Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Yanvar, 2025   |   12 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:34
Shom
17:18
Xufton
18:37
Bismillah
12 Yanvar, 2025, 12 Rajab, 1446

01.01.2021 y. Aziz umrning qadriga etaylik!

28.12.2021   7655   16 min.
01.01.2021 y. Aziz umrning qadriga etaylik!

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ رب العالمين، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ محمد الأمين وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ

AZIZ UMRNING QADRIGA YeTAYLIK!

Muhtaram azizlar! Ma'lumki, dunyo hayoti – har bir insonga berilgan o'tkinchi sinov muddatidir. Undagi har bir kun, soat, daqiqa va hatto soniya inson uchun ko'p foyda keltiradigan g'animat bir fursatdir.

Dinimiz manbalarida inson umrining qadri balandligiga ishoralar juda ko'p. Hususan, oyati karimalarda insonning bolalik, yoshlik, qarilik davrlarini tasvirlanib, bu davrlar tezda o'tib ketishi bayon qilinadi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:

 وَاضْرِبْ لَهُمْ مَثَلَ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا كَمَاءٍ أَنْزَلْنَاهُ مِنَ السَّمَاءِ فَاخْتَلَطَ بِهِ نَبَاتُ الْأَرْضِ

فَأَصْبَحَ هَشِيمًا تَذْرُوهُ الرِّيَاحُ وَكَانَ اللَّهُ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ مُقْتَدِرًا

ya'ni:(Ey, Muhammad! Odamlarga) dunyo hayoti misolini keltiring. (U) xuddi bir suv kabidirki, Biz uni osmondan yog'dirgach, (bahorda) u sababli er o'simliklari (bir-biriga) aralashib (qalinlashib) ketur, so'ngra (kuzda) shamollar uchirib ketadigan xashakka aylanib qolur. Alloh hamma narsaga qodir zotdir(Kahf surasi 45-oyat).

Ushbu oyati karimada inson umrining bahori – yoshlik davri va kuzi – keksalik ayyomi ekani haqida misol keltirilmoqda.

Inson hayotidagi asosiy g'oya – imon-e'tiqod bilan solih hayot kechirish, o'zgalarga imkon boricha naf keltirish va yaxshi iz qoldirishdir.

Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi:

 الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا

ya'ni: “U (Alloh), sizlarning qay biringiz yaxshiroq amal qilishingizni sinash uchun o'lim va hayotni yaratgan Zotdir” (Mulk surasi 2-oyat).

Ushbu oyati karimada o'lim bilan hayot odamlardan qaysi biri chiroyliroq amal qilishini imtihon qilish uchun yaratilgani bayon qilinmoqda. Demak, inson umri bekorga berilmaydi, uni behuda ishlar bilan zoye qilish mumkin emas. Balki umr – xayrli amallar, foydali ishlar, elu yurtga manfaat keltiradigan hamda oxirat uchun zaxira bo'ladigan buyuk ishlarni amalga oshirish uchun berilgan qimmatli fursatdir.

Bo'sh vaqtni g'animat bilish haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mashhur hadisi shariflarida shunday deganlar:

نِعْمَتانِ مغبونٌ فيهمَا كثيرٌ منَ النَّاسِ: الصِّحَّةُ والفَراغُ

 (رواه الإمام البخاري عن ابن عباس رضي الله عنهما)

ya'ni: “Ikki (buyuk) ne'mat borki, ko'p odamlar ulardan g'aflatda qoladilar. Ular – sihat-salomatlik va bo'sh vaqtdir” (Imom Buxoiy rivoyatlari).

Yana bir hadisi sharifda bunday marhamat qilingan:

اغْتَنِمْ خَمْسًا قَبْلَ خَمْسٍ: شَبَابَكَ قَبْلَ هَرَمِكَ، وَصِحَّتَكَ قَبْلَ سَقَمِكَ، وَغِنَاكَ قَبْلَ فَقْرِكَ، وَفَرَاغَكَ قَبْلَ شُغْلِكَ،

وَحَيَاتَكَ قَبْلَ مَوْتِكَ

(رَوَاهُ الإمام الْحَاكِمُ عَنِ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَبَّاسٍ رضي الله عنهما)

ya'ni:  “Besh narsadan oldin besh narsani g'animat biling: keksaligingizdan oldin yoshligingizni, kasalligingizdan oldin salomatligingizni, kambag'alligingizdan oldin boyligingizni, mashg'ulligingizdan oldin bo'shligingizni, o'limingizdan oldin hayotingizni” (Imom Hokim rivoyatlari).

Hofiz Ibn Hajar rahimahulloh aytadilar: “Sog'ligi va bo'sh vaqtini Alloh taologa ibodat qilish uchun foydalangan kishi naqadar baxtlidir! Ammo sog'ligi va bo'sh vaqtini Alloh taologa gunoh qilish uchun sarflagan odam naqadar ziyonkordir!”.

Kishi foydali ishlar bilan mashg'ul bo'lib, befoyda ishlardan o'zini tiyishi uning diyonati go'zal ekaniga dalolat qiladi. Bu haqda Payg'ambarimiz  sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

مِنْ حُسْنِ إِسْلاَمِ الْمَرْءِ: تَرْكُهُ مَا لَا يَعْنِيْهِ

(رواه الإمام الترمذي عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Kishining namunali musulmon bo'lishi – foydasiz narsalarni tark qilishi bilan bo'ladi” (Imom Temiziy rivoyatlari).

Bu hadisi sharifni Hamza Kinoniy rahimahulloh sharhlab bunday deganlar: “Bu hadisga amal qilish – Islomning uchdan biriga amal qilish hisoblanadi” (“Tanviyrul havolik” kitobi).

Mashhur tobeinlardan Hasan Basriy rahmatullohi alayh vaqtni qadriga etish haqida quyidagi iboralarni aytganlar:

"يَا ابْنَ آدَمْ، إنَّمَا أَنْتَ أَيَّامٌ، كُلَّمَا ذَهَبَ يَوْمٌ ذَهَبَ بَعْضُكَ"

ya'ni: “Ey odam bolasi! Sen ma'lum kunlardan iboratsan. Qachon bir kuning o'tsa, bir bo'laging ketdi deganidir”.

Azizlar! Umrimiz cheklangan ekan, o'tayotgan har bir onimizning qadriga etsak, vaqt hamisha bizning foydamizga ishlaydi.

Qiyomat kuni har bir shaxs Alloh taoloning huzurida o'tkazgan vaqti haqida so'raladi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida marhamat qilganlar:

لاَ تَزُولُ قَدَمَا عَبْدٍ يَوْمَ الْقِيَامَةِ، حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ أَرْبَعِ خِصَالٍ: عَنْ عُمْرِهِ: فِيْمَ أَفْنَاهُ؟ وَعَنْ شَبَابِهِ: فِيْمَ أَبْلاَهُ؟ وَعَنْ مَالِهِ: مِنْ أَيْنَ اِكْتَسَبَهُ؟ وَفِيْمَ أَنْفَقَهُ؟ وَعَنْ عِلْمِه: مَاذَا عَمِلَ فِيْهِ؟

(رواه الإمام الترمذي عن معاذ بن جبل رضي الله عنه)

ya'ni: “Qiyomat kunida banda to'rt narsadan so'ralmaguncha, uning qadami joyidan jilmaydi: umrini nimaga sarflagani, yigitlik davrini qanday o'tkazgani, molini qayerdan topib, qayerga sarflagani va olgan ilmiga qanday amal qilgani” (Imom Temiziy rivoyatlari).

Demak, inson umrining har bir davridan umumiy ravishda, yoshlik davridan esa o'ziga xos shaklda so'raladi.

Bugungi kunda ba'zi kattayu-kichikning vaqti, umri bekorga isrof bo'layotgan maydon – ijtimoiy tarmoqlardir. Ba'zi yoshu katta telegram, feysbuk, instagram, yutub va tik-tok kabi ijtimoiy tarmoqlarda kuniga soatlab vaqtlarini sarflamoqda. Yaxshilikka, xayrli maqsadlar, bilim olish yo bilim tarqatish yo'lida foydalanayotganlarga ofarin deymiz, lekin aksariyat vaqtda ko'ngilochar o'yinlar, bema'ni rasm va videolarni ko'rib, umrini shamolga sovuradiganlar o'z oyog'iga bolta urgan kishidan farqi yo'q. Gunohni pulga sotib olgan bo'ladi, xolos. Chunki bekorga sarf bo'lgan vaqtdan muhim ishlarga sarflanganda edi, qanchalik foyda bo'lardi. Hatto kechasi bilan bedor bo'lib, o'yin o'ynab chiqadiganlar shuni o'rniga uxlab dam olgani foydaliroq bo'ladi. Undan ko'ra har bir yosh o'zining oldiga katta maqsadlar qo'yib, dunyo-oxirati uchun foydali ilm o'rganishi, biror kasbni puxta egallashi, til o'rganishi o'ziga ham, o'zgalarga ham yaxshiroqdir.

Umrni bekorga sovurishning yana bir ko'rinishi, ba'zi yoshlar o'rtasidagi choyxona (gap)larning haddan tashqari ko'pligidir. Hatto ba'zilarning har kuni choyxonasi bor. Bu, har kuni katta ehtimol bilan 2-3 soat vaqt bekorga sarf bo'ladi, degani. O'zaro suhbatda foydali mavzular ko'tarilsa, yaxshilikka targ'ib, yomonlikdan qaytarish bo'lsa, mayli. Lekin aksar holatda bekorchi va g'iybat gaplar bo'ladigan choyxonalar qalbni qoraytirishdan boshqasiga yaramaydi. Umr –isrof, pul – isrof, vaqt – isrof! Agar ulfatlar har kuni shuncha vaqtni farzand tarbiyasiga ajratsa, qanchalik yaxshi natija bergan bo'lardi?! Ertaga o'zimizni aybimiz bilan farzandlar noqobil bo'lib chiqsa, aybni o'zgalardan izlab yuramiz, Alloh saqlasin!

Muhtaram azizlar! Vaqtimiz etarli bo'lgan paytda kitobxonlikni yo'lga qo'yish juda foydalidir. O'zimiz bu ishda o'rnak bo'lib, farzandlarimizni qiziqtiraylik. Farzandlarimizning bo'sh vaqtlarini kitob o'qish, ilm-ma'rifat hosil qilish kabi foydali ishlar bilan mashg'ul qilish biz, ota-onalar, zimmamizda ekanini doimo yodda tutishimiz kerak!

O'tgan ulug'larimizning hayotlaridagi ba'zi misollar bilan tanishsak, maqsadga muvofiq bo'ladi:

Shafiq ibn Ibrohim Al-Balxiy aytadilar: “Biz Abdulloh Ibn Muborakka: “Nima uchun namoz o'qib bo'lganimizdan so'ng biz bilan birga o'tirmaysiz?” – deb so'radik. U kishi: “Sahobalar va tobeinlar bilan birga o'tirishga ketaman”, – dedilar. Biz: “Sahobalar va tobeinlar qayerda ekan?” – deb, hayron bo'lib yana so'radik. Shunda u zot: “Kitob o'qiyman, shunda ular haqida, qilgan ishlari haqida bilib olaman”, – deb  javob berdilar”.

Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu aytadilar:

"مَا نَدِمْتُ عَلَى شَيْءٍ نَدَمِي عَلَى يَوْمٍ غَرَبَتْ فِيْهِ شَمْسُهُ، نَقَصَ فِيْهِ أَجَلِيْ، وَلَمْ يَزْدَدْ فِيْهِ عَمَلِيْ"

ya'ni:  “Quyosh botib, kunim o'tib, menga berilgan muhlat qisqarib, unda amalim ziyoda bo'lmaganiga achinganim kabi biror narsaga achinmadim”.

Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh aytganlar: “Kecha va kunduz sening jismingda o'z ishini ko'rsatyapti. Demak, sen ham ularni g'animat bilib, foydalanib qol”.

– Muhaddis, faqih Imom Navaviy rahimahulloh qisqa umrlari (40 yil) davomida 500 ta kitob yozganlar.

– Abu Hurayra raziyallohu anhu bir kunda 12 000 (o'n ikki ming) marta, Holid ibn Marvon esa 100 000 (yuz ming) marta tasbeh aytar edilar.

– Hindiston diyorida yashagan hazrat Ashraf Ali Tahonaviy rahimahulloh qisqa umrlari davomida 1 500 (bir yarim ming) kitob yozadilar. Shuningdek, o'zlaridan keyin ko'pgina murshid va valiy darajasiga erishgan shogirdlar ham qoldirganlar. Ana barakali, uzoq va sermazmun umr!

Islom ulamolaridan biri faqat nonni ivitib er edi. Sababi so'ralsa, “shunday qilsam, kamroq vaqt sarflayman”, deganlar.

Musulmon bo'lmasada o'rnak olishimiz mumkin bo'lgan dunyoga taniqli bir milliarder doim besh-oltita bir xil ko'ylak, bir xil shim olar ekan. Nega, deb so'ralsa, “kiyim tanlashga vaqtim ketmasin”, der ekan. Yana biri esa hech bog'ichli poyabzal olmas ekan, nega, deyilsa, “ipini o'tkazishga vaqtim ketmasin”, deb javob berarkan. Aslida biz, musulmonlar, vaqtning qadriga etishga haqliroqmiz, chunki dinimiz umrni foydali ishlarga sarflashga qattiq targ'ib qiladi.

Hulosa o'rnida aytish mumkinki, har birimiz vaqtdan unumli foydalanib, umrimizni ibodatlar, halol kasb-kor, ilm-ma'rifat, zikru tasbih, savobli ishlar va vatanimiz ravnaqi uchun sarflashimiz kerak bo'ladi.

Muhtaram azizlar! Hozirgi kunda ayrim kimsalar ba'zi zaif hadislarda kelgan “javrob” iborasini “paypoq” deb tarjima qilib, tahoratda paypoqqa mash tortish mumkin deya odamlarni chalg'itmoqdalar. Aslida hadisi sharifda zikr qilingan javrob boshqa va yaqin paytlarda paydo bo'lgan paypoq boshqa ekanini anglash uchun ortiqcha aql yoki bilim kerak emas.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning davrlarida joriy bo'lgan javrobga berilgan ta'riflarning hammasini o'rganib, xulosa qilinsa, javrobjundan yoki paxtadan to'qilgan qalin matodan bo'lgan, oyoqni issiq tutish uchun kiyiladigan yoki oyoqqa o'raladigan, eng kamida osti teridan bo'lgan narsa ekani ma'lum bo'ladi.

 Mo''tabar fiqhiy manba “Inoya sharhul Hidoya” kitobida shunday deyiladi:

“Javrobga mash tortishning hukmi uch xil ko'rinishda bo'ladi:

- Agar u qalin javrob bo'lib, ostiga teri qo'yilgan bo'lsa, mash tortish joiz. Bunga ulamolarimiz ittifoq qilganlar.

- Teridan bo'lmagan yupqa javrob bo'lsa, mash tortib bo'lmaydi. Bunga ham barchalari ittifoq qilganlar.

- Teridan bo'lmagan, lekin qalin javrob bo'lsa, Imom A'zam nazdida mash tortish durust emas”.

Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, barcha faqihlar va mujtahidlar suv sizib o'tadigan, oyoqda o'zini tutib tura olmaydigan, ya'ni bog'ichsiz tushib ketadigan, yuqorida aytilgan 6 km masofagacha kiyib yurilsa, yirtilib ketadigan paypoqlar va poyabzalga mash tortish joiz emasligiga ittifoq qilganlar. Agar kimdir hozirgi yupqa paypoqlarga mash tortayotgan bo'lsa, Imom Abu Hanifa va u zotning ikki shogirdlari hamda Imom Molik, Imom Shofeiy, Imom Ahmad ibn Hanbalning mazhablariga ko'ra uning tahorati durust bo'lmaydi.

Alloh taolo umrimizga fayzu baraka bersin! Vaqtimizni doimo dunyo va oxiratimiz, dinimiz va xalqimiz uchun foydali ishlar bilan o'tkazishni nasib aylasin! Omin! 

Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi Ilmli yoshlar – yurt kelajagihaqida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

9.01.2025   5935   4 min.
Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:

Birinchisio‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.

Ikkinchisihaqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.