Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Avgust, 2026   |   9 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:13
Quyosh
05:39
Peshin
12:26
Asr
17:13
Shom
19:16
Xufton
20:38
Bismillah
22 Avgust, 2026, 9 Rabi`ul avval, 1448

Islomiy tushunchalar (terminlar)

09.01.2021   5470   17 min.
Islomiy tushunchalar (terminlar)

Hozirgi kunda Islom dinida uchraydigan ba'zi bir so'zlarni (terminlarni) noto'g'ri talqin qilish hisobiga turli tushunmovchiliklar, besabab fitnalar zuhur bo'lib turmoqda. Musulmonlar o'rtasida fasod ishlar ko'paymoqda. Bu kabi qabihlikka va gunohga olib keladigan amallardan saqlanish uchun Islomiy terminlarning ba'zi birlari bilan tanishib chiqishni va bunga doir Ahli sunna val jamoae'tiqodini bilib olishni o'z oldimizga maqsad qilib qo'ydik.

Hijrat

Bu so'z arab tilida bir joydan ikkinchi joyga ko'chib o'tish ma'nosini anglatadi. Islomiy istilohda esa Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallam bilan birga yashagan va Islom diniga iymon keltirgan kishilarning Habashistonga, keyin esa Madinaga ko'chib o'tishlariga aytiladi.

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam davrida hijrat qilinishiga sabab U zot boshchiligidagi musulmonlarning o'z yurtlarida sig'may, aniqrog'i, iymon e'tiqodlari va hayotlari xavf-xatarga tushib, halok bo'lish ehtimoli kuchaygach, majburlikdan chiqib ketishlari edi.

Olimlarimiz sahih hadislarga suyangan holda hijratni ikkiga bo'lishadi. Birinchisi – yuqorida aytilganidek din va hayotni qutqarib qolish uchun bir joydan ikkinchi joyga ko'chib o'tish. Ikkinchisi –gunoh-ma'siyatlarni tark etish.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Tili va qo'lidan musulmonlar salomat bo'lgan inson haqiqiy musulmondir. Alloh taolo qaytargan narsalarni tark qilgan (hijrat qilgan) inson haqiqiy muhojirdir”. Boshqa hadisda Imom Bayhaqiy rivoyat qilib aytadilar: “Hijratning eng afzali – Robbing yomon ko'rgan narsani tark etmog'ingdir”.

Bugungi kunda ba'zi g'alamislar va mutaassib kishilar bong urayotgan hijrat tushunchasi (termini) mutlaq boshqa ma'nolarni bildirmoqda. Ular oyatlar va hadislarni zamon va makon holatidan kelib chiqmasdan, o'zlaricha, turli fatvolar va hukmlarni e'lon qilmoqdalar. Hususan, ilm-ma'rifat olish uchun imkoniyatlar to'la yaratilib qo'yilgan, namoz, ro'za, haj va boshqa Islom arkonlarini bajarish uchun barcha imkoniyatlar muhayyo qilib qo'yilgan o'lkani tark etishni farz darajasiga chiqarib, o'z yurtlaridan “hijrat qilishga” da'vat etmoqdalar. Begona yurtlarda sarson bo'lib, qurol ishlatishni, zo'ravonlik qilishni o'rgatmoqdalar.

Hanafiy mazhabi olimlari g'alamis va mutaassib kishilarning so'ziga quyidagi xabarlar bilan raddiya beradilar:

Al-Foqihiy o'zining “Makka xabarlari” asarida shunday yozadi: “Ibn Abbos raziyallohu anhu uxlayotganida yostig'i tagidagi hamyonini o'g'irlashadi. O'g'ri ushlanib, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam oldilariga olib borilganida, o'g'ri o'z qilmishini shu mablag' evaziga hijrat qilmoqchi ekanligini aytib oqlanmoqchi bo'ladi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uning ishini qoralab, Makkaga qaytishligini va o'z yurtida muqim yashashni buyuradilar. Va qo'shimcha qilib: “Hijrat to'xtatildi” deya ta'kidlaydilar.

Abdullo ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qilib aytadi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam oldilariga bir kishi kelib: “Ey Allohning Rasuli, men ota-onamni yig'lagan holda tashlab, hijrat qilish uchun sizning huzuringizga keldim” – deydi. U kishi esa: “Ota-onangni oldiga qaytib, ularni qanday yig'latgan bo'lsang, shunday kuldirgin” – deb javob berdilar.

Demak, “hijrat” kalimasi ba'zi kimsalar talqin qilganidek, o'z yurtini tashlab, o'zga yurtda mo''minlik qilish emas ekan. Balki o'z yurtida turib, ibodatlarni mukammal bajarish, gunohu ma'siyatlardan saqlanish haqiqiy mo''minlik bo'lar ekan.

 

Shahidlik

“Shahid” kalimasi Alloh taoloning ismi sifatlaridan biri bo'lib, “Har doim hozir bo'luvchi zot” ma'nosida keladi. Umumiy lafzda esa Alloh yo'lida halok bo'lgan kishiga aytiladi. Bu lafz Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallamdan kelgan xabarlarga ko'ra ikki turga bo'lingan:

 Birinchisi – haqiqiy shahidlik. U Alloh yo'lida vafot etgan, halok bo'lgan shaxsdir. Bu darajadagi musulmon kishi vafot etganidan keyin qabr azobidan omonda qoladi. Qiyomat kunida barcha gunohari kechirilib, to'g'ri jannatga kiradi.

 Ikkinchisi – hukmiy shahidlik. Hadislarda kelganidek, bunga g'ayritabiiy yo'l bilan halok bo'lgan musulmon kishilar kiradi. Misol uchun, birov tomonidan yoki hayvon tomonidan o'ldirilgan, tom bosgan, tabiiy ofat, turli kasallik, zaharlanish, Haj vaqtida, suvda cho'kib va hokazo holatlarda vafot etgan kishilarga “hukmiy” shahid deyiladi. Shuningdek, Hanafiy olimlarizulm ko'rib vafot etgan, yo'l to'sar qo'lidan yoki qotillar qo'lidan vafot etgan musulmonlarni ham hukmiy shahidga kiritganlar.

Lekin, hozirgi kunda, internet saytlarida portlovchi moslamalarni kiyib, tinch aholi o'rtasiga kirib o'zini portlatayotganlarni ham shahid maqomiga ko'tarayotgan “olimlar fatvosi”ga duch kelishingiz mumkin. Ular Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam davrlaridagi g'azotlardan misol keltirib, noto'g'ri hukmlarni chiqarayotganligiga guvoh bo'lasiz. Ulardan biri Barro ibn Molikning Hanifa g'azotida qamal qilingan qal'ada “Meni ko'tarib ichkariga otinglar, eshikni ochaman” – deya sahobalarga aytgan so'zlarini hujjat sifatida keltirishadi. Barro ibn Molikning bu ishi xatarli edi, lekin shunga qaramasdan uning tirik qolishiga yuzdan ellik foiz imkoniyat ham bor edi. Biroq o'ziga portlovchi moslamani kiyib, urush emas, balki tinch aholi o'rtasiga kirib o'zini portlatishda tirik qolish uchun biron foiz ham imkoniyat yo'q-ku?!

Ularning boshqa dalili Abu Ayyub Ansoriyning raziyallohu anhu so'zlaridir. Musulmon kishi jang paytida dushman safiga tushib qolib, shahid bo'lishlik haqida aytganlarini hujjat sifatida keltirishadi. Bu hujjat ham o'zini tinch aholi o'rtasiga olib kirib, portlatish uchun asos bo'lmaydi. Sababi, kishi dushman safiga kirsa dushman tomonidan o'ldirilinadi. O'zining tig'idan o'lsa shahid bo'lmaydi. Undan keyin dushman bilan urushda yuzma-yuz kelinadi. Odamlar dam olib o'tirgan, tijorat va boshqa maqsadda yurgan joylar urush joylari hisoblanmaydi.

O'zini musulmonlar va g'ayrimusulmonlar ichiga otib, portlatish Qur'on va Sunna hujjatlariga muvofiq o'sha kimsa gunohkor bo'ladi va abadiy do'zax olovida yonadi. Bu kimsa “o'z joniga suiqast qilgan” hamda boshqalarning hayotiga besabab zarar bergan hukmida bo'ladi. Buning dalili sifatida “Niso” surasining 93 oyatini keltiramiz: “Kim qastdan bir mo''minni o'ldirsa, uning jazosi jahannam bo'lib, o'sha joyda abadiy qolajak. Va u Allohning azobi va la'natiga duchor bo'lgan, Alloh uning uchun ulug' azobni tayyorlab qo'ygandir”.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Payg'ambar sallallohu alayhi va sallam aytadilar: O'zini biror narsa sababidan o'ldirgan shaxs, albatta, jahannamda abadiy, doimiy azoblanadi”. Boshqa hadisda Abu Hurayradan raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam aytadilar: “Kim o'zini tog'dan tashlasa va o'zini o'ldirsa, u jahannam o'tida abadiy, doimiy yiqilib azoblanadi. Kimki zahar ichib, o'ziga suiqast qilsa, jahannam o'tida qo'lidagi zaharni ichib abadiy, doimiy azoblanadi. Kim o'zini temir bilan o'ldirsa, jahannam o'tida temirini qorniga urib abadiy, doimiy azoblanadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Payg'ambar sallallohu alayhi va sallam o'z joniga qast qilishni qoralab hayotni qadriga etishni ulug' sanadilar. Bu kabi hatti harakatlardan qaytarish maqsadida o'z joniga qast qilganlarni janozasini o'qimadilar.

 

Jihod

“Jihod” arab tilidan tarjima qilinganda g'ayrat qilish, harakat qilish, zo'r berish, intilish ma'nolarida keladi. Istilohda esa, dastlab, Islom dinini himoya qilish va yoyish uchun kurash olib borish tushunilgan. Imom Rog'ib rahmatullohi alayhi aytadi: “Jihod – dushmandan himoyalanishda qo'li, tili yoki kuchi bilan g'ayrat qilishidir”.

Jihod kalimasi lug'atda keng ma'nolarni o'z ichiga olganligi bois amalda ham ko'p turlarga bo'lindi. Islomga da'vat qilish, ota-onaga xizmat qilish, nafsni tarbiya qilish, dushmanga qarshi turish va hokazo. Alloma Ibn Rushd o'zining “Muqaddamot” asarida jihodning turlarini to'rt qismga ajratadi: qalb, til, qo'l va qilich bilan kurashish. Ibn Rushd Qur'oni karimning “Tavba” surasi 73 oyatini ya'ni, “Ey Payg'ambar, kofir va munofiqlarga qarshi jihod e'lon qiling” oyatini tafsir qila turib, Payg'ambar sallallohu alayhi va sallam va musulmonlarga qarshi turib, ularni jismonan yo'q qilishga intilganlarga nisbatan qilich bilan, munofiqlarga nisbatan til bilan jihod olib borganlar, deydi.

Islom da'vatining avvalgi marhalasi ya'ni, hijratdan oldingi davr, Makka davrini eslaylik. Islomga qarshi turgan kuchlar musulmonlarni tanlagan yo'lidan, e'tiqodidan qaytarish maqsadida turli vositalarni ishga solishgan. Zulmu sitam, azobu uqubatni barcha ko'riishidan foydalanishgan. Shu qiyinchiliklarga qaramasdan Payg'ambar sallallohu alayhi va sallam musulmonlarni sabrga da'vat etardilar. Urush qilishdan qaytarar edilar. Qur'onni yaxshilab o'qigan olim kishilar aytadilarki, 70 dan ortiq oyatda musulmonlar kofirlarga qarshi jihod qilishdan qaytarilganlar. Hatto, himoya uchun ham kofirlarga qarshi kurashishga ruxsat bo'lmagan. Makkada nozil bo'lgan quyidagi oyat so'zimizning tasdig'idir:

“Parvardigoringiz yo'li – diniga donolik, hikmat va chiroyli pand-nasihat bilan da'vat qiling! Ular bilan eng go'zal yo'lda mujodala-munozara qiling!” (Nahl surasi 125-oyat).

Keyinchalik musulmonlar jamiyati shakllanib, o'z vatanlaridan quvilganlaridan so'ng, dushman tomonidan qilingan hujum oqibatida yo'q bo'lib ketish xavfi tug'ilganda Alloh taolo urush qilishga, himoyalanishga ruxsat berdi:

“Hujumga uchrayotgan (musulmon)larga, mazlum bo'lganligi sababli, (jang qilishga) izn berildi. Albatta, Alloh ularga yordam berishga qodirdir” (Haj surasi, 39-oyat).

Demak, kofirlarga qarshi jihod qilish til bilan boshlangan va 13 yil davom etgan. Islom dini va musulmonlar umuman yo'q bo'lib ketish xavfi tug'ilgach, qilich bilan jihod qilish ruxsati berilgan.

Payg'ambarimizning sallallohu alayhi va sallam g'azotlari mohiyatini o'rganib chiqqan olimlarimiz ikki g'oyani ilgari surishadi: birinchisi – qarshi kurashlarga javob berish uchun mudofaa janglari va ikkinchisi – dushman tomonidan kutiladigan tajovuzning oldinini olish maqsadida qilingan harbiy tadbirlar.Shuni alohida ta'kidlashimiz lozim-ki, g'azotlar va janglar doimo urush maydonlarida olib borilgan. Dushman to'xtashni istasa urush to'xtatilgan. Qo'lida quroli yo'q kimsaga qarshi qurol ko'tarilmagan. Ayollar, bolalar va qari kishilarga umuman ozor berilmagan. Bu kabi oliy darajada axloq va odob bilan urush qilish faqat haqiqiy musulmonlar tomonidan sodir bo'lganligiga tarix guvohdir.

Shuningdek, Payg'ambar sallallohu alayhi va sallam hududni kengaytirish, Islom davlatini qurish maqsadida jang qilmaganlar. Agar shundoq bo'lganida edi, Makkada yashab turganlarida davlat qurish uchun harakatga va urushga tayyorgarlik ko'rar edilar. Biroq Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday ishdan o'zlarini saqladilar. Musulmon jamiyati tinch yo'l bilan tabiiy ravishda yuzaga kelgach, uni himoyasi uchun jihodga chiqdilar. Demak, jihod – hech qachon hukumat barpo qilish yoki yo'q joydan qo'zg'olon ko'tarish uchun joriy etilmagan.

Imom Navaviy rahmatullohi alayhi “Al Manhaj fi avvali kitob al-jihad” nomli asarida jihodning assosiy mazmuni bu – yaxshi ishlarga buyurish va yomon ishlardan qaytarish, deb keltiradi.

Hulosa o'rnida aytishimiz mumkinkim, Islom dini – haqiqat va oxirat dinidir. Dushmanlar haqiqatni tashqi tomondan buzishga ko'p urinishdi. Lekin uddasidan chiqa olishmadi. Endigi navbat esa haqiqatni ichidan buzishga harakat ketmoqda. Islomiy terminlarning buzib talqin qilinishi o'sha ichkaridan buzishning bir usulidir. Agar musulmonlar bu terminlarni ham sof holda tushunsalar, dushmanning ichki zarbalaridan ham omonda qoladilar. Qalblari tinchlik va osoyishtalikda qoladi, Inshaalloh.

 

Buxoro shahar “Mavlono shamsiddin Mahbubiy”

jome' masjidi imom-xatibi Manzitov Baxtiyor

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

18.08.2026   34124   4 min.
O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.

Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.

Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.

O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.

Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.

Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.

– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.

– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.

Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.

– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari