«Alloh biringizni biringizdan biror ne'mat bilan ortiq qilib qo'ygan bo'lsa, sizlar uni (hasadgo'ylik bilan) orzu qilmang! Erkaklar ham o'z kasblaridan ulush olurlar, ayollar ham o'z kasblaridan ulush olurlar. (Hasad qilish o'rniga) Allohning fazlidan so'rangiz. Albatta, Alloh hamma narsani biluvchidir» (Niso surasi, 32-oyat).
Ba'zi insonlar o'zida bo'lmagan ma'naviy va moddiy fazilatlarni o'zgalarda ko'rsa, qalbi siqiladi, xotiri buziladi. Unda ikki holatdan biri ro'y beradi: o'zida bo'lmagan u fazilatlarni ulardan ketishini tilaydi yo ularda bo'lgan fazilatlarga o'zi ham erishishini orzu qiladi.
Bu ikki holatdan birinchisi hasaddir. Hasad eng qabih illatlardan biridir. Hasad kishidan imon nurini ketkazishi bilan birga, dil va dunyosi buzilishiga sabab bo'ladi. Hasad tufayli kishilar o'rtasidagi do'stlik va inoqlik nafrat va adovatga aylanadi. Shuning uchun Alloh taolo biz bandalarini hasaddan qaytargan: «Alloh biringizni biringizdan biror ne'mat bilan ortiq qilib qo'ygan bo'lsa, sizlar uni (hasadgo'ylik bilan) orzu qilmang!..»
Shunday ekan, har bir aqlli kishi o'ziga Alloh taolo bergan ne'matlarga qanoat qilib rozi bo'lishi, o'zgalarga hasad qilmasligi kerak.
Ulamolar: “Boshqalarda bo'lgan fazilatni ulardan yo'qolishini tilamay, o'zida ham bo'lishini orzu qilish mumkinmi?” degan savolga ikki xil javob berganlar: ba'zilari bo'ladi deyishgan, ba'zilari esa aksincha – yo'q deyishgan. Chunki u fazilatlarga (boylik yo martabaga) erishish uning xulq-atvorini buzishi mumkin. Shuning uchun: “Yo Alloh! Dinu dunyoim, hayotim va oxiratimda menga xayrli bo'lgan narsani ber”, deb duo qilish lozim.
«…Erkaklar ham o'z kasblaridan ulush olurlar, ayollar ham o'z kasblaridan ulush olurlar…» Ya'ni, Ibn Jarir so'ziga ko'ra, har bir kishi amaliga muvofiq – yaxshi bo'lsa mukofot, yomon bo'lsa jazo oladi.
«…(Hasad qilish o'rniga) Allohning fazlidan so'rangiz. Albatta, Alloh hamma narsani biluvchidir». Ya'ni, Allohdan fazlini so'ranglar, sizlarga beradi, chunki u Zot Karim va Vahhobdir.
“Jalolayn” tafsirida bu oyat: “Ehtiyoj sezgan narsalaringizni so'rang, sizlarga beradi”, deb tafsir qilingan. “Tafsiri Nasafiy”da: “Kim Allohning fazlidan so'ramasa, (Alloh) unga g'azab qiladi”, deyilgan va ushbu hadis keltirilgan: «Alloh taolo ko'p yaxshiliklarni bandadan tutib turadi va: “Bandam Mendan so'ramaguncha bermayman”, deydi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Allohdan fazlini so'ranglar, chunki Alloh so'raganni yaxshi ko'radi” (Imom Buxoriy rivoyati). Demak, insonning o'zida yo'q, boshqalarda bor narsalarga, yoki o'zidan yuqoriroq insonlarga ko'zi tushsa, yoki bu haqda o'ylab, qalbida bezovtalikni sezsa, buning davosi – oyat tafsirini mushohada qilib, hayotda har kim qilgan ishiga yarasha nasibasini olishini anglagan holda, Alloh taoloning ulug' fazlidan so'rab, harakat qilishi kerak.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qaysi biringiz xulqi va molida o'zidan ustun insonga qarasa, o'zidan pastroqqa ham qarasin”, deb marhamat qildilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu insonning siqilgan qalbi uchun foydali davodir va bu qarash qalblarda nadomat va hasratni paydo qilmaydigan qarashdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ummatlarining turli holatlarini yaxshi bilganlari uchun ularni mahzun bo'lib, g'am chekmaydigan, aksincha, qanoat hosil qilib, rozi bo'ladigan tomonga yo'naltirdilar. Ya'ni, kishi o'zidan ustun va a'loroq bo'lgan insonlarga qarab, qalbi siqilsa, hasrat cheksa, o'zidan pastroq va moli kamroq insonlarga qarab, Rabbiga shukronalar aytadi, Allohning ne'matlaridan hech kim benasib qolmayotganini ko'radi.
Ammo inson ibodatlar, toatlar, solih amallarda o'zidan ko'ra peshqadamroq, Allohga qurbati ziyodaroq kishilarga qarashi mustahab ishlardandir. Bu ko'rsatmalarga amal qilgan kishi hayotda rizolik va xotirjamlikka, rohat va sakinatga erishadi, o'zining butkul ne'matlar ichida ekanini his qiladi va bu ne'matlar shukrini ado etishga shoshiladi. Alloh taolo unga fazli – ehsonini yanada ziyoda aylaydi.
Ibrohim surasida bunday ogohlantirilgan: «…Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordiyu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir» (7-oyat).
Tafsir kitoblari asosida
Odina SAIDAKBAR qizi tayyorladi.
“Mo'minalar” jurnalining 2020 yil, 5-sonidan
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati