Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

SIZ JIHODNING NIMALIGINI BILASIZMI O'ZI?

15.01.2021   4528   10 min.
SIZ JIHODNING NIMALIGINI BILASIZMI O'ZI?

SAVOL:

Yutub tarmog'idagi bir videorolikda qandaydir vo'iz butun dunyo musulmonlarini Suriya davlatiga jihodga da'vat qilganiga guvoh bo'ldim. Uning aytishicha, xozir Yer yuzidagi barcha musulmonlar Suriyaga jihodga borishlari farzi ayn ekan. Uning bu chaqirig'i to'g'rimi, umuman islomda farz jihod qanday bo'ladi, shu haqida ma'lumot bersangiz.

JAVOB:

Avvalo bu mavzuda biror fikrga kelishdan oldin bizga savol bilan murojaat qilganingiz uchun tashakkur. Bu ham Allohning bir karami bo'libdi. Sizga javob yozish bilan ko'pchilikka bu haqda foydali ma'lumot beriladi, inshaalloh.

Darhaqiqat, ijtimoiy tarmoqlarda yaqin sharq hududlariga jihod uchun atrofdan musulmonlarni jalb qilish harakatlari kuzatilmoqda. Bunga biz ham guvohmiz. Umumiy qilib aytganda o'sha da'vatchilarning hammasi aslida jihod mavzusida avomni aldab kelishmoqda. Ularga ishonganlar esa aldanmoqda. Nega deysizmi?

Birinchidan, jihod islomda usuli din emas balki, furu'i din masalalaridan bo'lib, uning fiqhiy istilohiy ma'nosi: Orada “urush qilmaslik” bitimi bo'lmagan ikki — kofir va islomiy davlatning bir biri bilan, islomiy davlat tarafdan dastlab tinch yo'l bilan islomga kirish da'vati amalga oshirilgach va unga kofir davlat tarafdan rad javobi berilgach, ularga qarshi Allohning so'zini oliy qilish maqsadida harbiy urush qilishiga aytiladi. (Qarang: Fath al-qadir 4/277, Al-Fatava al-hindiya 2/188, al-Hirashiy 2/107, Javohir al-iklil 1/250, Sharh az-Zarqoniy alal-Muvatto 2/287, Hoshiyatush Sharqoviy 3/193, Hoshiyat al-Bojuriy 2/268).

Mana shu ta'rif butun islom ulamolarining jumhuri, xususan to'rt mo''tabar fiqhiy mazhab fuqaholari tarafdan bir xil e'tirof etilgan ta'rifdir. Bunga ko'ra, biror islomiy davlat orada hech qanday tinchlik bitimi tuzilmagan boshqa bir kofir davlatga tinch yo'l bilan islomga da'vat qilib elchi yuboradi. Agar ular elchilarga rad javobi bersa, ular yashab turgan Yerlarda ham Allohning so'zini oliy qilish uchun harbiy yurishga kirishiladi. Sahobalarning davrida jihod xuddi shu tarzda amalga oshirilar edi. Agar shu tar'rifda belgilangan birorta qayd voqelikda topilmasa, bu harbiy harakat shar'an jihod bo'la olmaydi. Unda qatnashganlar mujohidlik maqomiga erisha olmaydi, unda qatnashib o'lganlar shahidlik maqomida ketmaydi.

Endi yaqin sharqqa, xususan, siz savolda tilga olgan Suriya davlatiga e'tibor qaratamiz: Suriyada shu ta'rifda belgilangan shartlarning birortasi topiladimi? Yo'q! Bittasi ham topilmaydi. Chunki Suriyada asosan musulmonlar bilan musulmonlar urush boshlashdi. Hukumat ham, unga qarshi chiqqan jangari to'dalar ham hammasi “la ilaha illalloh” deydigan musulmonlar emasmidi?! Musulmon bilan musulmonning urushi “jihod” deb aytilarkanmi?! Aslo! O'sha voiz “Suriyada jihod bo'lyapti” deb aytgan gapida Allohdan uyalmasdan musulmonlarni aldayapti. Jihod va unga doir shar'iy hukmlarni bilmaydiganlar esa uning yolg'onlariga laqqa tushyapti.

Ikkinchidan, shuni aniqlashtirib olish kerak: o'zi islomda jihodning hukmi nima? Farazan biror hududda shariat talablariga javob beradigan jihod amaliyoti topilsa, unga borib qatnashishning hukmi nima? Ahli sunna val-jamoa ulamolarining aksarini tashkil qiluvchi jumhurning qavliga ko'ra, mabodo shar'iy jihod topilgan taqdirda, unga borib qatnashish farzi kifoya hukmida bo'ladi. Ya'ni, ma'lum askarlar harbiy safarga otlansa, boshqalardan farzlik soqit bo'ladi. hammaning yoppa borishi shart emas. (Qarang: al-Mavsu'a al-fiqhiya 16/129)

Yana Suriyaga qaytamiz: u erda shar'iy talabga javob beradigan jihod yo'qligi kundek ravshan bo'lsada, mayli haqqoniy jihod bo'lyapti deb faraz qilaylik, unga borib qatnashish Yer yuzidagi barcha musulmonlarga farz bo'ldi deb jar solayotgan jarchi, baribir musulmonlarni aldayotgan bo'lib chiqadi.

Uchinchidan, jihodning hukmi qachon farzi ayn bo'ladi? Quyidagi holatlarda jihod kifoya darajasidan farzi ayn darajasiga ko'tariladi:

1-) Jang maydonida har ikki tomon — islom va kufr lashkari uchrashib, qarama-qarshi saf tortgan chog'da;

2-) Dushman to'satdan bostirib kelgan chog'da;

3-) Davlat rahbari biror dushman kofir qavmdan xavfsirab, yoppasiga harbiy chaqiriq e'lon qilganda. (Qarang: al-Mavsu'a al-fiqhiya 16/132)

Suriyaga chorlab jar solayotganlar “Suriyada jihod farzi ayn” deb lof urishyapti. Va holbuki jihodning farzi ayn bo'lishi uchun belgilangan shartlarning birortasi unda mavjud emas.

To'rtinchidan, shar'iy jihodni kim tashkillashtiradi o'zi? To'g'ri kelgan odam ro'parasidan chiqqan odamni jihodga chaqirib harbiy amaliyot boshlayveradimi, yoki boshqacha shar'iy tartibi bormi? Buni ham yaxshi bilib olishimiz kerak. Shar'iy talab darajasidagi jihodni oddiy fuqarolar emas, balki sulton, davlat rahbarlari tashkillashtiradi. Davlat tomondan harbiy safarbarlik e'lon qilingandagina fuqarolarga unga itoat etib harbiy amaliyotlarda qatnashish farz bo'ladi. Odiiy fuqaro yo qandaydir to'daboshining tashabbusi bilan shar'iy jihod tashkil etilmaydi. (Qarang: Hoshiyatu Dasuqiy 2/175, Javohir al-iklil 1/252, al-Mug'niy 8/352, al-Mahalliy 7/291).

Beshinchidan, shariat talabiga mos keladigan jihod tashkillashtirilgan taqdirda, unga to'g'ri ketilaveradimi yoki shartlari bormi? Buni ham bilish kerak. Shariat talabiga mos keladigan jihodga borish uchun quyidagi shartlar kerak:

A) Ota-onaning izni. Modomiki ular musulmon bo'lsa. Ota-onaning ruxsatisiz jihodga borish joiz bo'lmaydi. Chunki Abdulloh ibn Amr ibn al-Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan, bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning xuzuriga kelib jihodda qatnashishga ruxsat so'raydi. Rasululloh undan “ota-onang tirikmi?” deb so'raydi. U: “ha”, deb javob beradi. Rasululloh: “ikkovining xizmatini qilib jihod qil” deydilar. Ya'ni, senga ota-onang ruxsatisiz jihodga borish joiz emas. Bu hadis dalolatiga ko'ra, ota-onaning xizmati jihoddan oldinda turadi.

Mantiqan olib qaralganda ham jihod farzi kifoya. Siz bormasangiz, o'rningizga boshqa kimdir borib jang qiladi va shu bilan sizdan farz soqit bo'ladi. Ota-ona xizmati esa farzand uchun farzi ayn. Siz xizmatlarini qilmasangiz qo'shningizga yo oshnangizga sizning ota-onangizga xizmat qilish farz bo'lmaydi. Shuning uchun ham tarixda Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning oldiga bir odam kelib: “men Rumga jihod uchun borishga nazr qildim lekin, ota-onam man etishyapti?” – deb aytganda Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu unga: “ota-onangga itoat qil, Rum sendan boshqa jihodchilarni topib oladi” – deb keskin javob bergan. Bunga o'xshash voqealar Umar va Usmon roziyallohu anhuma xalifalik davrlarida ham bo'lgan. Sufyoni Savriy, imom Avza'iy va salaflar davridagi boshqa ahli ilmlar “Ota-onaning roziligi jihod uchun shartdir”, deb fatvo berganlar (Qarang: Hoshiyatu ibn Obidin 3/220, Javohir al-iklil 1/252, Hoshiyatu Dasuqiy 2/175-176, al-Muhazzab 2/229, Nihoyat ul-muhtaj 8/57, al-Mug'niy 8/358, al-Mahalliy 7/292).

B) Ota-ona dastlab farzandining jihodga borishiga izn bersa va keyin fikri o'zgarib ruxsatidan qaytishsa, farzand jang maydonini tashlab ota-onasining xuzuriga qaytib kelishi vojib bo'ladi. (Qarang: Ravzatut-tolibin 10/212, Nihoyat ul-muhtaj 8/58, al-Muhazzab 2/229, al-Mug'niy 8/359).

V) Haqdorning izni. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning xuzuriga bir sahoba kelib so'raydi: “Ey Allohning Rasuli, nima deysiz, agar men Allohning yo'lida qatl qilinsam gunohlarim kechiriladimi?” Rasululloh: “ha, agar maydonda sabr bilan dushmanga yuzma yuz tursang, orqa qilib qochmasang va shu tarzda qatl qilinsang, gunohlaring kechiriladi. Lekin qarzlaring emas. Chunki menga Jabroil shunday degan” – deydilar. (Imom Muslim rivoyati)

Bo'ynida qarzi bor odam haqdorning iznisiz jihodga bora olmaydi. Jumhur fuqaholar shunday degan. Hanafiy mazhabimizga ko'ra, hatto haqdor izn bergan taqdirda ham, qarzdor jihodga bormasdan qarzini uzish uchun uyda qolishi mustahab deyilgan. (Qarang: Hoshiyatu ibn Obidin 3/221, Hoshiyatu Dasuqiy 2/175, Javohir al-iklil 1/252 ).

G) Shar'iy jihodga borib tom ma'noda mujohid bo'lish uchun yana bir shart, davlat rahbarining ruxsati bo'lishi kerak. (Qarang: al-Mavsu'a al-fiqhiya 16/136). Davlat ruxsat bermasa shar'iy jihod bo'la olmaydi.

Hulosa qilib aytganda jihod shar'iy jihod bo'lishi uchun, unda qatnashganlar jihodning fazliga erishib, mujohidlik maqomiga etishi uchun, o'lganlar esa shahidlik darajasini qo'lga kiritib so'roqsiz jannatga kirishi uchun Islom shariati belgilab qo'ygan talabga mos shartlar topilishi kerak. Agar shartlar topilmasa, u hech qanday jihod bo'la olmaydi. Balki, Islomda harom qilingan urush bo'ladi. Bunda ishtirok etganlar Allohning shariatiga qarshi chiqqan shayton askarlari qatorida bo'ladi. Unda o'ldirganlar qotil, o'lganlar esa gunoh uzra jon bergan bog'iylar bo'ladi.

Biz sizga shuni maslahat berardikki, yana shunga o'xshash videoroliklarga ko'zingiz tushganda undagi voizlarning jim-jimador da'vatlariga ishonib qolishga shoshilmang. Biror ilm ahlidan bu haqda batafsil ma'lumot so'rang. Haqiqatni bilganingizdan keyin esa o'sha video ostida internetga joylaganlarga qarata: “siz jihodning nimaligini bilasizmi o'zi?” deb savol qoldiring.

©️Botirjon TOJIBOYeV

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

18.08.2026   47744   4 min.
O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.

Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.

Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.

O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.

Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.

Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.

– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.

– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.

Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.

– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari