Hozirgi kunda Islom dinida uchraydigan ba'zi bir so'zlarni (terminlarni) noto'g'ri talqin qilish hisobiga turli tushunmovchiliklar, besabab fitnalar zuhur bo'lib turmoqda. Musulmonlar o'rtasida fasod ishlar ko'paymoqda. Bu kabi qabihlikka va gunohga olib keladigan amallardan saqlanish uchun Islomiy terminlarning ba'zi birlari bilan tanishib chiqishni va bunga doir Ahli sunna val jamoae'tiqodini bilib olishni o'z oldimizga maqsad qilib qo'ydik.
Hijrat
Bu so'z arab tilida bir joydan ikkinchi joyga ko'chib o'tish ma'nosini anglatadi. Islomiy istilohda esa Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallam bilan birga yashagan va Islom diniga iymon keltirgan kishilarning Habashistonga, keyin esa Madinaga ko'chib o'tishlariga aytiladi.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam davrida hijrat qilinishiga sabab U zot boshchiligidagi musulmonlarning o'z yurtlarida sig'may, aniqrog'i, iymon e'tiqodlari va hayotlari xavf-xatarga tushib, halok bo'lish ehtimoli kuchaygach, majburlikdan chiqib ketishlari edi.
Olimlarimiz sahih hadislarga suyangan holda hijratni ikkiga bo'lishadi. Birinchisi – yuqorida aytilganidek din va hayotni qutqarib qolish uchun bir joydan ikkinchi joyga ko'chib o'tish. Ikkinchisi –gunoh-ma'siyatlarni tark etish.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Tili va qo'lidan musulmonlar salomat bo'lgan inson haqiqiy musulmondir. Alloh taolo qaytargan narsalarni tark qilgan (hijrat qilgan) inson haqiqiy muhojirdir”. Boshqa hadisda Imom Bayhaqiy rivoyat qilib aytadilar: “Hijratning eng afzali – Robbing yomon ko'rgan narsani tark etmog'ingdir”.
Bugungi kunda ba'zi g'alamislar va mutaassib kishilar bong urayotgan hijrat tushunchasi (termini) mutlaq boshqa ma'nolarni bildirmoqda. Ular oyatlar va hadislarni zamon va makon holatidan kelib chiqmasdan, o'zlaricha, turli fatvolar va hukmlarni e'lon qilmoqdalar. Hususan, ilm-ma'rifat olish uchun imkoniyatlar to'la yaratilib qo'yilgan, namoz, ro'za, haj va boshqa Islom arkonlarini bajarish uchun barcha imkoniyatlar muhayyo qilib qo'yilgan o'lkani tark etishni farz darajasiga chiqarib, o'z yurtlaridan “hijrat qilishga” da'vat etmoqdalar. Begona yurtlarda sarson bo'lib, qurol ishlatishni, zo'ravonlik qilishni o'rgatmoqdalar.
Hanafiy mazhabi olimlari g'alamis va mutaassib kishilarning so'ziga quyidagi xabarlar bilan raddiya beradilar:
Al-Foqihiy o'zining “Makka xabarlari” asarida shunday yozadi: “Ibn Abbos raziyallohu anhu uxlayotganida yostig'i tagidagi hamyonini o'g'irlashadi. O'g'ri ushlanib, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam oldilariga olib borilganida, o'g'ri o'z qilmishini shu mablag' evaziga hijrat qilmoqchi ekanligini aytib oqlanmoqchi bo'ladi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uning ishini qoralab, Makkaga qaytishligini va o'z yurtida muqim yashashni buyuradilar. Va qo'shimcha qilib: “Hijrat to'xtatildi” deya ta'kidlaydilar.
Abdullo ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qilib aytadi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam oldilariga bir kishi kelib: “Ey Allohning Rasuli, men ota-onamni yig'lagan holda tashlab, hijrat qilish uchun sizning huzuringizga keldim” – deydi. U kishi esa: “Ota-onangni oldiga qaytib, ularni qanday yig'latgan bo'lsang, shunday kuldirgin” – deb javob berdilar.
Demak, “hijrat” kalimasi ba'zi kimsalar talqin qilganidek, o'z yurtini tashlab, o'zga yurtda mo''minlik qilish emas ekan. Balki o'z yurtida turib, ibodatlarni mukammal bajarish, gunohu ma'siyatlardan saqlanish haqiqiy mo''minlik bo'lar ekan.
Shahidlik
“Shahid” kalimasi Alloh taoloning ismi sifatlaridan biri bo'lib, “Har doim hozir bo'luvchi zot” ma'nosida keladi. Umumiy lafzda esa Alloh yo'lida halok bo'lgan kishiga aytiladi. Bu lafz Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallamdan kelgan xabarlarga ko'ra ikki turga bo'lingan:
Birinchisi – haqiqiy shahidlik. U Alloh yo'lida vafot etgan, halok bo'lgan shaxsdir. Bu darajadagi musulmon kishi vafot etganidan keyin qabr azobidan omonda qoladi. Qiyomat kunida barcha gunohari kechirilib, to'g'ri jannatga kiradi.
Ikkinchisi – hukmiy shahidlik. Hadislarda kelganidek, bunga g'ayritabiiy yo'l bilan halok bo'lgan musulmon kishilar kiradi. Misol uchun, birov tomonidan yoki hayvon tomonidan o'ldirilgan, tom bosgan, tabiiy ofat, turli kasallik, zaharlanish, Haj vaqtida, suvda cho'kib va hokazo holatlarda vafot etgan kishilarga “hukmiy” shahid deyiladi. Shuningdek, Hanafiy olimlarizulm ko'rib vafot etgan, yo'l to'sar qo'lidan yoki qotillar qo'lidan vafot etgan musulmonlarni ham hukmiy shahidga kiritganlar.
Lekin, hozirgi kunda, internet saytlarida portlovchi moslamalarni kiyib, tinch aholi o'rtasiga kirib o'zini portlatayotganlarni ham shahid maqomiga ko'tarayotgan “olimlar fatvosi”ga duch kelishingiz mumkin. Ular Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam davrlaridagi g'azotlardan misol keltirib, noto'g'ri hukmlarni chiqarayotganligiga guvoh bo'lasiz. Ulardan biri Barro ibn Molikning Hanifa g'azotida qamal qilingan qal'ada “Meni ko'tarib ichkariga otinglar, eshikni ochaman” – deya sahobalarga aytgan so'zlarini hujjat sifatida keltirishadi. Barro ibn Molikning bu ishi xatarli edi, lekin shunga qaramasdan uning tirik qolishiga yuzdan ellik foiz imkoniyat ham bor edi. Biroq o'ziga portlovchi moslamani kiyib, urush emas, balki tinch aholi o'rtasiga kirib o'zini portlatishda tirik qolish uchun biron foiz ham imkoniyat yo'q-ku?!
Ularning boshqa dalili Abu Ayyub Ansoriyning raziyallohu anhu so'zlaridir. Musulmon kishi jang paytida dushman safiga tushib qolib, shahid bo'lishlik haqida aytganlarini hujjat sifatida keltirishadi. Bu hujjat ham o'zini tinch aholi o'rtasiga olib kirib, portlatish uchun asos bo'lmaydi. Sababi, kishi dushman safiga kirsa dushman tomonidan o'ldirilinadi. O'zining tig'idan o'lsa shahid bo'lmaydi. Undan keyin dushman bilan urushda yuzma-yuz kelinadi. Odamlar dam olib o'tirgan, tijorat va boshqa maqsadda yurgan joylar urush joylari hisoblanmaydi.
O'zini musulmonlar va g'ayrimusulmonlar ichiga otib, portlatish Qur'on va Sunna hujjatlariga muvofiq o'sha kimsa gunohkor bo'ladi va abadiy do'zax olovida yonadi. Bu kimsa “o'z joniga suiqast qilgan” hamda boshqalarning hayotiga besabab zarar bergan hukmida bo'ladi. Buning dalili sifatida “Niso” surasining 93 oyatini keltiramiz: “Kim qastdan bir mo''minni o'ldirsa, uning jazosi jahannam bo'lib, o'sha joyda abadiy qolajak. Va u Allohning azobi va la'natiga duchor bo'lgan, Alloh uning uchun ulug' azobni tayyorlab qo'ygandir”.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Payg'ambar sallallohu alayhi va sallam aytadilar: “O'zini biror narsa sababidan o'ldirgan shaxs, albatta, jahannamda abadiy, doimiy azoblanadi”. Boshqa hadisda Abu Hurayradan raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam aytadilar: “Kim o'zini tog'dan tashlasa va o'zini o'ldirsa, u jahannam o'tida abadiy, doimiy yiqilib azoblanadi. Kimki zahar ichib, o'ziga suiqast qilsa, jahannam o'tida qo'lidagi zaharni ichib abadiy, doimiy azoblanadi. Kim o'zini temir bilan o'ldirsa, jahannam o'tida temirini qorniga urib abadiy, doimiy azoblanadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg'ambar sallallohu alayhi va sallam o'z joniga qast qilishni qoralab hayotni qadriga etishni ulug' sanadilar. Bu kabi hatti harakatlardan qaytarish maqsadida o'z joniga qast qilganlarni janozasini o'qimadilar.
Jihod
“Jihod” arab tilidan tarjima qilinganda g'ayrat qilish, harakat qilish, zo'r berish, intilish ma'nolarida keladi. Istilohda esa, dastlab, Islom dinini himoya qilish va yoyish uchun kurash olib borish tushunilgan. Imom Rog'ib rahmatullohi alayhi aytadi: “Jihod – dushmandan himoyalanishda qo'li, tili yoki kuchi bilan g'ayrat qilishidir”.
Jihod kalimasi lug'atda keng ma'nolarni o'z ichiga olganligi bois amalda ham ko'p turlarga bo'lindi. Islomga da'vat qilish, ota-onaga xizmat qilish, nafsni tarbiya qilish, dushmanga qarshi turish va hokazo. Alloma Ibn Rushd o'zining “Muqaddamot” asarida jihodning turlarini to'rt qismga ajratadi: qalb, til, qo'l va qilich bilan kurashish. Ibn Rushd Qur'oni karimning “Tavba” surasi 73 oyatini ya'ni, “Ey Payg'ambar, kofir va munofiqlarga qarshi jihod e'lon qiling” oyatini tafsir qila turib, Payg'ambar sallallohu alayhi va sallam va musulmonlarga qarshi turib, ularni jismonan yo'q qilishga intilganlarga nisbatan qilich bilan, munofiqlarga nisbatan til bilan jihod olib borganlar, deydi.
Islom da'vatining avvalgi marhalasi ya'ni, hijratdan oldingi davr, Makka davrini eslaylik. Islomga qarshi turgan kuchlar musulmonlarni tanlagan yo'lidan, e'tiqodidan qaytarish maqsadida turli vositalarni ishga solishgan. Zulmu sitam, azobu uqubatni barcha ko'riishidan foydalanishgan. Shu qiyinchiliklarga qaramasdan Payg'ambar sallallohu alayhi va sallam musulmonlarni sabrga da'vat etardilar. Urush qilishdan qaytarar edilar. Qur'onni yaxshilab o'qigan olim kishilar aytadilarki, 70 dan ortiq oyatda musulmonlar kofirlarga qarshi jihod qilishdan qaytarilganlar. Hatto, himoya uchun ham kofirlarga qarshi kurashishga ruxsat bo'lmagan. Makkada nozil bo'lgan quyidagi oyat so'zimizning tasdig'idir:
“Parvardigoringiz yo'li – diniga donolik, hikmat va chiroyli pand-nasihat bilan da'vat qiling! Ular bilan eng go'zal yo'lda mujodala-munozara qiling!” (Nahl surasi 125-oyat).
Keyinchalik musulmonlar jamiyati shakllanib, o'z vatanlaridan quvilganlaridan so'ng, dushman tomonidan qilingan hujum oqibatida yo'q bo'lib ketish xavfi tug'ilganda Alloh taolo urush qilishga, himoyalanishga ruxsat berdi:
“Hujumga uchrayotgan (musulmon)larga, mazlum bo'lganligi sababli, (jang qilishga) izn berildi. Albatta, Alloh ularga yordam berishga qodirdir” (Haj surasi, 39-oyat).
Demak, kofirlarga qarshi jihod qilish til bilan boshlangan va 13 yil davom etgan. Islom dini va musulmonlar umuman yo'q bo'lib ketish xavfi tug'ilgach, qilich bilan jihod qilish ruxsati berilgan.
Payg'ambarimizning sallallohu alayhi va sallam g'azotlari mohiyatini o'rganib chiqqan olimlarimiz ikki g'oyani ilgari surishadi: birinchisi – qarshi kurashlarga javob berish uchun mudofaa janglari va ikkinchisi – dushman tomonidan kutiladigan tajovuzning oldinini olish maqsadida qilingan harbiy tadbirlar.Shuni alohida ta'kidlashimiz lozim-ki, g'azotlar va janglar doimo urush maydonlarida olib borilgan. Dushman to'xtashni istasa urush to'xtatilgan. Qo'lida quroli yo'q kimsaga qarshi qurol ko'tarilmagan. Ayollar, bolalar va qari kishilarga umuman ozor berilmagan. Bu kabi oliy darajada axloq va odob bilan urush qilish faqat haqiqiy musulmonlar tomonidan sodir bo'lganligiga tarix guvohdir.
Shuningdek, Payg'ambar sallallohu alayhi va sallam hududni kengaytirish, Islom davlatini qurish maqsadida jang qilmaganlar. Agar shundoq bo'lganida edi, Makkada yashab turganlarida davlat qurish uchun harakatga va urushga tayyorgarlik ko'rar edilar. Biroq Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday ishdan o'zlarini saqladilar. Musulmon jamiyati tinch yo'l bilan tabiiy ravishda yuzaga kelgach, uni himoyasi uchun jihodga chiqdilar. Demak, jihod – hech qachon hukumat barpo qilish yoki yo'q joydan qo'zg'olon ko'tarish uchun joriy etilmagan.
Imom Navaviy rahmatullohi alayhi “Al Manhaj fi avvali kitob al-jihad” nomli asarida jihodning assosiy mazmuni bu – yaxshi ishlarga buyurish va yomon ishlardan qaytarish, deb keltiradi.
Hulosa o'rnida aytishimiz mumkinkim, Islom dini – haqiqat va oxirat dinidir. Dushmanlar haqiqatni tashqi tomondan buzishga ko'p urinishdi. Lekin uddasidan chiqa olishmadi. Endigi navbat esa haqiqatni ichidan buzishga harakat ketmoqda. Islomiy terminlarning buzib talqin qilinishi o'sha ichkaridan buzishning bir usulidir. Agar musulmonlar bu terminlarni ham sof holda tushunsalar, dushmanning ichki zarbalaridan ham omonda qoladilar. Qalblari tinchlik va osoyishtalikda qoladi, Inshaalloh.
Buxoro shahar “Mavlono shamsiddin Mahbubiy”
jome' masjidi imom-xatibi Manzitov Baxtiyor
Alloh taolo odamzodga aql, es-hushga qo‘shib did, farosat degan ulug‘ ne’matlarni berganki, ularni ishlatgan, ishlata olgan kishi har doim hamma joyda e’zoz va qadr topgan. Illo, ishlata olmagan kishining o‘zidan boshqalarni ayblashi ayni ahmoqlik, johillik va nodonlikdir.
Qur’oni karimni oyoqlari ostiga olib tepkilayotganini tasvirga tushirib, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatgan kimsaning xatti-harakatlari yurtimiz mo‘min-musulmonlarining nafratini uyg‘otdi, g‘azabini keltirdi. Rost-da, aqlli, sog‘lom kishi shunday ishni qilishi u yoqda tursin, hatto xayoliga ham keltirishining o‘zi dahshatli-ku.
Islom shiorlari ulug‘lanadi, diniy masalalarga nafaqat har bir musulmon, ayni paytda barcha kishilar hurmat bilan munosabatda bo‘lishi ham odamiylik nuqtayi nazaridan, ham huquqiy jihatdan zarurdir.
Alloh taoloning shiorlarini oyoqosti qilish, ulardan birortasini masxaralash, kamsitish, behurmat qilish, xo‘rlash, mensimaslik, xor qilish mo‘min kishining dindan chiqishiga sabab bo‘ladi (Alloh asrasin!).
Islom ta’limotiga ko‘ra, “shior” so‘zi “nishon”, “belgi”, “alomat” ma’nolarini bildiradi. Alloh taoloning dinining ko‘zga ko‘ringan va shon-shavkati alomati bo‘lgan narsalar shior hisoblanadi. Mus'hafi sharif, oyati karimalar ko‘chirilgan varaqlar shularning eng old safida turadi.
Alloh taolo Islom shiorlarini qadrlashga targ‘ib etgan va ularni toptash, masxaralashdan qattiq qaytargan. Jumladan, Haq taolo Qur’oni karimda: “(Gap) shudir. Yana kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulug‘ deb bilsa, bas, albatta, (bu) dillarning taqvosidandir” (Haj surasi, 32 oyat), – deb xitob qilgan.
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shariatning shiorini past sanaganlarni qattiq qoralab bunday deganlar: «“Aniq bilamanki, ummatim ichidagi ba’zi kimsalar Qiyomat kunida Tihoma tog‘i kabi ulkan hasanotlar bilan oppoq bo‘lib kelishadi, lekin Alloh taolo ularning amallarini to‘zigan chang kabi qilib qo‘yadi”. Shunda Cavbon roziyallohu anhu: “Yo Racululloh, bizga ularni cifatlab, ochiq bayon qilib bersangiz, bilmasdan o‘shalardan bo‘lib qolmaylik!” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ular cizlarning birodarlaringiz, cizlarga o‘xshagan odamlardir. Ular ham ciz kabi tunlari ibodat qiladi. Lekin ular shunday odamlarki, yolg‘iz qolgan vaqtlarida shariatning shiorlarini toptaydilar”, – dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati).
Qur’oni karimning darajasi shu qadar ulug‘ki, hatto Mus'hafni tahoratsiz ushlab bo‘lmaydi. Qur’onni ushlamoqchi bo‘lgan odam tahoratli bo‘lishi vojibdir. Alloh taolo: «Uni faqat poklanganlargina ushlaydir», degan (Voqea surasi, 79-oyat).
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni pok odamgina ushlaydi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Shuningdek, Alloh taoloning Kitobini uning mavqeiga munosib, chiroyli g‘ilofda saqlash vojibligi, tozaligiga etibor qaratish, munosib joyga qo‘yish ham vojibdir.
Ulamolar: “Qur’oni karimni axlatga tashlagan odam kofir bo‘ladi”, deyishgan. Kalomullohning hurmatini joyiga qo‘ymaydigan odamga Mus'hafni sotish harom.
“Sahihi Buxoriy” va “Sahihi Muslim”da Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Mus'haf dushmanning qo‘liga tushib qolish xavfi bo‘lsa, Mus'haf bilan dushman yerlariga safar qilishdan qaytarganlari keltirilgan.
Ulamolarning fatvolarida bunday deyiladi: “Kim azonni masxara qilsa yoki Qur’oni karimni yengil sanab oyoqosti qilsa, shar’iy ilmlarni yoxud ulamolarni masxara qilsa, ibodatlarni yengil sanab bajarmasa, masjidni masxara qilsa, kofir bo‘ladi” (“G‘amzu uyunil basoir sharh ashboh van-nazoir” kitobi).
Biz Qur’oni karimni ulug‘lashni solih salaflardan o‘rganishimiz kerak. Imom Qatoda rahimahulloh: “Qur’oni karim o‘qiganimdan buyon piyoz yemadim”, degan bo‘lsa, Imom Mujohid rahimahulloh: “Qur’on o‘qiyotib sizni esnoq tutib qolsa, esnog‘ingiz ketgunicha o‘qimay turing”, degan.
Allohninrg oyatlarini oyoqosti qilayotgan kimsalar nahotki Imom Navaviy rahimahullohning: “Kimdir sizga Mus'haf bersa, uni tik turgan holda oling. Chunki ulamo va aziz kishilar kelganda turish mustahab sanaladi. Mus'haf (uchun turish) avloroqdir”, deganini anglamasa...
Qur’oni karimni xorlash, masxaralash, qadrini yerga urish kofir va munofiq kimsalarning ishidir. Bu haqda oyati karimada bunday deyiladi: “Kofir bo‘lganlarga bu dunyo ziynatli qilib qo‘yilgan. Ular imon keltirganlar ustidan kuladilar. Holbuki, qiyomat kuni taqvoli bo‘lganlar ulardan balanddirlar” (Baqara surasi, 212-oyat).
Islom shiorlarini, xususan, Qur’oni karimni masxara qilish mo‘minga ham, sog‘lom aql egasiga ham mutlaqo yarashmaydi. Ayniqsa, mamlakatimiz aholisining asosiy qismi Islom diniga e’tiqod qilar ekan, xalqimizning milliy va diniy qadriyatlarini hurmat qilish har bir O‘zbekiston fuqarosining burchidir.
Tolibjon NIZOM