Islom dinida shunday atamalar borki, bu atamalarga Islomning ilk davrlaridan to bizning kunlarga qadar musulmonlar faqat ibodat ma'nosida qaraganlar. Sababi bu atamalar bilan nomlangan ibodatlar diniy manbalarimiz bo'lgan Qur'on va sunnatda maqtalgan. Shu bilan birga musulmonlardagi samimiy iymonning haqiqatini yuzaga chiqarib beradigan ibodatlarning ba'zi birlarining nomi shu atamalar bilan nomlangan.
Bugungi kunga kelib, mana shu atamalarni eshitgan kishilarning qalbida qo'rquv paydo bo'lgani nihoyatda achinarli holdir. Nafaqat musulmonlar ommasiga, balki, butun dinlar, millat va elat vakillariga bu kalimalarning asl ma'no va mohiyatini to'g'ri tushuntirib berish bugungi kunda Islom ulamolarining asosiy vazifalaridan biri bo'lib qolmoqda. Sababi bugun dunyoning turli burchaklarida o'zining qo'poruvchilik harakatlarini amalga oshirayotgan ba'zi manqurtlar aynan shu kalimalarni qayta qayta tilga olmoqda. Lekin Islom dini terroristik harakatlarga eng avval qarshi turuvchi din hisoblanadi. Qur'on va sunnatga amal qilgan sof aqidali musulmonlar, tillari bilan ham dillariyu qo'llari bilan ham birovga ozor etkazishdan yiroqdadir.
Yuqoridagi so'zlarimizdan, har bir kishida tabiiy ravishda bir necha savollar tug'ilishi mumkin. Ho'sh bu atamalar nimalardan iborat, nima uchun aksariyat kishilar bu atamalarni eshitsa qo'rquvga tushadi, musulmonlar bu nomlanilgan atamalarga qanday munosabatda bo'lishlari kerak va hokazo.
Islom dinini g'arazli maqsadlarini amalga oshirish uchun niqob qilib, ba'zi musulmonlarning ilmsizligidan foydalangan va ularni o'z saflariga qo'shgan kuchlar, muqaddas dinimizning nomiga dog' tushirishni ham oldilarida maqsad qilib olganliklari bugun fosh bo'lmoqda. Ular turli toifalarga bo'linib , bugungi kunda dunyoning turli joylarida, vahshiyona harakatlari bilan butun insoniyatga aziyat etkazmoqdalar. Ular Alloh taolo man etib, qat'iy qaytargan ishlardan biri bo'lmish, nohaq insonlarning qonini to'kayotib, «Allohu akbar» kalimasini talqin qilishmoqda. Shu bilan birga bu dahshatli yovuzliklarini internet tarmoqlari orqali tarqatishmoqda. Umuman boshqa dinda bo'lgan kishilar , bu holatlarni ko'rganda Islom dini haqida yomon tasavvurlarga ega bo'lishiga shubha yo'q. Chunki ularda bu muqaddas din haqida hech qanday tushincha yo'q.
Hozirgi kunda aksariyat kishilar nomini tilga olishga ham qo'rqib qolgan bu aslida muqaddas sanalmish kalimalarning eng mashhurlari:«Hijrat», «jihod», «shahidlik», «xalifalik», «salaf» kabi kabi kalimalardir.
Hozirgi kunda ko'pchilik eshitsa vahimaga tushadigan Islomiy ibodatlardan biri “hijrat” so'zi bo'lib qoldi. Insonlarning bu so'zni eshitsa vahimaga tushishilarining sababi, ba'zi oqimlar o'z jinoiy maqsadlarini amalga oshirish uchun bu kalimani ishlatib, turli buzg'unchi harakatlarni amalga oshirishgan. Aslida esa Payg'ambarimiz Muhammad mustafo solallohu alayhi vasallamning Makkadan Madina shahriga ko'chib o'tganlari dinimiz istilohida “hijrat”, deyiladi. Keyin esa nima sababdan ketganliklari e'tiborga olinadi. Payg'ambarimiz solallohu alayhi vasallamga Makka mushriklari haddan ziyod ozor berganligi sababidan, u zot dinlari, jon va mollarini asrash uchun shu ishni amalga oshirdilar. Eng avval esa oz sonli musulmonlar Makkadan Habashistonga hijrat qilishgan edi. Bunga ham asl sabab Payg'ambarimiz solallohu alayhi vasallamni chiqargan narsalar edi. Mana shu oz sonli musulmonlarga ham Rasululloh o'zlari ijozat bergan edilar. Diniga , molu joniga aziyatlar haddat ziyod kuchaygan paytda amalga oshirilgan bu “hijrat”, bu ibodat, Alloh taologa qurbat bo'lishi bilan birga ,U zotning buyrig'i ham sanaladi. Hijrat so'zining mohiyatini anglagan kishi unda hech qanday salbiy ma'no yo'qligiga amin bo'ladi. Hijrat ikki xil bo'ladi. Birinchisi makoniy hijrat bo'lib, din va hayot muhofazasi uchun amalga oshiradi. Unga ta'luqli bir qancha oyatlar va hadislar vorid bo'lgan. Jumladan Nahl surasining 41-oyatida Alloh taolo shunday marhamat etadi: “Zulmu qiynoqlarga duchor bo'lganlaridan so'ng Alloh yo'lida hijrat qilgan zotlarni albatta bu dunyoda ham go'zal (go'shalarga) joylashtirurmiz. Endi oxirat ajr mukofoti yanada kattaroq ekanini (odamlar) bilsalar edi!”.
Hijrat ma'nosidagi oyatlar Niso (100-oyat), Anfol (74-oyat), Nahl (110-oyat) suralarida ham kelgan.
Ikkinchi turdagi hijrat gunoh va ma'siyatlarni tark etish. Bu haqida Rasululloh solallohu alayhi vasullam Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda: “Tili va qo'lidan boshqa musulmonlar salomat bo'lgan inson haqiqiy musulmondir. Alloh taolo qaytargan tarsalarni tark (hijr) qilgan inson haqiqiy muhojirdir” ,- dedilar.
Bayhaqiy rohimahulloh Ibn Umar roziyallohu anhumo rivoyat qilgan hadisda: “Hijratning eng afzali – Robbing yomon ko'rgan narsalarni tark etmog'ingdir”,- dedilar.
Bugungi kunga kelib ba'zilar tomonidan “hijrat” so'zi noto'g'ri talqin qilinmoqda. Aqidaparast oqimlar bu so'zni o'z mafkuraviy qarashlariga mos ravishda safdoshlarini targ'ib qilib, qelmoqdalar. Bu kuchlar dunyoning notinch hukm surgan va o'zlari qo'nim topgan mitaqalariga taassubga berilgan shaxslarni bir joyga jamlash va shu orqala rejalashtirgan maqsadlari yo'lida harakatlanishmoqda. Ular ilm va ma'rifatdan yiroq kishilarni o'z atroflariga to'plashga intilib, Islom diyori bo'lgan, azon aytiladigan , besh mahal namoz o'qish bemalol bo'lgan, Jum'a va Hayitlar o'qiladigan tinch Vatanni tark etishga chaqiradi.
Jihod – so'zi atrofida ham ko'plab arzimas so'zlar ko'payib ketganini bilamiz. Aslida bu so'z arabcha bo'lib, tarjima qilinganda g'ayrat qilmoq, harakat qilmoq, intilmoq , zo'r bermoq kabi yana bir qancha ma'nolarni anglatadi. Dastlab “jihod” deganda Islomni himoya qilish va yoyish uchun kurash tushinilgan. Uning istilohiy ma'nosi haqida Ibn Rog'ib: “Dushmandan himoyalanishda tili va qo'li yoki kuchi bilan g'ayrat qilishdir”, degan. Ibn Rushd: “Jihod qalb, til, qo'l va qilich bilan kurashindir”, deb uni to'rt qismga ajratganlar. Islom tarixidan bizga ma'lumki, musulmonlar o'z Vatanlaridan quvilib, dushman tomondan urush ochilganidan so'ng, ularga qarshi jihod qilishga ruhsat berilgan. Bu haqida nozil bo'lgan eng birinchi oyat “Haj” surasi 39-oyatidir: “Hujumga uchrayotgan (musulmonlarga) , muzlum bo'lganligi sababli, (jang qilishga) izn berildi. Albatta, Alloh ularga yordam berishga qodirdir” .
Demak , Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kofirlarga qarshi qilich bilan bo'lgan kurashi ularni so'z bilan Islomga va musulmonlarni butunlay yo'q qilishga qaratilgan harakatlari oqibatida amalga oshirilgan. Ya'ni kofirlar avval musulmonlarga qarshi urush ochgan, musulmonlar esa urush va hujumga uchragan. Musulmonlar o'sha davrda mudofaa uchun qarshi hujumga javob berish va dushman tomonidan kutilgan tajovuzni oldini olish uchun harbiy tadbirlar qilishgan.
Afsuski, ushbu tushuncha takror va takror islom ulamolari tomonidan sharhlanib, jihod bu- jang qilish emasligi, arab tilida urushni anglatuvchi “qitol” so'zi mavjudligi ta'kidlanayotgan bo'lsada, bazi shaxslar ongida qurolli kurash degan tushincha hamon hukmron bo'lib turibdi. Vaholanki, “jihod”ning asosiy negizi Islom va uning asoslarini insonlarga to'g'ri talqin etishdir. Bunga turli fiqh kitoblarining jihod bobi hujjat bo'la oladi. Muzkur asarlarda insonlarni yaxshilikka chorlash va yomonlikdan qaytarish jihodning asosiy mag'zi ekanligi bayon etilgan.
Shahidlik – so'zi“hozir, guvoh” kabi ma'nolarni bildiradi. Shuningdek, “Shahid” Allohning ismlaridan biri, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo'luvchi Zot” , ekanlini ifoda etadi. Umumiy lafzda Allohning roziligini topish maqsadida, o'zini, ahlini, millatini himoya qilish yo'lida jonini fido etan kishiga “shahid” , deyiladi. Shahid- Allohning roziligini topaman deb kurashganda , bir shaxs tomonidan o'ldirilgan musulmonga nisbattan aytiladigan so'z. Kishi garchi din yo'lida deb e'lon qilsada, o'zini o'zi o'ldirsa, “o'z joniga qasd qilgan” sanaladi. Shahid emas. O'z joniga qasd qilish esa Islomda gunohi kabira sanaladi. Shahidlikning bir necha turlari bo'lib, bular holatiga qarab, “haqiqiy shahid”, “hukmiy shahid”, “dunyo shahidligi” , “oxirat shahidligi”, “dunyo va oxirat shahidligi”, deb nomlaniladi. Asrimizning zabardast ulamolari bu ma'noni atroflicha o'rganib, bugungi kunda , ba'zi diyorlarda shahid bo'lish maqsadida, o'zini portlayotganlar nihoyatda katta gunohga qo'l urgan kishi sanaladi. Qur'on oyatlari va sunnatda bayon etilgan o'zini-o'zi o'ldirish to'g'risidagi man qilingan ko'rsatmalarning mavjudligi, uning harom amal ekanligi, shu bilan birga o'z-o'zidan biror hujjatning yo'qligi esa, uning noshar'iy amal ekanligiga dalolat qiladi. Shuning uchun bu ishni amalga oshirgan kishilarin shahid deyish joiz emasligi, balki, o'z joniga qasd qilish deb nomlash kerakligini ta'kidlaganlar.
Musulmonlar doimo ilmga intilishlari , tafsir, hadis, aqida, fiqh ilmlaridan xabardor bo'lishlari nihoyatda zarur. Shu bilan birga mavzuni o'rganish davomida, o'sha mavzuda e'tirof etilgan Islom ulamolarning fatvolaridan ham bahramand bo'lishga intilishlari foydalidir. Ulamolar tomonidan ham halqni diniy savodini oshirish maqsadida, tez-tez ilmiy suhbatlar uyushtirish, odamlar orasidan ilmsizlik tufayli yuzaga chiqayotgan mutaassiblikning oldi olinishiga katta turtki bo'ladi.
Abu Bakr as-Siddiq jome masjidi
imom-xatibi Orifjon To'qsanov
Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.
Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.
Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.
Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.
Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.
Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.
Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati