Imom Navaviyning qalamiga mansub “Al-Azkor” kitobining audio shaklidan bahramand bo'ling!
Muslim.uz portali ijodkorlari xalqimizga turli mavzudagi diniy-ma'rifiy kitoblarning audio shaklini taqdim etib kelyapti. Ushbu yo'nalishdagi xayrli ishlarning davomi sifatida aziz muxlislar e'tiboriga Islom olamining mo''tabar olimlaridan hisoblangan Imom Navaviyning “Al-Azkor” kitobi audiosini havola etamiz.
Mazkur kitobning audiosini eshitish orqali Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning salavotu salomlar, zikr va duolar to'g'risidagi hadislaridan bahra olasiz.
Ma'lumot uchun, Din ishlari bo'yicha qo'mitaning 2018 yildagi 4942-sonli xulosasi asosida Imom Navaviyning “Al-Azkor” kitobi nashr etilgan. Kitobni arabchadan o'zbek tiliga o'girgan tarjimon Anvar Ahmad, mas'ul muharir Shayx Abdulaziz Mansur sanaladi.
Alloh taolo ushbu xayrli ishni muvaffaqiyatli va mo'min-musulmon xalqimiz uchun manfaatli qilsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati