Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan yurtimizda istiqomat qilayotgan yordamga muhtoj oilalarga ulashilgan xayriya mahsulotlari oldida qorbobo surati tasvirlangan fotolavhalar turli izohlar bilan tarqatilmoqda.
Qat'iy ta'kidlaymizki, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan mehr-muruvvat tadbirlari biror-bir sana yoki ijtimoiy bayramlarga aloqasi ham, qorboboni taklif etishda Fondning o'rni ham yo'q.
Joylardagi tadbirlarning shakli va mazmuni hududlardagi tashkilotlar tomonidan uyushtirilgan bo'lib, bunday farosatsizlikka yo'l qo'ygan mahalliy mutasaddilarni mutlaqo oqlab bo'lmaydi. Hususan mana shu holatga sababchi bo'lgan Surxondaryo viloyati Qumqo'rg'on tumani hokimligi vakillari uzr so'rashlari kerak.
Shunday ekan, tarqatilgan suratlardagi qorbobolarning “Vaqf” xayriya jamoat fondiga hech qanaqa aloqasi yo'q. Bu holat uchun Fond va uning xodimlarini obro'sizlantirish, haqorat va adolatsizlikdir. Har qanday to'g'ri va ishonchli ma'lumotni istalgan vaqtda Fondning o'zidan olish mumkinligini yana bir bor ta'kidlaymiz.
“Vaqf” fondini obro'sizlantirish orqali shuhrat orttirishga urinadiganlar ham borligi har qanday mo'min kishini xavotirga soladi. Aslida, bu ham nafsdagi kasallik bo'lib, shaytoniy qutqu turtki bo'ladi. Mo'min banda bunga hushyor bo'lishi kerak.
So'z isboti bilan deganlaridek, mo'min kishi, avvalo, kalomlarning eng ulug'i – Qur'oni karimga murojaat qiladi. Kalomullohda: «Ey mo'minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat etkazib qo'yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo'lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko'ringiz!», deb marhamat qilingan (Hujurot, 6).
Mufassirlar oyati karimani sharhlab, keltirilgan har qanday xabarga ishonavermaslikni, agar fosiq kishi (fosiq “fisq” so'zidan olingan bo'lib, lug'atda “qobiqni teshib chiqish” ma'nosini anglatadi. Shar'iy istilohda esa Alloh taoloning toatidan chiqib, ma'siyatlarni yashirmay, uyalmasdan, ochiq-oydin qiladigan odamga “fosiq” deyiladi) biror gap olib kelsa, uni yaxshilab tekshirib ko'rish zarurligini ta'kidlashadi.
Hadisi shariflarda: “Eshitgan narsasini gapiraverish kishining yolg'onchiligiga kifoya qiladi” (Imom Muslim rivoyati), “Musulmon shunday kishiki, uning na qo'lidan, na tilidan musulmonlar ozor ko'rmaydi” (Imom Buxoriy rivoyati), “Birovga zarar berish ham, zarar ko'rish ham yo'q” (Imom Bayhaqiy rivoyati) deyilgan.
Shunday ekan, keng ko'lamli xayriya ishlariga rahna solish maqsadida, tarqatilgan xabarlardan kimga nima naf? Nima maqsadda shunday qilindi? Oyati karimaga ko'ra, xabar tekshirilib ko'rildimi, “Vaqf” fondining biror mas'ulidan so'raldimi? Hadisi sharifga binoan eshitgan narsasini aniqlashtirmasdan turib, o'zining ijtimoiy tarmoq sahifalariga qo'yib yuborgan kishilar Fondga ziyon-zahmat etkazgan, obro'sizlantirgan bo'lib qolmadilarmi?!
Qayd etish kerakki, sinovlar ketidan sinovlar bo'lgan joriy yilda yurtimizdagi ehtiyojmand va yordamga muhtoj oilalarga yordam ko'rsatish, ularning ko'ngillariga ro'shnolik olib kirish va dardu tashvishlarini aritish yo'lida Fond tomonidan yil davomida juda ko'p xayriya ishlari amalga oshirib kelinmoqda. Mana shunday mehr-muruvvat tadbirlari shu yilning dekabr' oyida ham keng ko'lamda bajarildi.
Muxtasar aytganda, har bir mahalladan 10 nafardan jami 91550 nafar kam ta'minlangan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari ulashildi.
Mazkur xayriya mahsulotlari joylardagi mutasaddi tashkilotlar vakillari, mahalla faollari, jamoatchilik vakillari hamda ko'ngillilar ishtirokida tayyorlandi va ehtiyojmand oilalarga etkazildi.
Shuningdek, 56 ta “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylaridagi mavjud ehtiyojlarni o'rgangan holda, ularga foydalanish uchun televizor, kir yuvish mashinasi, tikuv mashinasi, komp'yuter va printer, sovutgich, generator, videokamera, changyutgich, pech', dazmol kabi zarur texnik jihozlar olib berildi.
Sinovli kunlarda yanada jipslashib, bir-birini qo'llab-quvvatlash, yiqilganni suyash o'rniga, mana shunday 100 mingdan ziyod oilalar va bir necha yuz ming insonning dardiga malham bo'lgan savobli ishlarga soya solish va noxolis talqin etish chin mo'minlik sifati emas.
So'zimiz yakunida quyidagi rivoyatni keltiramiz. Tamim ibn Avs Doriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom: «Din samimiy xayrixohlikdir», dedilar. Biz: «Kim uchun?» dedik. U zot: «Alloh uchun, Uning Kitobi uchun, Rasuli uchun hamda musulmonlarning imom-rahbarlari va hammalari uchun», dedilar» (Imom Muslim rivoyati).
Hayrixohlik – pand-nasihat qilish, toyilsa turg'izish, adashsa shafqat ila yo'l ko'rsatish, boshiga ish tushganda dalda bo'lish, to'g'ri yurganida yoniga kirish, qo'llab-quvvatlash kabi ishlar bilan ro'yobga chiqadi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati
Bugun, 11 iyun kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti tarixida birinchi marta magistrantlarning dissertatsiya himoyasi start oldi!
Tadbir O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi.
Ushbu muhim voqeada O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhammedov, institut o‘qituvchi va talabalari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Institut rektori Uyg‘un G‘ofurov va boshqalar bu tarixiy qadam Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslarining amaliy natijasi ekanini, mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohani yangi bosqichga olib chiqish va yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash tizimining samarasi ekanini alohida ta’kidlashdi.
Hozirda Toshkent islom institutida «Islom ilohiyoti, falsafasi va moturidiylik ta’limoti» hamda «Hadis ilmlari» mutaxassisliklari bo‘yicha jami 20 nafar magistrant tahsil olmoqda.
Ilk 10 nafar magistrant o‘qish davomida 52 ta ilmiy maqola va tezis nashr ettirgani, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Islom sivilizatsiyasi markazida ilmiy amaliyot o‘tab, noyob qo‘lyozmalar bilan ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlagani e’tirof etildi.
Bu himoyalar yurtimiz diniy ta’lim tizimi rivojidagi muhim bosqich bo‘lib, kelajakda boy ilmiy-pedagog kadrlar salohiyatini oshirishga va ajdodlarimizning bebaho merosini chuqur o‘rganishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Matbuot xizmati