Farzandlarini eru ko'kka ishonmay yurgan Fotimani Allohning yana bir imtihoni kutardi. Bir kuni go'dak o'g'li Muhammad atak-chechak qilayotib, yiqildi. Shunda erda yotgan bir shoxcha uning ko'ziga zaxa etkazdi. Oradan uch-to'rt kun o'tgach, ona farzandining ko'rmayotganini payqab qoldi. Fotima dunyoni unutdi. Allohga nola qildi. Shu topda u o'g'lining ko'ra olishi evaziga hamma narsasini berishga tayyor edi. Katta o'g'li bilan birga buxorolik mashhur tabibnikiga jo'nadi.
Qartaygan, ko'zlari qisiq, titroq qo'lli tabib o'g'lini obdon sinchiklab ko'rib, davolashga ojiz ekanini aytdi. “Shifo yolg'iz Allohdan!” deb taskin ham berdi. Fotima tabib huzuridan bo'shashib, oyoqqo'li holsiz qaytdi.
Fotima sarosimaga tushmadi. U tunlari toatibodatda bedor, kunduzlari ro'zador bo'lib, Allohga iltijo qilib yolvordi, chin ixlos va umid bilan farzandining kasaliga shifo so'radi.
Kunlarning birida juda toliqib, ozroq uxlagan edi, tush ko'rdi. Hassa tutgan baland bo'yli, yuzi nurli, ko'rkam soqolli bir qariya tushiga kirdi. Keyin bilsa, bu zot Ibrohim Halilulloh alayhissalom ekanlar. U kishi Fotimaning qarshisiga kelib, unga xursand holda: “Ey ayol, Allohga ko'p yolvorib yig'laganing, tinmay duolar qilganing samarasiz ketmadi. Mehribon Alloh o'g'lingga ko'zlarini qaytarib berdi”, dedilar.
Uyqudan yuragi hapqirib uyg'ondi. Shoshilinch o'g'li yotgan xonaga chopdi. Kirib qarasa, ko'zi yana hammayoqni ko'ra boshlagan o'g'li o'rnida jilmayib yotardi. Ayol umid-iltijosi mukofotiga berilgan bu yaxshilikdan cheksiz sevindi. Allohga hisobsiz shukrlar aytdi, hamdu sanolar yo'lladi.
Onasi suyib-ardoqlab o'stirgan bu bola keyinchalik hadis ilmining sultoni, ulug' muhaddis Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (Imom Buxoriy) bo'lib etishdi.
“Mo'minalar” jurnalining 2020 yil, 5-sonidan
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan aholi bilan muntazam yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqotlar fuqarolarning muammolarini tizimli hal etishda yuksak samara bermoqda.
Xususan, joriy yilning 18 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, har bir murojaatni alohida e’tibor bilan ko‘rib chiqdi.
Qabul davomida oilaviy masalalar bo‘yicha kelgan yurtdoshlarimizga shar’iy ko‘rsatma va zarur maslahatlar berilgan bo‘lsa, moddiy yordamga muhtoj fuqarolarga belgilangan tartibda amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Ta’kidlash joizki, aholi muammolarini tinglash va ularga yechim topish jarayonlari har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining barcha hududiy vakilliklari hamda jome masjidlarida imom-domlalar tomonidan izchil davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati