O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi “Ko'kaldosh” bilim yurti bitiruvchisi No''monxon Yahyoxon bilan saodat asriga sayohat qilib, sahobalar hayotiga oid ta'sirli lavhalarni yangi tashkil etilgan “Peshqadamlar” loyihasida yoritib borish rejalashtirilgan.
Aziz muxlis, muslim.uz ijodkorlari Allohning yordami ila yana bir xayrli loyihaga qo'l urdi. Bundan maqsad Islom dini ma'rifatini Hazrati Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan o'rganib, keyingi avlodlarga etkazib ketgan sahobalar hayotiga chuqur nazar solib, din rivoji yo'lida qilgan buyuk xizmatlarini ko'rsatib, ibrat olish sanaladi.
Islom tarixi sahobalar hayoti bilan chambarchas bog'liq. Ular payg'ambarlardan keyin insonlarning eng komil va fozillaridir. Sahobalarning eng yaxshilari to'rt xalifa, keyin jannatga kirishi bashorat qilinganlar, Badr va Uhud, Rizvon ishtirokchilari turadi. Shuningdek, ularning birlari ilmda, yana birlari halimlikda, boshqalari esa saxovat yo jasorat bobida peshqadam bo'lganlar. Alloh ulardan rozi bo'lsin.
Mana shunday ma'rifiy loyihalarni har bir talaba, har bir bitiruvchi yoki diniy soha xodimi silsila shaklida olib borishida bizning sayt va ijtimoiy tarmoqlarimiz minbar vazifasini o'tashi mumkin.
Haq taolo ushbu “Peshqadamlar” ko'rsatuvini muvaffaqiyatli qilsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
@muslimuzportal | @mp3muslim | @diniysavollar
Keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy, xalqchil davlat barpo etish, uning ma’naviy asoslarini mustahkamlash va ta’sirchanligini oshirishda muqaddas islom dinining o‘rni beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
Darhaqiqat, bugungi kunda ko‘p millatli mamlakatimizda turli millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, fuqarolarning din va vijdon erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy merosimizni asrab-avaylash, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqdaki, bu yurtimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ulug‘vor islohotlarga uyg‘un va hamohangdir.
Shu o‘rinda e’tirof etish darkor, muqaddas Islom dinining ezgu tamoyillarini chuqur o‘rganish, buyuk tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, mashhur allomalarimizning boy merosini to‘plash va keng targ‘ib etish davlatimiz rahbariyatining ahamiyatidagi masalalardan biri bo‘lib turibdi.
Jumladan, ko‘hna Sharq mo‘jizasi – Samarqand shahri 2025 yilda islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilindi, ulug‘ vatandoshimiz Imom Moturidiyning 1155 yillik tavallud sanasi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanayotganligi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari qatoriga shu yil Buxoro shahrida o‘z faoliyatini boshlaydigan Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi ham qo‘shildi.
Qolaversa, poytaxtimizda bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy-ma’naviy yo‘nalishdagi ulkan va noyob loyiha sifatida el-yurtimiz va xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu muazzam maskan ko‘p ming yillik qadimiy tariximiz, boy va betakror milliy madaniyatimizning yorqin timsoli sifatida Yangi O‘zbekiston hayotidagi g‘oyat muhim voqeaga aylanishi, shubhasiz.
Vatanimiz istiqlolining o‘ttiz to‘rt yillik bayrami arafasida yangragan quvonchli xabar, ya’ni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarini Islom dini ta’limotini keng yoyish, xalqimizni dinu diyonatli, halol-pok, elu yurtiga muhabbatli qilib tarbiyalash, yoshlarni rushdu hidoyatga boshlash yo‘lidagi xizmatlari uchun Prezidentimiz farmoniga muvofiq “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlangani barcha diniy soha vakillarini birdek mamnun etdi.
Buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy nomidagi ushbu mukofotning muftiy hazratlariga taqdim etilgani eng avvalo mamlakatimizda diniy qadriyatlarga bo‘lgan yuksak ehtirom va ulkan sharaf ifodasidir. Binobarin, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining jonajon Vatanimiz ravnaqi, muqaddas dinimiz rivoji va mehnatsevar xalq saodati yo‘lidagi 35 yillik fidokorona mehnatlarining samarasidir.
Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari tomonlaridan oxirgi yillarda odamlarning diniy ma’rifatini o‘stirish, masjidlar ochish, ularni obod etish va imom-xatiblarni qo‘llab-quvvatlash, Qur’on va tajvidni o‘rgatish, musulmon olami hamkorlik borasida salmoqli ishlar amalga oshirilganini faxr ila aytish joiz.
Birgina joriy yilning o‘zida Haj mavsumida 15 ming nafar vatandoshimiz Islom dinidagi beshinchi muqaddas arkonni emin-erkin ado etishdi. E’tiborlisi shundaki, ikki yildan buyon mamlakatimiz rahbari ziyorat vaqtida muftiy hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilar holidan xabar olishi an’ana tusiga kirdi. Ushbu davr mobaynida hojilarimiz, shu jumladan Namangan viloyatidan muqaddas ziyoratni bajargan to‘rt mingdan ortiq hamyurtimiz “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilariga aylanamiz” tashabbusini hayotga tatbiq etishda jonbozlik ko‘rsatib kelishmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlarining sa’y-harakatlari bilan muhtaram hoji ota-onalarimiz jamiyatda birdamlik, oila va mahallalarimizda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, yoshlar tarbiyasini kuchaytirish, o‘g‘il-qizlarni ilm-ma’rifatga, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashga, Vatan himoyachisi bo‘lishga targ‘ib etish, muhtoj insonlarga ko‘mak berishda alohida ibrat va namuna bo‘lishmoqda.
Musoxon domla ABBOSIDDINOV,
Namangan viloyati bosh
imom-xatibi