“Yaxshiga qilsang yaxshilik –
ham aytadi, ham qaytadi...”
Bismillahir Rahmonir Rahim!
Mehribon Yaratgan Parvardigorimiz Alloh taboraka va taologa beadad hamdu sanolar, Hazrati Payg'ambarimiz Janobi Muhammad Mustafo Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga behisob salavotu salomlarimiz bo'lsin!
Baxtli, saodatli yashash, chinakam ma'mur hayot kechirish – har bir inson orzusi. Dunyoda baxtu saodatni, ma'murchilik va farovonlikni o'lchaydigan mezonlar ko'p, omillar bisyor. Lekin shunday ne'matlar borki, ularsiz hayotimiz rangsiz, turmushimiz huzur-halovatsiz bo'lib qoladi.
Ho'sh, bu ne'matlar qaysilari?
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Ikki ne'mat borki, ko'pchilik insonlar uning qadriga etmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir”, – dedilar» (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda: “Kimki o'z uyida tinchlikda, tani sog'lom, bir kunga etadigan taomi bor holda tong ottirsa, unga butun dunyo ne'matlari to'lig'icha berilgandek bo'libdi”, – deyilgan (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Nega hadisi sharifda har kuni, har doim muhtoj bo'ladiganimiz uch ne'mat: sog'liq, tinchlik va qut-barakaga urg'u berildi?
Chunki bu ne'matlar bo'lmasa, turmush izdan chiqadi, yashash qiyinlashadi. Uzoqqa bormaylik, bugungi dunyoning manzarasidan xulosa chiqarib olaylik. Birgina ko'zga ko'rinmas o'lat barchaning halovatini o'g'irladi, hammaning tinchini buzdi. Shunday emasmi?
I
...Tong sahar tinchlik-xotirjamlikda uyg'onishning o'zi bir ne'mat emasmi?! Bobo-buvi, ota-ona, aka-uka, farzandlar – oila davrasida nonushta qilishning fayzini nima bilan taqqoslash mumkin?! Ishga, o'qishga otlanayotganda, oila ulug'larining duosini olib ko'chaga chiqishning barakotini hammamiz yaxshi bilamiz.
Tinchlik-omonlikda yashash – bu jon, mol, uy-joy, or-nomus xavfsizligiga ega bo'lish demakdir. Ming-ming shukrlarki, yurtimizda bular barchasining xavfsizligi kafolatlangan.
Aslida, “Islom” so'zi arab tilidan o'zbek tiliga tarjima qilinganda “itoat va bo'ysunish”, “ixlos va turli ofatlardan salomat bo'lish” hamda “sulh va omonlik”, “tinchlik” degan ma'nolarni bildiradi. Bu dinni Payg'ambarning o'zlari tanlagan emaslar, balki uni Alloh taoloning O'zi (!) ixtiyor etgan! Islom – bu Alloh yagona deb e'tiqod qilib, unga bo'ysunmoqlik va butun qalb bilan unga ixlos qilmoqlik demakdir.
«Musulmon» degan so'zning asli, negizi, o'zagi “islom” so'zi. Demak, har bir inson millati, yoshi, jinsi, dini, irqi, ijtimoiy xolati, turar joyidan qat'iy nazar, modomiki “men – alhamdulilloh, musulmonman!” deb, o'zini musulmon hisoblasa, tinchlik uchun xizmat qilishi shart va zarur ekan! Aksincha, qiladigan ishi aytayotgan so'ziga to'g'ri kelmas ekan! Hudoning O'zi hammamizni asrasin!
“Qo'shning tinch – sen tinch!”, “Yurting tinch – sen tinch!” deydi dono xalqimiz. Yurtimiz, qo'shnimiz, oilamiz tinchligi-xotirjamligi uchun nechta odam xizmat qilmoqda? Ularning ikki-uch nafarini ko'ra olsak, necha million nafarini hayolimizga ham keltira olmaymiz! Hatto tasavvur qilishga ham ojizmiz!
Dono xalqimiz “Birni ko'rib – fikr qil, birni ko'rib – shukr qil!” deb bejiz aytmagan. Televizorimiz pul'tining xohlagan tugmasini bosib, xohlagan telekanalga qo'ysak, dunyoning necha minglab joylarida necha yuz minglab insonlar tinchlik (!) izlab, sarson-sargardon bo'layotganiga guvohmiz...
Har qanday aqlli odam Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, fuqarolarimiz farovonligi uchun son minglab o'zimizning aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz, o'g'il-qizlarimiz xizmat qilayotganini alohida e'tirof etadi va yuksak qadrlaydi.
Kunlarning birida mashhur rassom dunyodagi eng go'zal suratni chizishga qaror qiladi va sayohatga otlanadi. Bir qishloqdan o'tayotib nuroniy otaxonga duch keladi va yoniga borib u kishidan: «Dunyodagi eng go'zal narsa nima?» – deb so'raydi. Otaxon hech ikkilanmay: «IMON!» – deb javob beradi.
So'ngra bir guzar oldidan o'tayotib, karnay-sunay sadolarini eshitadi va to'planib turgan olomon oldiga borib kelindan: «Sizningcha, dunyodagi eng go'zal narsa nima?» – deb so'raydi.
Kelin kuyovning ko'zlariga boqib: «Dunyodagi eng go'zal narsa – MUHABBAT!» – deydi.
Rassom yo'lida davom etadi. Bepoyon dashtlar, tizma tog'lar, yastanib yotgan qir-adirlardan o'tib, sahroda bir to'da askarni uchratadi va ulardan birini yoniga chorlab, yuqoridagi savolni beradi.
Askar: «Dunyodagi eng go'zal narsa bu – TINChLIK!» – deya javob beradi.
Rassom dunyodagi eng go'zal narsalar – imon, muhabbat va tinchlik bo'lsa, bularning barchasini bir rasmda qanday ifodalayman, deya o'ylay-o'ylay uyiga qaytib keladi.
Uyiga kirishi bilan dunyoning eng go'zal manzarasi qarshisida ekanini anglab etadi: bolalarining masum nigohlarida imon, ayolining ko'zlarida muhabbat, uyida esa tinchlik hukm surar, hammalarining tanlari sog'-salomat edi.
Bulardan ilhom olgan rassom dunyodagi eng go'zal narsani chizishga kirishadi va uni «Mening uyim», deb nomlaydi.
Biz buni yanada kengroq tasavvur qilib, tabiiy lozim bo'lgan IMON va MUHABBATdan tashqari, dunyodagi eng go'zal narsa bu – TINChLIK va SOG'LIQ ekanini e'tirof etamiz. Imon, tinchlik, salomatlik ne'matlari jannatmakon yurtimizda, shukrki, barqaror! Demak, dunyodagi eng go'zal diyor bu – imon, tinchlik, salomatlik barqaror bo'lgan VATAN – O'ZBYeKISTONIMIZDIR!
II
Jannatmakon Yurtimiz jonkuyarlari bo'lganaka-uka, opa-singillarimiz, avvalo, yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, xalq salomatligi, farovonligi va xotirjamligi uchun g'oyat mas'uliyatli va sharafli ishga bag'ishlagan Siz, azizlarni beqiyos xizmatlaringizni yuksak qadrlab, barchalaringiz(!)ga cheksiz hurmat va chuqur ehtiromimizni izhor etishga ruxsat bergaysizlar!
Mo'min-musulmonlarimiz sizlarni dunyodagi eng ulug' kasb sohiblari, muborak dinimiz vafodorlari, o'z ishiga fidoyi insonlar deb biladi va mashaqqatli mehnatingizni yuksak darajada qadrlaydi. Ayniqsa, hozirgi murakkab pandemiya sharoitida chinakam xalqparvar-vatanparvar bo'lib, maydonga chiqayotganingiz har qanday tahsin va ko'pdan-ko'p tasannolarga munosibdir!
Bu mashaqqatli kurashning oldingi saflarida turib, o'z hayotini xavf-xatarga qo'yib, jasorat va matonat namunasini ko'rsatib kelayotgan barcha soha xodimlariga yana bir bor chuqur minnatdorlik bildiramiz!
Ma'lumki, 2020 yil hammamiz uchun ham mislsiz sinov, ayni vaqtda yangi tajriba orttirish yili bo'ldi. O'z vaqtida Rahbariyatimiz tomonidan ko'rilgan chora-tadbirlarimiz bugun ijobiy natija berayotganini alohida ta'kidlash lozim.
Yakunlangan yilda butun dunyoga koronavirus pandemiyasi tarqalib, insonlar hayotiga katta xavf tug'dirdi. Yurtimizda muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan ko'rilgan tezkor chora-tadbirlar, dono xalqimizning chuqur tushunishi, keng tafakkuri va o'ziga xos sabr-toqati bilan bu ofat Haq taoloning madadi ila jilovlanib, ommaviy yoyilib ketishining oldi olindi.
Jahon miqyosida keng tarqalib, global muammoga aylangan COVID-19 davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda olijanoblik namunasini ko'rsatgan, mehr-oqibat, saxovat va olihimmatlik fazilatlarini ko'rsatib kelayotgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash hamda ularga beminnat ko'mak berish borasidagi ishlarga katta hissa qo'shgan, hamjihatlik muhitini mustahkamlashda faol ishtirok etib, ezgu ishlari bilan ko'pchilikka o'rnak bo'layotgan VATAN HIMOYaChILARIMIZning xizmatlarini alohida e'tirof etish kerak.
Ta'kidlash kerakki, COVID-19 balosi boshimizga tushgan sinovlar sharoitida va'zu irshodlar natijasida mo'min-musulmonlarimiz: “Ey, imon keltirganlar! Sabr va namoz bilan (Mendan) yordam so'rangiz! Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir” (Qur'oni karim Baqara surasi 153 oyat), degan ilohiy bashoratga amal qilib, tushkunlikka berilmasdan, sabr va toat-ibodat ila hamjihatlikning yuksak namunasini ko'rsatdilar. Bu yil karantin tufayli ibodatlarini ado etishda yuzaga kelgan qiyinchiliklarni ham to'g'ri tushunmoqdalar. Bugungi qiyinchiliklar albatta o'tib ketib, Hudo xoxlasa, kelgusida xursandchilik kunlarni birga-birga nishonlaymiz.
Yurtimizda koronavirus davrida muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan xalqimiz salomatligini, fuqarolarimiz osoyishtaligini ko'zlagan holda bir qator chora-tadbirlar qo'llandi. Shuni alohida ta'kidlash lozimki, amalga oshirilgan ishlarning samarasi o'laroq, aholi soniga nisbatan olinganda MDH davlatlari orasida kasallik tarqalishining oldini olish bo'yicha eng yaxshi ko'rsatkich aynan bizning mamlakatimizga to'g'ri keldi. Haqiqatan ham, sohaning etuk ekspertlari xulosasiga ko'ra, O'zbekiston ushbu pandemiyadan eng kam talofat ko'rgan davlat sifatida chiqadi, deb baholanmoqda.
Bu og'ir sinov davrida O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi tomonidan mo'min-musulmonlar uchun bir qator murojaatlar va bayonotlar e'lon qilindi hamda ularning mazmun-mohiyati muhtaram va hurmatli ulamolarimiz va dinimiz peshvolari tomonlaridan keng va batafsil tushuntirildi. Jumladan:
O'zbekistonlik etuk ulamolarimiz, notiq imom-xatiblarimiz tomonlaridan karantin ko'rsatmalariga amal qilish, ushbu sinovli kunlarda vahimaga berilmaslik, yaxshi kunlarga intilib yashash, yordamga muhtoj shaxslarga g'amxo'rlik qilish kabi yo'nalishlarda behisob targ'ibot ishlari olib borildi.
Bunday din xizmatchilarimiz mana shunday o'ta og'ir davrda va turli tabiiy ofatlar tufayli elu yurtimiz boshiga tushgan sinovlarning oqibatlarini bartaraf etishda haqiqiy jonbozlik ko'rsatganlari ulkan tahsinlargava beqiyos tashakkurlarga loyiqdir!
Natijada, matonatli xalqimiz kovid vabosi, boshimizga tushgan turli sinovlar va tabiiy ofatlar sharoitida “Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir” degan oyati karimaga amal qilib, tushkunlikka berilmasdan, yanada ahil va birdam bo'lib, insonparvarlik va mehr-oqibatlilikning yuksak namunasini butun (!) dunyoga ko'rsatdilar.
Fazilatli insonlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni qo'llab-quvvatlash, xayriya mablag'larini to'g'ri yo'naltirish, qiyin ahvolga tushgan aholiga ko'mak berish, og'ir sharoitdagi odamlarni sabr-toqatga chaqirish, ularning ko'nglini ko'tarishdagi fidoyiliklari har qanday maqtovga loyiqdir! Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda: “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir”, – deb xushxabar bergan.
Qayd etish lozimki, sinov ketidan sinovlar bo'lgan – kasallik va tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish yo'lida diniy sohamiz xodimlari ishtirokida jonliqlar so'yilib, najot so'rash namozlari ado etilgani, xatmi Qur'onlar, duoyu tazarrular, istig'forlaru salavoti shariflar aytilgani eng ulug'vor ishlardan bo'lganini alohida e'tirof etishimiz kerak.
Alloh taboraka va taolo insonlarni sinovli kunlarda sabr va qanoatli bo'lishga da'vat etib, Qur'oni karimda 94-surasining 5-6-oyati karimalarida “Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga engillik bordir”, – deb marhamat qiladi. Chindan ham, har qanday tashvish ortida engillik borligini COVID-19 kasalligidan sog'ayib chiqayotgan, tabiiy ofatlar tufayli uy-joyidan ayrilgan, lekin davlatimiz va el-yurtimizning yordami ila o'z hayotini yangitdan yo'lga qo'yib olgan minglab vatandoshlarimiz qalbdan his etmoqdalar...
Shubhasiz, har qanday mashaqqatni mehnat va matonat, sabru chidam bilan mardona engib o'tishda diniy sohamiz xodimlarining pandu nasihatlari, ibratli o'gitlari va ezgu tashabbuslari juda ham katta ta'sir ko'rsatdi.
Muhtaram Yurtboshimiz pandemiyaga qarshi kurashda faollik ko'rsatganlarga tashakkur bildirib, keng jamoatchilik vakillari qatorida qadri baland muhtaram va hurmatli imom-xatiblarimizni ham alohida esga olganlari diniy soha xodimlari mehnatlariga berilgan yuqori bahodir!
Karantinning eng-eng ashaddiy qiyin kunlarida xam xalqimizning salomatligini o'ylab, farovonligini ko'zlab davlatimiz, hukumatimiz chiqargan barcha topshiriqlarini muqaddas dinimiz ravnaqi, masjidu madrasalarimiz obodligini mo'ljallab, mo'min-musulmonlarimizni manfaatlari uchun batafsil etkazishda kechayu-kunduz beg'araz va beminnat xizmatlari bilan, diniy sohamizdagi barcha xodimlarimizga o'zlarining bevosita ko'mak va ulkan yordamlari bilan fidokorona xizmat qilayotgan Din ishlari bo'yicha qo'mitadan kelayotgan barcha muhim tavsiyalarni sohamiz xodimlariga onlayn ham, oflayn ham o'zlarining qimmatbaho yo'l-yo'riqlari bilan etkazayotgan Diniy idoramiz raislariga nafaqat mamlakatimiz xalqi tahsinlar aytdi, balkixalqaro darajada ham O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Muftiy hazratlari tan olinib, “Dunyodagi eng nufuzli 500 musulmon ro'yxati”dan o'rin oldilar.
Karantinning eng qiyin paytlarida ham qahramonona, jonini Jabborga berib, 24 soatlab, haftalab tinmay, beminnat xizmat qilgan barcha Vatan himoyachilarimiz, shifokorlarimiz, huquq-tartibot xodimlaridan sira ham qolishmasdan xizmat qilgan diniy sohamiz xodimlarini dono xalqimiz nihoyatda yaxshi bilar ekan... Ta'kidlash joizki, xalqimiz tomonidan mana shunday ulug'vor ishlari uchun xali-xaligacha juda ham ko'p minnatdorliklar kelib tushmoqda. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali ham mamlakatimiz fuqarolari tomonlaridan alohida rahmatnomalar hanuzgacha izhor qilinmoqda. Ayniqsa, mana shunday samimiy, chin dildan yozilgan maktublarda O'zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, xususan Muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga alohida dil so'zlari bitilgan. Idoramizning barcha xodimlaridan xalqimizning minnatdorligini mo'min-musulmonlarimizdan kunda-kunaro kelayotgan tashakkuru rahmatnomalaridan bilish mumkin.
Ta'kidlash joizki, muhtaram va hurmatli fazilatli ulamolarimizning va diniy soha xodimlarining mehnatlarini qadrlash Yangi O'zbekistonda din sohasi va imom-domlalarga berilayotgan yuksak e'tiborning yana bir bor yaqqol namunasidir. Taraqqiyotimizning yangi davrida muhtaram Prezidentimiz boshchiliklarida Islom dini ma'rifatini keng tarannum etish, masjid-madrasalarni obod etish va ulamolarni, imom-domlalarni munosib qadrlash yo'lida juda ham katta ishlar amalga oshirilayotganidan, albatta, hammaning xabari bor.
Bugungi tarixiy o'zgarishlar va voqealarni hammamiz ko'rib, eshitib, bevosita guvohi bo'lib turibmiz... Bularning zamirida Yaratgan Parvardigori olamning irodasi ila bir yoqadan bosh chiqarib samarali mehnat qilishimiz hamda Davlatimiz Rahbari atrofida jipslashib yorqin kelajak va yuksak taraqqiyot sari dadil sa'y-harakatlarimiz mujassamdir.
E'tirof etish kerakki, joriy yilda ketma-ket kelgan sinovlarni mardona engib o'tishda diniy soha vakillari ham ulkan hissa qo'shmoqda. Ayniqsa, xalqimiz orasida katta obro'-e'tibor qozongan muhtaram va hurmatli fazilatli ulamolarimiz barchani sabr-bardoshga, o'zaro mehr-oqibatli, ahil va hamjihat bo'lishga da'vat etuvchi o'zlarining ta'sirchan so'zlari va chiqishlari bilan yurtdoshlarimiz qalbida ertangi yorug' kunlarga katta ishonch tuyg'usini mustahkamlaganlariga barcha guvoh bo'ldi.
Darhaqiqat, Islom dinining ezgu ta'limotlarini keng tarannum etish va Haq taoloning diniga xizmat qilish savobi ulug' amallardan hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda O'z diniga xizmat qiluvchilarni shunday madh etadi: “Ey, imon keltirganlar! Agar sizlar Allohga yordam bersangiz (dinining rivoji uchun harakat qilsangiz), U ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur” (Muhammad surasi 7-oyat).
Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o'zlarining muborak hadisi shariflarida: “Odamlardan bo'lgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qila olmagan odam Hudoga ham shukr qilaolmaydi”, – deb marhamat qilganlar. Dono xalqimiz esa: “Yaxshiga qilsang yaxshilik – ham aytadi, ham qaytadi. Yomonga qilsang yaxshilik – na aytadi, na qaytadi”, – deb bejizdan bejiz aytmagan.
O'zini jonini ham, oilasini salomatligini ham Hudoga topshirib, o'ta katta va jiddiy xavf-xatarni ham chetga surib, jonini ham, molini ham xalq uchun fido etgan HAR BIR IMOM-DOMLAMIZGA behisob tashakkurlar aytamiz!
Chuqur qayg'u bilan qayd etamizki, bu kasallik tufayli ko'pgina yurtdoshlarimiz qatorida etuk ulamolarimiz, tajribali imom-domlalarimiz va jonkuyar diniy soha xodimlarimiz ham bu dunyodan o'tdilar... To'g'ri, bu hayotda o'rni o'zgarmaydiganlar, albatta, yo'q... Lekin o'rnini hech kim bosa olmaydiganlar BOR! Ular quyidagilardir. Bugun biz o'zlarining benazirliklari bilan xalqimiz qalbidan mustahkam joy olgan quyidagi din xizmatchilari – ustozlarni alohida esga olishimiz lozim...
Andijon viloyati Qo'rg'ontepa tumani “Dardoq” jome masjidi imom-noibi To'ychiyev G'ayratjon domla;
Namangan shahar “Homiddin qori” jome masjidi imom-noibi Ismailov Adhamjon domla, “Abdurazzoq qori” jome masjidi imom-noibi Hojiyev Ahadxon domla;
Jizzax viloyati Paxtakor tumani “Navbahor” masjidi imom noibi Abdurahmonov Qo'chqor domla, Zarbdor tuman “Keriz” masjidi imom-xatibi O'tamurodov Qodirqul domla;
Surxondaryo viloyati Jarqo'rg'on tumani “Ho'ja Abdul Varroq at-Termiziy” masjidi imom xatibi Hasanov Shoxnazar domla, Denov tumani “Imom Buxoriy” masjidi imom-xatibi Toshboyev Panji domla;
Toshkent shahri Olmazor tumani “To'xtaboy” masjidi imom noibi Bahramov Ahmadulloh domla, Shayxontohur tumani “Baland” masjidi imom noibi Ismailov Habibulloh domla, Bektemir tumani “Alibek” masjidi imom noibi Ibragimov Ahmadjon domla, Yakkasaroy tumani “Rakat” masjidi sobiq imom-xatiblari, faxriy imomimiz, taniqli katta ulamomiz Hamdamov Abdulloh domla;
Qoraqalpog'iston Respublikasi Qo'ng'irot tumani “Hakim Sulaymon” jome masjidi imom noibi Mamutov Muhammadali domla, Qoziyot hisobchisi Ametov Rembergen domla;
Buxoro viloyati sobiq bosh imom-xatiblari Nurillayev Mansurjon domla;
Samarqand shahar “Ho'ja Zudmurod” jome masjidi imom-xatibi Melikov Mustafoqul domla, “Abdulloh ibn Abbos” jome masjidi imom-xatibi Davronov Abdurahmon domla, “Shohi Zinda” jome masjidi imom-xatibi Islomov Nuriddinxon domla;
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Turmatov Hayrullo domla, Oqqo'rg'on tumani “Erbo'ta qozi” masjidi imom noibi Boyxonov Ismoilxon domla, Bekobod tumani “Turkman” jome masjidi imom noibi Erkayev Rahmonberdi domla;
Qashqadaryo viloyati Yakkabog' tumani “Eski qo'rg'on” masjidi imom-xatibi Ismatillayev Tohirjon domla;
Horazm viloyati vakilligi huquqshunosi Jumaniyozov Baxtiyorjon domla;
Sirdaryo viloyati Sardoba tumani “Paxtaobod” jome masjidi sobiq imom-xatibi Suyarov Abdurahmon domla;
Farg'ona viloyati Dang'ara tumani “Muhammadsaid xo'ja” jome masjidi imom-xatibi Ahmedov Sherzodjon domla;
Tabarruk ustoz Ubaydulla domla Uvatov, yirik mufassir Shayx Alouddin Mansur hazratlari, zabardast olim Dovudxon domla, mutasavvif ulamo Olimxon domla va “Ko'kaldosh” madrasasida uzoq yillar samarali xizmat qilgan Abdusalom domla kabi ustoz ulamolarimiz bu foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat etdilar, ularning oxiratlari obod, joylari jannat bo'lsin!
Mehribon Parvardigorimiz bu qiyin davrda mashaqqatli kurashning oldingi saflarida turib, o'z hayotini xavf-xatar ostiga qo'yib, jasorat va matonat namunasini ko'rsatgan va vafot etib, shahidlik maqomiga etishgan mazkur ulamolarimizning yotgan joylarini keng, nurli etib, barcha solih amallarini o'zlariga hamroh aylagan bo'lsin! Ilohim O'zi rozi bo'lib, Naim jannatlari bilan siylasin!
O'z faoliyatining ma'no-mazmunini muborak dinimiz, jonajon xalqimizga, ona-Vatanimizga sidqidildan xizmat qilishda, deb bilgan bu fidoyi insonlarimizdan ulkan va boy ma'naviy meros qoldi... Zikr etilgan aziz insonlar dinimiz ta'limotlarini doimo tarannum etadigan, xalqimizning qalbi va ongi uyg'oq, vatanparvar farzandlari sifatida mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlarning doimiy ishtirokchisi va targ'ibotchisi edilar... Ularning oilalari va yaqinlariga, muxlislariga O'zbekiston musulmonlari idorasi butun xalqimiz, mo'min-musulmonlarimiz nomlaridan ezgu duolarni qilib qoladi...
