Hozirgi kunda muqaddas islom nomidan har xil oqimlarning o'zlarini jozibador ismlar bilan nomlab olib, go'yoki to'g'ri yo'lni da'vo qilib, g'araz maqsadlari yo'lida ushbu niqobdan foydalanish holatlari ko'plab kuzatilmoqda. Ana shunday oqimlardan biri “Soxta salafiylar”dir.
Bu oqimga mansub bo'lganlar islomdagi ahkom va fatvolarni har bir zamon taqozosiga qarab emas, hijriy sananing dastlabki uch asriga muvofiq ravishda hayotga tatbiq etishni targ'ib qiluvchi oqimdir. Bu oqim arab va islom mamlakatlarida ko'proq tarqalgan bo'lib, O'rta Osiyoga ham kirib kelmoqda. Bu oqim tarafdorlari islom dinining har bir zamon va har bir makonga moslasha olishini tan olmaydilar. O'n to'rt asrdan beri islomning etuk allomalari, faqihu mujtahidlari qabul qilgan fatvolarga amal qilishga qarshi chiqadilar.
Islomda “salaf” (arabcha – “ajdodlar”, “avval yashab o'tganlar”) deganda, hadislarga ko'ra, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida hamda undan keyingi ikki davrda yashagan musulmonlar tushuniladi. Shunga ko'ra, islom ulamolari sahobiy, tobein va tab'a tobeinlarni “salafi solih”, ya'ni “solih ajdodlar” deb hisoblashda yakdildirlar. Ulardan keyingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan “salaf” yoki “salafiy”lar tushunchalarini ishlatish mumkin emas.
So'nggi yillarda “salafi solihlarga ergashish” shiorini niqob qilib olgan, musulmon jamiyatlarini ilk islom davri holatiga qaytarishni targ'ib qiluvchi mutaassib, soxta salafiylar paydo bo'lganini alohida qayd etish lozim.
Soxta salafiylikning aqidaviy, huquqiy va falsafiy asoslari suriyalik Ibn Taymiya (1263-1328 y.) faoliyati bilan bog'liq. Umri davomida o'zining agressiv qarashlari tufayli to'rt marta (1307, 1309,1322 va 1326 yillarda) qamoq jazosiga tortilgan va 1328 yilda qamoqxonada vafot etgan bu shaxs harakatning nazariy asoslarini belgilab berganini barcha mutaxassislar e'tirof etadilar.
Ibn Taymiya go'yoki, asrlar davomida islomga turli bid'atlar kirib qolganini iddao qilib, jamiyat va musulmonlarning kundalik turmush tarzi uning talqinidagi Qur'on va sunnatga asoslangan holda qat'iy tartibga solinishi zarurligi haqidagi g'oyani ilgari suradi. Ularning bu xatokor qarashlariga ahli sunna val jamoa ulamolari munosib raddiyalar bildirganlar.
Ibn Taymiyaning Payg'ambar alayhissalom, sahobiy va avliyolarning qabrini ziyorat qilish hamda tavhid, Allohning makoni, takfir va boshqa aqidaviy masalalarda ash'ariylik va moturidiylikka zid fikrlari o'sha davr musulmon ulamolarining keskin noroziligiga uchrab, ko'plab raddiyalar bitildi, keskin kurash olib borildi. Shunday bo'lsa-da, bunday g'oyalar keyinchalik turli mutaassib guruh va harakatlar etakchilari mafkurasiga asos bo'lib xizmat qildi.
Jumladan, ular quyidagi e'tiqoddagi g'oyalarni ilgari suradilar:
- har qanday yangilikni inkor etish,
- tasavvufni aslo tan olmaslik,
- tavassul (vosita orqali Allohga murojaat qilish)ni kufr, deb hisoblash,
- o'zlariga ergashmaganlarni “kofir” deb e'lon qiladilar.
Ularning faoliyati natijasida “Payg'ambarimiz shafoatidan hech qanday foyda yo'q”, degan g'oyalar tarqalib, salovotlar bayon qilingan kitoblar yoqib yuborildi, muqaddas ziyoratgohlar vayron qilindi.
Ularning adashgan yo'lda ekanliklarini bilish har bir aqlli insonga qiyin emas. Biz esa aynan mavzumizga doir jihatiga to'xtalamiz.
Ho'sh ular o'zlariga ergashmaganlarni kofir deyaptilarmi? Unda kim musulmon. Ularga kim huquq berdi, chin musulmonlarni kofir deyishga. Ular kofir deyayotgan insonlar, Robbim Alloh, dinim islom deyayotgan bo'lsa, ularga kufr nisbatini berish mutlaqo mumkin emas.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim bir insonni kofir deb chaqirsa yoki Allohning dushmani desa, aytganidek bo'lmasa, aytgan so'zlari o'ziga qaytadi”.
Soxta salafiylar esa, hech qanday shar'iy sababsiz, bir-ikki kishi emas bir necha kishilarni kofirga chiqarmoqdalar. Vaholanki, besabab emas,balki gunoh qilgan kishining gunohi uchun ham kofirga chiqarilmaydi. Mashhur vatandoshimiz Najmuddin Umar Nasafiy hazratlari mazkur masala to'g'risida quyidagilarni aytadilar:
“Katta gunohlar mo'min bandani iymondan ham chiqarmaydi, kufrga ham kirgizmaydi. Alloh taolo O'ziga shirk keltirishni kechirmaydi. Undan boshqa katta va kichik gunohlarni esa xohlagan kimsadan kechiradi. Kichik gunohga jazo berishi ham, agar halol hisoblashdan bo'lmasa, katta gunohni avf qilishi ham mumkin. Halol sanash kufrdir. Payg'ambarlar va solih bandalarning katta gunoh ahllari to'g'risidagi shafoatlari ko'plab xabarlar bilan sobitdir. Gunohi kabira sodir etgan mo'minlar do'zaxda abadiy qoldirilmaydi”.
Ularning yana bir qarashlari:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hamda sahobalar va aziz avliyolarning qabrlarini ziyorat qilishni kufr deb hisoblaydilar.
Zero, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam ummatga nasihatlarida quyidagilarni aytganlar:
Hazrati Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi; Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Albatta, barcha amallar niyatga qarab e'tibor qilinadi. Har bir kishi o'z niyatiga etgusidir,....Bas, nimani niyat qilsa, o'shani e'tiborga olinadi”.
Niyat qilish lug'atda “qasd qilish va iroda” ma'nolarini anglatadi.
Demak, qabr ziyorat qilayotganlarning niyatiga e'tibor qilinadi. Agar ziyoratchining niyati o'tganlarni xotirlash, ularga savob yo'llash qolaversa, o'limni eslash, undan ibratlanish bo'lsa, bu juda savobli ish bo'ladi.
Soxta salafiylarning Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam ga hurmatsizlik qilishi u zotning ota-onalarini kofirlikda ayblashlarida ham yaqqol ko'rinadi.
Shuningdek, soxta salafiylarning iddaolariga ko'ra, milodiy yil hisobini ishlatish, boshqa din vakillarining bayram, madaniy tadbirlarida ishtirok etish va tabriklash, kiygan kiyimlarini (jumladan, kostyum, pal'to, galstuk taqish, shim va ko'ylaklar) kiyish ham imonsizlik hisoblanadi. Bu mutaassibona qarashlar jamiyatda ayirmachilik kayfiyatini keltirib chiqarishi bilan har xil nizolarni paydo bo'lishiga sabab bo'ladi, bu narsa muqaddas dinimizda targ'ib etilgan bag'rikenglik tushunchasiga ham zid keladi.
Azizlar har bir yaltiragan narsa oltin bo'lmagani kabi, har bir dinni da'vo qiluvchi to'g'ri fikrda bo'lavermaydi, shunday ekan g'araz niyatli oqimlarning “yaltiroq” tuzoqlaridan ogoh bo'laylik, muqaddas dinimizning sof e'tiqodini mustahkam saqlab, kelajak avlodga sofligicha etkazaylik.
Bektosh HAKIMOV
Hatirchi tuman “Shayx Gadoy Selkin” jome masjidi imom xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Afvni (qabul qilib) oling
Afv etish biror kishining ayb, yomon ishlarini kechirish, aybdorga nisbatan jazo berishga loyiq bo‘lsa ham lutf ko‘rsatib jazolashni tark etishdir. Kechirimli va sabr-toqatli bo‘lish dinimizning asosiy tamoyillaridan biridir. Ayniqsa, o‘ch olishga qodir bo‘la turib kechirib yuborish go‘zal fazilat, oliy xulq namunasidir.
Oyatdagi “afv” so‘zining tafsiri manbalarda turlicha kelgan. Ba’zi mufassirlar u – bag‘rikenglik bilan o‘zgalarning uzrini qabul qilish, og‘irlikni o‘ziga olib, boshqalarga yengillik baxsh etish desalar, boshqalari zakot vojib qilinmasdan oldin boylardan olinadigan sadaqalar deb izohlaganlar.
Imom Tabariy rahmatullohi alayh bunday deydi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan ushbu oyatni sharhlab berishni so‘raganlarida U zot: “Alloh taolo Sizga buyurib aytmoqda-ki, Sizga zulm qilgan kishini Siz afv eting, Sizga bermagan kishiga Siz bering, Sizdan uzilib ketgan kishiga Siz yaqinlashing!” deb sharhlaganlar”.
Sahobalar Payg‘ambarimiz alayhissalomdan: “Go‘zal xulq nima?” deb so‘radilar. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” oyatini tilovat qildilar.
Afv go‘zal va maqtalgan axloqlarning asosidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki uning uchun jannatda binolar qurilishini va darajalari ko‘tarilishini xohlasa, zulm qilganni avf etsin, bermaganga bersin va orani uzganga silai rahm qilsin”, dedilar (Imom Hokim rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamda bu fazilatlarning barchasi mujassam, so‘zlari va fe’llarida ham bu xulq ila ziynatlangan edi, boshqalarni ham kechirimli bo‘lishga undardilar.
Uboda ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga Alloh bandalarining darajasini nima tufayli balandga ko‘tarishini aytaymi?” dedilar. Sahobalar: “Ayting, yo Rasululloh”, deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Senga jahl qilganga muloyim bo‘lsang, zulm qilganni avf qilsang, seni mahrum qilganga in’om qilsang, sendan aloqani uzgan bilan aloqani bog‘lasang”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Nabiy alayhissalom kechirimli, shafqatli va rahmdil bo‘lishda peshqadam edilar. Makka ahli u zot alayhissalomning yo‘llariga tikonlar sochishar, sajda qilib turganlarida tuyaning ichaklarini tashlab ketishar va doimo mazah qilishar edi. Bu hol bir yoki ikki yil davom etgani yo‘q, balki o‘n uch yil muttasil davom etdi. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni avf etdilar, haqiga duo qildilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari bilan tarbiyalangan sahobalar roziyallohu anhum ham o‘zlariga zulm qilganlarni kechirishda barchaga namuna bo‘ldilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Uyayna ibn Hisr degan kishi Hazrat Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning huzuriga kirib: “Ey, Xattobning o‘g‘li! Alloh nomi ila qasam ichib aytamanki, sen bizning o‘rtamizda adolat bilan hukm chiqarmayapsan”, dedi. Bundan Umar roziyallohu anhuning g‘azabi chiqdi, hatto endi bir kor-xol bo‘ladi, deb atrofdagilar qayg‘uga tushib qolishdi. Shunda sahobalardan biri: Ey, amiral mo‘minin! Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” deb buyurmaganmidi, u odam johillardan”, dedi.
Hazrat Umar roziyallohu anhu Qur’on tilovatini eshitishi bilanoq, g‘azabini yutdi hamda Allohning xitobiga muvofiq ish tutdi (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasullloh sollallohu alayhi vasallam xatokorning aybini kechib yuboruvchilarni Alloh taolo kechirishi haqida bunday deganlar: “Avf bandaga izzatdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, afv qiling! Alloh sizni aziz qiladi. Sadaqa molga ko‘payishdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, sadaqa qiling! Alloh azza va jalla sizga rahm qiladi” (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Boshqa rivoyatda esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘ch olishga haqli bo‘laturib, kechirib yuborgan kishi uchun, Men jannatning o‘rtasidan bir qasr berilishiga kafilman”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Yaxshilikka buyur
Yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish har bir mo‘min-musulmonning vazifasidir. Bu haqda Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan kim yomon, munkar ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar unga ham qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin, tili bilan ham monelik qila olmasa, unda qalbi bilan qaytarsin, ana o‘sha imonning zaifligidir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytaruvchi ummatlari eng yaxshi ummat bo‘ldi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Odamlarga chiqarilgan (ma’lum bo‘lgan) ummatning eng yaxshisi bo‘ldingiz, (ey, musulmonlar!) zero, siz amri ma’ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz” (Oli Imron surasi, 110-oyat).
Faqih Abu Lays Samarqandiy rahimahulloh yaxshilikka chaqiruvchida quyidagi xislat va fazilatlar jam bo‘lishi lozim deydi:
Alloh taolo yaxshilikka targ‘ib etuvchi bandalarini madh etadi, ularga O‘z rahmati va marhamati nozil bo‘lishi bashoratini beradi: “Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni barkamol ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o‘shalarga Alloh marhamat ko‘rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir” (Tavba surasi, 71-oyat).
Johillardan yuz o‘gir
Johillik nodonlik, ilmsizlikdir. Dinimiz ilmsizlikdan yuz o‘girishga, ilm, ulamolarga ergashishga da’vat etadi. Qolaversa, johillardan uzoq bo‘lish kishini yomonliklardan saqlaydi, uning axloqini go‘zal qiladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘zi uchun behuda narsalarni tark qilishi kishi Islomining husnidandir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Musulmon kishi johillarga e’tibor bermaydi, ularning gap-so‘zlaridan ta’sirlanmaydi, balki yomonlikka qarshi yaxshilik bilan javob qaytaradi. Albatta, bunday fazilatga faqatgina sabr-toqatli, ikki dunyoda ham ulug‘ nasibaga ega bo‘ladigan Alloh taoloning eng syukli bandalari musharraf bo‘ladi: «Rahmonning (suyukli) bandalari yerda kamtarona yuradigan, johil kimsalar (bema’ni) so‘z qotganda “Salomatlik bo‘lsin!” deb javob qiladigan kishilardir» (Furqon surasi, 64-oyat).
Hasan Basriy rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Bunday zotlar halim, beozor bo‘lib, agar ularga jahl bilan g‘azab qilinsa, ular aslo johillik qilmaydilar, halimlik bilan javob qaytaradilar”, degan.
Alloh taolo barchamizni ushbu go‘zal xulqlar bilan xulqlanib, O‘zining roziligini topishimizga tavfiq ato etsin.
Davron NURMUHAMMAD