Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Iyun, 2026   |   16 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:09
Quyosh
04:52
Peshin
12:26
Asr
17:34
Shom
19:55
Xufton
21:30
Bismillah
03 Iyun, 2026, 16 Zulhijja, 1447

“Yaxshiga qilsang yaxshilik – ham aytadi, ham qaytadi...”

07.01.2021   6999   29 min.
“Yaxshiga qilsang yaxshilik – ham aytadi, ham qaytadi...”

Bismillahir Rahmonir Rahim!

Mehribon Yaratgan Parvardigorimiz Alloh taboraka va taologa beadad hamdu sanolar, Hazrati Payg'ambarimiz Janobi Muhammad Mustafo Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga behisob salavotu salomlarimiz bo'lsin!

Muhtaram dinimiz jonkuyarlari bo'lganDiniy idoramiz xodimlari, ulamolarimiz, bosh imom-xatiblarimiz, masjidlar imom-xatiblari, imom noiblari, diniy ta'lim muassasalar rahbarlari, o'rinbosarlari, ustoz-murabbiylari va otinoyilarimiz, avvalo, xalqni hidoyat yo'liga boshlashdek g'oyat mas'uliyatli va sharafli ishga bag'ishlagan Siz, azizlarni beqiyos xizmatlaringizni yuksak qadrlab, barchalaringiz(!)ga  cheksiz hurmatim va chuqur ehtiromimizni izhor etishga ruxsat bergaysizlar!

Mo'min-musulmonlarimiz sizlarni dunyodagi eng ulug' kasb sohiblari, muborak dinimiz vafodorlari, o'z ishiga fidoyi insonlar va “Payg'ambarimiz merosxo'rlari” deb biladi va mashaqqatli mehnatingizni yuksak darajada qadrlaydi. Ayniqsa, hozirgi murakkab pandemiya sharoitida chinakam peshvo bo'lib, maydonga chiqayotganingiz har qanday tahsin va ko'pdan-ko'p  tasannolarga  munosibdir!

Bu mashaqqatli kurashning oldingi saflarida turib, o'z hayotini xavf-xatarga qo'yib, jasorat va matonat namunasini ko'rsatib kelayotgan barcha diniy soha xodimlariga yana bir bor chuqur minnatdorlik bildiramiz!

Ma'lumki, 2020 yil har bir soha kabi bizning tizim uchun ham mislsiz sinov, ayni vaqtda yangi tajriba orttirish yili bo'ldi. O'z vaqtida Rahbariyatimiz tomonidan ko'rilgan chora-tadbirlarimiz bugun ijobiy natija berayotganini alohida ta'kidlash lozim.

Yakunlangan yilda butun dunyoga koronavirus pandemiyasi tarqalib, insonlar hayotiga katta xavf tug'dirdi. Yurtimizda muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan ko'rilgan tezkor chora-tadbirlar, dono xalqimizning chuqur tushunishi, keng tafakkuri va o'ziga xos sabr-toqati bilan bu ofat Haq taoloning madadi ila jilovlanib, ommaviy yoyilib ketishining oldi olindi.

Jahon miqyosida keng tarqalib, global muammoga aylangan COVID-19 davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda olijanoblik namunasini ko'rsatgan, mehr-oqibat, saxovat va olihimmatlik fazilatlarini ulug'lab kelayotgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash hamda ularga beminnat ko'mak berish borasidagi ishlarga katta hissa qo'shgan, hamjihatlik muhitini mustahkamlashda faol ishtirok etib, ezgu ishlari bilan ko'pchilikka o'rnak bo'layotgan QADRLI VA TABARRUK  ULAMOLARIMIZ, MUHTARAM VA HURMATLI IMOM-DOMLALARIMIZ, AZIZ VA QIMMATLI  MUDARRISLARIMIZ, MUShTIPAR VA MUNIS  OTINOYILARIMIZ, MASJID-MADRASALARIMIZ BYeBAHO VA MYeHNATKASh HODIMLARI hamda SYeVIMLI VA SUYuKLI  TALABALARIMIZning xizmatlarini alohida e'tirof etish kerak.

Ta'kidlash kerakki, COVID-19 balosi boshimizga tushgan sinovlar sharoitida va'zu irshodlar natijasida mo'min-musulmonlarimiz: “Ey, imon keltirganlar! Sabr va namoz bilan (Mendan) yordam so'rangiz! Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir” (Qur'oni karim Baqara surasi 153 oyat), degan ilohiy bashoratga amal qilib, tushkunlikka berilmasdan, sabr va toat-ibodat ila hamjihatlikning yuksak namunasini ko'rsatdilar. Bu yil karantin tufayli ibodatlarini ado etishda yuzaga kelgan qiyinchiliklarni ham to'g'ri tushunmoqdalar. Bugungi qiyinchiliklar albatta o'tib ketib, Hudo xoxlasa, kelgusida xursandchilik kunlarni birga-birga nishonlaymiz.

Yurtimizda koronavirus davrida muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan xalqimiz salomatligini, fuqarolarimiz osoyishtaligini ko'zlagan holda bir qator chora-tadbirlar qo'llandi. Shuni alohida ta'kidlash lozimki, amalga oshirilgan ishlarning samarasi o'laroq, aholi soniga nisbatan olinganda MDH davlatlari orasida kasallik tarqalishining oldini olish bo'yicha eng yaxshi ko'rsatkich aynan bizning mamlakatimizga to'g'ri keldi. Haqiqatan ham, sohaning etuk ekspertlari xulosasiga ko'ra, O'zbekiston ushbu pandemiyadan eng kam talofat ko'rgan davlat sifatida chiqadi, deb baholanmoqda.

 Bu og'ir sinov davrida O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi tomonidan mo'min-musulmonlar uchun bir qator murojaatlar va bayonotlar e'lon qilindi hamda ularning mazmun-mohiyati Siz azizlar tomonlaringizdan keng va batafsil tushuntirildi. Jumladan:

  • koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish bo'yicha fatvo e'lon qilindi;
  • mamlakat musulmonlariga karantin tartiblariga qat'iy amal qilish to'g'risida murojaat yo'llandi;
  • pandemiya davrida dafn etish marosimlarini qanday o'tkazish bo'yicha tavsiyalar berildi;
  • imom-xatiblar tomonidan kasallik tarqalishining oldini olish, aholining ehtiyojmand qatlami bilan xayriya tadbirlarini tashkil etish yo'nalishidagi ishlar jadal olib borildi;
  • “Vabo insonlar uchun bir sinov” nomli kitob va bukletlar nashr etilib, keng miqyosda tarqatildi.

O'zbekistonlik etuk ulamolarimiz, notiq imom-xatiblarimiz tomonlaridan karantin ko'rsatmalariga amal qilish, ushbu sinovli kunlarda vahimaga berilmaslik, yaxshi kunlarga intilib yashash, yordamga muhtoj shaxslarga g'amxo'rlik qilish kabi yo'nalishlarda behisob targ'ibot ishlari olib borildi.

Bunday din xizmatchilarimiz mana shunday o'ta og'ir davrda va turli tabiiy ofatlar tufayli elu yurtimiz boshiga tushgan sinovlarning oqibatlarini bartaraf etishda haqiqiy jonbozlik ko'rsatganlari ulkan  tahsinlargava beqiyos  tashakkurlarga  loyiqdir!

Natijada, matonatli xalqimiz kovid vabosi, boshimizga tushgan turli sinovlar va tabiiy ofatlar sharoitida “Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir” degan oyati karimaga amal qilib, tushkunlikka berilmasdan, yanada ahil va birdam bo'lib, insonparvarlik va mehr-oqibatlilikning yuksak namunasini butun (!) dunyoga ko'rsatdilar.

Diniy sohamizda mehnat qilayotgan fazilatli insonlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni qo'llab-quvvatlash, xayriya mablag'larini to'g'ri yo'naltirish, qiyin ahvolga tushgan aholiga ko'mak berish, og'ir sharoitdagi odamlarni sabr-toqatga chaqirish, ularning ko'nglini ko'tarishdagi fidoyiliklari har  qanday  maqtovga  loyiqdir! Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda: “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir”,  – deb xushxabar bergan.

Qayd etish lozimki, sinov ketidan sinovlar bo'lgan – kasallik va tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish yo'lida diniy sohamiz xodimlari ishtirokida jonliqlar so'yilib, najot so'rash namozlari ado etilgani, xatmi Qur'onlar, duoyu tazarrular, istig'forlaru salavoti shariflar aytilgani eng ulug'vor ishlardan bo'lganini alohida e'tirof etishimiz kerak.

Alloh taboraka va taolo insonlarni sinovli kunlarda sabr va qanoatli bo'lishga da'vat etib, Qur'oni karimda 94-surasining 5-6-oyati karimalarida “Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga engillik bordir”, – deb marhamat qiladi. Chindan ham, har qanday tashvish ortida engillik borligini COVID-19 kasalligidan sog'ayib chiqayotgan, tabiiy ofatlar tufayli uy-joyidan ayrilgan, lekin davlatimiz va el-yurtimizning yordami ila o'z hayotini yangitdan yo'lga qo'yib olgan minglab vatandoshlarimiz qalbdan his etmoqdalar.

Shubhasiz, har qanday mashaqqatni mehnat va matonat, sabru chidam bilan mardona engib o'tishda diniy sohamiz xodimlarining pandu nasihatlari, ibratli o'gitlari va ezgu tashabbuslari  juda  ham  katta  ta'sir  ko'rsatdi.

Muhtaram Yurtboshimiz pandemiyaga qarshi kurashda faollik  ko'rsatganlarga tashakkur bildirib, keng jamoatchilik vakillari qatorida qadri baland muhtaram va hurmatli imom-xatiblarimizni ham alohida esga olganlari diniy soha xodimlari mehnatlariga berilgan yuqori bahodir!

Karantinning eng-eng ashaddiy qiyin kunlarida xam xalqimizning salomatligini o'ylab, farovonligini ko'zlab davlatimiz, hukumatimiz chiqargan barcha topshiriqlarini muqaddas dinimiz ravnaqi, masjidu madrasalarimiz obodligini mo'ljallab, mo'min-musulmonlarimizni manfaatlari uchun batafsil etkazishda kechayu-kunduz beg'araz va beminnat xizmatlari bilan, diniy sohamizdagi barcha xodimlarimizga o'zlarining bevosita ko'mak va ulkan yordamlari bilan fidokorona xizmat qilayotgan Din ishlari bo'yicha qo'mitadan kelayotgan barcha muhim tavsiyalarni sohamiz xodimlariga onlayn ham, oflayn ham o'zlarining qimmatbaho yo'l-yo'riqlari bilan etkazayotgan Diniy idoramiz raislariga nafaqat mamlakatimiz xalqi tahsinlar aytdi, balkixalqaro darajada ham O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Muftiy hazratlari tan olinib, “Dunyodagi eng nufuzli 500 musulmon ro'yxati”dan o'rin oldilar.

Karantinning eng qiyin paytlarida ham qahramonona, jonini Jabborga berib, 24 soatlab, haftalab tinmay, beminnat xizmat qilgan shifokorlarimiz va huquq-tartibot xodimlaridan sira ham qolishmasdan xizmat qilgan diniy sohamiz xodimlarini dono xalqimiz nihoyatda yaxshi bilar ekan... Ta'kidlash joizki, xalqimiz tomonidan mana shunday ulug'vor ishlari uchun xali-xaligacha juda ham ko'p minnatdorliklar kelib tushmoqda. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali ham mamlakatimiz fuqarolari tomonlaridan alohida rahmatnomalar hanuzgacha izhor qilinmoqda. Ayniqsa, mana shunday samimiy, chin dildan yozilgan maktublarda O'zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, xususan Muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga alohida dil so'zlari bitilgan. Idoramizning barcha xodimlaridan xalqimizning minnatdorligini mo'min-musulmonlarimizdan kunda-kunaro kelayotgan tashakkuru rahmatnomalaridan bilish mumkin.

O'z navbatida biz ham mana shunday ulug'vor ishlarda boshchilik qilgan – Qoraqalpog'iston musulmonlari qoziyoti qozisi Shamshetdin domla Bauatdinov, Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov, Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov, Jizzax viloyati bosh imom-xatibi Mehmonali domla Jabborov, Navoiy viloyat bosh imom-xatibi Toirjon domla Ro'ziyev, Namangan  viloyati bosh imom-xatibi Abdulhay domla Tursunov, Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov, Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Habibulla domla Zokirov, Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi Aliakbar domla Cayfiddinov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi marhum Hayrulla domla Turmatov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin domla Holiqnazarov, Farg'ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydullo domla Abdullayev, Horazm viloyati bosh imom-xatibi Hayrulla domla Abdullayev va Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi Raxmatullo domla Usmanov larga va mazkur katta ustozlar bilan birga xizmat qilayotgan ustozlar – muhtaram va hurmatli imom-xatiblarimizning har birlariga ham ko'pdan-ko'p  tashakkurlar va chuqur  minnatdorlik  bildiramiz!

Pandemiya davrida oliy va o'rta maxsus diniy ta'lim muassasalarida ham o'quv va ta'lim jarayonlari tinimsiz davom etdi, shuning uchun Toshkent islom instituti rektori Uyg'un G'afurov, Mir Arab oliy madrasasi rektori Haydarxon Yuldashxodjayev, Hadis ilmi maktabi rektori Olimjon Yusupov, “Ko'kaldosh” islom bilim yurti mudiri Muhammadamin Nasriyev, “Mir Arab” islom bilim yurti mudiri Jamol Mavlonov, “Hoja Buxoriy” islom bilim yurti mudiri O'tkir G'uzorov, “Sayyid Muhyiddin maxdum” islom bilim yurti mudiri Rustam Maxmudov, “Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy” islom bilim yurti mudiri Shamsiddin Bauatdinov, “Hidoya” islom bilim yurti mudiri Abdulaziz Bobamirzayev, “Faxriddin ar-Roziy” islom bilim yurti mudiri Davronbek Abduqodirov, “Jo'ybori Kalon” ayol-qizlar islom bilim yurti direktori Azizxo'ja Inoyatov, “Hadichai Kubro” ayol-qizlar islom bilim yurti direktori Nozimaxon Ibragimova, “Imom Termiziy” islom bilim yurti mudiri Shukrullo Umarov larga cheksiz tashakkur aytamiz!

Andijon viloyati Andijon shahri “Abu Hurayra” jome masjidi imomi Sharofiddin Musayev, Farg'ona viloyati Oltiariq tumani “Oq do'ppi Eshon” masjidi imom-xatibi Muhammadamin Abduhamidov, Farg'ona viloyati Buvayda tumani “Eshon bobo” masjidi imom-xatibi Tolibjon Ergashev, Surxondaryo viloyati Denov tumani bosh imom xatibi va “Abu Hanifa” masjidi imom-xatibi Dilmurod Davlatov, Termiz shahar bosh imom-xatibi Nizomiddin Choriyev, Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi “Sulton Mirxaydarbobo” ziyoratgohi direktori Ulug'bek Amirov, Qashqadaryo viloyati G'uzor tumani “Hazrati Mirijanda” jome masjidi imom-xatibi Anvarjon Ganjiyev, Horazm viloyati Bog'ot tumani “Ho'jabobo” jome masjidi imom-xatibi Ergashboy Otajonov, Toshkent shahridagi “Katta Qozirobod” jome masjidi imom-xatibi, shahar bosh imom-xatibi o'rinbosari Abduqahhor Yunusov, “Hazrati Imom” jome masjidi imom-domlalari Habibulloh Abdurazzakov, Muhammadabdulloh Baxromov, Abrorxon Sayfidinov, Ismoiljon Qurbonov, “Al-Badr” jome masjidi imom-xatibi Odiljon Holmurodov, “Ubay ibn Ka'b” jome masjidi imom-xatibi Abdulxakim Matqulov, “Pul emas ota” masjid imom-xatibi Habibulloh G'aniyev, “To'ra Buva” jome masjidi imom-xatibi Shovkatbek Hamdamov, “Masjidus salom” imom-xatibi Muzaffar Kamolov, “Hoja Ahrori Valiy” jome masjidi imom-xatibi Isomiddin Axrorov, “Baland masjidi” imom-noibi Ma'rufjonNorqulov, “Do'mbirobod” jome masjidi imom-domlasi Muhammadnazar Qayumov, “Muhammad Umar o'g'li Zokir” masjidi imom noibi Qahramonjon Ho'rozov, “Oltin tepa” jome masjidi imom-domlasi Islomiddin Zuxriddinov, “Shayx Ziyovuddinxon” jome masjidi imom-domlasi Erdonbek Esanov, “Yakkasaroy” jome masjidi imom noibi Dilmurod Raximov lar esa o'z xududlarida fidoyilarcha xizmatlari bilan xalqimizning ko'nglidan joy topib, rahbarlarning ham rahmatlariga sazovor bo'ldilar.

Ta'kidlash joizki, muhtaram va hurmatli fazilatli ulamolarimizning va diniy soha xodimlarining mehnatlarini qadrlash Yangi O'zbekistonda din sohasi va imom-domlalarga berilayotgan yuksak e'tiborning yana bir bor yaqqol namunasidir. Taraqqiyotimizning yangi davrida muhtaram Prezidentimiz boshchiliklarida Islom dini ma'rifatini keng tarannum etish, masjid-madrasalarni obod etish va ulamolarni, imom-domlalarni munosib qadrlash yo'lida juda ham katta ishlar amalga oshirilayotganidan, albatta, hammaning xabari bor.

Bugungi tarixiy o'zgarishlar va voqealarni hammamiz ko'rib, eshitib, bevosita guvohi bo'lib turibmiz... Bularning zamirida Yaratgan Parvardigori olamning irodasi ila bir yoqadan bosh chiqarib samarali mehnat qilishimiz hamda Davlatimiz Rahbari atrofida jipslashib yorqin kelajak va yuksak taraqqiyot sari dadil sa'y-harakatlarimiz mujassamdir.

E'tirof etish kerakki, joriy yilda ketma-ket kelgan sinovlarni mardona engib o'tishda diniy soha vakillari ham ulkan hissa qo'shmoqda. Ayniqsa, xalqimiz orasida katta obro'-e'tibor qozongan muhtaram va hurmatli fazilatli ulamolarimiz barchani sabr-bardoshga, o'zaro mehr-oqibatli, ahil va hamjihat bo'lishga da'vat etuvchi o'zlarining ta'sirchan so'zlari va chiqishlari bilan yurtdoshlarimiz qalbida ertangi yorug' kunlarga katta ishonch tuyg'usini mustahkamlaganlariga barcha guvoh bo'ldi.  

Darhaqiqat, Islom dinining ezgu ta'limotlarini keng tarannum etish va Haq taoloning diniga xizmat qilish savobi ulug' amallardan hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda O'z diniga xizmat qiluvchilarni shunday madh etadi: “Ey, imon keltirganlar! Agar sizlar Allohga yordam bersangiz (dinining rivoji uchun harakat qilsangiz), U ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur” (Muhammad surasi 7-oyat).

Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o'zlarining muborak hadisi shariflarida: “Odamlardan bo'lgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qila olmagan odam Hudoga ham shukr qilaolmaydi”, – deb marhamat qilganlar. Dono xalqimiz esa: “Yaxshiga qilsang yaxshilik – ham aytadi, ham qaytadi. Yomonga qilsang yaxshilik – na aytadi, na qaytadi”, – deb bejizdan bejiz aytmagan.

O'zini jonini ham, oilasini salomatligini ham Hudoga topshirib, o'ta katta va jiddiy xavf-xatarni ham chetga surib, jonini ham, molini ham xalq uchun fido etgan HAR BIR IMOM-DOMLAMIZGA behisob  tashakkurlar aytamiz!

Chuqur qayg'u bilan qayd etamizki, bu kasallik tufayli ko'pgina yurtdoshlarimiz qatorida etuk ulamolarimiz, tajribali imom-domlalarimiz va jonkuyar diniy soha xodimlarimiz ham bu dunyodan o'tdilar... To'g'ri, bu hayotda o'rni o'zgarmaydiganlar, albatta, yo'q... Lekin o'rnini hech kim bosa olmaydiganlar BOR! Ular quyidagilardir. Bugun biz o'zlarining benazirliklari bilan xalqimiz qalbidan mustahkam joy olgan quyidagi din xizmatchilari – ustozlarni alohida esga olishimiz lozim...

Andijon viloyati Qo'rg'ontepa tumani “Dardoq” jome masjidi imom-noibi To'ychiyev G'ayratjon domla;

Namangan shahar “Homiddin qori” jome masjidi imom-noibi Ismailov Adhamjon domla, “Abdurazzoq qori” jome masjidi imom-noibi Hojiyev Ahadxon domla;

Jizzax viloyati Paxtakor tumani “Navbahor” masjidi imom noibi  Abdurahmonov Qo'chqor domla, Zarbdor tuman “Keriz” masjidi imom-xatibi  O'tamurodov Qodirqul domla;

Surxondaryo viloyati Jarqo'rg'on tumani “Ho'ja Abdul Varroq at-Termiziy” masjidi imom xatibi Hasanov Shoxnazar domla, Denov tumani “Imom Buxoriy”  masjidi imom-xatibi Toshboyev Panji domla;

Toshkent shahri Olmazor tumani “To'xtaboy” masjidi imom noibi Bahramov Ahmadulloh domla, Shayxontohur tumani “Baland” masjidi imom noibi Ismailov Habibulloh domla, Bektemir tumani “Alibek” masjidi imom noibi Ibragimov Ahmadjon domla, Yakkasaroy tumani “Rakat” masjidi sobiq imom-xatiblari, faxriy imomimiz, taniqli katta ulamomiz Hamdamov Abdulloh domla;

Qoraqalpog'iston Respublikasi Qo'ng'irot tumani “Hakim Sulaymon” jome masjidi imom noibi Mamutov Muhammadali domla, Qoziyot hisobchisi Ametov Rembergen domla;

Buxoro viloyati sobiq bosh imom-xatiblari Nurillayev Mansurjon domla;

Samarqand shahar “Ho'ja Zudmurod” jome masjidi imom-xatibi Melikov Mustafoqul domla, “Abdulloh ibn Abbos” jome masjidi imom-xatibi Davronov Abdurahmon domla, “Shohi Zinda” jome masjidi imom-xatibi Islomov Nuriddinxon domla;

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Turmatov Hayrullo domla, Oqqo'rg'on tumani “Erbo'ta qozi” masjidi imom noibi Boyxonov Ismoilxon domla, Bekobod tumani “Turkman” jome masjidi imom noibi Erkayev Rahmonberdi domla;

Qashqadaryo viloyati Yakkabog' tumani “Eski qo'rg'on” masjidi imom-xatibi  Ismatillayev Tohirjon domla;

Horazm viloyati vakilligi huquqshunosi Jumaniyozov Baxtiyorjon domla;

Sirdaryo viloyati Sardoba tumani “Paxtaobod” jome masjidi sobiq imom-xatibi Suyarov Abdurahmon domla;

Farg'ona viloyati Dang'ara tumani “Muhammadsaid xo'ja” jome masjidi imom-xatibi Ahmedov Sherzodjon domla;

Tabarruk ustoz Ubaydulla domla Uvatov, yirik mufassir Shayx Alouddin Mansur hazratlari, zabardast olim Dovudxon domla, mutasavvif ulamo Olimxon domla va “Ko'kaldosh” madrasasida uzoq yillar samarali xizmat qilgan Abdusalom domla kabi ustoz ulamolarimiz bu foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat etdilar, ularning oxiratlari obod, joylari jannat bo'lsin!

Mehribon Parvardigorimiz bu qiyin davrda mashaqqatli kurashning oldingi saflarida turib, o'z hayotini xavf-xatar ostiga qo'yib, jasorat va matonat namunasini ko'rsatgan va vafot etib, shahidlik maqomiga etishgan mazkur ulamolarimizning yotgan joylarini keng, nurli etib, barcha solih amallarini o'zlariga hamroh aylagan bo'lsin! Ilohim O'zi rozi bo'lib, Naim jannatlari bilan siylasin!

O'z faoliyatining ma'no-mazmunini muborak dinimiz, jonajon xalqimizga, ona-Vatanimizga sidqidildan xizmat qilishda, deb bilgan bu fidoyi insonlarimizdan ulkan va boy ma'naviy meros qoldi... Zikr etilgan aziz insonlar dinimiz ta'limotlarini doimo tarannum etadigan, xalqimizning qalbi va ongi uyg'oq, vatanparvar farzandlari sifatida mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlarning doimiy ishtirokchisi va targ'ibotchisi edilar... Ularning oilalari va yaqinlariga, muxlislariga O'zbekiston musulmonlari idorasi butun xalqimiz, mo'min-musulmonlarimiz nomlaridan ezgu duolarni qilib qoladi...

Bir oddiygina kichik qo'l soatida ham, uyimizdagi televizorda ham, qo'limizdagi telefonimizda ham, eng katta komp'yuterda ham, eng oxirgi rusum avtomobilida ham, bir necha tonnalik samolyotda ham, Yer sayyorasidan ko'tarilib koinotga borib-kelayotgan necha ming tonnalik kosmik kemalarda shunday bir qism, bo'lakchalari bor-ki, u qismlarsiz mazkur “mo''jiza”lar ishlolmay qoladi. Aslini olganda, u bo'lak-qismlar ko'zga ko'rinmaydi ham... Ular e'tiborsiz-u, lekin ularsiz soat va televizor ham, telefon va komp'yuter ham, avtomobil' va samolyot ham, xatto insoniyatni lol qoldirayotgan bahaybat kosmik kemasi ham ishlamasdan qotib qoladi! “Mo''jiza”larning eng kattasi va eng ulug'i bo'lgan Inson organizmida ham mana shunday “qism-bo'laklar” mavjud.

Har bir korxona-tashkilotlarda ham huddi shu kabi “qism-bo'laklar”ni vazifasini ado etadigan odamlar, katta-kichik xodimu xizmatchilari bor!!! Ular o'zlarini hadeb bildiravermaydilar... Lekin o'z ishlarini nihoyatda chiroyli va namunali etib, to'la-to'kis va mukammal qilib, dinu diyonat bilan, halolu pok, insofu vijdon bilan bajaradilar. Shunday insonlarga o'zlarini “ko'rsatish”larini yo (hozir “moda”ga aylanib qolgan) internetga “chiqish”larini taklif etsangiz, hammalaridan yagona javob eshitasiz. O'zlarini tortib, uyalib, chuqur hayojonlanib: “Hudo bilsa, bo'ldi... Bilsa – baliq, bilmasa – Holiq,” – deb qo'yadilar xolos.

Mana shunday insonlar bizning sohamizda son-sanoqsiz darajada ko'p! Lekin ularni mashaqqatli va sermahsul mehnatlarini, beqiyos va olijanob xizmatlarini Yaratganimizdan tashqari, rahbarlarimiz ham, dono xalqimiz ham juda yaxshi biladi!

Bugungi murakkab va sinovli davrda xalqimiz va dinimiz xizmatida bo'lib turgan qadrli va tabarruk ulamolarimiz, muhtaram va hurmatli imom-domlalarimiz, aziz va qimmatli mudarrislarimiz, mushtipar va munis otinoyilarimiz, masjid-madrasalarimiz bebaho va mehnatkash xodimlari hamda sevimli va suyukli talabalarimizga Mehribon Parvardigorimiz Alloh taboraka va taolodan sihat-salomatlik, shodu hurramlik va ikki dunyo saodatini so'raymiz!

Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, muborak dinimiz rivoji hamda dono xalqimiz salomatligi va farovonligi yo'lida olib borayotgan fidokorona mehnatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar ato etishini Mehribon Parvardigorimizdan iltijo qilib qolamiz!

El-yurtimiz ravnaqi va dini Islom ma'rifati yo'lida kunni tunga, tunni kunga ulab, o'zining bor kuch-qudrati va aql-zakovatini ayamasdan, sidqidildan, fidoyilarcha, xolisona hamda ulkan mehr ila xizmat qilib kelayotgan sizlardek mo''tabar insonlarni tarbiyalab, voyaga etkazgan OTA-ONALARINGIZGA  MING-MING-MING RAHMAT! Barcha ota-onalarga ham Parvardigori olam ana shunday farzand tarbiyalab, kamolga etkazishni nasib aylasin!

Iloho jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi, dinimiz kamoli, masjidu-madrasalarimiz obodligi uchun muhtaram Yurtboshimizni dono rahbarliklari ostida hukumatimiz, Diniy idoramiz tomonlaridan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklaridagi mehnatkash xalqimiz olib borilayotgan barcha xayrli, yaxshi, savobli ishlarda Alloh taolo O'zi madadkor bo'lsin!

Ilohim o'zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz buyurgan, Janob Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, o'tmishda o'tganlarimizni ro'hlari shod bo'ladigan, xalqimiz xursand bo'ladigan, ota-onalarimiz rozi bo'ladigan yo'llardan yurishimizni nasib etsin!

 

Ibrohimjon INOMOV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Jonli va jonsiz tarbiya

01.06.2026   5991   14 min.
Jonli va jonsiz tarbiya

«Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!» deb, (Kalomulloh Qur’oni karimning Qalam surasi 4 oyatida) marhamat qilib, makorimi axloqni takomillashtirish uchun yuborilgan Janobi sevimli Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni ulug‘lagan Parvardigori olamga behisob hamdu sanolarimiz bo‘lsin!

«Haq bo‘laturib tortishuvni tark qilgan kishi uchun jannatning chekkasida bir qasr bino qilinishiga; hazil bo‘lsa ham yolg‘onni tark qilgan kishiga jannatning o‘rtasida bir qasr bino qilinishiga; xulqi go‘zal bo‘lgan kishi uchun esa jannatning yuqorisida bir qasr bino qilinishiga kafilman» deb, (Imom Abu Dovud rivoyatlari) marhamat ila va’da etgan habibimiz, ko‘zimiz nuri, boshimiz toji Janobi sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga cheksiz salavot-shariflarimiz va salomlarimiz bo‘lsin!

QISQACHA  MA’LUMOT:

 

Xalqaro huquq darajasida bolalar huquqlariga oid

asosiy hujjat – 1989 yil 20 noyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Bosh Assambleyasining 44/25-sonli Qarori bilan qabul qilingan Bolalar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya hisoblanadi.

 

Bundan tashqari, bolalarga bag‘ishlangan yana bir qator xalqaro sanalar mavjud: Butunjahon bolalar kuni (20 noyabr), Xalqaro begunoh bolalar – tajovuz qurbonlari kuni (4 iyun) va Afrika bolalarini himoya qilish kuni (16 iyun).

 

Har yili 1 iyun sanasi dunyo bo‘ylab Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida keng nishonlanadigan kun esa 1949 yil noyabr oyida Parij shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro demokratik ayollar federatsiyasi kongressi qarori bilan ta’sis etilgan bo‘lib, ilk bor 1950 yilda nishonlangan.

 

Bu sana nafaqat bolalarga quvonch ulashish, ularning yuziga tabassum baxsh etish kuni, balki har birimizga ulkan mas’uliyatni eslatib turuvchi muhim kun hamdir. Zero, bola – oilaning ko‘z nuri, qalb quvonchi, millatning kelajagi va Alloh taoloning eng buyuk ne’matlaridan biridir.

 

Bolalarning beg‘ubor kulgisi, samimiy nigohlari va pok qalblari insonga hayotning haqiqiy go‘zalligini his qildiradi. Shuning uchun ham har bir jamiyatning taraqqiyoti, avvalo, uning farzandlariga bo‘lgan munosabati bilan o‘lchanadi.

Bolalarga mehr bergan, ularning ta’lim-tarbiyasiga ahamiyat qaratgan xalqning kelajagi ham yorug‘ bo‘ladi.

 

Islom dini bolalarga mehr-muruvvat ko‘rsatishni, ularni asrab-avaylashni va yaxshi tarbiya berishni eng ulug‘ amallardan biri sifatida ta’lim beradi.

Qur’oni karim va hadisi shariflarda farzandlarga nisbatan rahm-shavqatli bo‘lish, ularning haq-huquqlarini ado etish haqida ko‘plab ko‘rsatmalar berilgan.

Kalomulloh Qur’oni karim oyati karimalarida, Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning muborak hadisi shariflarida, sahobai kiromlarning go‘zal fe’l-atvorlarida, ulamolarimizning noyob asarlarida, ulug‘larimizning kitoblarida va dono xalqimizning dono maqollarida kelgan “Hayot” universitetida uchraydigan har xil savollarga mukammal va to‘liq, batafsil va aniq javoblar har birimiz uchun ZARUR va DARKOR bo‘lsa kerak...

 

Hozirgi davrda, axborot texnologiyalari o‘ta tezkorlik bilan rivojlanayotgan bir paytda, nanotexnologiya zo‘r shiddatlik bilan avjiga chiqayotgan zamonda, har xil ommaviy axborot vositalari xilma-xil ma’lumotlarni kechayu kunduz zo‘ravonlik bilan tarqatayotgan bir onda, farzandlarimiz o‘z-o‘zlari bilan yolg‘iz qolib 25 soat vaqtlarini telefon, kompyuter bilan mashg‘ul bo‘lib, bolalarimiz ular bilan “band” bo‘lib qolganlarida mazkur vazifalar va purma’noli hikmatlar jannatmakon yurtimizning, muqaddas Vatanimizning, dono xalqimizning har bir fuqarosiga qushga – havo,  baliqqa – suv zarurligiday zarur bo‘lsa kerak...

 

Islom ta’limotida farzandlar Allohning omonati deb qaraladi. Omonatga xiyonat qilinmagani kabi, farzandlarning tarbiyasiga ham beparvo qarash mumkin emas. Halol rizq bilan boqish, yaxshi xulq-odobga o‘rgatish, ibodat va ezgulikka muhabbat ruhida tarbiyalash har bir musulmon ota-ona uchun savobli vazifadir. Chunki yaxshi farzand inson vafot etganidan keyin ham uning amal daftariga savob yozilishiga sabab bo‘ladi.

 

Ba’zan bir shirin so‘z, bir samimiy tabassum yoki kichikgina g‘amxo‘rlik bolaning butun hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun farzandlarimiz bilan ko‘proq suhbatlashish, ularni eshitish, dardlari va quvonchlariga sherik bo‘lish darkor. Mehr bilan ulg‘aygan bola mehribon inson bo‘lib yetishadi. Rahm-shavqat ko‘rgan farzand esa boshqalarga ham rahm qilishni o‘rganadi.

 

Farzandga berilgan har bir imkoniyat, har bir yaxshi tarbiya va har bir ezgu duo kelajakning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi.

Farzandlarimizga ko‘proq vaqt ajratib, ularning qalbiga yaxshilik, halollik, mehr-oqibat va vatanparvarlik tuyg‘ularini singdirish – ulug‘vor burchimiz! Chunki bolalar – bu faqat kelajak emas, ular bugungi kunimizning ham eng katta boyligidir.

 

Bugungi kunda bolalarni himoya qilish masalasi faqatgina moddiy ehtiyojlarni qondirish bilan cheklanmaydi.

Ayniqsa, axborot texnologiyalari rivojlangan zamonda farzandlarimizning ma’naviy olamini asrash, ularni zararli g‘oyalardan himoya qilish har bir ota-ona zimmasidagi muqaddas burch hisoblanadi.

 

Muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini o‘nib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga to‘g‘ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish vazifasi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda. Bu vazifa nafaqat biror vazifador yoki biror sohadagi mas’ullarga belgilangan, balki har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN buyuk vazifa va bugungi XXI asr zamonasida ENG KATTA vazifa, deb bilmog‘imiz lozim!

 

 

«JONLI» va «JONSIZ» tarbiya

 

                                                                                                  «Agar ogohsan – shohsan,

                                                                                        agar shohsan – ogohsan»

 

Albatta, xalqimiz, jumladan, yosh avlod g‘arb fan-texnikasi, madaniyati, adabiyoti, san’atining ilg‘or jihatlarini inkor etmaydi. Biroq G‘arbda din va odobga zid bo‘lgan qarashlarning ko‘pchilikka singdirilishi oqibatida yuzaga kelgan «ommaviy madaniyat» tushunchasini g‘arb ziyolilarining o‘zi «g‘arbning muammosi» sifatida baholayotganini hamda «ommaviy madaniyat»ning ma’naviy-axloqiy tubanliklarini yoshlarimiz qancha tez anglasa, shuncha yaxshi.

 

Bugungi kunda tarbiya ham, ming afsuslar bo‘lsinki, ikki xil bo‘lib qoldi:

1) «jonsiz» tarbiya va 2) «jonli» tarbiya.

 

1) «JONSIZ» tarbiya – bu internet, kompyuter, telefon, disklar, televizor. Ming afsus va nadomatlar bo‘lsinki, bu narsalar ham ko‘p yoshlarimizni, ba’zi o‘rinlarda sal kattaroqlarimizni ham to‘g‘ri yo‘ldan, o‘z ota-onalari ne-ne mashaqqatlar chekib o‘rgatgan yo‘ldan, ota-bobolarimizdan buyuk va beqiyos meros bo‘lib kelayotgan yo‘ldan ozdirib va adashtirib qo‘ymokda. Natijada, dono xalqimiz maqolida «yaxshini sharofati, yomonni kasofati» deb aytilganidek, o‘zlari ham, oilasi ham, qarindoshlari ham, qo‘shnilari ham, do‘stlari ham, yaqinlari ham, atrofdagilari ham sarson bo‘lib, ularning kasofatlari yashab turgan mahallasiga ham, ishlab turgan ishxonasiga ham, butun el-yurtiga ham yetmoqda.

Bunday shakldagi «jonsiz» tarbiya –

  • dono xalqimiz dunyoqarashi va millatimiz mentalitetiga ham,
  • Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz alayhis salomning hadisi shariflariga ham,
  • dinimiz ko‘rsatmalari va shariatimiz hukmlariga ham,
  • ulamolarimiz fatvolari va davlatimiz qonunlariga ham,
  • sharqona odoblarimiz va mazhabimiz me’yorlariga ham,
  • jamiyatshunoslik aloqalari va odamgarchilik munosabatlariga ham,
  • insoniy tuyg‘ular va ruhshunoslik sir-asrorlariga ham,
  • yurtimiz urf-odatlari va o‘zbekchilik qoidalariga ham,
  • madaniyatimiz axloqlari va insoniy aqlga ham,
  • axloqiy norma va dono xalqimiz maqollariga ham,
  • milliy an’analarimiz va diniy qadriyatlarimizga ham,
  • xalqimiz ongi va musulmonchiligimiz asoslariga ham,
  • Islom dinimiz tushunchalariga ham

MUTLAQO zid ekanligini unutmaylik!

 

Xorijiy telekanallarda nima namoyish etilsa yoki internetda nima targ‘ib qilinsa, barchasini qabul qilaverish aslo mumkin emas! Biz ular orasidan imon-e’tiqodimiz, an’anayu qadriyatlarimizga MOS KЕLADIGANLARINIGINA saralab olmog‘imiz shart. Bu maqsadga esa yoshlarimizga telefon, televideniye, kompyuter va internetdan oqilona foydalanish yo‘llarini o‘rgatish, ularning mazkur axborot manbalaridan foydalanishlarini nazorat qilib borish orqaligina erishish mumkin. Toki hali suyagi qotib ulgurmagan yoshlarimizning beg‘ubor ma’naviyatiga jiddiy zarar yetmasin.

Mutaxassislarning tadqiqotlariga ko‘ra, AQSHda jinoyatchilarning yarmidan ko‘pi buzilgan oilalar farzandlari ekani ma’lum bo‘lgan. Ularga ota-onasining ajrashgani tufayli yetkazilgan kuchli ruhiy zarba o‘rta yosh, hatto keksalik chog‘ida ham salbiy ta’sir o‘tkazishi aniqlangan.

 

2) «JONLI» tarbiya – bu

  • ulug‘ ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan oltindan qimmat rivoyatlari va noyob hikmatlari;
  • buyuk ota-bobolarimizdan eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari va betakror hikoyalari;
  • mehribon ota-onalarimizdan o‘rganib kelayotgan gavhar o‘gitlari va mislsiz so‘zlari;
  • elimiz tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan ta’lim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari;
  • jannatmakon yurtimiz – muqaddas Vatanimiz ta’lim maskanlarida taralayotgan durdan a’lo fanlar va beqiyos bilimlar.

 

Bu «jonli» tarbiyadagi ma’lumotlar esa ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishiga hamda tarbiya sohasiga daxldor har bir inson uchun, har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN beqiyos ensiklopedik manba bo‘lib xizmat qiladi. 

 

Oiladagi bosh – bobo yoki buvi, ota yoki ona har kuni, ayniqsa juma oqshomi, bozor oqshomi kunlarida oilaviy dasturxon atrofida o‘tirganlarida oilasining har bir a’zolarini ismlarini nomma-nom aytib, har bir o‘g‘il-qizlarini, har bir kelin-kuyovlarini, har bir nevara-chevaralarini xaqlariga yaxshi tilaklar aytib, yaxshi duolar qilsalar – bu ham «jonli» tarbiyaning bir turi hisoblanadi.

Zero bunday shakldagi «jonli» tarbiyani hammalarimizning ota-bobolarimiz, ona-momolarimiz avval-azaldan chin ixlos bilan, sof e’tiqod bilan, go‘zal namuna va chiroyli ibrat bo‘lib, barkamol darajada berib kelishgan.

Shunda «meni otam meni xaqimga bunday duo qilganlar», «meni onam meni bunday bo‘lishimni Xudodan so‘rar edilar» degan ongi-shuuridagi dasturxon atrofidagi surat uning ko‘z oldida doim turadi. Dasturxon atrofida, oilasi huzurida aytilgan ota-onasining umidlari, orzulari uni boshqa nojo‘ya xatti-harakatlardan tiyilishga, har kuni qo‘l ochib Yaratgandan so‘rayotgan tilaklarni eslab, mazkur tilaklarga mos kelmaydigan ishlardan saqlanishga undaydi.

 

Buyuk ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolib kelayotgan dono xalqimizning yuksak ma’naviyatiga davlatimiz rahbari Muhtaram Prezidentimiz ham: «Duo qilgan, duo olgan hech qachon kam bo‘lmaydi. Bunday joydan hech qachon baraka arimaydi» deb, yana qo‘shimcha sifatida bizlarga  yengilmas kuch qilib berdilar.

Diyorimizda milliy qadriyatlar va muborak dinimizning ezgu ta’limotlari asosida oilaga doir qonun-qoidalar yanada mukammal qayta ishlandi. Xalqimizning milliy ma’naviyati, oilalarimizda amal qilinadigan tartib-qoidalar yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga egadir. Ular oila mustahkamligini ta’minlashda ulkan poydevor vazifasini o‘taydi.

 

Janob hazrat Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘z hadisi shariflarida marhamat qiladilar: «Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar!».

Bu xususda shoirlarimizning ibratli so‘zlari bor:

                      «Birinchi g‘ishtni qiyshiq qo‘yarkan me’mor,

                      Osmonga yetsa ham qiyshiqdir devor».

 

Oilada erning mavqei balandligi, xotin ham o‘z xaq-huquqlariga egaligi, farzandlarning ota-onani hurmat qilishlarini olaylik. Ko‘p yillar davomida ota-bobolarimiz qalbiga singib ketgan ushbu milliy va diniy qadriyatlarni bugun yanada sayqallash kerakligini zamon talab etmoqda.

Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi zamonda bema’ni xurujlar ko‘payib, ularning inson va jamiyat hayotiga salbiy ta’sirlari misli ko‘rilmagan darajada kuchayib bormoqda. Shuning uchun barchamiz ko‘zimizni kattaroq ochib, ziyraklik va ogohlik bilan bunday hamlalarga qarshi kurashmog‘imiz lozim.

 

Ayniqsa hozirgi yozgi ta’tillardan serma’no, sermahsul, mazmunli va unumli foydalanib,

har bir ota, har bir ona o‘z farzandiga:

  • odob-axloq namunalarini;
  • kindik qoni to‘kilgan mislsiz Vataniga – vatanparvarlik his-tuyg‘ularini;
  • bobo-buviga – ehtirom-hurmatni;
  • ota-onaga – mehr va itoatkorlikni;
  • oila a’zolariga – rahmdillik va mehribonlikni;
  • o‘z juft haloliga – haqiqiy muhabbat va sodiqlikni;
  • qo‘ni-qo‘shnilarga – oqibat va chiroyli munosabatni;
  • qavm-qarindoshlarga – saxovat-muruvvatni;
  • sinfdosh-kasbdoshlarga – chin do‘stlik va yordam berishni;
  • atrofdagi barcha odamlarga – insonparvarlik va samimiylikni;
  • hayvon-parranda-hasharotlarga – rahm-shafqatni

uqtirib, yuqtirib, tushuntirib, singdirishimiz –

 

ham burchimiz, ham qarzimiz, ham farzimizdir!

XUDONING oldida ham, bandasini oldida ham, YURT-XALQIMIZ oldida ham!

 

Bularni hammasini bolalarimizga o‘rgatish uchun bizlarga hech qanday maxsus oliy ma’lumot ham, tegishli sertifikat ham, hech kanday qizil diplom ham kerak emas! Yoshlarimizda bu jihatlarini biz uyg‘otishimiz (!) kerak xolos. Zero shu sifatlarning hammasi farzandlarimizning qonida bor, ularning xamirturushlarida bor! Zero shu fazilatlarning hammasi bolalarimizning DNK larida mavjud!

Chunki bu xususiyatlarning barchasi bizlarning ota-onalarimizdan avloddan-avlodga, qon orqali o‘tib kelayapdi! “Buning qonida bor-da o‘zi!” deb yoki “olmaning tagiga olma tushadi”, “olma pishsa, tagiga tushadi” deb bejizdan-bejiz aytmaydi dono xalqimiz!

 

Kimning ona Vatanni sevish tuyg‘usi kuchli va imon-e’tiqodi mustahkam bo‘lsa, o‘zining o‘tmishini hurmatlab, yaxshi bilsa, «ommaviy madaniyat» tuzog‘iga tushib qolmaydi, dinu davlatimizning “xaqiqiy do‘stlari”ning qarmog‘iga ilinmaydi. Buning uchun oilada ota-onalar farzandlari bilan milliy musiqa, xalq qo‘shiq-ashulalarimizni eshitishsa, birgalikda kitob o‘qishsa, o‘qigan asarlarini birgalikda muhokama qilishsa, ularni turli sport seksiyalariga va musiqa to‘garaklariga jalb etishsa, erishilgan yutuqlari va egallayotgan tajribalariga qiziqishsa, ilm-hunar o‘rganishlarida hamnafas bo‘lishsa, yoshlarning yot g‘oyalar uchun vaqti ham, qiziqishi ham bo‘lmaydi.

 

Iloho o‘zlarimizni ham,

farzand-zurriyotlarimizni ham

Mehribon Parvardigorimiz O‘zi buyurgan,

Janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan,

o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan,

xalqimiz xursand bo‘ladigan,

ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

 

Ibrohimjon domla Inomov.     

 

 

 

Maqolalar