III
Bir oddiygina kichik qo'l soatida ham, uyimizdagi televizorda ham, qo'limizdagi telefonimizda ham, eng katta komp'yuterda ham, eng oxirgi rusum avtomobilida ham, bir necha tonnalik samolyotda ham, Yer sayyorasidan ko'tarilib koinotga borib-kelayotgan necha ming tonnalik kosmik kemalarda shunday bir qism, bo'lakchalari bor-ki, u qismlarsiz mazkur “mo''jiza”lar ishlolmay qoladi. Aslini olganda, u bo'lak-qismlar ko'zga ko'rinmaydi ham... Ular e'tiborsiz-u, lekin ularsiz soat va televizor ham, telefon va komp'yuter ham, avtomobil' va samolyot ham, hatto insoniyatni lol qoldirayotgan bahaybat kosmik kemasi ham ishlamasdan qotib qoladi! “Mo''jiza”larning eng kattasi va eng ulug'i bo'lgan Inson organizmida ham mana shunday “qism-bo'laklar” mavjud.
Har bir korxona-tashkilotlarda ham huddi shu kabi “qism-bo'laklar”ni vazifasini ado etadigan odamlar, katta-kichik xodimu xizmatchilari bor!!! Ular o'zlarini hadeb bildiravermaydilar... Lekin o'z ishlarini nihoyatda chiroyli va namunali etib, to'la-to'kis va mukammal qilib, dinu diyonat bilan, halolu pok, insofu vijdon bilan bajaradilar. Shunday insonlarga o'zlarini “ko'rsatish”larini yo (hozir “moda”ga aylanib qolgan) internetga “chiqish”larini taklif etsangiz, hammalaridan yagona javob eshitasiz. O'zlarini tortib, uyalib, chuqur hayojonlanib: “Hudo bilsa, bo'ldi... Bilsa – baliq, bilmasa – Holiq,” – deb qo'yadilar xolos.
Mana shunday insonlar bizning sohamizda son-sanoqsiz darajada ko'p! Lekin ularni mashaqqatli va sermahsul mehnatlarini, beqiyos va olijanob xizmatlarini Yaratganimizdan tashqari, rahbarlarimiz ham, dono xalqimiz ham juda yaxshi biladi!
Bugungi murakkab va sinovli davrda xalqimiz va dinimiz xizmatida bo'lib turgan qadrli va tabarruk ulamolarimiz, muhtaram va hurmatli imom-domlalarimiz, aziz va qimmatli mudarrislarimiz, mushtipar va munis otinoyilarimiz, masjid-madrasalarimiz bebaho va mehnatkash xodimlari, sevimli va suyukli talabalarimiz hamda muqaddas Vatanimizning barcha himoyachilariga Mehribon Parvardigorimiz Alloh taboraka va taolodan sihat-salomatlik, shodu hurramlik va ikki dunyo saodatini so'raymiz!
Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qildilarkim: “Kimki Alloh taolo yo'lida bir kunduz yoki bir kecha chegara poylasa, unga bir oy kunduzi (nafl) ro'za tutib, kechasi ibodat qilganlik savobi yoziladi. Kimiki sarhadni qo'riqlab turganda halok bo'lsa, unga ham xuddi shunday ajru-savob mukofoti bo'ladi va shahidlik maqomi berilib, barcha fitnalardan omonda bo'ladi” (Imom Nasoiy rivoyatlari).
Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, muborak dinimiz rivoji hamda dono xalqimiz salomatligi va farovonligi yo'lida olib borayotgan fidokorona mehnatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar ato etishini Mehribon Parvardigorimizdan iltijo qilib qolamiz!
O'z ajdodlari qo'nim topgan hoki poklarini, kindik qoni to'kilgan Vatanni himoya qilish, o'z ona-yurtini ko'z qorachig'iday asrab-avaylash – o'z oilasini, sha'nini, or-nomusini, imon-e'tiqodini himoya qilishdir. Bu xususda Janobi Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida: “Ikki ko'z egasini do'zax otashi kuydirmas: biri – Allohning azobidan qo'rqib yig'lagan ko'z, ikkinchisi – Alloh yo'lida qo'riqchilik qilib bedor bo'lgan ko'z”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).
El-yurtimiz ravnaqi va dini Islom ma'rifati yo'lida kunni tunga, tunni kunga ulab, o'zining bor kuch-qudrati va aql-zakovatini ayamasdan, sidqidildan, fidoyilarcha, xolisona hamda ulkan mehr ila xizmat qilib kelayotgan sizlardek mo''tabar insonlarni tarbiyalab, voyaga etkazgan OTA-ONALARINGIZGA MING-MING-MING RAHMAT! Barcha ota-onalarga ham Parvardigori olam ana shunday farzand tarbiyalab, kamolga etkazishni nasib aylasin!
Iloho jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi, dinimiz kamoli, masjidu-madrasalarimiz obodligi uchun muhtaram Yurtboshimizni dono rahbarliklari ostida hukumatimiz, Diniy idoramiz tomonlaridan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklaridagi mehnatkash xalqimiz olib borilayotgan barcha xayrli, yaxshi, savobli ishlarda Alloh taolo O'zi madadkor bo'lsin!
Ilohim o'zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz buyurgan, Janob Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, o'tmishda o'tganlarimizni ro'hlari shod bo'ladigan, xalqimiz xursand bo'ladigan, ota-onalarimiz rozi bo'ladigan yo'llardan yurishimizni nasib etsin!
Hulosa
Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun har bir insonning qilayotgan xizmatlariga minnatdor bo'lishimiz – ham burchimiz, ham farzimiz, ham qarzimizdir!
Ustozlarimiz aytadilar: “Hayotdan kishi olmasa ta'lim, o'rgata olmas unga hech bir muallim”. Kundalik hayotimizda nihoyatda ehtiyot bo'lishimiz lozim ekan. Yana bilib-bilmasdan Janobi Payg'ambarimiz alayhis salomning: «Ikki ne'mat borki, ko'pchilik insonlar uning qadriga etmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir» degan muborak so'zlariga qarshi bo'lib qolmaylik!
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
#Vakilliklar faoliyatidan
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining 14 ta hududiy vakilligi faoliyat yuritadi. Ular tasarrufida jami 2161 ta masjid bo‘lib, 3000 dan ziyod imom-xatib va imom noibi xizmat qiladi. Ushbu ruknimizda hududiy vakillar bilan turkum suhbatlarni reja qilganmiz. Shu maqsadda Qashqadaryo viloyatida bo‘ldik.
Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi, “Imom Buxoriy” ordeni sohibi, Ulamolar kengashi a’zosi Rahmatullo domla USMONOV bilan suhbat
– Assalomu alaykum, domla. Suhbatimizni Siz viloyat bosh imom-xatibi sifatida ish boshlagan davrlardan boshlasak. Dastlab vakillik faoliyatini tahlil qilib, qanday og‘riqli nuqtalar, tezkorlik bilan hal etilishi kerak bo‘lgan muammolarni ko‘rgan edingiz va bugungi kunda ular qanchalik hal etilgan?..
– Va alaykum assalom va rohmatulloh. Bundan rosa 14 yil oldin – 2012 yilning iyul oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakili hamda viloyat bosh imom-xatibi sifatida faoliyat boshlaganman. O‘shanda vakillikning faoliyatini atroflicha tahlil qilib, tizimli yondashuvni talab etadigan qator vazifalarni belgilab olganmiz.
Xususan, masjidlar faoliyatini yagona tartib va talablar asosida tashkil etish, imom-xatiblar va diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirish, ijro intizomi va hisobdorlikni kuchaytirish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘lom diniy-ma’rifiy muhitni mustahkamlash, joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada samarali yo‘lga qo‘yish kabilarga alohida e’tibor qaratdik.
Bugunga kelib vakillikda 22 nafar salohiyatli, o‘z ishining mutaxassisi bo‘lgan xodim ishlamoqda. Zamonaviy moddiy-texnik ba’zamiz bor. Viloyatdagi 187 ta masjid faol ishlab turibdi.
Masjidlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, hujjatlar yuritilishini takomillashtirish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash sifatini oshirish, shuningdek, vakillik tizimida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish, vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish va nazorat qilish maqsadida tegishli bo‘limlarni tashkil etish zarurati ham bor edi.
O‘tgan yillar davomida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha aniq rejalar asosida tizimli ishlar amalga oshirildi. Natijada viloyat vakilligi hamda masjidlar faoliyati yanada takomillashtirildi. Vakillik tuzilmasida tegishli shtat birliklari joriy etilib, sohaning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar ishga qabul qilindi. Bu esa faoliyatni samarali tashkil etish, vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish hamda joylardagi ishlarni sifatli yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.
Imom-xatiblar uchun muntazam malaka oshirish va o‘quv-seminarlar yo‘lga qo‘yildi, aholi bilan ochiq muloqotlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘lami sezilarli darajada kengaydi. Yiliga «Jaholatga qarshi ma’rifat» g‘oyasini keng targ‘ib etish, ekstremizm, terrorizm, missionerlik va yot g‘oyalarga qarshi kurashish, huquqbuzarlik, jinoyatchilik, giyohvandlik, o‘z joniga qasd qilish, erta turmush va ajrimlarning oldini olish, yoshlar, mehnat migrantlari va harbiy xizmatchilar bilan manzilli ishlash, sog‘lom turmush tarzi, oila mustahkamligi, ma’naviy qadriyatlar, ijtimoiy tarmoqlardagi virtual tahdidlardan himoya, atrof-muhitni asrash hamda mahallada tinchlik va hamjihatlikni ta’minlashga qaratilgan 35 mingdan ortiq keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshiriladi.
O‘sha davrda imom-xatib va diniy soha xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish zarurati bor edi. Amalga oshirilgan islohotlar natijasida hamda muftiy hazratlarining tashabbuslari va bevosita boshchiliklari bilan masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va imom-noiblari oylik ish haqi bilan ta’minlandi. Bu esa ularning ijtimoiy barqarorligini mustahkamlash, o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan va mas’uliyat bilan ado etishi uchun muhim omil bo‘lmoqda.
Ta’kidlash joizki, muhtaram Yurtboshimiz tomonidan berilayotgan imkoniyatlar natijasida viloyatimizda haj ziyorati uchun ajratiladigan kvotalar yildan-yilga oshib, fuqarolarning muqaddas ziyorat amalini ado etish imkoniyatlari kengayib bormoqda. Xususan, 2012 yilda viloyatdan bor-yo‘g‘i 150 nafar fuqaro haj ziyoratini amalga oshirgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich yiliga 800 nafardan oshdi. Bu esa sohada amalga oshirilgan tashkiliy ishlar va ziyoratchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati anchayin oshganini ko‘rsatadi.
– Viloyatdagi 180 dan ortiq jome masjidlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ayniqsa, tarixiy va me’moriy ahamiyatga ega bo‘lgan qadimiy masjidlarni asl qiyofasini saqlagan holda ta’mirlash ishlarida vakillik mahalliy aholi va homiylar bilan aloqalarni qanday muvofiqlashtirmoqda?
– Viloyatdagi jome masjidlar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning obodligi va faoliyati uchun munosib sharoit yaratish masalasi doimo e’tibor markazimizda bo‘lib kelmoqda. Bu borada ishlar tizimli, shaffof va jamoatchilik bilan hamkorlik asosida tashkil etilgan. Ayniqsa, tarixiy va me’moriy ahamiyatga ega bo‘lgan qadimiy masjidlarni ta’mirlashda ularning asl qiyofasi, milliy me’moriy uslubi va tarixiy qimmatini saqlashga alohida ahamiyat qaratiladi. Bunday obyektlarda har qanday ish tegishli mutaxassislar tavsiyalari va belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi.
Masjidlarni obodonlashtirish va ta’mirlash ishlarida mahalliy aholi, saxovatpesha homiylar va jamoatchilikning ishtiroki muhim o‘rin tutadi. Vakillik tomonidan ushbu jarayonlar muvofiqlashtirilib, homiylik tashabbuslarining maqsadli va samarali yo‘naltirilishi ta’minlanmoqda.
Faoliyatimni boshlagan paytimda viloyatimizda 182 ta jome masjid faoliyat yuritar edi. Aytib o‘tilganidek, bugungi kunda ularning soni 187 taga yetdi. O‘tgan 14 yil davomida 58 ta masjid zamon talablariga mos ravishda qayta bunyod etildi, 100 dan ortiq masjidda esa keng ko‘lamli ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Misol uchun, 2026 yilning birinchi yarim yilligida 2 ta – Chiroqchi tumanidagi "Abu Bakr Siddiq" hamda Kitob tumanidagi "Shayx Sobir" masjidlari qayta qurilib, muborak Ramazon oyida masjidning yangi binosi namozxonlarga topshirildi.
Shuningdek, namozxonlar uchun munosib va qulay sharoitlar yaratish maqsadida 70 dan ortiq tahoratxonalar to‘liq qayta qurilib, zamonaviy talablar asosida foydalanishga topshirildi.
– Keyingi yillarda vakillik tomonidan imom-xatiblar va ularning noiblari malakasini oshirish, ularning nafaqat diniy, balki dunyoviy, siyosiy-ijtimoiy bilimlarini zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha qanday tizimli dasturlar va o‘quv seminarlari tashkil etildi?
– Imom-xatiblar va ularning noiblari malakasini oshirish, ularning zamon talablariga mos bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish Qashqadaryo vakilligi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan tashkil etilayotgan malaka oshirish kurslari, o‘quv-seminarlar va qayta tayyorlash mashg‘ulotlarida imom-xatiblar va ularning noiblari muntazam ishtirok etib kelmoqda. Hozirgi kunga qadar viloyatdagi 187 nafar imom-xatib hamda 91 nafar imom noiblar O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida hamda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida malaka va ko‘nikmalarini oshirishdi.
Ayniqsa, imom-xatiblarning oliy diniy ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2012 yilda viloyatdagi imom-xatiblarning atigi 16 nafari oliy ma’lumotga ega bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi 14 yil davomida bu ko‘rsatkich keskin oshib, bugungi kunda imom-xatiblarning oliy ma’lumotlilari 90 nafardan oshdi. Hozir ham oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 20 nafar imom-xatib Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida modul tizimi asosida tahsil olib, o‘z bilim va salohiyatini oshirmoqda. Bu ishlar izchil davom ettirilib, yaqin istiqbolda 100 foiz oliy diniy ma’lumotli mutaxassislar sifatida shakllantirish maqsad qilingan. Zero, bugungi kunda imom-xatiblar nafaqat diniy ilm sohibi, balki keng dunyoqarashga ega, jamiyat bilan samarali muloqot qila oladigan, zamonaviy jarayonlarni to‘g‘ri anglaydigan ma’naviy-ma’rifiy yetakchi bo‘lishi zamon talabidir.
– Viloyatdagi Qur’oni karim va tajvid kurslari faoliyati haqida ham aytib o‘tsangiz...
– Qur’oni karim va tajvid kurslari faoliyati aholi orasida diniy bilimlarni faqat belgilangan tartib va malakali mutaxassislar orqali olish madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bu esa o‘z navbatida norasmiy diniy ta’lim maskanlari faoliyatining oldini olish, diniy savodxonlikni oshirish va sog‘lom ma’rifiy muhitni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Viloyat vakilligi hamda Kitob tumanidagi "Xoja Buxoriy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi qoshida faoliyat yuritayotgan Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari orqali har yili jami 1560 nafar tinglovchi Qur’on tilovati va tajvid qoidalari bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. Bu esa aholi diniy savodxonligini oshirish, yosh avlodni ilmiy-ma’rifiy ruhda tarbiyalash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Ayol-qizlar orasida diniy-ma’rifiy ishlarni yuritadigan otinoyilar faoliyatini tartibga solish, ularning diniy tushunchalarini o‘stirish, xotin-qizlar orasida yot g‘oyalar tarqalishining oldini olish borasida vakillik qanday natijalarni ko‘rsata oldi?
– Ayol-qizlar o‘rtasida diniy-ma’rifiy faoliyat olib borayotgan otinoyilarning ishini yagona tizim asosida tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan. Ilgari bu yo‘nalishda muayyan tajriba mavjud bo‘lgan bo‘lsa-da, faoliyatni muvofiqlashtirish, ilmiy salohiyatni muntazam oshirish va nazorat qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish zarurati bor edi.
Shu maqsadda har bir otinoyining bilim darajasi, faoliyat yo‘nalishi va mas’uliyat doirasi qayta ko‘rib chiqildi. Hozirgi kunda vohada faoliyat yuritayotgan jami 284 nafar otinoyining malakasini oshirish maqsadida tizimli o‘quv-seminarlar, suhbatlar va davra yig‘inlari yo‘lga qo‘yildi. Taҗribali ulamolar va mutaxassislar ishtirokida aqida, fiqh, tafsir, hadis, milliy qadriyatlar, oila mustahkamligi hamda zamonaviy axborot makonida uchrayotgan mafkuraviy tahdidlarga qarshi ma’rifiy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ular faoliyati monitoring qilinib, aholi bilan ishlash samaradorligi doimiy tahlil qilib borilmoqda.
Bugungi kunda bu ishlar o‘zining amaliy natijasini bermoqda. Otinoyilar mahallalarda xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, ularning murojaatlarini o‘rganish, diniy savodxonlikni oshirish va sog‘lom ma’naviy-ma’rifiy muhitni shakllantirishda faol ishtirok etmoqda. Ayniqsa, erta nikoh va ajrimlarning hamda yot g‘oyalar va turli buzg‘unchi qarashlar ular munosib hissa qo‘shmoqda.
– Darvoqe, oilaviy ajrimlar, o‘z joniga qasd qilish yoki jinoyatchilik kabi og‘ir ijtimoiy muammolar eng ko‘p kuzatiladigan mahallalar bilan ishlashda imomlarning mas’uliyati va hisobdorligi qanday bo‘lmoqda?
– Vakillik tomonidan imom-xatiblarning mahalla faollari, xotin-qizlar va yoshlar bilan manzilli ishlash mas’uliyati yanada kuchaytirilgan. Ayniqsa, oilaviy ajrimlarning oldini olish, notinch oilalar bilan ishlash, yoshlarni turli salbiy ta’sirlardan asrash va jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Har oy tumanlarda sayyor yig‘ilishlar o‘tkazilib, joylardagi mavjud holatlar, dolzarb muammolar va ularning yechimlari muhokama qilib borilmoqda. Mazkur yig‘ilishlarda imom-xatiblarning mas’uliyati, mahallalar bilan hamkorligi va amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi tahlil qilinadi. Xususan, o‘tgan yil yakuni bo‘yicha viloyat miqyosida imom-xatiblar tomonidan mahallalarda mingdan ortiq oila bilan manzilli ishlar olib borildi. Ular bilan o‘tkazilgan suhbatlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va tushuntirish ishlari natijasida bir qator oilaviy nizolarning oldi olinib, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirishga erishildi.
Muhimi, imom-xatiblar ishi faqat o‘tkazilgan tadbirlar soni bilan emas, balki insonlar taqdiriga ijobiy ta’sir ko‘rsata olgan amaliy natijalari bilan baholanmoqda. Shuning uchun imomlarimiz mahallada xalq bilan yaqin muloqot qiladigan, oila, jamiyat barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shadigan ma’naviy-ma’rifiy rahnamo sifatida o‘z mas’uliyatini chuqur anglab, faoliyat olib bormoqda.
– Ijtimoiy tarmoqlarda da’vat ishlarini olib borish, nasafziyo.uz sayti va ijtimoiy sahifalarni yuritishda vakillik qoshida maxsus media guruh yoki zamonaviy kadrlar jamoasi shakllantirilganmi?
– Bugungi axborot asrida internet makonidagi diniy-ma’rifiy faoliyat muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu bois, vakillik tomonidan zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, ijtimoiy tarmoqlarda aholi, ayniqsa, yoshlar bilan muloqotni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada vakillikda zamonaviy talablarga javob beradigan media xonasi tashkil etilib, zarur zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy kontentlarni tayyorlash, tahrir qilish va keng jamoatchilikka yetkazish yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi malakali kadrlar jalb qilingan.
Mazkur tizim orqali o‘n bir yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan nasafziyo.uz veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar muntazam yuritilmoqda. Shuningdek, 2017 yilda tashkil etilgan Telegram kanali bugungi kunda keng auditoriyaga ega bo‘lib, aholiga tezkor va ishonchli diniy-ma’rifiy axborotlarni yetkazishda muhim axborot maydoniga aylangan.
Shuningdek, bugungi kunda viloyatimizdagi har bir masjidning Telegram, YouTube, Facebook va Instagram sahifalari hamda guruhlari faoliyat yuritib, ularning umumiy a’zolari soni 310 ming nafardan ziyodni tashkil etadi. Jumladan, birgina nasafziyo telegram kanalining 120 mingdan ortiq a’zosi bor. Shuningdek, Ular orqali aholiga dolzarb ma’naviy-ma’rifiy materiallar, diniy-ma’rifiy tavsiyalar, masjid faoliyatiga oid yangiliklar hamda e’lonlar muntazam yetkazib borilmoqda.
Albatta, raqamli makon doimiy ravishda yangilanib borayotgani sababli bu yo‘nalishdagi ishlar ham uzluksiz takomillashtirilmoqda. Asosiy maqsad — zamonaviy media imkoniyatlaridan foydalangan holda xalqimizga, ayniqsa, yosh avlodga sifatli, ishonchli va ta’sirchan diniy-ma’rifiy axborotlarni yetkazib berishda davomli izlanishdamiz.
– Vakillikning «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat filiali bilan birgalikda kam ta’minlangan oilalar, yetimlar va nogironligi bor shaxslarga yordam berish borasidagi faoliyati so‘nggi yillarda qanchalik shaffoflashdi va xayriya tadbirlari ko‘lami voha miqyosida qanchalik kengaydi?
– «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat filiali bilan hamkorlikda aholiga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va xayrli tashabbuslarni amalga oshirish faoliyatimizning ajralmas qismi hisoblanadi.
Yordamga muhtoj oilalar, yetimlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning holati o‘rganilib, ularga zarur ko‘maklar o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda. Jumladan, Ramazon oyi va Qurbon hayiti arafasida davlatimiz rahbari tomonidan ajratilgan mablag‘lar belgilangan tartib asosida ehtiyojmand oilalar, yetimlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga yetkazib berildi. Bu xayrli ishlar xalqimizga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Amalga oshirilayotgan har bir xayrli tashabbus manzillilik, ochiqlik va adolat tamoyillari asosida tashkil etilib, vohamizda xayriya ishlarining ko‘lami va samaradorligi yildan-yilga ortib bormoqda. Yaqinda ko‘makka muhtoj bir oilaga uy qurib berigani ham so‘zimizning bir dalilidir.
– Bu zamindan yetishib chiqqan ulug‘ zotlarning boy ilmiy merosi, qadamjolari tarixini xalqaro va respublika miqyosida targ‘ib qilish borasidagi ishlarga ham to‘xtalib o‘tsangiz...
– Bu vohadan yetishib chiqqan Abu Muin an-Nasafiy, Abu Bakr al-Kosoniy, Abu Hafs Nasafiy, Abu Hafs Keshiy, Abu Shakur as-Solimiy, Pazdaviy kabi ko‘plab allomalarning ilmiy merosi nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami ma’naviy xazinasining ajralmas qismidir.
Vakillik faoliyati davomida ushbu boy ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish, targ‘ib qilish va keng jamoatchilikka yetkazishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, allomalarimiz hayoti va ilmiy faoliyati, ular bilan bog‘liq tarixiy maskanlar va qadamjolarni o‘rganish, ularning ma’naviy ahamiyatini yoritish borasida ilmiy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va targ‘ibot ishlari amalga oshirib kelinmoqda.
Alloh taolo din ravnaqi, yurt tinchligi yo‘lida xizmat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizni ikki dunyoda mukofotlasin!
O‘MI Matbuot va media bo‘limi mutaxassisi
Abdulatif ABDULLAYEV suhbatlashdi.