanday ayanchli yakunlanishi kunday ravshan.

Mana shunday tushunchalarni g'arazli talqin etadiganlardan biri “Abdulloh Zufar” ismli shaxsga mahalliy zabardast ulamolar hamda Saudiya Arabistonida, Misrda, Turkiyada faoliyat ko'rsatayotgan ahli ilmlar yoppasiga unga ochiq e'tiroz bildirishgan.

Jumladan, Abdulloh Zufar ijtimoiy tarmoq orqali e'lon qilgan ma'ruzasida jihod hamma uchun farz ekani haqida so'z yuritgan. Aslida, jihod ikki qismdan iborat:

“Talab jihodi” hozir yo'qligiga ulamolar ijmo (ittifoq) qilishgan. Chunki, hozirda hamma davlatlar urushmaslikka kelishgan.

“Mudofaa jihodi” dushmanlar musulmonlar yashaydigan yurtga urush qilib, bostirib kirsa, himoya uchun farz bo'ladi.

Abdulloh Zufar fiqhiy manbalardagi “Mudofaa jihodi”ga taalluqli masalalarni muayyan davlat fuqarolarini o'zi yashab turgan yurt hukumatiga qarshi qayrashda ayyorlik bilan foydalanishi uning asl maqsadini fosh qiladi.  

Aslida “Mudofaa jihodi” har bir fuqaroning dini, qadriyatlari hamda Vatani oldidagi burchidir. Ushbularga qaratilgan har qanday tahdidga qarshi turib, ularni himoya qilishi nafaqat kishining diniy, balki insoniy burchidir.

“Mudofaa jihodi” ham hammaga farzi ayn bo'lmaydi. Imom Abu Hanifa va qolgan uch mazhabboshi imomlarimiz, shuningdek, jumhur ulamolarning barchasi jihodning farzi kifoya ekaniga ittifoq qilganlar. Chunki, Madinai munavvaraga Makka mushriklari hujum qilganida ba'zi sahobalar ma'lum sabablarga ko'ra mudofaa janggiga chiqa olmaganlar.

Shunda Alloh taolo ular haqida shunday oyat nozil qilgan:

وَكُلًّا وَعَدَ اللَّهُ الْحُسْنَىٰ ۚ وَفَضَّلَ اللَّهُ الْمُجَاهِدِينَ عَلَى الْقَاعِدِينَ أَجْرًا عَظِيمًا

ya'ni: «Alloh hammalariga yaxshilikni va'da qilgan. Alloh mujohidlarni o'tirib oluvchilardan buyuk ajr ila afzal qilgan» degan (Niso surasi, 95-oyat).  

Alloma alouddin Kosoniy rahimahulloh aytadilar: “Ushbu oyatda mujohidlar va jihodda ishtirok qilolmaganlarga ham jannatni va'da qildi. Agar jihod hamma holatda farzi ayn bo'lganda edi Alloh unda ishtirok etolmaganga jannatni va'da qilmas edi. Chunki unda ishtirok etmaslik harom bo'lar edi” (Badoi' as-sanoi'. 7-juz. 380-bet). 

Ma'lumki, jihodning o'ziga yarasha qoidalari bor. Birinchidan, jihodga safarbar qilish uchun “Halifa” bo'lishi lozim. Vaholanki, xalifalik masalasi tarixda qolgani barchaga ma'lum. Qolaversa, jihod joriy bo'lishi uchun ummatning ijmosi ham talab etiladi. Bular chaqirayotgan “jihod”ga islom ummatining deyarli barchasi qarshi ekani kundek ravshan.

Bugungi kunda jihodga targ'ib qilayotgan guruhlar qaysi siyosiy kuchlarga xizmat qilayotganlarini o'zlari ham bilmaydi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim noma'lum bayroq ostida jang qilsa va bu yo'lda o'ldirilsa bas u johiliyat o'limini topibdi” deb aytganlar. Ya'ni, kimki noma'lum bayroq ostida, uni kimning qo'lida ekanini, uning maqsadi qandayligini bilmagan holda jang qilsa va bu yo'lda o'lsa u johiliyatda o'lgandek bo'ladi.

Shuni ham ta'kidlab o'tishimiz lozimki muqaddas dinimiz hatto urush ostida bo'lgan va dushman zaminlarida yashagan, lekin jangovorlik sifatiga ega bo'lmagan insonlarning o'ldirilishiga ham ruxsat bermaydi. A.Zufar kabilarning aksariyat xalqi musulmon bo'lgan o'lkalarda begunoh insonlar o'ldirilayotgan, nishonga olinayotgan hujumlarga shar'an ruxsat ko'zi bilan qarashi mumkin emas.

«Niso» surasining 93-oyatida bir mo'min kishini qasddan o'ldirganlar jahannam azobiga duchor bo'lishi xabar berilgan.

Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam bu haqda «Dunyoning yo'q bo'lib ketishi Alloh nazdida bir mo'minning nohaq o'ldirilishidan ko'ra engilroqdir» deb bu jinoyatning oqibati qancha yomon ekaniga ishora qilmoqdalar (Ibn Moja rivoyati).

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, “jihod” so'zi ayrim kimsalar iddao qilayotganidek “urush” ma'nosini anglatmaydi. Arab tilida urush boshqa so'zlar bilan ifoda etiladi. Urush ma'nosini anglatish uchun, asosan, “qitol” so'zi ishlatiladi. "Jihod" so'zining lug'aviy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, ma'lum davrlarda xalqlarning bosqinchilarga qarshi jon-jahdi bilan jang qilishi ham jihod deyilgan. Keyinchalik ushbu oxirgi ma'no boshqalaridan ustun kelib, “jihod” ko'proq qo'llaniladigan bo'ldi.

Hozir esa buzg'unchi toifalar o'zlari ilgari surayotgan yovuz maqsadga erishish uchun yangi “jihod” turlarini o'ylab topishyapti. Ular “jihod – muqaddas urush” degan tushunchani targ'ib qilib, aybsiz odamlarning qoni nohaq to'kilishiga sababchi bo'lmoqda. Bunga dunyoning turli nuqtalarida “jihod” yoki “shahidlik” niqobi ostida amalga oshirilayotgan qo'poruvchiliklar misol bo'ladi. Ayniqsa, Afg'oniston, Pokiston, Suriya va Iroq davlatlarida bo'layotgan xudkushliklar oqibatida begunoh qariyalar, ayollar va yosh bolalarning o'limi ko'paygani juda achinarli holdir.

Islom dushmanlari musulmonlar o'rtasida fitna chiqarish uchun internet – “o'rgimchak to'ri”dan juda ustalik bilan foydalanishmoqda. Birgina "Facebook" ijtimoiy tarmog'ida turli tillarda bir qancha guruhlar ochib, soxta g'oyalarini muntazam ravishda tarqatib, ko'paytirib borishyapti.

Terrorchilar o'zlariga tegishli veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda “shahidlik”, “jihod”, “hijrat”, “takfir”, “xalifalik” kabi tushunchalarni buzib talqin qilish natijasida ayrim yoshlarni o'zlarining tuzoqlariga ilintirishga muvaffaq bo'lishayotgani achinarli hol, albatta.

Shu o'rinda mashhur olim, marhum Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahullohning terrorchilar xususida aytgan quyidagi so'zlarini keltirish lozim: “Ular bir vaqtning o'zida biror aybi yo'q musulmonlarni kechasi bo'g'izlab ketishni “shariat ruxsat bergan ish” deydilar. Ular oddiy yo'lovchilar to'la samolyotni ichidagi aybsiz insonlar bilan qo'shib portlatib yuborishni ham “shariatda bor ish” deydilar. Har kim ko'zlarini yumib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bugun oramizda yuribdilar, deb xayol qilsin. Ul zot shunday razil ishlarga rozi bo'larmidilar?”

Muqaddas Islom dinida begunoh inson qonini to'kish buzg'unchilikning eng ulkan ko'rinishi hisoblanadi. Islom dini hatto chumoliga ham ozor berishdan qaytaradi. Bunday vahshiylikni qilayotganlar dinga e'tiqod qo'ygani haqida qancha lof urmasin, qilgan yovuzliklari bu da'volari soxta ekanini fosh etmoqda. 

O'zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay'ati 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

11.08.2026   6652   3 min.
Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.

IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.

Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.

Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.

Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.

Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.

Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari