Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Ko'chat ekish, erni obod qilish – savobli amal!

02.11.2023   2753   6 min.
Ko'chat ekish, erni obod qilish – savobli amal!

So'nggi yillarda jahonda kuzatilayotgan iqlim o'zgarishi bilan bog'liq global muammolar, afsuski, yurtimizni ham chetlab o'tayotgani yo'q. Ro'y berayotgan chang-to'zonlar, shuningdek, yog'ingarchilikning kamayib yoki ko'payib ketayotgani so'zimiz tasdig'idir. Bu holat har bir aqli raso kishini befarq qoldirmasligi turgan gap. 

Alloh taolo insonni erdan yaratar ekan, uning zimmasiga yana shu qaytadigan joyi – erni obod qilish vazifasini yukladi. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “U sizlarni tuproqdan paydo qildi va unga sizni obodligi uchun qo'ydi” (“Hud” surasi 61-oyat). Boshqa oyati karimada: “Yerni yaroqli qilib qo'ygandan keyin unda buzg'unchilik qilmangiz!” (“A'rof” surasi 56-oyat), deb keltirilgan. Alloh taolo ushbu ikki oyati karimada er va uni o'rab turgan tabiatni asrab-avaylashga, undan oqilona foydalanishga buyuradi. Shuning barobarida unga zarar etkazishning har qanday turidan qaytaradi. 

Yer va undagi barcha ne'matlarni kelajak avlodga sof holatda etkazish har bir inson oldidagi muhim vazifalaridandir. Ayniqsa, bu imon-e'tiqodli kishilar qalbida ulkan mas'uliyat hissini oshiradi.

Dinimiz ozodalik va poklikka buyuradi. Islom dini kelgan davrlarda hozirgidek chiqindilar, turli-tuman zararli tutun va hokazolar chiqaruvchi zavod-fabrikalar, konlar, kimyo zavodlari, mashina va hokazolar bo'lmagan. Odamlar bugungi kunimizdagidek ko'p chiqindi hosil qiluvchi mahsulotlarni ham iste'mol qilmagan. Tabiat qo'ynida, tabiiy ne'matlardan oziqlangan. Turli xil sun'iy moddalardan tayyorlangan xilma-xil o'ram, qadoq va boshqa idishlardagi eguliklar emagan. Bu e'tibordan ularning chiqindilari ham tabiat va muhitga do'st bo'lgan bezarar chiqindilardan iborat bo'lgan. Ularning asosiysi taom qoldiqlari bo'lgan, xolos. Shunday bo'lsa ham dinimiz o'sha vaqtning o'zidayoq atrof-muhit tozaligi, shaxsiy tozalik va gigiyena sohasida kelajak davrlarga ham manfaatli bo'luvchi ko'rsatmalarni berib qo'ygan.

Shunday ekan, uylarimiz atrofi, ariqlar, ko'chalar, qabriston va uning atrofini hashar yo'li bilan tozalash, bo'sh joylarga ko'chat ekishdek go'zal odat qadimdan xalqimiz orasida urf bo'lib kelgan. Ammo taassufki, so'nggi paytlarda yurtdoshlarimiz bu qadriyatlardan uzoqlashayotgandek go'yo. Bugun ana shu qadriyatlarni davom ettirishimiz, dinimizning poklik borasidagi hukmlariga rioya qilish har kungidan ham zarurdir.

Suv – hayot manbai hisoblanib, inson u bilan tirik. Hatto tanamizning aksar qismini aynan suv tashkil qilishi hammaga ma'lum. Uni isrof va iflos qilish tabiatga nisbatan xiyonatdir. Janob payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Sa'd roziyallohu anhuga: “Hatto oqib turgan daryoda bo'lsang ham, suvni isrof qilma!” deya qilgan nasihatlari bugungi kunda ayni dolzarb masala bo'lib turibdi. Ota-bobolarimiz ushbu hadisga yillar davomida amal qilib kelishgan. Biz ham ushbu hikmatga, avvalo o'zimiz rioya qilishimiz, qolversa, o'sib kelayotgan yosh avlodga go'zal tarzda o'rgatishimiz kerak.

Yo'llar va soya-salqin joylar barcha insonlarning haqqi bo'lib, ularning hukmi ham suv kabidir. Demak, suvni asragan kabi soya – daraxtlarni ham himoya qilish lozim.

Zaminimiz shunday fazilatlarga boyki, xalqi chin mehnatkash, tuprog'i tirik jondek  bag'rida hamma narsa o'nib-o'sib chiqadi. Yurtimiz ob-havosi ham mo''tadil, oqar suvlari bor, bu esa dehqonchilik uchun juda ham yaxshi xolatdir. Demak Alloh taolo bizga shunday sharoitni berib qo'ygan ekan, biz bu narslardan unumli foydalanishimiz kerak.

Bundan qariyb ikki yil avval Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirib kelinmoqda. Loyiha doirasida ko'plab xayrli ishlar amalga oshirildi. Endilikda 25 oktyabrdan 1 dekabrgacha “kuzgi daraxt ekish mavsumi” e'lon qilindi. Bu mavsumda 85 million tup ko'chat ekilishi mo'ljallangan.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir musulmon bir daraxt o'tqazsa yoki bir ekin eksa va uning mevasi va hosilidan inson yo qush yoki  hayvon tanovul qisa unga sadaqaning savobi bordir”, dedilar.

Boshqa bir hadisda esa payg'ambarimiz alayhissalom: “Sizlardan biringizning qo'lida ko'chat bo'lgan holda qiyomat qoim bo'lsa, qo'lidagi ko'chatni ekishga qodir bo'lsa, turmasdan ko'chatni eksin”, deya marharmat qilganlar.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda “Kim Allohga ishonib va savob umid qilib qarovsiz erni obod  qilsa, Alloh uning ishiga yordam va baraka beradi”, deyilgan.

Demak, ko'chat ekish savobli amallar sirasiga kirar, u kishi dunyodan o'tib, amal sahifasi yopilgandan so'ng ham haqqiga muttasil ravishda savob borib turishiga sabab bo'lar ekan. Shunday ekan, bizlar ham bu ezgu ishdan chetda qolmaylik, obodonchilik va farovonlik yo'lida qo'limizdan kelgan choralarni ko'raylik!

Ubaydulloh Abdullayev,
Farg'ona viloyati bosh imom-xatibi

 

 

 

 

 

 

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

20.08.2026   60918   1 min.
“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.

Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.

Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.

Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari