Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Mart, 2026   |   8 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:54
Quyosh
06:13
Peshin
12:33
Asr
16:53
Shom
18:47
Xufton
20:01
Bismillah
28 Mart, 2026, 8 Shavvol, 1447

“Bilmayman” deya olish ham ilmdir (davomi)

15.01.2021   2754   4 min.
“Bilmayman” deya olish ham ilmdir (davomi)

avvalgi qismi

Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh solallohu alayhi vasallam: “Qachonki omonatlar zoye bo'lsa qiyomatni kutaver”, dedilar. U: “Yo Rasululloh, uning zoye bo'lishi qanday?” dedi. “Qachonki ishlar o'z ahlidan boshqaga o'tkazilsa, qiyomatni kutaver”, dedilar.

Bundan Qur'on, hadis, fatvo kabilar juda katta omonat ekanini hamda bu muborak omonatlarni zoye qilish Qiyomatning alomatlaridan ekanini bilishimiz lozim. Shu bilan birga bu omonatlardan kimningdir yoki muayyan bir siyosiy toifaning manfaatlari yo'lida fodalanish ham katta hiyonat va omonatni zoye qilishdir.

Muhammad Shayboniy rahmatullohi alayh: “Hadisni fiqhsiz amaliyotga qo'llab bo'lmaydi, fiqh ham hadisga asoslanmay mavjud bo'lmaydi”, deydilar.

Imom Shotibiy rahmatullohi alayh esa: “Albatta, dinda shiddat va chuqur ketish halokatdir. Chunki fatvo so'rovchini mashaqqat va tanglik tarafiga olib borilsa, unga din yomon ko'rinadi va oxirat yo'liga yurishdan kesilib qoladi”, deydilar.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu “Ilm uchtadir: gapiruvchi Kitob (ya'ni Qur'on), Sunnat (sobit hadis) va “bilmayman” deganlar.

E'tibor qiladigan bo'lsak, Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudek Alloh taoloning Kitobini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini juda yaxshi biladigan zot, o'z o'rnida bilmagan narsalarini darhol tan olib «bilmayman», deyish bilan faxrlanar edi.

U kishi “Bilmayman”ni ilmning uchdan biri demoqdalar. Lekin hozirgi kunda ba'zi bir kimsalar kibr va odamlarning oldida go'yoki obro'si tushib qolishidan qo'rqib va “Men haqimda nima deb o'ylashadi”, degan xavotir bilan ilmsiz ravishda fatvo berishga jur'at qilishmoqda.

Ibn Asokir rahimahulloh Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ilmsiz ravishda fatvo bersa, uni Osmon va Yer farishtalari la'natlashadi”, deganlar.

Demak, bundan anglashimiz lozimki, ilmsiz holda fatvo berish gunohi kabira – katta gunohlardan biridir.

Bugungi kunda ham o'tmishda bo'lgani kabi mujtahidlik martabasiga erishish mumkinligi to'g'risida turli fikrlar mavjud. Shunday bo'lsa-da, har qanday holatda ham biror bir masalaga hukm chiqarish zarur bo'lsa, avvalo mazhablar ta'limotiga tayanishimiz lozim bo'ladi. Agarda muayyan masalaning echimi ularning birortasida ham topilmasa, musulmonlarga osonlik va qulay sharoit yaratish nuqtai nazaridan muftiylar tomonidan fatvolar chiqarilishi vojib bo'ladi.

 

Davomi bor.

Manbalar asosida

Akmalxon Ahmedov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Odamlarning eng yaxshisi

27.03.2026   3385   7 min.
Odamlarning eng yaxshisi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Musulmon kishi nima uchun yaratildiyu, nima qilishi lozimligini yaxshi biladi. Bu borada u ko‘ngliga kelganini emas, balki Robbisining kalomi bilan yashaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday xitob qiladi: "Men jin va insni faqat o‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim" (Zoriyot, 56).

U sizlarni yerdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi(Hud, 62).

Musulmon inson Allohga ibodat qilish, insonlarga yaxshilik qilishlik uni ikki dunyo saodatiga olib kelishini yaxshi anglaydi. Unga omonat qilib berilgan yagona fursati bo‘lmish dunyo hayotida, ham dunyosini, ham oxiratini obod qiladi.

Ey iymon keltirganlar! Ruku’ qilinglar, sajda qilinglar va Robbingizga ibodat qilinglar hamda yaxshilik qilinglar – shoyadki, najot topsangiz!” (Haj-77)

Musulmon kishi ushbu oyati karima mazmunidan kelib chiqib namoz o‘qib, Robbisiga ibodat qilib, o‘zgalarga yaxshilik qilishga astoydil harakat qiladi. Chunki, u yaxshilik yo‘lida qo‘yilgan har-bir qadam uchun Allohdan ulug‘ ajrlar bo‘lishiga qat’iy ishonadi.

Biz yashab turgan dunyo imtihon dunyosidir. O‘zidan keyin yaxshi nom qoldirishni istagan har qanday kishi bu dunyoni ezgu amallar, go‘zal xulqlar bilan o‘tkazishi lozim. Barcha insonlarga birdek yaxshilik qilish, muruvvat ko‘rsatish, mehr-oqibatli bo‘lish katta insoniy fazilat hisoblanadi.

Alloh taolo Qur’oni karimda bandalarni mag‘firat va xayrli ishlarga shoshilishga buyurib, bunday marhamat qiladi:

وَسَارِعُوا إِلَىٰ مَغْفِرَةٍ مِّن رَّبِّكُمْ وَجَنَّةٍ عَرْضُهَا السَّمَاوَاتُ وَالْأَرْضُ أُعِدَّتْ لِلْمُتَّقِينَ

“Robbingizdan (keluvchi) mag‘firat va kengligi osmonlar-u yerga teng, taqvodorlar uchun tayyorlab qo‘yilgan jannat sari shoshilingiz!” (Oli Imron, 133-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda, eng yaxshi insonlar o‘zgalarga manfaat va yaxshiligi yetuvchi insonlar ekani zikr etilgan:

خَيْرُ النَّاسِ أَنْفَعُهُمْ لِلنَّاسِ

“Insonlarning yaxshisi boshqa insonlarga manfaati ko‘prog‘idir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Boshqa bir hadisda quyidagicha keltiriladi: “Bir kishi Nabiy sallallohu alayhi vasallamdan: “Islomdagi eng yaxshi (amal) qaysi?” deb so‘radi. U zot: “Taom bermog‘ing hamda tanigan va tanimagan kishiga salom bermog‘ing”, dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

 

Bu dunyo hayotida kishi o‘z yaqinlariga, xattoki tanigan va tanimagan kishilariga imkon qadar yaxshilik qilishi, zaiflarga yordam berishi hamda muxtojlarga ko‘maklashishi lozim hisoblanadi. Bu orqali inson nafaqat bu dunyoda aziz, balki, oxiratda ham sharafga ega bo‘ladi.

Alloh taolo o‘z kalomida yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilik bo‘lishini bayon qilib bunday deydi:

هَلْ جَزَاءُ الْإِحْسَانِ إِلَّا الْإِحْسَانُ

“Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir” (Ar-Rahmon, 60-oyat).

 

Ruhiy hayotning eng afzal tomonlaridan biri yaxshilik yo‘lidagi o‘zaro yordamdir. Bu narsa ijtimoiy hayotni yuqori darajaga ko‘tarish, jamiyat a’zolarining farovonligini oshirish va ularning qayg‘u-alamlarini yengillatishdan iboratdir. Hozirgi zamon madaniyatida o‘zaro yordam degan tushunchaga katta ahamiyat beriladi. Shuning uchun ham barcha joylarda o‘zaro yordam va hamkorlik tashkilotlari tuzilgan. Mana shuning o‘zi ham har bir shaxs va har bir jamiyatning baxtiyor bo‘lishi uchun o‘zaro yordam zarurligini ko‘rsatadi.


Qur’on o‘zaro yordamga katta ahamiyat bergan. Buni quyidagi oyatdan fahmlab olsak ham bo‘ladi:

 وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ

“Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi 2-oyat).

Qur’oni Karim yaxshilik va taqvodorlik yo‘lida hamkorlik qilishga buyurmoqda. "Yaxshilik" deganda bu dunyodagi barcha yaxshiliklarni: rostgo‘ylik, omonat, toat-ibodat, saxiylik, shijoat va hokazolarni tushunamiz.

"Yaxshilik" so‘zi dunyodagi barcha fazilatli narsalarni o‘z ichiga oladi. Taqvo esa Allohdan qo‘rqish va Unga itoat qilib ish olib borishni anglatadi.

Yaxshilik va taqvodorlik yo‘lidagi hamkorlik esa bu dunyodami yoki oxiratdami, saodatga erishtiruvchi yaxshi narsalar yo‘lidagi hamkorlikdir.

Qur’oni karimda yaxshi va ezgu amallarni qilish ibodatdan keyingi o‘rinda keltirildi. Demak, yaxshi ishlarda bardavom bo‘lish ibodat qilish bilan teng amal hisoblanadi.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

خَيْرُكُمْ خَيْرُكُمْ لِأَهْلِهِ

Sizlarning yaxshilaringiz – ahli-oilasiga yaxshilik qiluvchilaringizdir”, dedilar. (Imom Termiziy rivoyati).


Inson yaxshilikni eng avval o‘z yaqinlaridan boshlashi lozim. Bu ham insonda yaxshilik fazilati mavjud ekanini ko‘rsatadi.

Biz so‘zlashayotgan mavzuda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan quyidagi hadis ham e’tiborga molikdir:

خَيْرُكُمْ مَنْ يُرْجَى خَيْرُهُ وَيُؤمَنُ شَرُّهُ

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Sizlarning yaxshilaringiz – yaxshiligidan umid qilinuvchi va yomonligidan omonda bo‘linuvchingizdir” – deb marhamat qildilar (Imom Termiziy va Imom Ibn Hibbon rivoyati).

Ushbu hadisda barchamiz uchun buyuk bir ko‘rsatma bor. Musulmon kishi uni bilgan insonlar undan yaxshilik ko‘ruvchi hamda undan xavf va qurquv kutmasligi lozim. Buning uchun albatta, unda insonlarga nisbatan xayrixohlik va odamgarchilik topilishi kerak. Shunda u odamlar ichida yaxshisi bo‘ladi.

Inson o‘z umrining bog‘ini o‘zi yaratadi. Bu bog‘dagi musaffo osmon, porlab nur sochayotgan quyosh, yoqimli bulbullar xonishi, qushlar parvozi, mexribon ota-onalarimizning borligi, farzandarlarimizning beg‘ubor kulgusi, oilamizning ahilligi, o‘zaro mehr-muhabbat iqlimi, dastarxonlarimiz to‘kinligi, tinchlik-xotirjamlikdagi farovon va osuda hayot barchamizga huzur-halovat bag‘ishlaydi alhamdulillah. Azizlar, umrimizni mana shunday ajib bog‘da ezgulik, xayr-u saxovat, yaxshilik amallariga to‘ldirib yashaylik! Barchamizni Alloh o‘z panohida saqlasin! Omonat dunyoda omon bo‘laylik!

Alloh taolo barchalarimizni odamlar havas qiladigan, yaxshiligi umid qilinadigan va yomonligidan omonlikda bo‘linadigan kishilardan aylasin!

Muhammad Quddus Abdulmannon,
Xo‘jaobod tuman “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.

 

Maqolalar