Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Islom jaholatning har qanday ko'rinishiga qarshi

08.01.2021   2275   4 min.
Islom jaholatning har qanday ko'rinishiga qarshi

Ekstremizm — o'ta mutaassib guruhlarning ashaddiy reaktsion faoliyati bo'lib, hatto dinning o'ziga ham zarar keltiradi. Ularning asosiy maqsadi – dinni niqob qilib, hokimiyatni qo'lga olish, diniy talablarning ilk darajasiga xos “sofligi”ni qayta tiklash, diniy talablarga mos siyosiy tuzumni barpo etishdan iborat. “Ekstremizm” bugun qulog'imizga eng ko'p chalinayotgan so'zlardan biri. U lotincha “extreme” so'zidan olingan bo'lib, o'ta keskin chora-tadbirlarni, fikr-qarashlarni yoqlovchi nazariya va amaliyotni anglatadi.

Ekstremizm va terrorizm odamlarning ertangi kunga bo'lgan ishonchiga putur etkazib, xalqaro miqyosdagi muammolarni, jumladan turli diniy e'tiqod vakillari bo'lgan xalqlar, tamaddunlar (tsivilizatsiya) orasidagi o'zaro ishonchga soya tashlamoqda, jahon taraqqiyotining tamal toshi bo'lgan xalqaro iqtisodiy va madaniy hamkorlikning rivojlanishiga to'siq bo'lmoqda.
Ekstremizm, muqaddas dinimiz, xususan, eng mo''tadil mazhab bo'lmish hanafiy mazhabi aqidalariga zid keladi. Qur'oni karimda ta'kidlanadi: “Shunday qilib, Biz sizlarni o'rta ummat qildik!” (Baqara surasi: 143-oyat). Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ishlarning eng yaxshisi o'rtacha (mo''tadil) bo'lganidir” deya marhamat qilganlar. Nabiy alayhissalomning hayotlariga ibrat nazari bilan qaraydigan bo'lsak, u zotning naqadar mo''tadil, bag'rikeng inson bo'lganlarini ko'ramiz. Rasululloh alayhis salom davrlarida diniy bag'rikenglik siyosati o'zining bor ko'rinishida namoyon bo'ldi. Hijratning to'qqizinchi yilida Najron nasorolari delegatsiyasi ularning katta episkopi Abulhoris boshchiligida Madinai munavvaraga keladi. Nabiy alayhissalomning ko'rsatmalari bilan ularning barchasiga katta izzat-hurmat ko'rsatilib, ularga Madina masjidida o'z ibodatlarini ado etishlari uchun sharoit qilib beriladi. Nabiy alayhissalom amal qilgan diniy bag'rikenglik siyosati keyinchalik xulafoi roshidin davri (Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali roziyallohu unhumlar hukmronlik yillari)da ham davom etdi.

     Bunday misli ko'rilmagan bag'rikenglik, hatto ko'pgina g'arb sharqshunoslari tomonidan e'tirof etilgan. Jumladan frantsuz sharqshunosi Jozef Fransua Mishon “Salib yurishlari tarixi” kitobida quyidagilarni yozadi: “Islom – bag'rikenglik dini. U patriarxlarni, ruhoniylarni va ularning xodimlarini har qanday soliqlardan ozod qilgan, ibodatga berilganlari uchun ularni urushda ham o'ldirishni man qilgan. Umar ibn Hattob Quddusni fath qilgach, nasorolarga tegmagan. Salibchilar esa mazkur shaharni bosib olishganda musulmonlarning va yahudiylarni ayovsiz qatl etishgan edi”.

Mazkur sharqshunos o'zining “Sharq sari diniy sayohat” nomli boshqa kitobida nasroniylar bag'rikenglik va oliyjanoblikni, o'zgalar bilan husni muomalani ko'p hollarda musulmonlardan o'rganganliklarini yozadi: “Nasroniylar taomul ruhini va husni muomala fazilatlarni musulmonlardan o'zlashtirganlar. Mana shularning bariga musulmonlar o'z Payg'ambarlari Muhammad alayhissalomning ta'limi tufayli erishganlar”.

Bugungi kunda dinni o'ziga niqob qilib, hokimiyatni qo'lga olishga intilayotgan turli oqim va tashkilotlar o'z chirkin g'oyalarni targ'ib etishda har qanday ilg'or uslullardan, xususan internet saytlaridan, turli ijtimoiy tarmoqlardan foydalanyotgani hech birimizga sir emas.

Zero, bugungi kunda Islom niqobi ostida o'z g'oyalarini amalga oshirishga intilayotgan g'arazli kimsalarning maqsad va amallari muqaddas dinimizda ilgari surilgan ezgulik, bag'rikenglik g'oyalariga tamomila ziddir. Zero, dinni niqob qilib qabih ishlarni amalga oshirayotgan bir guruh mutaassiblar er yuzidagi bir yarim milliarddan ortiq musulmonning dunyoqarashini belgilay olmaydi. Diniy ekstremizm qanday ko'rinishda bo'lmasin, qanday nom bilan atalmasin, Islomning asl mohiyatiga zarracha aloqasi yo'qligini har birimiz yaxshi anglab etmog'imiz lozim.
Islomning chinakam axloqiy asoslarini anglab etgan kishining shafqatsizlik, vahshiylik, zo'ravonlik tarafdori bo'lishini tasavvur qilish qiyin. Shuning uchun ogohlik, hushyorlik, ilmu ma'rifat hosil qilish ekstremizm va terrorchilik balosini tag-tomiri bilan tugatishning eng samarali yo'li hisoblanadi. Islom jaholatning har qanday ko'rinishiga qarshi. U odamlar qalbiga tartibsizlik, dushmanlik, buzg'unchilik, yovuzlik va nafrat urug'ini sochadigan kimsalarning xatti-harakatlarini hech qachon qo'llab-quvvatlamaydi.

 

M.Habibullayev

Gurlan tumani bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda

11.08.2026   20572   1 min.
Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.

Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.

Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.

Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.

Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.

Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda
O'zbekiston yangiliklari