CAVOL: Assalomu alaykum ustozlar. Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda bunday xabarlar tarqamoqda: “Ramazon oyi 2021 yil 12 apreldan boshlanadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Bir inson boshqa bir insonga Ramazon oyi kirib kelish sanasini birinchi bo'lib eslatsa, do'zax olovi o'sha inson uchun harom qilinadi” degan. Shu hadis ishonchlimi?
JAVOB: Va alaykum assalom. “Bir inson boshqa bir insonga Ramazon oyi kirib kelish sanasini birinchi bo'lib eslatsa, do'zax olovi o'sha inson uchun harom qilinadi” mazmunida hadis yo'q! Balki, bu Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga to'qilgan uydirmalardan biridir. Buni bir necha jihatdan asoslash mumkin:
Birinchidan – ushbu to'qima “hadis”ni biror hadis to'plamiga keltirilmagan va Rasululloh sallallohu alayhi vasallamgacha bo'lgan isnodi – roviylar silsilasi mavjud emas. Zero, har bir hadisning isnodi bo'lishi lozim. Agar biror rivoyatni isnodi bo'lmasa uni hadis deb, atashga hech kimning haqqi yo'q. Shuning uchun ham buyuk muhaddislardan biri Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhi: “Isnod dindandir! Agar isnod bo'lmasa, xohlagan kimsa o'zi xohlagandek gapiraveradi”, deganlar.
Ikkinchidan – Ramazon oyining kirib kelish sanasi oldindan hech kimga ma'lum bo'lmaydi. Balki, Ramazon oyining hilolini ko'rish bilan ma'lum bo'ladi. Demak, u haqida avvaldan eslatish mantiqan imkonsiz ishdir.
Uchinchidan – Ramazon oyi kirib kelish sanasini birinchi bo'lib eslatgan kishiga do'zax olovi harom qilinishi ham shariatimizning umumiy qoidalariga ziddir. Chunki, kim jannatga kirishi, kim do'zaxga kirishi bu kabi amallar bilan belgilanmaydi. Balki, shariat ko'rsatmalariga amal qilishi bilan belgilanadi.
Imom Jaloliddin Suyutiy rahimahulloh o'zining hadis ilmiga bag'ishlangan kitobida to'qima hadislar haqida so'z yuritib, muhaddis olim ibn Javziydan quyidagilarni naql qilib keltiradi:
“Agar biror hadisni aqlga to'g'ri kelmasligini yoki (sahih) naqllarga muvofiq emasligini yoxud asl manbalarga zid ekanini ko'rsang, bilginki, u – to'qima hadisdir. Asl manbalarga zid ekanidan murod – musnadlar va mashhur kitoblardan iborat Islom olamidagi (hadis) to'plamlariga kiritilmaganidir” (“Tadribur-roviy”, 469-bet).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg'on to'qish, bilib-bilmay turli gaplarni hadis deb aytish katta gunohdir. Bu o'sha odamning do'zaxga kirishiga sabab bo'ladi. Shuning uchun biror rivoyatning haqiqiy ekanligiga to'liq ishonch hosil qilmasdan turib, naql qilish yaxshi emas.
Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Kim menga qasddan yolg'on to'qisa, do'zaxdan o'z o'rnini tayyorlayversin”, dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyat qilishgan).
Imom Muslimning rivoyatida: “Albatta, menga yolg'on to'qish boshqa birovga yolg'on to'qishdek emas. Kim menga yolg'onni bilib turib to'qisa, do'zaxdan o'z o'rnini tayyorlayversin”, deyilgan. Ya'ni Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytmagan gapni u zotdan, deb naql qilish, insonni do'zax tomonga etaklovchi amaldir. Bunday yo'l tutishdan nihoyatda ehtiyot bo'lish kerak.
Mug'iyra ibn Sho''ba raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim mening nomimdan yolg'on deb gumon qilingan hadisni aytsa, u yolg'onchilardan biridir”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolarimiz to'qima hadislarni aytish va tarqatishdan qattiq qaytarganlar. Hatto ba'zi ulamolar uni gunohi kabiralardan sanagan. Faqat o'sha “hadis” to'qima ekanidan ogohlantirish maqsadida aytishga ruxsat berilgan.
Shunday ekan bilmaganlar bilib olsin, bilganlar boshqalarga ham etkazib, ogohlantirib qo'ysin. Bu ishni qilib, to'qima rivoyatlarni tarqatib yurganlar tavba qilishsin, oddiy-asossiz gaplarni hadis deb taqatishni to'xtatishsin. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay'ati.
Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.
IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.
Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.
Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."
Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.
Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:
Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati