Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Avgust, 2026   |   5 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:08
Quyosh
05:35
Peshin
12:27
Asr
17:17
Shom
19:22
Xufton
20:45
Bismillah
18 Avgust, 2026, 5 Rabi`ul avval, 1448

Ba'zi islomiy tushunchalarning asliy talqini

11.01.2021   3201   10 min.
Ba'zi islomiy tushunchalarning asliy talqini

Islom dinida shunday atamalar borki, bu atamalarga Islomning ilk davrlaridan to bizning kunlarga qadar musulmonlar faqat ibodat ma'nosida qaraganlar. Sababi bu atamalar bilan nomlangan ibodatlar diniy manbalarimiz bo'lgan Qur'on va sunnatda maqtalgan. Shu bilan birga musulmonlardagi samimiy iymonning haqiqatini yuzaga chiqarib beradigan ibodatlarning  ba'zi birlarining nomi shu atamalar bilan nomlangan.

Bugungi kunga kelib, mana shu atamalarni eshitgan kishilarning qalbida qo'rquv paydo bo'lgani nihoyatda achinarli holdir. Nafaqat musulmonlar ommasiga, balki, butun dinlar, millat va elat vakillariga bu kalimalarning asl ma'no va mohiyatini to'g'ri tushuntirib berish bugungi kunda Islom ulamolarining asosiy vazifalaridan biri bo'lib qolmoqda. Sababi bugun dunyoning turli burchaklarida o'zining qo'poruvchilik harakatlarini amalga oshirayotgan ba'zi manqurtlar aynan shu kalimalarni qayta qayta tilga olmoqda. Lekin Islom dini terroristik harakatlarga eng avval qarshi turuvchi din hisoblanadi. Qur'on va sunnatga amal qilgan sof aqidali musulmonlar,  tillari bilan ham dillariyu qo'llari bilan ham birovga ozor etkazishdan yiroqdadir. 

 Yuqoridagi so'zlarimizdan, har bir kishida tabiiy ravishda bir necha savollar tug'ilishi mumkin. Ho'sh bu atamalar nimalardan iborat, nima uchun aksariyat kishilar bu atamalarni eshitsa qo'rquvga tushadi, musulmonlar bu nomlanilgan atamalarga qanday munosabatda bo'lishlari kerak va hokazo.

Islom dinini g'arazli maqsadlarini amalga oshirish uchun niqob qilib, ba'zi musulmonlarning ilmsizligidan foydalangan va ularni o'z saflariga qo'shgan kuchlar, muqaddas dinimizning nomiga dog' tushirishni ham oldilarida maqsad qilib olganliklari bugun fosh bo'lmoqda. Ular turli toifalarga bo'linib , bugungi kunda dunyoning turli joylarida, vahshiyona harakatlari bilan butun insoniyatga aziyat etkazmoqdalar. Ular Alloh taolo man etib, qat'iy qaytargan ishlardan biri bo'lmish, nohaq insonlarning qonini to'kayotib, «Allohu akbar» kalimasini talqin qilishmoqda. Shu bilan birga bu dahshatli yovuzliklarini internet tarmoqlari orqali tarqatishmoqda. Umuman boshqa dinda bo'lgan kishilar , bu holatlarni ko'rganda Islom dini haqida yomon tasavvurlarga ega bo'lishiga shubha yo'q. Chunki ularda bu muqaddas din haqida hech qanday tushincha yo'q.

Hozirgi kunda aksariyat kishilar nomini tilga olishga ham qo'rqib qolgan bu aslida muqaddas sanalmish kalimalarning eng mashhurlari:«Hijrat», «jihod», «shahidlik», «xalifalik», «salaf» kabi kabi kalimalardir.

Hozirgi kunda ko'pchilik eshitsa vahimaga tushadigan Islomiy ibodatlardan biri “hijrat”  so'zi bo'lib qoldi. Insonlarning bu so'zni eshitsa vahimaga tushishilarining sababi, ba'zi oqimlar o'z jinoiy maqsadlarini amalga oshirish uchun bu kalimani ishlatib, turli buzg'unchi harakatlarni amalga oshirishgan. Aslida esa Payg'ambarimiz Muhammad mustafo solallohu alayhi vasallamning Makkadan Madina shahriga ko'chib o'tganlari dinimiz istilohida “hijrat”, deyiladi. Keyin esa nima sababdan ketganliklari e'tiborga olinadi. Payg'ambarimiz solallohu alayhi vasallamga Makka mushriklari haddan ziyod ozor berganligi sababidan,  u zot dinlari, jon va mollarini asrash uchun shu ishni amalga oshirdilar. Eng avval esa oz sonli musulmonlar Makkadan Habashistonga hijrat qilishgan edi. Bunga ham asl sabab Payg'ambarimiz solallohu alayhi vasallamni chiqargan narsalar edi. Mana shu oz sonli musulmonlarga  ham Rasululloh  o'zlari ijozat bergan edilar. Diniga , molu joniga aziyatlar haddat ziyod kuchaygan paytda amalga oshirilgan bu “hijrat”, bu ibodat, Alloh taologa qurbat bo'lishi bilan birga ,U zotning buyrig'i ham sanaladi. Hijrat so'zining mohiyatini anglagan kishi unda hech qanday salbiy ma'no yo'qligiga amin bo'ladi. Hijrat ikki xil bo'ladi. Birinchisi makoniy hijrat bo'lib, din va hayot muhofazasi uchun amalga oshiradi.  Unga ta'luqli bir qancha oyatlar va hadislar vorid bo'lgan.  Jumladan Nahl surasining 41-oyatida Alloh taolo shunday marhamat etadi: “Zulmu qiynoqlarga duchor bo'lganlaridan so'ng  Alloh yo'lida  hijrat qilgan zotlarni albatta bu dunyoda ham go'zal (go'shalarga) joylashtirurmiz. Endi oxirat ajr mukofoti yanada kattaroq ekanini (odamlar) bilsalar edi!”.

Hijrat ma'nosidagi oyatlar Niso (100-oyat), Anfol (74-oyat), Nahl (110-oyat) suralarida ham kelgan. 

Ikkinchi turdagi hijrat gunoh va ma'siyatlarni tark etish. Bu haqida Rasululloh solallohu alayhi vasullam Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda: “Tili va qo'lidan boshqa musulmonlar salomat bo'lgan inson haqiqiy musulmondir. Alloh taolo qaytargan tarsalarni tark (hijr) qilgan inson haqiqiy muhojirdir” ,- dedilar.

Bayhaqiy rohimahulloh Ibn Umar roziyallohu anhumo rivoyat qilgan hadisda: “Hijratning eng afzali – Robbing yomon ko'rgan narsalarni tark etmog'ingdir”,- dedilar.

Bugungi kunga kelib ba'zilar tomonidan “hijrat” so'zi noto'g'ri talqin qilinmoqda. Aqidaparast oqimlar bu  so'zni o'z mafkuraviy qarashlariga mos ravishda safdoshlarini targ'ib qilib, qelmoqdalar. Bu kuchlar dunyoning notinch hukm surgan va o'zlari qo'nim topgan mitaqalariga taassubga berilgan shaxslarni bir joyga jamlash va shu orqala rejalashtirgan maqsadlari yo'lida harakatlanishmoqda. Ular ilm va ma'rifatdan yiroq kishilarni o'z atroflariga to'plashga intilib,  Islom diyori bo'lgan, azon aytiladigan , besh mahal namoz o'qish bemalol bo'lgan, Jum'a va Hayitlar o'qiladigan tinch Vatanni tark etishga chaqiradi.

Jihod – so'zi atrofida ham ko'plab  arzimas so'zlar ko'payib ketganini bilamiz. Aslida bu so'z arabcha bo'lib, tarjima qilinganda g'ayrat qilmoq, harakat qilmoq, intilmoq , zo'r bermoq kabi yana bir qancha ma'nolarni anglatadi. Dastlab “jihod” deganda Islomni himoya qilish va yoyish uchun kurash tushinilgan. Uning istilohiy ma'nosi haqida Ibn Rog'ib:  “Dushmandan himoyalanishda tili va qo'li  yoki kuchi bilan g'ayrat qilishdir”, degan.  Ibn Rushd: “Jihod qalb, til, qo'l va qilich bilan kurashindir”, deb uni to'rt qismga ajratganlar.  Islom tarixidan bizga ma'lumki, musulmonlar o'z Vatanlaridan quvilib, dushman tomondan urush ochilganidan so'ng, ularga qarshi jihod qilishga ruhsat berilgan.  Bu haqida nozil bo'lgan eng birinchi oyat “Haj” surasi 39-oyatidir: “Hujumga uchrayotgan (musulmonlarga) , muzlum bo'lganligi sababli, (jang qilishga) izn berildi. Albatta, Alloh ularga yordam berishga qodirdir” .

Demak , Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kofirlarga qarshi qilich bilan bo'lgan kurashi ularni so'z bilan Islomga va musulmonlarni butunlay yo'q qilishga qaratilgan harakatlari oqibatida amalga oshirilgan. Ya'ni kofirlar avval musulmonlarga qarshi urush ochgan, musulmonlar esa urush va hujumga uchragan.  Musulmonlar o'sha davrda mudofaa uchun qarshi hujumga javob berish va dushman tomonidan kutilgan tajovuzni oldini olish uchun harbiy tadbirlar qilishgan.

Afsuski, ushbu tushuncha takror va takror islom ulamolari tomonidan sharhlanib, jihod bu- jang qilish emasligi,  arab tilida urushni anglatuvchi “qitol” so'zi mavjudligi ta'kidlanayotgan bo'lsada, bazi shaxslar ongida qurolli kurash degan tushincha hamon hukmron bo'lib turibdi. Vaholanki, “jihod”ning asosiy negizi Islom va uning asoslarini insonlarga to'g'ri talqin etishdir. Bunga turli fiqh kitoblarining jihod bobi hujjat bo'la oladi.  Muzkur asarlarda insonlarni yaxshilikka chorlash va yomonlikdan qaytarish jihodning asosiy mag'zi ekanligi bayon etilgan.

Shahidlik – so'zi“hozir, guvoh” kabi ma'nolarni bildiradi.  Shuningdek, “Shahid” Allohning ismlaridan biri, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo'luvchi Zot” , ekanlini ifoda etadi.  Umumiy lafzda Allohning roziligini topish maqsadida, o'zini, ahlini, millatini himoya qilish yo'lida jonini fido etan kishiga “shahid” , deyiladi. Shahid- Allohning roziligini topaman deb kurashganda , bir shaxs tomonidan o'ldirilgan musulmonga nisbattan aytiladigan so'z.  Kishi garchi din yo'lida deb e'lon qilsada, o'zini o'zi o'ldirsa, “o'z joniga qasd qilgan” sanaladi. Shahid emas. O'z joniga qasd qilish esa Islomda gunohi kabira sanaladi.  Shahidlikning bir necha turlari bo'lib, bular holatiga qarab, “haqiqiy shahid”, “hukmiy shahid”,  “dunyo shahidligi” , “oxirat shahidligi”, “dunyo va oxirat shahidligi”, deb nomlaniladi.  Asrimizning zabardast ulamolari bu ma'noni atroflicha o'rganib, bugungi kunda , ba'zi diyorlarda   shahid bo'lish    maqsadida, o'zini portlayotganlar nihoyatda katta gunohga qo'l urgan kishi sanaladi. Qur'on oyatlari va sunnatda bayon etilgan o'zini-o'zi o'ldirish to'g'risidagi man qilingan ko'rsatmalarning mavjudligi, uning harom amal ekanligi, shu bilan birga o'z-o'zidan biror hujjatning yo'qligi esa, uning noshar'iy amal ekanligiga dalolat qiladi. Shuning uchun bu ishni amalga oshirgan kishilarin shahid deyish joiz emasligi, balki, o'z joniga qasd qilish deb nomlash kerakligini ta'kidlaganlar.

Musulmonlar doimo ilmga intilishlari , tafsir, hadis, aqida, fiqh ilmlaridan xabardor bo'lishlari nihoyatda zarur. Shu bilan   birga mavzuni o'rganish davomida, o'sha mavzuda e'tirof etilgan Islom   ulamolarning fatvolaridan ham bahramand bo'lishga intilishlari  foydalidir. Ulamolar tomonidan ham halqni diniy savodini oshirish maqsadida, tez-tez ilmiy suhbatlar uyushtirish, odamlar orasidan ilmsizlik tufayli yuzaga chiqayotgan mutaassiblikning oldi olinishiga katta turtki bo'ladi.  

Abu Bakr as-Siddiq jome masjidi

imom-xatibi Orifjon To'qsanov

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

11.08.2026   25911   10 min.
“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.

“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:

﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾

“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).

Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.

Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:

‏ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ:‏ الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.

«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.

Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.

“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾

“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).

Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.

«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).

Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.

Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.

Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.

Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.

Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.

Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).

Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.

Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:

وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.

“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.

Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.

Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:

قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ

فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.

Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).

Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.

Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar

﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾

“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.

Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.

Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.

Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.

Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA