Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh solallohu alayhi vasallam: “Qachonki omonatlar zoye bo'lsa qiyomatni kutaver”, dedilar. U: “Yo Rasululloh, uning zoye bo'lishi qanday?” dedi. “Qachonki ishlar o'z ahlidan boshqaga o'tkazilsa, qiyomatni kutaver”, dedilar.
Bundan Qur'on, hadis, fatvo kabilar juda katta omonat ekanini hamda bu muborak omonatlarni zoye qilish Qiyomatning alomatlaridan ekanini bilishimiz lozim. Shu bilan birga bu omonatlardan kimningdir yoki muayyan bir siyosiy toifaning manfaatlari yo'lida fodalanish ham katta hiyonat va omonatni zoye qilishdir.
Muhammad Shayboniy rahmatullohi alayh: “Hadisni fiqhsiz amaliyotga qo'llab bo'lmaydi, fiqh ham hadisga asoslanmay mavjud bo'lmaydi”, deydilar.
Imom Shotibiy rahmatullohi alayh esa: “Albatta, dinda shiddat va chuqur ketish halokatdir. Chunki fatvo so'rovchini mashaqqat va tanglik tarafiga olib borilsa, unga din yomon ko'rinadi va oxirat yo'liga yurishdan kesilib qoladi”, deydilar.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu “Ilm uchtadir: gapiruvchi Kitob (ya'ni Qur'on), Sunnat (sobit hadis) va “bilmayman” deganlar.
E'tibor qiladigan bo'lsak, Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudek Alloh taoloning Kitobini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini juda yaxshi biladigan zot, o'z o'rnida bilmagan narsalarini darhol tan olib «bilmayman», deyish bilan faxrlanar edi.
U kishi “Bilmayman”ni ilmning uchdan biri demoqdalar. Lekin hozirgi kunda ba'zi bir kimsalar kibr va odamlarning oldida go'yoki obro'si tushib qolishidan qo'rqib va “Men haqimda nima deb o'ylashadi”, degan xavotir bilan ilmsiz ravishda fatvo berishga jur'at qilishmoqda.
Ibn Asokir rahimahulloh Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ilmsiz ravishda fatvo bersa, uni Osmon va Yer farishtalari la'natlashadi”, deganlar.
Demak, bundan anglashimiz lozimki, ilmsiz holda fatvo berish gunohi kabira – katta gunohlardan biridir.
Bugungi kunda ham o'tmishda bo'lgani kabi mujtahidlik martabasiga erishish mumkinligi to'g'risida turli fikrlar mavjud. Shunday bo'lsa-da, har qanday holatda ham biror bir masalaga hukm chiqarish zarur bo'lsa, avvalo mazhablar ta'limotiga tayanishimiz lozim bo'ladi. Agarda muayyan masalaning echimi ularning birortasida ham topilmasa, musulmonlarga osonlik va qulay sharoit yaratish nuqtai nazaridan muftiylar tomonidan fatvolar chiqarilishi vojib bo'ladi.
Davomi bor.
Manbalar asosida
Akmalxon Ahmedov tayyorladi
Sayyor yig‘ilish
Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati