Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

Ertangi hayot – yoshlarning ta'lim-tarbiyasiga bog'liq

15.01.2021   3817   10 min.
Ertangi hayot – yoshlarning ta'lim-tarbiyasiga bog'liq

Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo'li yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo'lishi, o'sha davlatda yoshlar ta'lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e'tibor darajasiga chambarchas bog'liq.

Shu ma'noda O'zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so'zlagan nutqida shunday bitiklar bor edi: “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo'lib kamolga etishi bilan bog'liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o'z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat”.

Darhaqiqat, yoshlarga e'tibor bu kelajakka e'tibor, demakdir.                 Shu e'tibordan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev o'tgan 26 dekabr' kuni mamlakatimizda birinchi bor o'tkazilgan O'zbekiston yoshlari forumida butun mamlakatimiz yoshlariga qilgan murojaatlarida shunday dedilar: “O'z tajribamdan kelib chiqib, sizlarga aytadigan maslahatim shu: Ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o'tmasin! Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm va bilim – o'tda yonmaydigan, suvda cho'kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang! Halqimiz, Vatanimiz sizlardan buyuk ishlar kutayotganini hech qachon yodingizdan chiqarmang!”.

Mazkur forumda davlatimiz rahbari yoshlar kelajagi bilan bog'liq juda ham muhim va nozik masalaga urg'u berdilar. Bu masala so'nggi yillarda keskin ko'payib ketayotgan oilalar ajrimi va uning oqibatida tirik va sarson etim bo'lib qolayotgan yosh avlod tarbiyasi masalasi bo'ldi. Bu haqidagi murojaatlari shunday bo'ldi:

“Halqimiz azaldan oilani muqaddas bilib, uni doimo asrab-avaylab keladi. Oila qanchalik mustahkam bo'lsa, jamiyat ham shunchalik barqaror bo'ladi.

Bir narsani unutmasligimiz lozim: xonadonlarimizdagi              tinchlik-totuvlik, avvalo, oiladagi sog'lom muhit, mustaqil hayot ostonasida turgan qizlarimizni oilaviy turmushga tayyorlash bilan bevosita bog'liq.

Afsuski, bu muhim masalaga loqaydlik va e'tiborsizligimiz natijasida joriy yilning o'tgan 11 oyida yosh oilalar o'rtasida 25 ming ajrimlar qayd etilgan. Bu salbiy holat barchamizni jiddiy bezovta qilishi va qattiq tashvishga solishi kerak.

Axir, o'zingiz o'ylang, 25 ming ajrim – agar har bir oilaning kamida uch nafar a'zosi bo'lsa, bu – 100 ming odam hayotining barbod bo'lgani emasmi?! Buning oqibatida qanchadan qancha begunoh bolalar tirik etim bo'lib qoladi. Qancha insonning taqdiri izdan chiqib, sarson-sargardon bo'ladi.

Nega mana shu oilalarni saqlab qolish uchun mahallada harakat qilmadik, yoshlarga to'g'ri yo'lni ko'rsatmadik?

Men, bugungi imkoniyatdan foydalanib, keng jamoatchilikka, avvalambor, ko'pni ko'rgan mo''tabar nuroniylarimizga, oqila va mehribon onalarimizga murojaat etmoqchiman. Bu og'riqli masalada bizga yordam beringlar, deb iltimos qilaman.

Oilaviy nizolarning oldini olish, ajrimlarni kamaytirish borasida siz, aziz yoshlarimiz ham tashabbus va faollik ko'rsatsangiz, men barchangizdan cheksiz minnatdor bo'lar edim”.

Tassufki, so'nggi yillarda oilaviy ajrimlar soni keskin ko'payib ketmoqdi. Buning oqibatida esa qanchadan qancha oilalarning obro'si to'kilmoqda. Tul va bevalar soni ortmoqda. Odatda bu misol holatlarda jamiyatda zino va hayosizliklar yuzaga keladi. Bu o'z navbatida ma'naviy muhitni buzilishiga eshik ochadi.

Eng achinarlisi, o'rtadagi bechora farzandlar tirik va sarson etim bo'lib, nima qilishni bilmay qolmoqda. Otasi bilan qolay desalar onasi norozi, onasi bilan qolay desalar otasi norozi. Alaloqibat ularning farzandlari ikki o'tning orasida qolib, mehr va shafqatga tashna yosh boshi bilan tog' bardosh bera olmas bir qancha mashaqqatlarga duch kelmoqda. Odatda bu misol buzuq muhitda o'sayotgan yosh avlod mehr va oqibatni, rahm va shafqat nimaligini bilmasdan tarbiyasi buziladi.

Darhaqiqat, oilaviy ajrimlar aksar hollarda farzandlarni noqobil, nafaqat jamiyatga, balki o'z ota-onalariga beshafqat va bemehr bo'lib voyaga etishiga sabab bo'lmoqda. Negaki, ular uchun mehr va oqibatni, rahm va shafqat misol insoniy fazilatlar begona hisoblanadi. Mehr va oqibat, rahm va shafqatni shu munosabat bilan ulg'aygan boladangina kutish mumkin.

Mehribonlik uylari ming shinam va go'zal bo'lmasin, u bolalarning uyi emas. Haroba bo'lsin, lekin unda bolaning faqir bo'lsa ham mehribon va shafqatli ota-onasi bo'lsin.

Oilaviy ajrimlarning zararlari yuqoridagi holatlardan boshqa bir qancha zarar va ziyonlari ham mavjud. Bir oila buzilishi sababli ko'plab musulmonlarning o'rtalarida dushmanchilikni paydo qiladi. Shuning uchun ham Shaytonni eng xursand qiladigan ish – oilaning buzilishidir.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Iblis o'z taxtini suv ustiga quradi va o'z lashkaridan guruhlarni yuboradi. Ularning eng ko'p fitnachisi, unga eng yaqinidir. Birisi kelib: “Unday qildim, bunday qildim”, deydi. U bo'lsa: “Hech narsa qilmabsan!” deydi. Keyin boshqa biri kelib: “Uni holiga qo'yarda qo'ymay oqibatda xotini bilan orasini buzdim”, deydi. U esa o'shani o'ziga yaqinlashtirib: “Ha, balli, qanday ham yaxshisan!” deydi”, dedilar” Imom Muslim rivoyati.

Alloh taolo marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! ... Hotinlaringiz bilan xushmuomalada va tinch-totuv yashang. (Mabodo xotinlaringizni yoqtirmay qolgan bo'lsangiz, shunda ham sabr qiling!) Zero, sizlar yomon ko'rgan narsada Alloh ko'p yaxshiliklarni qilib qo'ygan bo'lishi mumkin” (“Niso” surasi, 19-oyat).

Haq taolo mo'min bandalariga: “Ey iymon keltirganlar”, deya mo'min bandalarini er-xotinlik hayotini saodatli qiladigan ishga yo'llab marhamat qiladi: “Hotinlaringiz bilan xushmuomalada va tinch-totuv yashang”. Ya'ni har bir erkak ayoli bilan o'zaro hurmat-ehtirom va mehr-muhabbatda hayot kechirsin, xotiniga mudom yaxshilik qilsin, biron so'z yo harakat bilan unga yomonlik qilmasin. Mabodo xotinini yoqtirmasa ham sabr qilsin, taloq qilib ajrashib ketmasin. Shoyadki, Alloh taolo bu oilaning saqlanib qolishida ko'p yaxshiliklarni taqdir qilar, otaning ko'zini quvontiradigan va ummatga foydasi tegadigan farzandlar dunyoga kelar yoki erning qalbidagi yoqtirmaslik ketib, o'rnini muhabbat egallar va er-xotin o'rtasida mehr paydo bo'lar.

Hotinlaringiz bilan xushmuomalada va tinch-totuv yashang. (Mabodo xotinlaringizni yoqtirmay qolgan bo'lsangiz, shunda ham sabr qiling!) Zero, sizlar yomon ko'rgan narsada Alloh ko'p yaxshiliklarni qilib qo'ygan bo'lishi mumkin”dan murod mana shulardir.

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: Mo'min er mo'mina xotinidan nafrat qilmasin. Agar uning bir xulqini yoqtirmasa, boshqa bir xulqidan rozi bo'ladi(Imom Muslim rivoyati). Ya'ni er xotinidan butkul g'azablanishi joiz bo'lmaydi, chunki xotinining ayrim fe'lidan g'azablansa, uning boshqa yaxshi odatlaridan rozi bo'lib ketaverishi kerak.

Unutmaylik, bu ko'rsatma butun borliqni yo'qdan bor qilgan va uning saodati nimada ekanligini yaxshi biluvchi mehribon Yaratgan Robbimiz ojiz va uzoqni bilmaydigan bandalarga o'rgatgan ilohiy yo'l-yo'rig'idir!

Shunday ekan har bir yangi oila qurayotgan kelin va kuyovlar mazkur oyat va hadisi sharifni ongli ravishda tushunib, unga amal qilgan holda, oila qurmog'i, atrofdagilar ham ushbu qurilayotgan oilalarni tinch, baxtli-saodatli yashab ketishiga o'z hissamizni qo'shishimiz lozim bo'ladi.

Tahlil natijalari 90 foizidan ortiq oilaviy ajrimlarga “dedi-dedi” gap-so'zlar va mol-u dunyo masalalari sabab bo'lishini ko'rsatmoqda.

Ushbu illat bir bolaning, u o'g'il yo qiz bo'lsin, birgina tabassumi yoki “Ota” yoxud “Ona...” degan ovoziga almashishga arziydimi?!

Jasurbek Raupov,

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

19.08.2026   29027   4 min.
Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.

Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.

Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.

Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.

Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.

Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.

Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.

Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.

Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar