Imom Termiziy va Ibn Moja rahmatullohi alayhumo rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O'z xatosini anglab, tortishuvni tark qilgan kishiga Alloh jannat o'rtasida bir qasr bino qiladi. Haq bo'laturib, tortishuvdan o'zini tiyganga esa, jannatning eng yuqorisidan qasr quradi” deb marhamat qilganlar.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida “Sendan maslahat so'ragan kishiga to'gri (yo'l) ko'rsat, aks holda, unga xiyonat qilgan bo'lasan” hamda “Yaxshilikka undovchi odam, yaxshilik qilgan kabidir”, deb ta'kidlangan.
Ibn Moja rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimga ilmsiz ravishda fatvo berilsa, buning gunohi fatvo bergan kimsaga bo'ladi. Kimki o'z birodariga to'g'rilik boshqa tarafda ekanini bila turib, boshqa bir ishni ko'rsatsa, batahqiq, unga xiyonat qilgan bo'ladi”, dedilar.
Imom Dorimiy rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Fatvoga jur'atli bo'lganingiz, do'zaxga jur'atli bo'lganingizdir”, dedilar.
Yuqoridagi hadisi shariflarga yana bir bor e'tibor qaratadigan bo'lsak, fatvo va unga oid masalalar o'ta mas'uliyatli ish ekanini bilish bilan birga, fatvo berish insonning dunyo va oxiratdagi maqomining qanday bo'lishini ham belgilab beruvchi o'ta nozik omonat – vazifa ekani ma'lum bo'ladi.
Shayx Ramazon Butiy rahimahulloh esa: “Hukm chiqarish ilmi tibbiyot ilmi kabidir. Mabodo birovning farzandi og'ir kasalga chalinib qolsa, u tegishli tashxis qo'yish va farzandini davolash uchun tibbiyotga oid kitoblarni titadimi yoki malakali shifokorning oldiga boradimi? To'g'risini aytganda, uning esi joyida bo'lsa, keyingi yo'lni tanlaydi! Dinda ham xuddi shunday! Aslida bu tibbiyotdan ham muhimroq, shuningdek, qamrovi jihatidan xavfliroqdir!”, deb ta'kidlaganlar.
Hulosa o'rnida aytishimiz lozimki, barcha masalalarda, jumladan, oyatlar tafsiri, hadislar sharhi va fatvolar kabi barcha masalalarda ham musulmonning dunyo va oxirat hayoti uchun xayriyat va ezgulik asos qilib olinishi zarur.
Qur'oni karim oyatlarini va hadislarning asl mazmunidan bexabar, ularni o'zi bilganicha g'arazli talqin qiladiganlarga ergashmaslik zarurligini hech qachon yoddan chiqarmaslik muhimdir. Shu bilan birga, Qur'oni karim, hadisi sharif va fatvo kabi katta omonatlardan kimningdir yoki muayyan bir siyosiy toifaning manfaatlari yo'lida fodalanish ham katta hiyonat va omonatni zoye qilish ekanini anglashimiz va o'zaro bu omonatni etkazishimiz bugungi kunning muhim talabidir.
Manbalar asosida
Akmalxon Axmedov tayyorladi
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati