Islom ilm, ma'rifat va insonning manfaatlarini himoya qiluvchi din ekanini barcha yaxshi anglashi lozim. Chunki Qur'on karim va hadis sharif Islomning asosiy manbalari bo'lish bilan birga, musulmonlar hayotini tashkil etish uchun muhim qo'llanma ham hisoblanadi. Aynan mana shu jihatdan, musulmonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, inson kamoloti va jamiyat farovonligi, ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotni ko'zlab Qur'on va sunnatga asoslangan holda hukm chiqarish alohida bilim va malakani talab etadi.
Mo''tabar manbalarimizda, shariatga muvofiq deb, e'tirof etiladigan darajadagi hukmni chiqarish hamda fatvo berish huquqiga ega bo'lish, kishiga avvalo arab tili, Qur'on va qur'onshunoslik ilmlari hadis va hadisshunoslik ilmlari, usulul-fiqh va islom tarixi kabi bir qancha ilmlarni juda chuqur va mukammal egallashlikni vazifa qilib qo'yiladi.
Alloh taolo Qur'oni karimda “Oli Imron” surasining 7-oyatida: “U Sizga Kitobni (Qur'onni) nozil qilgan zotdir. Unda shu Kitobning «onasi» sanalmish (ma'nosi) aniq oyatlar va (shu bilan birga) yana mutashobih (ma'nosi O'zidan boshqaga noma'lum) oyatlar ham bor. Ammo dillarida og'ish bor kimsalar odamlarni fitnaga solish va o'z talqiniga muvofiq ma'nolar berish uchun uning (Qur'onning) mutashobih oyatlariga ergashadilar. Holbuki, unday oyatlar ta'vilini (asl ma'nosini) faqat Allohning O'zigina bilur. Ilmda mustahkam (haqqoniy olim)lar esa: «Unga imon keltirdik. Hamma (oyatlari) Rabbimiz huzuridandir», deydilar. (Bundan) faqat aql egalarigina eslatma olurlar”, deb marhamat qiladi.
Imom Termiziy rahmatullohi alayhdan rivoyat qilgan hadisda Payg'ambarimiz sollalohu alayhi vasallam: “Kim Qur'on (oyatlari) haqida o'z ra'yi bilan gapirsa (tafsir qilsa), to'g'ri qilgan bo'lsa ham xato qilibdi” deganlar.
Ya'ni, bundan shunday hikmat topamizki, kimki e'tirof etilgan ustozdan ilm olmay va Qur'on tafsiriga oid ilmlarni o'rganmay, o'zicha Qur'onni tafsir qilishga kirishib, natijada Qur'onni to'g'ri tafsir qilgan taqdirda ham, baribir xatoga yo'l qo'ygan va og'ir gunohni sodir etgan bo'ladi.
Bundan esa, ustoz ko'rmasdan, ilmsiz ravishda Qur'onni tafsir qilish va shuning barobarida ilmsiz ravishda fatvo berish o'ta xatarli ish ekani yana bir bor ravshanlashadi.
Isro surasining 36-oyatida esa, Alloh taolo: “(Ey inson!) O'zing (aniq) bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko'z, dilning har biri to'g'risida (har bir inson) mas'ul bo'lur (javob berur)”, deb marhamat qilgan.
Ushbu oyat haqida Qatoda rahimahulloh “Ko'rmagan narsangni “ko'rdim”, eshitmagan narsangni “eshitdim”, bilmagan narsangni “bilaman” dema! Chunki, Alloh taboraka va ta'olo bularning barchasi haqida sendan qiyomat kuni so'rovchidir”, deganlar.
Demak, har bir inson musulmonlarning aksari e'tirof etmagan balki, e'tiroz bildirgan va rad etgan shaxslar va toifalarning gap-so'ziga quloq solishdan, asliyatini ko'rmagan narsalari haqida go'yoki aslini bilgandek so'zlashdan, qalbi hotirjam bo'lmagan narsalar haqida o'zboshimchalik bilan tafakkur qilishdan uzoqda bo'lishi lozim. Aksincha bo'lganda esa, bu musulmon Qiyomat kuni o'z hisobi o'ta og'ir bo'lishini anglashi muhimdir.
Davomi bor.
Manbalar asosida
Akmalxon Axmedov tayyorladi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati