Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh ibn Hamdavayh ibn Muhammad ibn Na'iym Zobiy Naysoburiy hijriy 359 yilda Naysobur (hozirda Eronning Mashhad shahri g'arbida joylashgan shahar)da tavallud topdi.
Ilk diniy saboqlarni otasidan, so'ngra amakisidan oldi. Keyinchalik, Iroq Hijoz, Huroson va Mavorounnahrga ilm olish maqsadida safar qildi. U erlarda ikki mingga yaqin ustozlardan ilm oldi, hadislar to'pladi.
Abu Sahl Sa'lukiy, Abu Bakr Ahmad ibn Sulaymon, Abulabbos, Da'laja ibn Ahmad, Ibn Ahzom, Abu Ali Nasobiruy, Doraqutniy kabi yirik ulamolardan hadis ilmini egalladi. O'z navbatida Imom Bayhaqiy, Abulfattoh ibn Abulfavoris, Abu Zarr Hiraviy, Abu Solih Hiraviy kabi zabardast shogirlarga ustozlik qildi.
O'z yurti – Naysoburga qaytib, u erda qozilik bilan shug'ullandi. Shuning uchun uni Hokim deb atashgan. Boshqa shahar qozilari agar biror qiyinchilikka duch kelishsa, Imom Hokimga maktub yozib, shu ishning hukmini so'rardilar. Keyin javobga qarab hukm qilardilar. Ammo Imom Hokim bir muddat ilm egallash va asarlar yozish maqsadida qozilikni tark qildi.
Imom Hokim rahimahulloh umrining asosiy qismini hadis ilmini o'rganishga bag'ishladi. “Ilal”, “Amoliy”, “Favoidul shuyux”, “Ma'rifat ulum al-hadis”, “Tarixu ulamoi Naysobur”, “Madxalu ila ilmi as-sahih”, “Mustadrak ala sahihayni”, “Mustalah al-hadis” va boshqa ko'plab asarlar yozdi, 1500 juzdan ortiq katta ilmiy-ma'naviy meros qoldirdi.
Hokim Naysoburiy rahmatullohi alayh “Ma'rifat ulum al-hadis” (“Hadis ilmlarini bilish”) asarida bir qator ishonchli roviylar tomonidan rivoyat qilingan, ammo zaif va nuqsonli deb bilgan hadislarni keltirib, “hadislardagi yolg'onni aniqlash uchun isnodni chuqur tahlil etish kerak”, deb yozadi. Olimning hadis sohasida yozgan asarlari mazkur yo'nalishda tadqiqotlarning rivojlanishiga turtki bo'ldi.
Imom Hokim rahimahullohning yuksak ilmiy salohiyatini bir qancha olimlar e'tirof, madh etganlar. Jumladan, Ibn Hallikon: “Imom Naysaburiy o'z davrining imomi, qator kitoblar muallifi, hadis va fiqh olimlaridan edi”, degan.
Abu Hozim aytadilar: “Naysoburda Muslim ibn Hajjojdan keyin hadis ilmida eng mashhuri Imom Hokim edi. Hijoz, Shom, Iroq, Tobariston va Hurosonda unga teng keladigan olim topilmagan”.
Hofiz ibn Kasir: “Imom Hokim omonatdor, xotirasi mustahkam va taqvodor muhaddis edi”, degan.
Muhaddis Imom Hokim rahimahulloh hijriy 405 yili vafot etdi.
Imom Hokim rivoyat qilgan hadislardan namunalar:
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumo rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo rizosi ota-ona roziligida bo'ladi. Ota-ona g'azab qilganga Alloh ham g'azab qiladi”, dedilar (Imom Hokim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlarni jannatga eng ko'p kiritadigan narsa taqvo va go'zal xulqdir”, deganlar (Imom Hokim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz – uzoq umr ko'rib, ko'proq yaxshi amallar qiladiganlaringizdir”, deganlar (Imom Hokim rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
#xabar #mahorat #imom
Bugun, 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 80 nafardan ziyod voiz imom domlalar uchun Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvi boshlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lib o‘tgan o‘quv kursining ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, mazkur institut direktori Husniddin Ahmedov va tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Homidjon domla bugungi murakkab davr barcha soha vakillari qatorida imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini doimiy oshirib borish, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘lida jiddu jahd qilishni talab etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, notiqlar mazkur kursning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ikki hafta davom etadigan mazkur o‘quvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mavzularda dars mashg‘ulatlari olib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati