Sabr dinning yarmi, namoz esa uning ustunidir. Kimda kim shu ikki asosni mahkam ushlasa, barcha yaxshilikka erishishida hech qanday shak-shubha yo'q.
Abu Sulaymon Doroniy rahimahulloh: "Eng mushkul, shu bilan birga eng qadrli narsa sabrdir. Uning ikki turi mavjud. Birinchisi Alloh buyurgan amalni bajarish yo'lida sabr. Ikkinchisi Alloh taolo man qilgan va nafs istab turgan amaldan tiyilishda sabr", deganlar.
Imom Rabboniy rahmatullohi alayhi: "Inson hayoti davomida duch keladigan barcha yaxshilik ham, yomonlik ham Alloh taoloning irodasi bilan bo'ladi. Biz o'z xohish – istaklarimizni Robbimizning irodasidan ustun qo'ymasligimiz lozim. Nimaki sodir bo'lsa, barchasi Alloh taolodan ekanligiga iqror bo'lish bilan bandalik yuzaga chiqadi. Ha, haqiqiy qul shunday bo'ladi. U o'z hojasining hoxishiga e'tiroz bildirmaydi".
Abdulqodir Jiyloniy rahimahulloh odamlarga yuzlanib bunday dedilar: "O'z holingizdan nolimang. Hamisha cabrli bo'ling, aslo Alloh taoloning rahmatidan noumid bo'lmang. Zero, holis Alloh taolo uchun qilingan sabr va bardosh albatta mukofotsiz qolmaydi. Ozgina sabr qilish, uzoq yillar uning rohatini ko'rishga sabab bo'ladi. Kimki o'zining qat'iyligi bilan mashhur bo'lsa, bilki u qilgan sabri bilan mashhur bo'lgan".
Darhaqiqat, sabr barcha yaxshiliklarning kaliti, yaxshiliklar esa barakaning kalitidir. Demak, kimda kim sabrli bo'lsa, inshaalloh barcha yaxshiliklarga erishadi.
Davron NURMUHAMMAD
Shu kunlarda yurtimizda o‘tkazilayotgan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Muftiy hazratlari nufuzli anjuman ishtirokchisi bo‘lgan martabali mehmonni qutlab, ikki davlat rahbarlarining o‘zaro ishonchi diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikka mustahkam zamin bo‘layotganini alohida qayd etdilar.
Samimiy muloqotda Shayxulislom Ollohshukur Poshozodaning ilmiy kamolotida Buxoroi sharif va Mir Arab madrasasining o‘rni beqiyos ekani yodga olinib, Davlatimiz Rahbari tomonidan 500 yillik tarixga ega ushbu shonli madrasa nufuzini oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar yuqori baholandi.
Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, diniy-ma’rifiy jabhadagi islohotlar, qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni rivojlantirish yo‘lidagi aloqalar va ulug‘ allomalarga ehtirom ko‘rsatish borasidagi xayrli ishlarni yuksak e’tirof etdi.
Yakunda Haq taolodan xalqaro islom sivilizatsiyasi forumini muvaffaqiyatli o‘tishi va ikki qardosh el o‘rtasidagi ma’rifiy hamkorlik musulmon ummati uchun xayrli bo‘lishini so‘rab duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati