O'zbekiston musulmonlari idorasi «Zo‘r» TV telekanali bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, ushbu telekanalda efirga uzatilayotgan “Meni kechir” ko'rsatuvida Diniy idora xodimlari, imom-xatiblar ekspert sifatida qatnashmoqda.
Kuni kecha «Zo‘r» TV telekanali mutasaddilari ushbu ko'rsatuvga hissa qo'shib kelayotgan bir guruh O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimlari: Sherzod Yo'ldoshev, Hikmatullo Toshtemirov, Fazliddin Mamadaliyev va Ilhomjon Madaliyevlarga minnatdorlikchilik tariqasida “Tashakkurnoma” berdi.
Ma'lumot uchun, telekanalning “Meni kechir” ko'rsatuvida turli sabab bilan orasiga sovuqchilik tushgan insonlar muammosi o'rganilib, soha mutaxasislari ishtirokida ko'rsatuv qahramonlariga kerakli tavsiyalar beriladi. Natijada ko'plab insonlar o'rtasi isloh bo'lib, qarindoshlik va qadrdonlik munosabatlari tiklanadi.
Dinimiz ta'limotiga ko'ra, ezgulik Qur'oni karim va hadisi shariflarda buyurilgan va targ'ib qilingan amallardir.
Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilinglar, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmanglar! Allohdan qo'rqinglar! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida ,2-oyat).
Bu haqda Imom Zamaxshariy: “Oyatda umuman ezgulik va taqvoning har qanday ko'rinishini, gunoh va dushmanlikning barcha turlari nazarda tutilgan, deyish ham mumkin. Bu holda ham o'zaro kechirimli bo'lish va (yaxshiliklarda) yordamlashish ma'nosi anglashiladi”, deydi.
Demak, musulmon kishi insonlar orasini isloh qilish ishlarida ham hamkor bo'lishi kerak ekan. O'zbekiston musulmonlari idorasi ana shunday xayrli ishlarda doimo hamkor va yordamchi bo'lishga tayyor.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Yangi o‘quv yili va mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Qashqadaryo viloyatida yana bir xayrli tashabbus amalga oshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi va saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida Qarshi shahridagi 100 nafar ehtiyojmand oila farzandiga yangi o‘quv qurollari to‘plamlari beg‘araz topshirildi.
Qo‘lida yangi portfel va kitob-daftar tutgan jajji o‘quvchilarning yuzidagi samimiy tabassum va quvonch bu ezgu ishning naqadar qadrli ekanini ko‘rsatdi. Zero, ilm istagan qalbga qanot bo‘lish — eng ulug‘ savoblardandir.
Tadbir yakunida xayriyada hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati