Insonlarga to'g'ri yo'lni aniq qilib ko'rsatib bergan Alloh taologa hamdu sanolar bo'lsin. “Kimga Alloh yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo'yadi” degan Payg'ambarimiz Sallallohu alayhi vasallamga durud va salovatlar bo'lsin.
Mazhab so'zi aslida arabcha “Zahaba” fe'li so'zidan olingan bo'lib yo'l, yo'nalish degan ma'noni bildiradi. Istilohda esa ahli sunnati val jamoaning to'rt imomlarining fiqhiy mazhablari tushuniladi.
Fiqhiy mazhablar 4 ga, aqidaviy mazhablar 2 ga bo'linadi. Bunda Abu Mansur Moturidiyning “Moturudiya” va Abul Hasan Ash'ariyning “Ash'ariya” mazhabi kiradi.
Ba'zi insonlar o'rtasida fiqhiy mazhablarni inkor qilib, mazhabsizlikka chaqiruvchilar ham uchrab turadi. Bunday kishilar, asosan, fiqhdan bexabar, ilm ostonasiga endigina qadam qo'ygan yoki haqiqiy ilmdan bebahra qolgan odamlar bo'ladi.Ular mazhabga ergashishni ayb va nuqson deb bilib, fiqhiy mazhabboshilarga til tekkizishgacha etib boradilar. Suriyalik mashhur olim Muhammad Sa'iyd Ramazon Butiy mazhabsizlikka chaqiruvchilarni. Islomdagi eng xatarli bid'at, deb biladilar. U kishi mazhabsizlikni dinsizlikka olib boruvchi qo'prik deb ataydilar.
Ulamolarimiz, fiqhiy mazhablar imomlari va ularning ishlarini quyidagi misol bilan tushuntiradilar:
Bu dunyodan yaxshi yashab, o'tish xuddi tog'ning cho'qqisiga eson-omon chiqishga o'xshaydi. Qur'on va Sunnat o'sha chuqqiga chiqishni ko'rsatadigan xarita va qo'llanma. Mazhab imomlari esa, ushbulardan foydalanib cho'qqiga chiqishning eng oson va bexatar yo'lini topib, belgi quyib ketgan kishilar. Mazhabni inkor qiluvchilar tog'ning tagiga kelib qullanmani olib, o'ziga yangi yo'l topib, cho'qqiga chiqishga harakat qilayotgan odamga o'xshaydi. Buning uchun kamida mazhabboshining ilmi bilan uning ilmi teng bo'lishi kerak.
Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi: «Albatta» mana shu (Mening) To'g'ri yo'limdir. Unga ergashingiz! (Boshqa turli) yo'llarga ergashmangiz! Aks holda, ular sizlarni uning yo'lidan ayirib qo'yadi. Taqvoli bo'lishingiz uchun (Allohning) qilgan hukmlari mana shulardir.
Mazhablarning to'tgan yo'lllariga esa oyatdagi ,,manashu mening to'g'ri yo'limdir,, degan joyi to'g'ri keladi.
Dindan faqat o'zinig dunyoviy maqsadlari uchun foydalanishni istagan yoki Qur'on oyatlari va sunnatga qo'r-ko'rona amal qilib ulardan ko'zlangan haqiqiy ma'noni boshqa tarafga bo'rib, Islom ulamolarining yo'lini tark etgan kishi betahqiq o'ziga o'zi zulm qilgan kishidir.
Alloh taolo Qur'oni karimda: “Albatta, Alloh odamlarga biror narsada zulm (nohaqlik) qilmaydi. Lekin odamlar o'zlariga zulm qiladilar, deb marhamat etgan. Bizning yurtimizda Imomi A'zam, ya'ni Hanafiy mazhabi keng tarqalgan. Shuning uchun har bir inson ushbu mazhabga amal qilib ibodatlarini bajarsa to'g'ri yo'ldan adashmaydi. Alloh taolo barchalarimizni mazhabga amal qiladigan mo'min bandalardan qilsin.
Zafar Yahyoev,
Urgut tuman “Mirzo Ulug'bek” jomi masjidi imom-xatibi
O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.
«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.
«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.
Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.
«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.
Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati